blog

Madaniyat • 26 May

Kulol Rahimovlar studiyasi: hayot shajarasi

Agar O‘zbekistonni tasavvurlar orqali ta’riflashga urinsak, birinchi beshtalikda albatta palov, to‘n, paxta, do‘ppi va kulolchilik buyumlari namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlar va aeroport xodimlari serquyosh O‘zbekistondan dunyoning barcha burchaklariga uchayotgan ortiqcha yuklar, choy va oshxona servizlari haqida qanchadan-qancha voqealarni biladilar! Mahalliy kulolchilik tarixi yuzlab yillar qaʼriga borib taqaladi, beshinchi, yettinchi va hatto o‘ninchi avloddagi kulol — bu odatiy hol. Bilimlarni asrlar osha yetkazish, ajdodlar tajribasini qayta idrok etish va zamonaviy texnologik dunyoda hamon talabgir bo‘lib qolish hunarmandlar oilasining o‘ziga xos burchi hisoblanadi.


O‘zbekistonning qadimiy an’analarini davom ettirayotgan toshkentlik kulollarning avlodlari bo‘lgan Rahimovlar oilasi haqida hikoya qilish uchun biz uning eng yosh vakili — 22 yoshli Shohrux Rahimovni taklif etdik. U yettinchi avloddagi usta boʻlib, 2019-yildagi “Inson/Atrof-muhit/San’at” II Xalqaro amaliy san’at biyennalesi, 2024-yildagi London hunarmandchilik haftaligi ishtirokchisi, P.P. Benkov nomidagi Respublika san’at kollejining kulolchilik fakultetini tugatgan va hozirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy san’at institutining kulolchilik fakulteti talabasi, shaxsiy kolleksiyalari muallifi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazidagi ijtimoiy loyiha rahbari. 2023-2024-yillarda u Homo Faber Fellowship loyihasida ishtirok etib, yangi buyumlar yaratish maqsadida olti oy mobaynida Gretsiyada yunon ustasi bilan hamkorlik qildi. Ushbu asarlar joriy yilning avgust oyida o‘tkazilgan Venetsiya biyennalesida namoyish etildi.



— Shohrux, bir sirni ochib bersangiz: qanday qilib bu yoshda bunchalik yutuq va mukofotlarga erishish mumkin?


— Necha yoshimda kulolchilikka mehr qo‘yganimni va kulolchilik charxiga birinchi marta qachon o‘tirganimni eslay olmayman, lekin bu narsa bolaligimda, to‘rt-besh yoshlarimda sodir bo‘lgandi. Haqiqiy professional bo‘lish uchun bu hunarga butun vaqtimni bag‘ishladim. Hozirda kulolchilik bilan uch avlod — men, dadam Alisher va yetmish besh yoshni qoralagan bobom Akbar Rahimov shug‘ullanamiz. Bobom haligacha sopol durdonalarini yaratyapti! Aytgancha, oilaviy an’anaga ko‘ra, kulolchilik san’atini o‘g‘il bolaga otasi emas, bobosi o‘rgatadi.



— Oilaviy ishni davom ettirishingizni qachon angladingiz? O‘zingizni boshqa sohada ham sinab ko‘rish istagi bo‘lganmidi?


— Albatta, meni hech kim kulolchilik bilan shug‘ullanishga majbur qilmagan: Akbar buvaning o‘nta nevarasi bor, lekin oila ishini yolg‘iz o‘zim davom ettiryapman, qolganlar boshqa kasblarni tanlashgan. Oramizda shifokor, me’mor, tadbirlar tashkilotchisi, o‘qituvchi, san’atshunos va dizayner bor.


Eng muhimi, ijodkorlikka bo‘lgan muhabbat menga bolaligimdan singdirilgan. An’analarni asrash va yanada boyitish men uchun katta sharaf. Bobokalonim Muhiddin Rahimov o‘zbek badiiy kulolchiligining o‘ziga xos ensiklopediyasini yaratgan, mamlakatimiz me’moriy yodgorliklarining mozaika va mayolikalarini restavratsiya qilish usullarini ishlab chiqqan. Uning asarlari Parij, London va dunyoning boshqa poytaxtlarida sotilgan, ko‘plab mukofotlar, jumladan, O‘zbekiston xalq rassomi unvoniga sazovor bo‘lgan. Bobokalonim hatto kulolchilik charxida jon bergan. Ish va ijodga bo‘lgan bu muhabbat uyimizda har doim hukm surgan, shajaramiz tarixini yo‘qotmaslik va merosni keyingi avlodlar uchun saqlab qolish qanchalik muhimligini doimo his qilganman.



— Nega oilaviy ishni faqat erkaklar davom ettiradi?


— Bu jismoniy jihatdan ogʻir ish boʻlgani uchun kulolchilik bilan odatda oiladagi erkaklar shug‘ullanadi, ammo ayollarning ham bu jarayonda ishtirok etishini hech kim taqiqlamaydi. Onam Dilbar Rahimova bo‘sh vaqtlarida buyumlarga naqsh tushirishda yordam beradi, singlim esa eskizlar chizadi, u kelajakda balki dizayner bo‘lar.



— “Oilaning qadimiy sirlari”, “avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an’analar” degan so‘zlarni eshitganda, ko‘z oldimizga yetti qulf ortidagi qadimiy kitob keladi. Aslida esa bilimlar keyingi avlodga qay tarzda oʻtkaziladi?


— Albatta, yuqorida aytib oʻtganimdek, an’analar amaliy yo‘l bilan bobodan nabiraga o‘tadi. Oilada loyga boʻlgan mehr-muhabbat bolalikdan singdiriladi, an’anaviy naqshlar o‘rgatiladi, mualliflik naqshlari yaratiladi. Ustaxonada naqshinkor plitkalar bilan bezatilgan va biz “Tarix devori” deb ataydigan devorni ko‘rishingiz mumkin. Unda biz ishlaydigan o‘n sakkizdan ortiq turli xil yo‘nalish jamlangan: bu ham studiya bezagi, ham o‘ziga xos “sharaf va shon-shuhrat taxtasi” boʻlib, ishini endigina boshlayotgan o‘quvchilar uchun shpargalka vazifasini ham bajaradi.


Shuningdek, bobokalonim Muhiddin olim sifatida naqshlar va bo‘yoqlarni o‘rganib, 1961-yilda “O‘zbekiston badiiy kulolchiligi” nomli butun bir kitobni nashr etgan. Keyinchalik, bu kitob UNESCO ko‘magida ingliz tilida qayta nashr etilgan, sentyabr oyida esa o‘zbek va rus tillaridagi yangi nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.



— Shohrux, chiroyli uyingiz haqida batafsilroq gapirib bersangiz: bu faqat ustaxonami yoki siz shu yerda yashaysizmi?


— Studiyamiz 2006-yilda qurilgan bo‘lib, u uch asosiy qism — qizil loydan buyumlar yaratadigan ish xonasi, katta ilhom beradigan bog‘ va barcha ko‘rgazmalarimizni o‘tkazadigan ko‘rgazma zalidan iborat. Bu bizning oilaviy uyimiz bo‘lib, ikkinchi qavatda bobom (Akbar Rahimov) ikkalamiz yashaymiz. Qolgan oila a’zolarimiz ham yaqin atrofda, shu mahallada istiqomat qilishadi. Bizga madaniy tajriba almashish, qo‘shma kolleksiya va ko‘rgazmalar yaratish maqsadida butun dunyodan — Yaponiya, Germaniya, Fransiya, AQShdan kulollar tez-tez kelib turishadi. Bu mehmonlar ham xuddi shu yerda, uyning ikkinchi qavatida yashaydilar va biz bilan birga ijod qilishadi.



— Ustaxonangizda aynan qanday kulolchilik buyumlari yaratiladi?


— Deyarli hamma narsa — piyola, likopcha, ko‘za, vaza, lagan, ko‘rgazmalar uchun katta kolleksiyalar, jumladan installyatsiyalar, shuningdek, maxsus buyumlar, masalan, o‘yinchoq qushlar va hatto loydan ishlangan suratlar yaratamiz. Aytgancha, bu mening loyni 1250 darajadan yuqori (odatda harorat 900 darajadan oshmaydi) haroratga qizdirib ishlagan birinchi tajribam edi.



— Fabrika sopol buyumlarining bozor narxi o‘rtacha bir necha dollardan boshlangan bir paytda, mualliflik asarlarining narxi qancha?


— Mualliflik piyolalarimizning narxi oʻn dollardan, likopchalarniki esa oltmish dollardan boshlanadi. Eng yuqori narxda sotilgan kolleksiyaning narxi qirq ming dollarni tashkil etgandi. Kolleksiyalarni yaxlit holda sotishga harakat qilamiz, chunki alohida sopol buyumni idrok etish unchalik qiziqarli emas va koʻzlangan yagona kompozitsiyani yaratmaydi.


Ba’zi kolleksiyalarning qiymatini baholab boʻlmaydi: ular bebaho, shuning uchun ham sotilmaydi va oila muzeyida qoldiriladi. Masalan, yog‘och elementlar bilan qora loydan yasalgan “Qora duxoba sopol” kolleksiyasi yoki zamonamizning asosiy ekologik muammolaridan biriga bag‘ishlab loydan ishlagan mening “Orol fojiasi” installyatsiyam.



— Ishlaringizda qaysi tuproqdan foydalanasiz va buyumlarni yaratish qancha vaqt oladi?


— Biz O‘zbekistonning turli viloyatlaridan olingan tuproq aralashmalaridan foydalanamiz, ammo asosan Toshkentning mahalliy tuprog‘i bilan ishlaymiz. Bitta buyumni ishlab chiqarish jarayoni o‘rtacha bir necha haftadan bir necha oygacha davom etadi. Masalan, nuqtali texnikada ishlangan va qirqta buyumdan iborat “Nuqtalardan yaralgan dunyo” (The World Created by Dot) deb nomlangan kolleksiyam to‘rt oy davomida yaratildi.


Har bir buyum noyob bo‘lib, alohida yondashuv va holatni talab qiladi, shuning uchun shoshmaymiz va muddat qo‘ymaymiz. Aynan shu sababga ko‘ra hech qachon buyurtma qabul qilmaymiz. Ba’zida shaklning o‘zini yasaymiz, gohida esa lahzadan ilhomlanib, turli naqshlarni chizishga kirishamiz. Shunday ham bo‘ladiki, loy buyum o‘n yillab ustaxonada saqlanib, o‘z vaqti va bizning ilhomimizni kutadi. Yaratgan har bir buyumimiz bilan faxrlanamiz va unga mehrimiz hamda ijodiy quvvatimiz zarralarini singdirishga intilamiz.



— Tokchalarda darz ketgan va yorilgan idishlarni ko‘rdik...


— Bu kolleksiyamizning qazish ishlarida topilgan eksponatlari bilan bir qatordagi alohida qismi. Xalq e’tiqodiga ko‘ra, o‘limni ifodalagani uchun yoriq va darz ketgan buyumlarni sotish yoki sovg‘a qilish mumkin emas, ammo shunga qaramay noyob va betakrorligi tufayli ularni saqlab qolgamiz.



— Naqsh solishda zamonaviy bo‘yoqlardan foydalanasizmi yoki ular eskicha usulda tayyorlanadimi?


— Barcha sir va bo‘yoqlarimizni eski mualliflik retsepti bo‘yicha o‘zimiz tayyorlaymiz, bir vaqtning o’zida ular bilan tajribalar oʻtkazib, sifatini yaxshilaymiz. Asosan kvars, kaolin, kobalt, lyapis, lazurit minerallari hamda mis va turli temir oksidlaridan foydalanamiz. Ular 1500 daraja haroratda pishiriladi.



— Asarlaringizda an’anaviy o‘zbek naqshlaridan ham foydalanasizmi yoki taraqqiyot naqshlarda ham o‘z aksini topyaptimi?


— Naqshlar an’anaviy, ammo shubhasiz, kulolchilik san’ati rivojlanib, unga mualliflik elementlari ham kirib kelmoqda. Misol uchun, oilamiz XXI asr keramikasining kelajagi deb hisoblanayotgan qora loydan “Qora duxoba sopol” kolleksiyasini yaratdi. Bu to‘plam qushlar tasviri tushirilgan butunlay qora vazalardan iborat boʻlib, ular xuddi shu rangdagi emal bilan qoplangan. Ular iyerogliflarga o‘xshaydi.


Bobom Akbar an’anaviy uslubga amal qiladi, otam ikkalamiz esa ko‘pincha tajriba o‘tkazamiz — buyumni butunlay emas, faqat ayrim elementlarini emal bilan qoplaymiz, shu tariqa jilosiz va yaltiroq uygʻunlik hosil bo‘ladi. Yana bir misol: o‘z ishlarimda an’anaviy o‘zbek naqqoshligiga xos bo‘lmagan geometrik shakllardan foydalanaman.



— Time tree seriyasi o‘zining nafisligi va o‘zgachaligi bilan bizni maftun etdi va sulolangiz bilan bogʻliq dastlabki tasavvur — vaqt–daraxt–an’analarni ifoda etgani uchun biz hatto bu nomni maqola sarlavhasiga kiritishga qaror qildik. Yaratilgan kolleksiyalar falsafiy ma’noga egami?


— Albatta! Har bir kolleksiya teran ma’noga ega — bu shunchaki chiroyli naqshlar emas, balki shifrlangan xabarlar. Bir tomondan, Time tree — o’tayotgan vaqt, vazaning shakli qum soatga o‘xshaydi. Boshqa tomondan esa, “Serquyosh O‘zbekiston” uslubidagi naqsh — iliq ob-havo va yorqin ranglar, parvoz qilayotgan qushlar. Shu tariqa: qushlar – daraxt – oila – an’analar, ya’ni oila shajarasi.


Men ilgariroq tilga olgan “Nuqtalardan yaralgan dunyo” turkumida hayot va Koinot barcha modda hamda energiya yagona nuqtada to‘planib, Katta portlash oqibatida kengayganidan so’ng paydo boʻlgani haqidagi g‘oyani aks ettirdim. Nuqta butun mavjudotning boshlanishini ifodalaydi, shuningdek, yanada murakkab tasvir va shakllar yaratilishidagi asosiy qurilish bloki hisoblanadi. Turkum butun dunyo va Koinot kichik, ahamiyatsiz bo‘laklar va hodisalardan tashkil topib, birgalikda dunyoning yaxlit manzarasini yaratganligi to‘g‘risidagi g‘oyani yetkazib beradi.



— Biz ustida ish olib borayotgan materiallardagi bogʻliqliklarni koʻrish juda qiziq. Yaqinda Samarqanddagi HAPPY BIRD galereyasining asoschisi Yelena Ladik bilan suhbatlashgandik — u yerda qushlar mavzusi bor ekan, sizlarda ham xuddi shunday tez-tez takrorlanadigan mavzu — qushlarni ko‘rdik. Nega aynan qushlar?


— Ha, haqiqatan ham, bu biz sevgan syujetlardan biri. Ko‘plab madaniyatlarda qushlar ilohiy kuchlarning elchilari va hayot ma’nosining ramzi sanaladi. Dengizchilar qushlarni quruqlikni topish uchun, sahrodagi sayyohlar esa suvni topish uchun qidirishadi. Qush har doim yordam beradi va hayot mavjud bo‘lgan joyga yetaklaydi.


Bobom Akbar Rahimovning “Qushlar qalbi” nomli butun boshli ko‘rgazmani hozirlash g‘oyasi Qur’ondagi ko‘pchilik yaxshi ko‘radigan va tez-tez tilga olinadigan “Jannatga qalbi qushlarnikiga o‘xshash odamlar tushadi” hadisidan kelib chiqqan. Oilaviy muzeyimizda bu qimmatli ekspozitsiyaga mansub va oʻzida turli shakl, naqsh, texnika va ranglarni mujassam etgan asarlarni tomosha qilish mumkin. Har bir buyumda afsonaviy jannat qushlari, tovuslar, qaldirg‘ochlar, bulbullar tasvirlangan boʻlib, markaziy pannoni esa donishmandlik, ozodlik, baxtning qadimiy ramzi va O‘zbekistonning o‘ziga xos ramzi sanalgan Semurg‘ — Humo qushi bezab turibdi.


Qushlar tasvirlangan sevimli asarim — Toshkent qizil loyidan shar shaklida yasalgan va qora g‘adir-budur yuzasi bo‘ylab o‘nlab turnalar yorug‘lik tomon yo‘nalgan “Dancing birds” yoritgichi hisoblanadi.



— Har bir asarga o‘z qalbingiz va ijodiy quvvatingizning bir qismini berishga harakat qilishingizni aytib o‘tdingiz. Bugungi kunda energiyani qayerdan olish, uni qanday oshirish va behuda sarflamaslik mavzusi juda ommabop. Ustaning ish vaqtidagi kayfiyati va fikrlari sopol buyumga hamda keyingi egasiga o‘tadimi? — shu haqidagi fikringizni bilmoqchiman. Axir, suv ma’lumotni eslab qoladi va uni uzatadi deyishadi-ku, loyda ham bu xususiyat bormi?


— Sopol haqiqatan ham inson energiyasi va his-tuyg‘ulariga ta’sirchan bo‘lishi mumkin. Loy bilan ishlaganimizda, kayfiyatimiz va fikrlarimiz unga, keyinchalik esa undan foydalanadigan kishilarga ham oʻtishi mumkin. Agar bu jarayonni ijobiy hissiyotlar va ilhom bilan olib borsak, bu yakuniy natijada ham aks etishi mumkin.



— Siz yaratgan asarlarga nazar tashlar ekanman, menga ish uchun ilhom va ijobiy quvvatni qayerdan olishingiz qiziq.


— Eng avvalo sayohatlar ilhom beradi. Har oyda otam va bobom bilan bir necha kunni oʻzimizga ajratib, mashinaga o‘tiramiz (biz O‘zbekiston bo‘ylab faqat avtomobilda sayohat qilish mumkin deb hisoblaymiz) va o‘z mamlakatimizni o‘rganish uchun yoʻl olamiz. Qishloq va mahallalarga kirib, mahalliy aholi va albatta, tarix hamda afsonalarni asrab kelayotgan keksalar bilan suhbatlashamiz. Eng sevimli manzilimiz Farg‘ona — bu erda tarixni asl holida saqlab qolishga erishilgan.


Studiyamizda bolalar bilan muloqot qilish ilhom va yangi g‘oyalar manbai bo‘ladi. Chunki ularning nigohi begʻubor, ijod uchun imkoniyatlari keng va tasavvuri cheksiz. Yaqinda studiyamizga birinchi marta kelgan besh-olti yoshlardagi qizaloq kichik choynak yasashga qaror qildi. Pishirilgandan so‘ng, choynakdan foydalanib bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi, chunki qizaloq uning burnida suv uchun teshik ochishni unutgan ekan. U choynakni qaytadan yasadi, bu kichkina filga o‘xshash choynakni esa ustaxonada saqlab qoʻydik.


Shuningdek, diqqatimni jamlashim va ilhomlanishimga yordam bergani uchun ish paytida koʻpincha musiqa tinglayman. Podkast va audiokitoblar ham bilimimni kengaytirishga va yangi g‘oyalar olishimga yordam beradi. Ammo ba’zida jarayonga to‘liq kirishish va e’tiborimni vazifaga jamlashim uchun jimjitlikda ishlashni afzal ko‘raman. Har qanday holatda ham studiyada taralayotgan milliy musiqa sadolari o‘ziga xos ajib muhit yaratadi va ijod qilishga ilhomlantiradi.



— Studiyada kulolchilikdan tashqari yana qanday faoliyat yo‘nalishlari bor?


— Yo‘nalishlar ko‘p, lekin asosiy ikki yo‘nalish — kulolchilik va ko‘rgazmalar uyushtirish. Ilgari “Ming bir sham”, “Anor — jannat ramzi”, “Bodom rangi”, “Qirq go‘zal”, “Yeru osmonni tutashtiruvchi daraxt”, “Zamonaviy kulolchilikdagi qoyatosh rasmlari” singari o‘nlab ko‘rgazmalar o‘tkazilgan. Ustaxona qoshida olti yoshdan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maktab ochilgan, unda mahorat darslari o‘tkaziladi.



Tahririyatdan mualliflik kulolchiligiga e’tibor qaratish kerakligini izohlovchi beshta maslahat:

 

1) Shubhasiz, bunday sopol buyumlarni xarid qilish orqali ko‘p asrlik tarixga ega mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaysiz, uni saqlab qolishiga va san’atning yangi, zamonaviy shakllarini kashf etishga hissa qo‘shasiz. Bu o‘zingizga, boshqalarga va mamlakat madaniyatiga bo‘lgan hurmatingizni ifodalaydi.


2) Bu oʻz ruhiga va yaxshi energiyaga ega buyumlar, zero, Shohrux aytganidek, loy bilan ishlash mobaynida ustaning kayfiyati va holati materialga, keyinchalik u orqali tayyor buyumdan foydalanuvchiga o‘tadi. Siz har kuni ovqatlanadigan likopcha yoki qo‘lingizga oladigan piyolani kim va qanday niyat bilan yasaganini bilishni xohlaysiz, toʻgʻrimi?


3) Siz ommaviy talabga koʻra emas, balki muallifning ruhi, mulohazalari va ilhomlari natijasida dunyoga kelgan “sermulohaza” buyumni sotib olasiz. Mualliflik ustaxonalarida yaratilgan har bir buyumning o‘ziga xos yaratilish tarixi bor — bu haqida albatta so‘rab koʻring.


4) Bu o‘z bilimingizga qo‘shgan hissangiz boʻladi, chunki har safar kulolchilik va uning tarixi haqida yangi narsalarni o‘rganasiz.


5) Mualliflik naqshlarini sifatli va batafsil ko‘chirib bo‘lmaydi. Nusxa ko‘chiruvchi emas, yaratuvchi boʻlgan usta har doim talabga ega va raqobatdan xoli bo‘ladi.



Kulol Rahimovlar studiyasi


Manzil: Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Ko‘kcha Darvoza ko‘chasi, 15-uy

Telefon: +998 (90) 987-20-63, +998 (90) 992-44-01 

Veb-sayt: ceramic.uz

Instagram: instagram.com/rakhimovs_studio



Ustaxonaga tashrif buyurish xususida oldindan telefon orqali kelishib olish zarur. Ekskursiya davomida sizga buyumlarga naqsh solinadigan va mahorat darslari o‘tkaziladigan ustaxona, Akbar Rahimovning ijod xonasi va sopolni pishirish xonasi namoyish etiladi. Ko‘chada kichik bog‘ bo‘lib, u yerda hordiq chiqarish va suratga tushish mumkin, shuningdek, u yerda oilaviy muzey ham bor (ichkarida suratga olish mumkin emas). Odatda, ekskursiya taxminan 30 daqiqa davom etadi. Shuni e’tiborga olingki, Rahimovlar oilasi asarlarini faqat ularning ustaxonasida sotib olish mumkin.