blog

O‘zbekiston • 2 Iyun

Avtostop bilan qilingan sayohat hayotimni yangiladi

Avtostop bu — dunyoga boshqa nigoh bilan qarash, yangi odamlar bilan tanishish, ilgari oʻrganilmagan joylarga tashrif buyurish va umuman unutilmas taassurotlarni boshdan kechirishning noyob usuli. Ammo, undan haqiqatan  zavq olib, uyga sogʻ-omon qaytish uchun bunday sayohatni qanday tashkil qilish kerak?


Biz Oʻzbekistonning butun Surxondaryo viloyati boʻylab faqat avtostop bilan sayohat qilgan fotograf Muzaffar Yusupov bilan suhbatlashdik. Sayohat taassurotlari, boshdan kechirilgan qiyinchiliklar va sayohat hayotni qanday oʻzgartirishi haqida —bizning eksklyuziv materialimizda.



Suratga olish — hayotning bir qismi


Bolaligimdan suratga olishga qiziqqanman, barcha koʻrgan narsalarimni suratga olganman. Fotoapparat koʻpincha faqat bayramlarda va ayrim maktab tadbirlarida qoʻlimga tegar edi. Keyinchalik, kollejda oʻqib yurgan davrimda bu qiziqishimga ongli ravishda yondashish istagi paydo boʻldi va men professional fotosuratchining assistenti sifatida ishlashga qaror qildim. Bu tijoriy fotosuratlarni olishga aylanib ketdi, hatto, 3D-vizuallashtirish bilan shugʻullanadigan United Soft kompaniyasiga ishga kirdim. Va nihoyat, bugungi kunda filmlar, kliplar va reklamalarni suratga olish uchun manzillar tanlab berish xizmatini koʻrsatadigan XOOOP AGENCY  agentligim bor.



Sayohat qilishga ishtiyoqning paydo boʻlishi haqida


Kompaniyada ishlab yurgan kezlarimda,  bir klip montaji jarayonida betakror kadrga koʻzim tushdi, unda Chorvoq yaqinidagi sharshara aks etgandi. Oʻsha vaqtda men fotosanʼat ixlosmandlari jamoasi InstaMeetʼni faol tarzda rivojlantirayotgan edim. Koʻp oʻylab oʻtirmasdan, butun jamoamizga ushbu sharsharani suratga olish uchun safarga chiqishni taklif etdim.  Taklifim qoʻllab-quvvatlandi va hozir aytishim mumkin-ki, mening barcha sayohatlarim aynan shu sharshara kadridan boshlangan.



Opening New Horizons loyihasi haqida


Sharsharaga uyushtirilgan safar keyinchalik sayohatlarni davom ettirgan va ular haqida ijtimoiy tarmoqlarda fotohisobotlarni nashr etib borgan guruhni shakllantirdi. Asta-sekin qamrov oʻsib bordi, manzillar haqida savollar bilan sharhlar paydo boʻla boshladi. Hatto shunday ham boʻldiki, odamlar Oʻzbekistonda bunday manzaralar borligiga ishonishmadi. Oʻylaymanki, bunday sayohatlarda fotosuratlarni odatda havaskorlar olishnadi, biz esa, bu masalaga jiddiyroq yondashdik, shu sababli, ishlarimizni chet elda olingan suratlar bilan adashtirishdi. 


Uyushmamiz kengaydi va bir nechta bunday uchrashuvlardan soʻng men jamoamizga «Opening New Horizons» nomini berdim. Bizning ajralib turadigan xususiyatimiz dabdurustlik edi: sayohatni oldindan rejalashtirmas edik. Shunchaki soʻnggi manzilni tanlar, qanday yetib borish va qanday qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkinligi haqida oʻylamas edik, har birimiz istalgan sarguzashtga tayyor edik.



Avtostop bilan sayohat qilish haqida


Bu haqiqatan ham men qabul qilgan eng tuyqus qaror edi. Talabalik davrimda taʼlim bilan ishni birga olib borish men uchun qiyin edi — vaqtim yetmasdi. Oxir-oqibat qalbimdagi ijodkorlik gʻalaba qozondi va oʻzimni fotosanʼatiga bagʻishlash uchun universitetdan hujjatlarimni qaytarib olishga qaror qildim.


Ushbu muhim va murakkab qarordan bir hafta oʻtib, tetiklashish va boshimni fikrlardan tozalashim kerakligini angladim. Oʻsha paytda besh yillik sayohat tajribasiga ega edim: men butun Toshkent viloyatini aylanib chiqqan, Surxondaryo va Qashqadaryoda boʻlgan va kutilmagan vaziyatlarning oldini olish uchun togʻli hududlarda oʻzimni qanday tutishni yaxshi bilar edim.


Boysunga chipta sotib oldim, ammo, avtostop haqida hayolimda hali hech narsa yoʻq edi. Shunchaki, Surxondaryo viloyatidagi  tez-tez, bir necha kunga dam olishga borib keladigan tanishimnikiga yo’l olgandim. Odatda, u meni Boysunga olib borib qoʻyardi, ammo, bu safar u yerga oʻzim yetib olishga qaror qildim. Tanishim meni katta yoʻlga olib borib qoʻydi, u yogʻiga esa, oʻsha tomonga ketayotgan mashinada yetib olishni rejalashtirgan edim. 


Yonimda chodir, uxlash uchun qopkoʻrpa, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarim solingan katta safar yuk xaltasi bor edi. Ustiga-ustak, soch-soqolim oʻsgan, egnimda koʻzoynak, kepka, qoʻnji baland botlar va shorti — afti-angorim sayohatchi ekanimdan darak berib turardi.


15 daqiqadan soʻng, yonimda Boysunga toʻyga ketayotgan uch qiz mingan mashina toʻxtadi. Ular meni oʻzlari bilan olib ketdi, lekin, oʻsha paytda ham avtostop bilan sayohat qilish rejam yoʻq edi.


Meni shaharga olib borgan qizlar pul olishdan qatʼiyan bosh tortishdi va shunda: «Surxondaryoni avtostop bilan aylanib chiqsammikan?» deb oʻylab qoldim. Oradan 20 daqiqa oʻtib, men boshqa mashinada Denovga ketayotgan edim. Shu tarzda, 10 kun ichida deyarli ming kilometr masofani bosib oʻtdim, faqat bir necha shisha suvga pul sarfladim. 


Sayohatim davomida haqiqatan ham yaxshi odamlarni uchratdim, ular oʻz uylarida mehmon qilib, oʻzim bilan yoʻlga oziq-ovqat berib yuborishardi. Balki, omadim chopgandir, ammo, xalqimiz mehmondoʻst va har qanday odamni qadrdoniday kutib olib, begʻaraz yordam berishga tayyor, deb hisoblayman.


Oʻn kun vaqtimni yoʻqotganidan afsuslanamanmi? Yoʻq. Avtostop bilan qilgan sayohatim taassurotlari hayotimni yangiladi.



Xavfsizlik haqida


Avtostop bilan sayohat qilishni istasangiz, yilning eng maqbul mavsumi — bahor yoki yozni tanlang. 


Safarga umuman pulsiz chiqishni tavsiya qilmayman, chunki avtostop — har doim kutilmagan voqealarga boy. Unda har bir qadamni oldindan rejalashtirishning iloji yoʻq va naqd pul, albatta, ortiqchalik qilmaydi.


Oʻzingiz bilan albatta qo’shimcha kiyim-bosh oling. Avtostop bu — qulay sharoitlarsiz sayohat boʻlsa-da, lekin o’zingizni gigienaga rioya qilishdan cheklamang. 


Har doim oʻzingiz bilan oziq-ovqat va suv oling: oʻzingizni holdan toydirmang, axir sayohatdan zavq olishingiz kerak.


Qaytib keladigan kuningizni hech qachon aniq bila olmaslikka tayyor turing. Ehtimol, sayohatingiz besh kundan keyin yoki ikki hafta oʻtib tugashi mumkin. 



Oʻzbekistonda avtostopning ommabopligi haqida


Men Oʻzbekistonda avtostop bilan yuradigan bir nechta jamoalarni bilaman. Kimdir Nukusdan Buxorogacha sayohat qilgan, boshqalari esa, birmuncha qiyinroq Toshkent — Xiva yoʻnalishini tanlagan. Nazdimda, bugungi kunda bunday sayohat juda dolzarb, chunki texnik jihatdan buni amalga oshirish oʻn yil avvalgiga qaraganda osonlashdi.


Ammo, muayyan bir uyushmaning mavjudligi haqida aniq maʼlumot bera olmayman — ular bilan tanish emasman. Odatda, bu boʻsh vaqtga ega odamlarning kichik guruhi: avtostop bilan sayohat qilish uchun ixtiyoringizda kamida bir hafta boʻlishi kerak, bu esa, koʻpchilik uchun ortiqcha harajatni anglatadi.



Kelgusi rejalar haqida


Vaqtimning katta qismi oilam va ishlarimga sarflaganim, boʻsh vaqtim yoʻqligi uchun hozirgi paytda safarga borishni rejalashtirmayapman. Shunday qilib, hayotimni oʻzgartirgan sayohatga eng kerakli vaqtda chiqqanman, deb hisoblayman.


Kichik bo’lsa ham imkoniyat tugʻilgan zahotiyoq, ikkilanmasdan yana yoʻlga chiqaman. Yoʻnalish muhim emas. Safar xaltamni toʻplab, boshim oqqan tomonga otlanaman.


Shuning uchun, sizda biron-bir joyga avtostop bilan borish ishtiyoqi tugʻilgan boʻlsa, hoziroq yoʻlga chiqing, chunki, bu eng maqbul vaqt boʻlib, bunday imkoniyat boshqa boʻlmasligi mumkin.