blog

Madaniyat • 25 Aprel

O‘zbek kinematografiyasi: kino tarixiga sayohat


O‘zbek kinematografiyasi – bu milliy kino maktabining shakllanishidan boshlab, to hozirgi  yutuqlarigacha bo‘lgan davr bo‘ylab maroqli sayohat. Sizlarni uning tarixiga nazar solib, O‘zbekiston hududidagi ilk kino namoyishlari va milliy kinematografiya poydevorini qo‘ygan insonlar bilan tanishish, jadal rivojlanayotgan bu sohaning istiqbollarini kashf etishga taklif qilamiz. IFA akademigi va Toshkent VGIK (Butunrossiya davlat kinematografiya universiteti) asoschilaridan biri Eldor Yo‘ldoshev bilan birgalikda o‘zbek kinosini betakror qiluvchi asosiy jihatlari haqida hikoya qilamiz.



Hammasi qanday boshlangan?


O‘zbekiston tarixiy ma’noda Markaziy Osiyodagi kinematografiya beshigi bo‘lgan. Aka-uka Lyumerlar 1895-yilda Parijning Kaputsinok xiyobonida o‘zlarining dunyodagi birinchi kino namoyishini o‘tkazgan bo‘lsa, oradan atigi ikki yil o‘tib, 1897-yilda Toshkentda ham sinematografiya seanslari tashkil etilgan.


Mintaqadagi ilk ijodiy ishlar ham bizda paydo bo‘lgan. Uzoq 1910-yildayoq kinooperator Xudoybergan Devonov “PATE №593” rusumli kinokamerada Xiva xoni Isfandiyorning foytundagi sayri haqida hujjatli syujetlarni suratga olgan edi. 1924-yilda “Buxkino” kinostudiyasi tashkil etilgan va hujjatlarga ko‘ra, 1912-yildayoq Buxoro Amiri Said Olimxon davrida amirlikdagi dastlabki professional kinoteatrlar faoliyati boshlangan.


Toshkentda ham “Sharq yulduzi” kinostudiyasi tashkil etilib, keyinchalik afsonaviy “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga aylantirilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu yil 1934-yilda tashkil etilgan o‘zbek kinoxronikasining 90-yilligi nishonlanmoqda. Keyinchalik o‘zbek kinosi xronikachi, SSSR xalq artisti Malik Qayumov rahbarligida jadal sur’atlar bilan rivojlangan. Malik Qayumov nafaqat ijodkor, balki tom ma’nodagi kino bunyodkori ham edi. U afsonaviy Kinochilar uyi, hujjatli filmlar kinostudiyasi, “Melodiya” ovoz yozish studiyasi, Kino san’ati namoyondalari ijodiy klubi, “Do‘rmon” ijod uyi va o‘zbek kinematografiyasi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa obyektlar qurilishining tashabbuskori bo‘lgan.


Keyinchalik, 1945-yilda, butun mintaqa uchun kadrlar tayyorlash o’chog’iga aylangan A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr san’ati instituti tashkil etildi. Aynan, shu yerda 1968-yilda afsonaviy “Yalla” ansambli tashkil topdi.


O‘sha davrning ijobiy tomonlaridan biri shundaki, katta kino ishlab chiqarish sohasiga faqat yuqori darajadagi professionallargina kiritilgan. Masalan, kino uchun musiqani xalq artistlari Manas Liviyev va Ikrom Akbarov, mamlakatda xizmat koʻrsatgan san’at arboblari Rumil Vildanov va Mirxalil Mahmudovlar yaratgan, bu yirik ko‘rinishdagi simfonik orkestr bo‘lgan. Tanlov jarayoni xuddi kosmonavtlar guruhi uchun nomzodlarni saralashda bo‘lgani kabi jiddiy tarzda va bir necha bosqichda olib borilgan.


Hozirgi kunda bunday mutaxassislarni barmoq bilan sanash mumkin – bular Feliks va Dmitriy Yanov-Yanovskiylar, Oydin Abdullayeva va Igor Pinxasovlar. Kino ishlab chiqarishning har bir bo‘g‘inida ham shunday bo‘lgan. Oliy toifali sahnalashtiruvchi rejissyor darajasiga erishish uchun kamida oliy kasbiy ma’lumotga ega bo‘lish, birinchi toifali sahnalashtiruvchi rejissyor lavozimida kamida 5 yillik ish staji bo‘lishi talab etilgan. Ana shundagina, murakkab sahnalashtirilgan biror yirik badiiy film ishonib topshirilgan.



Qaysi jihatlar o’zbek kinosini o‘ziga xos qiladi?


Bizning noyob jihatlarimiz – bu bizlarni boshqalardan ajratib turadigan o‘ziga xos mentalitet, madaniyat, tarix va turmush tarzimiz. Gollivud andozalari asosida suratga olingan filmlar esa, odatda muvaffaqiyatga erishmaydi.

 

Masalan, Shokir Xoliqovning “Yakshanba” dramasi, nazarimda, so‘nggi yillarda o‘zbek kinosida yaratilgan eng yaxshi mualliflik asarlaridan biridir. Garchi film tasdiqlash jarayonida juda og‘ir yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lsa-da, natijada yosh rejissyorning debyut asari jahon miqyosida e’tirof etildi.



Film premyerasi 2023-yil 13-iyunda FIAPF tomonidan akkreditatsiya qilingan, nufuzli maydon hisoblanadigan yigirma beshinchi Shanxay xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tdi va “Oltin kubok” mukofotiga sazovor boʻldi. Kinotanqidchi Anton Dolin “Yakshanba” filmini “Markaziy Osiyolik yosh rejissyorlar tomonidan suratga olingan beshta yangi maftunkor filmlar” ro‘yxatiga kiritdi.


Shuningdek, “Kasseta” qisqa metrajli filmini suratga olgan yana bir yosh rejissyor – mening talabam, Timur Murodovni ham aytib o‘tish mumkin. Film o‘z muvaffaqiyatli yo‘lini Kshishtof Zanussiya qo’lidan Gran-prini olgan Toshkent xalqaro kinofestivalidan boshladi. Keyinchalik, Nyu-York kinofestivalida bu filmni Emir Kusturitsa e’tiborga olib, o‘zining “Kustendorf” kinofestivaliga taklif etdi va film unda ham g‘olib boʻldi. Umuman olganda, Timurning qisqa metrajli debyut filmi dunyoning yarmini aylanib chiqdi.



Film xoh to‘liq, xoh qisqa metrajli boʻlsin, agar u bizning o‘zligimiz, xalqimiz, siz bilan biz haqimizda bo‘lsa, u albatta e’tiborni tortadi. Eng muhimi boshqalardan ko‘chirmaslik, o‘zligimizcha qolishdir.



O‘zbek kino sanoatini kim yaratgan va yo‘naltirgan:


Xudoybergan Devonov (1879-1940) – mintaqamizda birinchi bo‘lib kinokamerani qo‘liga olgan kishi.


Xudoybergan Devonovning birinchi ustozi nemis kino havaskori Wilgelm Penner bo‘lib, u Xudoyberganni suratga olish va kinooperatorlik bilan tanishtirgan.



Azaldan barcha jonli mavjudotlarni tasvirlashga diniy ta’qiq mavjud bo‘lgan ortodoksal islom jamiyati sharoitida Devonov Xiva xonligining birinchi fotografi, keyinchalik esa kinooperatori bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan.


1908-yil o‘zbek kinosining dunyoga kelgan sanasi hisoblanadi. Xudoybergan Devonov tarixiy yodgorliklar, minoralar, masjidlar va boshqa ko‘plab narsalarni tasvirga olgan. Uning mehnati tufayli boshqa mamlakatlar aholisi ilk bor Xorazmning qadimiy o‘ziga xos madaniyati bilan tanishgan.


Malik Qayumov – rejissyor, operator, aktyor va Ikkinchi jahon urushi yillarida front kinooperatori, “O‘zbekiston xalq artisti”, “Mehnat qahramoni” unvonlari hamda “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, shuningdek, “Soyuzkinoxronika”ning O‘rta Osiyo bo‘yicha muxbiri bo‘lgan. U xronikal-hujjatli kino yo‘nalishiga asos solib, o‘zidan ulkan moddiy va nomoddiy meros qoldirgan.



Iste’dodli kinooperator o‘zining ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida 200 dan ortiq hujjatli va ilmiy-ommabop filmlarni suratga olib, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, ilm-fani va san’atini dunyoga tanitgan. O‘zbek hujjatli kinosiga asos solib, o‘zbek kino san’atini nodir filmlar bilan boyitdi, bu yo‘nalishdagi maktabni yaratdi.


Qamara Kamolova – O‘zbekiston kinematografiyasi tarixidagi birinchi ayol rejissyor, shuningdek, animator-multiplikator, o‘zbek animatsiyasining asoschisi.


Buxoroda tavallud topgan, 1962-yilda VGIKning sahnalashtirish fakulteti rejissyorlik bo‘limini (G.Roshal ustaxonasi) tamomlagan. Toshkent televideniyesi studiyasining adabiy-dramatik eshittirishlar tahririyatida rejissyor bo‘lib ishlagan.



1965-yildan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida – rejissyor. “G‘aroyib sarguzasht” (1966), “Rahim va qo‘ng‘iz” (1967), “Bulutni kim yaratdi?” (1967), “Quyosh nuri” (1971), “Velosiped qochib ketdi” (1974) kabi o‘ndan ortiq multiplikatsion qo‘g‘irchoq filmlarni suratga olgan.


Shuhrat Abbosov – kinorejissyor va ssenariynavis, 1931-yilda Qo‘qon shahrida dunyoga kelgan. U – kino san’atiga yangicha qarash, yangi did, yangicha tafakkur olib kirgan ustoz.


Abbosov Toshkent tibbiyot texnikumini tamomlagan (1949). Ammo, san’at ustun kelib, u A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va san’at institutining rejissyorlik fakultetiga o‘qishga kirgan va 1954-yilda bitirgan, 1958-yilda esa “Mosfilm” qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarini tugatgan.



1982 yildan – “O‘zbekfilm” kinostudiyasining direktori.


Tandemlar oz bo‘lsa-da, o‘zbek romantik kino yo‘nalishining asoschilari Elyor Eshmuhamedov va Odelsha Agishevni ham qayd etishni istardim. “Sevishganlar”, “Nafosat” va kino tarixida muhim bo‘lgan boshqa filmlar uchun ulardan minnatdormiz. Masalan, “Sevishganlar” filmi SSSR kinoprokatining yetakchi filmlaridan biri bo‘lgan, bu yer sayyorasidagi quruqlikning ⅙ ga teng qismi hisoblanadi.



Hujjatli va mualliflik kinosi


Yosh avlod haqida ham to‘xtalib o‘tish lozim. Hujjatli filmlarning yosh va istiqbolli ijodkorlaridan biri – Furqat Usmonov. Hozirgi kunda, u Milliy kinematografiyani rivojlantirish markaziga rahbarlik qilib, Toshkent xalqaro kinofestivalining direktori sifatida faoliyat yuritmoqda. F.Usmonov turli xalqaro maydonlarda e’tirof etilgan ko‘plab hujjatli filmlarni suratga olgan.


Sherzod Nazarov – yana bir talabamiz, bu yilgi 77-Kann xalqaro kinofestivali pitchingida shaxsan ishtirok etgan O‘zbekistonning yagona vakili. Uning “Bobom 90 yoshda”, “Ipak yo‘li bo‘ylab”, “Askar tirik”, “Kimning cholisiz” kabi ko‘plab hujjatli va qisqa metrajli filmlari turli kinofestivallarda yuqori baholangan. Ijodkorning kelajagi porloq.



Sizni turli davrlardagi O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan tanishtiradigan filmlar to‘plami:


“Mahallada duv-duv gap”, 1960-yil, rejissyor Shuhrat Abbosov;

“Shum bola”, 1977-yil, rejissyor Damir Salimov;

“Nafosat”, 1966-yil, rejissyor Elyor Eshmuhamedov;

“Maftuningman”, 1958-yil, rejissyor Yo‘ldosh A’zamov;

“Samo ostidagi yo‘l”, 2006-yil, rejissyor Qamara Kamolova;

“Sen yetim emassan”, 1996-yil, rejissyor Shuhrat Abbosov;

“Abdullajon yoki Stiven Spilbergga bag‘ishlanadi”, 1991-yil, rejissyor Zulfiqor Musoqov.