Centrum Air aviakompaniyasi o‘zining yangi o‘rta masofali Airbus A321neo samolyotini qabul qilib oldi. Bu kompaniya floti tarkibidagi 11-samolyot, shuningdek, NEO oilasiga mansub 5-layner bo‘ldi.
UK32132 raqamli yangi Airbus A321-253NX Germaniyaning Gamburg shahridagi Airbus zavodida yig‘ilgan. Samolyot zavod sinovlarining barcha bosqichlaridan, jumladan, to‘liq uchuv sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi: 8-iyul kuni ekipaj 2 soat 25 daqiqa davom etgan sinov parvozini amalga oshirib, samolyot tizimlarining turli rejimlarda ishlashini — balandlikka ko‘tarilish, eshelonda uchish va pasayishini tekshirdi.
Samolyotga zamonaviy CFMI LEAP-1A33 dvigatellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular yuqori yoqilg‘i tejamkorligi va past shovqin darajasi bilan ajralib turadi. Yangi A321neo livreyasi Centrum Air’ning korporativ dizaynida bo‘yalgan va yaqin kunlarda xalqaro hamda mintaqaviy yo‘nalishlar bo‘yicha reyslarida parvozlarni boshlaydi.
Centrum Air O‘zbekistondagi eng jadal rivojlanayotgan xususiy aviakompaniya bo‘lib qolmoqda: tashkil topganiga 2,5 yil bo‘lganiga qaramay, kompaniya 11 ta samolyotni osmonga olib chiqdi va 35 dan ortiq yo‘nalishni ochdi. 2025-yil oxirigacha flotni 14 ta, 2026-yil yakuniga kelib esa 21 ta samolyotgacha yetkazish rejalashtirilgan.
Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Mening bronlarim
Qo'llab-quvvatlash