Toshkent nafaqat zamonaviy davlat poytaxti, balki haqiqiy madaniyat marvaridi hamdir. Shahar va uning atrofida mintaqaning boy tarixi va rango-rang madaniyatini aks ettiruvchi koʻplab diqqatga sazovor joylarni uchratish mumkin. Megapolis hatto mahalliy aholini ham ajablantirishga qodir, axir uning koʻchalarida ilgari koʻrilmagan juda qiziqarli manzillarni topish mumkin. Sizni ham biz bilan birgalikda nomaʼlum Toshkent boʻylab qisqa sayohatga taklif qilamiz.
Birinchi parda. Birinchi sahna
Haqiqiy teatr butun hayotini unga bagʻishlagan jonbozlar tufayli barhayot bo’ladi. Bu ular uchun shunchaki kasb emas: bu oʻtmishning magʻzini chaqish va bugungi kunning dolzarb savollariga javob topish maqsadida zamondosh bilan muloqot qilish imkoniyatidir. Bunday gʻayrat, ilhom va kuchli ijodiy quvvat maskanini Eski konservatoriya yaqinidagi S-1 mavzesidan topish mumkin. Chekkadagi hovlining ichida, koʻrimsiz binoda sanʼat dargohi — «Diydor» yoshlar eksperimental teatr-studiyasi joylashgan.
Uning tarixi uzoq 1989 yildan boshlanadi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, rejissyor va pedagog Ergash Masafayev yangi, hali hech kim tanimagan teatr sahnasida dramaturg Maksim Karimov pyesasi asosida «Diydor» spektaklini sahnalashtirgan. Premyera nafaqat zo’r muvaffaqiyatga erishgan, hatto keyinchalik uning nomi teatrga berilgan.
Biroq, «Diydor» biz odatlangan teatr emas edi. U turli mamlakatlardan kelgan sahna xodimlarining tajriba almashadigan, yangi sahnalar ustida ishlaydigan, ijodiy tajribalar oʻtkazadigan va umuman ilhom beradigan uchrashuv joyi — oʻziga xos Aktyorlar uyi edi.
2006 yilda teatr va kino aktyori, teatr rejissyori, Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq artisti Bahodir Yoʻldoshev rahbar etib tayinlangach, teatr yangi rivojlanish bosqichiga oʻtdi. 2021 yilda esa, Bobur Yoʻldoshev uning vorisi boʻldi. Aynan shu davr ichida 40 dan ortiq spektakllar sahnalashtirildi, butun Oʻzbekiston boʻylab gastrollar uyushtirildi, ESSENCE teatr studiyasi (AQSh) bilan qoʻshma spektakllar namoyish etildi. Bundan tashqari, truppa XXI Xalqaro Volkov festivali (Rossiya) va Xalqaro koʻcha teatrlari festivalida (Qozogʻiston) ishtirok etdi. Bugungi kunda, dunyoga mashhur durdona asarlarni sahnalashtirish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli rejissyorlar taklif qilinmoqda. Masalan, rejissyor, ssenariy muallifi, Saxa Respublikasida (Yakutiya) xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Rossiya Federatsiyasi Teatr namoyandalari uyushmasi va Rossiya Federatsiyasi kinematograflar uyushmasi aʼzosi Sergey Potapov tomonidan Uilyam Shekspirning «Qaysar xonimning quyilishi» va «Qirol Lir» asarlarini, tojik dramaturgi va teatr rejissyori, Tojikiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Barzu Abdurazzakov esa Timur Zulfikarov romani asosida «Kapalakning orzusi» va shveysariyalik dramaturg Maks Frishning pyesasi asosida «Biderman va oʻt qoʻyuvchilar» asarlarini sahnalashtirgan. «Diydor» teatr- studiyasining yana bir eʼtiborga loyiq tomoni shundaki, u oʻz spektakllarini bepul namoyish etadigan Markaziy Osiyodagi yagona teatr. Tashkilotchilar buni sanʼatni hammaga taqdim etish istagi bilan izohlaydilar. «Diydor» teatr-studiyasi spektakllarni sahnalashtirishdan tashqari, yoshlarni imtihon asosida qabul qilib, ularga teatr sanʼatining bir nechta yoʻnalishlari boʻyicha bepul taʼlim beradi. Agar, uzoq vaqtdan beri hayotingizni teatr bilan bogʻlashni orzu qilib, nimadan boshlashni bilmayotgan boʻlsangiz, «Diydor» aktyor karyerasini yaratishdagi ideal qadam boʻladi. Manzil: Toshkent shaxri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Buyuk Ipak yoʻli ko’chasi, 9-uy Aloqa uchun raqam: +998 (71) 233-62-12 Rang-baranglik. Hasham. Sukunat Davom etamiz. Shahar markazida yana bir koʻrkam joy — katta hovlidagi qoʻhna bezaklar va shinam muhitga ega ikki qavatli saranjom uyni uchratamiz. Bu Joydaman — mualliflik taomlariga ega speakeasy formatidagi kafe boʻlib, unga faqat Telegram orqali oldindan joy band qilish orqali kirish mumkin. Muassasada tabiiy mevalardan maxsus damlamalar, limonadlar va boshqa ichimliklar tayyorlanadi. Taomlarga kelsak, Joydaman kafesi faqat Parkent tumani hududida joylashgan, muassasaning shahar tashqarisidagi loyihasi — Kosa fermasing sifatli fermerlik mahsulotlaridan foydalanadi. Aslida, Joydaman fermer xoʻjaligining tajribaviy loyihasi boʻlib, bir yildan ortiq vaqt davomida kafe jamoasi 800 ga yaqin turli xil taomlarni ishlab chiqdi va eng yaxshi fermer mahsulotlarini yetkazib beruvchilarning bazasini toʻpladi. Shuningdek, yakshanba kunlari Joydaman kafesiga professional bosh oshpazlar taklif etilib, gastro-netvorking oʻtkaziladi. Muassasa jamoasi maxsus taomnoma tayyorlaydi, mehmonlar esa, nafaqat yangi taomlarni tatib koʻrish, balki, muloqot uchun ham yigʻiladi. Agar, Joydaman taomlari jonu-dilingiz boʻlsa, unda siz uchun yaxshi yangilik: muassasa «yopiq» boʻlishiga qaramay, u turli tadbir va bayramlar uchun keytering xizmatlarini taqdim etadi, shuningdek, uni yirik musiqa festivallari va turli iventlarda ham uchratish mumkin. Maqsad masofani oqlaydi Sayohatimizni yuqorida tilga olingan loyiha — Toshkentdan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan eksperimental eko-ferma — Kosa Farm bilan yakunlaymiz. Uning hududida oʻzgacha uslubdagi mahalliy taomlar restorani joylashgan: barcha taomlar anʼanaviy va innovatsion pishirish texnologiyalaridan foydalangan holda, tabiiy xonaki mahsulotlar asosida tayyorlanadi. Shuningdek, uning hududida ikkita baliq koʻli, oʻz dudxonasi, pishloq, goʻsht va sabzavot sexiga ega boʻlgan ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Keramika va metallga ishlov berishdan tortib, buyurtma boʻyicha kastom velosipedlar yasaydigan, qogʻoz va plastmassani qayta ishlaydigan turli ustaxonalar, kovorking va apart-mehmonxona joy oladigan ikki qavatli bino qurilmoqda. Har qanday fermada boʻlgani kabi, bu yerda ham hayvonlar — echkilar, gʻozlar va oʻrdaklar, tovuqlar, kurka, toʻtiqushlar, tuyaqushlar, quyonlar, ponilar, otlar, mushuk va itlarni koʻrish mumkin: aynan ular bu yerga koʻplab bolali oilalarni jalb qiladi. Fermer xoʻjaligi ongli isteʼmol va zero-waste tamoyillariga amal qiladi. Barcha chiqindilar saralanadi va qayta ishlanadi — qayta ishlangan mahsulotlar biogumus (organik chiqindilardan), qayta ishlangan plastmassadan tayyorlangan turli xil mahsulotlar, shuningdek, qurilish materiallarini qayta ishlashga misol boʻla oladigan hududdagi binolarga aylanadi. Ushbu gʻayrioddiy joyga kirish uchun Instagramʼdagi rasmiy sahifa @kosa.farm orqali oldindan bron olish kerak.