Deyarli har bir eski shaharda shunday do‘kon-sandiqcha bo‘ladiki, unga kirganingda vaqt xuddi to‘xtagandek tuyuladi. Bunday do‘konlar odatda qadimiy ko‘zgu va mebellar, sharq gilamlari, suratlar va g‘ayrioddiy chiroqlar bilan bezatilgan bo‘lib, “xazinalar”dagi buyumlarni tinimsiz ushlab, hidlab, tomosha qilging keladi. Samarqand Hunarmandlar markazidagi HAPPY BIRD san’at galereyasi aynan ulardan biridir. Faqat yuqorida aytilganlarga qo‘shimcha ravishda uni qushlar bezab turadi. Marjonlar, yumshoq o‘yinchoqlar, haykalchalar, dekorativ buyumlar, likopchalar ko‘rinishidagi baxtiyor qushlar: baliqchi qushlar, boyqushlar, zag‘chalar, xo‘rozlar, tovuslar, oqqushlar...
San’at galereyasi o‘z faoliyatini 2005-yilning oxirida boshlagan bo‘lsa-da, rasmiy ochilish marosimi 2006-yil 4-iyunda kaptarlar uchirilishi bilan bo‘lib o‘tgan. HAPPY BIRDʼda asosan vintaj va zamonaviy matolardan tikilgan ayollar ustki kiyimlari sotiladi. Bu yerdan kiyim xarid qilar ekansiz, boshqa hech kimda aynan shunday libosni uchratmaslikka ishonch hosil qilishingiz mumkin. Samarqand bo‘yicha sayohatnomalardagi must see o‘nligidan oʻrin olgan bu mo‘jizaning yaratuvchisi Yelena Ladik savollarimizga javob berdi. Sizlarni ham qushlar, matolar va sehrli hikoyalar olamiga sayr qilishga taklif etamiz.
«Men 1952-yilda Ukrainaning Kirovograd (hozirgi Kropivnitskiy) shahrida tug‘ilganman. Bu markaziy hududi modern uslubidagi me’morchilik asosida qurilgan, ko‘chalari esa ko‘p hollarda toshyo‘l yotqizilgan ajoyib shaharcha. Uyimiz uning chekkasida, Ingul daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, biz u yerda holdan toyguncha suzar, qaroqchi-kazaklar o‘yinini o‘ynar edik, eng dovyuraklar esa tikanli to‘siqdan oshib, daryodan o‘tgan ulkan temir yo‘l ko‘prigining qo‘riqlanadigan hududiga kirishga muvaffaq bo‘lardi. Bu ko‘prik ulkan tosh palaxsalardan qurilgan bo‘lib, kechki yog‘duda ko‘hna qal’ani eslatardi. To‘silgan hududdagi o‘t-o‘lanlar qalinroq, gullar ham hashamdorroq edi, jazolanish xavfi esa alohida kuchli hissiyotlar baxsh etardi. Nazarimda, qo‘riqchilar bizni doimo ko‘rib turgan, lekin “ko‘prikchi”- qorovul kamdan kam hollardagina bizni qo‘rqitish uchun miltig‘ini ko‘tarib, baqirib-chaqirib qo‘yardi va shunda eng botirlar ham simlar orasidan tirnalib juftakni rostlab jon saqlardi.
“Hudud”dan onasiga guldasta olib kelish oʻzgacha mardlik sanalardi, ota-onalar esa shumtaka bolalari oʻzlarini qanday xavf ostiga qoʻyganini bilmasdi. Qishda konki va chanada uchardik, sisternalardan yopishqoq shirin qiyom o‘g‘irlab, keyin uni tayoqlarga o‘rab, oy nurida uning unutilmas ta’midan lazzatlanish uchun muzlagan daryodan narigi qirg‘oqqa o‘tardik. Chekimizga urushdan keyingi davrdagi mana shunday beg‘ubor bolalik tushgan va bu uchun taqdirdan behad minnatdorman.
Asosan “Rabotnitsa” va “Krestyanka” jurnallaridagi sifati yaxshi bo’lmagan reproduksiyalarni yig‘ib, daftarlarga yopishtirganimiz, baland temir yo‘l ko‘tarmasi orqali 5 kilometr naridagi kutubxonaga qatnaganlarimiz va bir vaqtlar seminariya bo‘lgan maktabda o‘qiganimiz yodimda. Afsuski, san’atshunos bo‘lish orzuim bir necha yil ortga surildi: sakkizinchi sinfdan keyin ota-onamning qistovi bilan mashinasozlik texnikumiga kirishga majbur bo‘ldim va o‘qishni tugatgach, Toshkentni tanladim.
Sharq yashash uchun juda jozibali joy bo‘lib tuyulardi va tanlovimdan hafsalam pir bo‘lmadi. Shu tariqa taqdir meni O‘zbekiston bilan bir umrga bog‘ladi, bu yerda o‘zimni shaxs sifatida namoyon etib, o‘zimga cheksiz maroqli bo‘lgan ish bilan shug‘ullana oldim. Ilya Repin nomidagi Sankt-Peterburg Badiiy akademiyasining san’atshunoslik fakultetida sirtdan tahsil oldim, soʻngra Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyida qiziqarli faoliyat davrim bo‘ldi, u yerda san’at bo‘limini tashkil etib, uzoq yillar unga mudirlik qildim. Keyin esa, 2005-yilda mening HAPPY BIRD’im dunyoga keldi».
– Suhbatimizni liboslardan emas, aynan qushlardan boshlasam maylimi? Galereyaning nomi “Qushlar” (Le Peuple Migrateur, 2001. So‘zma-so‘z “Qushlar — ko‘chmanchi xalq” degan ma’noni anglatadi — tahririyat izohi) filmi tufayli paydo bo‘lgani haqida o‘qigan edim. Shu rostmi? – Galereyaning nomi darhol emas, balki faoliyatimiz boshlanganidan bir necha yil o‘tgach paydo bo‘lgan, qolaversa, dastlabki paytlarda nom bilan bogʻliq chalkashliklar ham yuzaga kelgan: ba’zan afishalarda “BAXTIYOR QUSH”, gohida esa “HAPPY BIRD” deb ko‘rsatilardi. Galereyaga dastlab kelgan qushlar tirik kabutarlar edi. Ssenariyga ko‘ra, ochilish marosimida qosh qorayishi bilan to‘qilgan qush qafaslaridan yasalgan chiroqlarni yoqdik. Bu qafaslar ichida turli rangdagi lampochkalar bo‘lib, ular furshetning bayramona tusiga yana bir rang-baranglik bag‘ishlardi. Kuchliroq taassurot yaratish maqsadida, kabutar boqadigan qo‘shnimizdan bir nechta qushchani sotib olib, lampochkalar yonganida ularni qo‘yib yubordik. Bu nihoyatda chiroyli manzara edi, lekin mehmonlarimizning juda oz qismi bizning bu harakatimizni payqadi, chunki bu vaqtga kelib shampan zaxirasi ancha-muncha kamayib, hamma muloqot qilish va taomlarni tatib ko‘rishga berilib ketgandi. Qushchalar o‘z uyiga uchib ketdi, bizda esa, fotosuratchi do‘stimiz Nabi tufayli chiroyli kadrlar qoldi. Keyingi qushlar esa bizda uzoq vaqtga qolib ketishdi, ularni ko‘plab sayohatlarimdan olib kelganman. Shuningdek, qushlarni bizga bolalar, do‘stlarimiz va ayniqsa, quvonchli jihati, bizni qayta ziyorat qilgan mehmonlarimiz sovg‘a qilishgan. Qushlar jamoamizni to‘ldirgan va to‘ldirishda davom etayotgan barcha insonlarni minnatdorchilik bilan eslayman. Gollandiyalik Magda navbatdagi tashrifi chog‘ida bir tuvak gullayotgan yorongul va oilaviy yodgorlik — onasi uyidan dengiz baliqchi qushini olib kelgandi. Germaniyada yomg‘irdan qochib antikvar do‘koniga kirib qolgan qadrdon dugonam Naima biz uchun bir necha ajoyib qushcha sotib olib kelgandi... Hammani sanab chiqish imkonsiz, bunday lahzalar juda ko‘p bo‘lgan va ular nafaqat salonimiz interyerini, balki mening hayotimni ham bezaydi. Garchi talab katta bo‘lsa-da, galereyadagi qushlar sotilmaydi. Faqat bir marta kichik yog‘och chittak bilan xayrlashishdan xushmuomalalik bilan bosh tortganimni qabul qila olmagan mehmonga odobdan saboq bergim keldi. U eʼtiborga loyiq qat’iyat bilan savdolashib, aql bovar qilmas narxni taklif etdi. Uning hamrohi boʻlgan ayol bu erkakning qat’iyatliligidan ta’sirlanib, zavq-shavq to‘la nigohlari bilan uni ruhlantirib turardi. Uzoq davom etgan bu tortishuvni to‘xtatish maqsadida: “Hoziroq o‘rab beraman”, — deb uni to‘xtatdim. Ammo, bu faqat bir marta roʻy bergan “qush biznesi” edi. Ba’zida biz o‘ta qadrli mehmonlarimizga salonimizdagi qushlarning nusxalarini sovg‘a qilamiz, lekin baribir har tomondan o‘zlari bizga “uchib kelishini” ma’qul ko‘ramiz. Biror narsani kolleksiya qilish tizimlashtirishni taqozo etadi, men esa buni qanday bajarishni bilmaganim va tuyqus tabiatim tufayli shug‘ullanishni xohlamaganim sababli, salonda qancha va qanday qushlar yashashi haqidagi savolga javob bera olmayman. Ammo hovlimizda surbet maynalar bemalol kezib yuradi, uzumlar orasiga musichalar in qurgan, bahorda esa, qandaydir kichik qushcha o‘zining ajoyib xonishi bilan Yaratganga hamdu sanolar aytadi. – Galereyaga qadam qo‘yishing bilan seziladigan birinchi narsa — bu yerda seni samimiy qarshi olishadi, ko‘pincha bezor qiladigan “oling-oling-oling” degan ortiqcha taklif yo‘q va bu dastlabki daqiqalardanoq seziladi. Sehrli makoningiz qay tarzda yaratilgan va to‘ldirilgan? – Salonimiz Buxoro yahudiylari mahallasi chetidagi Hunarmandlar markazida joylashgan. Balki, bir vaqtlar bu bino ana shu diasporaning boy vakiliga tegishli bo‘lgandir va shuning uchun makonning o‘zi majburiyat yuklaydi. Salon interyerini dizayner yordamisiz, o‘zim ishlab chiqqanman. Liboslarni asosan vintaj matolardan tikkanimiz uchun Vudi Allenning “Parijda yarim tun” filmidagi “Nostalgik do‘koncha”ga o‘xshash antikvar buyumlar do‘koni ruhidagi antiqa makon yaratishni xohlagandik. Garchi bit bozorlarimiz hali ham o‘tmishning allaqanday noyob buyumlari bilan bizni hayratda qoldirishda davom etayotgan boʻlsa-da, 18 yil oldin vintaj va antikvar buyumlarning ajoyib kolleksiyasini sotib olish imkoniyati bor edi. Albatta, do‘stlarimiz ham bu masalani tushunib, qadimiy koʻzgu, oʻrindiq va boshqa zeb-ziynatlarni sovg‘a qilishdi. Shuningdek, galereyada rishtonlik taniqli ustalar — Sharofiddin Yusupov va Alisher Nazirovlarning bir qator kulolchilik buyumlari ham namoyish etilgan (Tahririyat: Farg‘ona vodiysida joylashgan mashhur brend va kulolchilik markazi). Mana shu barcha buyumlar galereyaning ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan boshqa muassasalarga sira o‘xshamaydigan oʻzgacha qiyofasini yaratishga yordam berdi. Ta’kidlab o‘tmoqchimanki, biz faqat o‘zimiz tikkan kiyimlarni sotamiz. Buxoro yahudiylarining sandiqlaridan olingan va ikkinchi xonada osib qo‘yilgan xalatlar interyer bezagi boʻlib, ular sotilmaydi. Kitoblarni varaqlab koʻrishingiz, namat shlyapalarni kiyib ko‘rib, ularda suratga tushishingiz mumkin, lekin biz ularni ham, to‘g‘nag‘ichlarni ham sotmaymiz. Ba’zan bu toifadagi narsalarni sovg‘a qilishimiz mumkin, ammo bu istisno tariqasida bo‘ladi. Ko‘pincha “Siz shu yerda yashaysizmi?” degan savolni eshitamiz. Demak, uydagi shinam muhitni yaratishga erishganmiz, bu esa, albatta, yaxshi. – Yaqinda Boqiy shaharda yana bir maskaningiz ochildi, toʻgʻrimi? – Ha, bizga ikki qavatli hashamatli koshona taqdim etildi va uning birinchi qavatida galereyaning turli yillardagi kolleksiyalarining liboslari ko‘rgazmasini tashkil etdik, umuman olganda, interyer tarixiy fotosuratlar va etnografiya buyumlari tufayli muzey xususiyatiga ega. Shinam sharoitda do‘stlarim bilan mavzuga oid uchrashuvlar o‘tkazish va uzoq istiqbollar haqida suhbatlashish uchun ikkinchi qavatda suv havzasi manzarasiga ega qahvaxona tashkil etmoqchiman. Bu hali rejalarimda, hozircha faqat birinchi qavat tayyor. – Keling, endi chet eldagi qushlarning patlariga o‘xshab ketadigan liboslarga e’tibor qarataylik... – Asosiy assortimentimiz – ayollar ustki kiyimlari: palto-xalat, kamzul va kurtkalardan iborat. G‘ayrioddiy aksessuarlarni xush koʻradigan xaridorlarning e’tiborini tortadigan buyumlarga aylangan bir nechta bosh kiyimlar ham bor, ular kolleksiya modellariga mo‘ljallangan, lekin ansambli turli sabablarga ko‘ra tarqalib ketgan. Modellarimiz uchun asosan, ishlab chiqaruvchi GOSTning barcha ko‘rsatmalariga rioya qilgan davrlarda yaratilgan juda sifatli vintaj matolardan foydalanamiz. Ular tabiiy — ipak, jun, paxta va aralashmalardan iborat. Bu matolar oila byudjetiga sarmoya sifatida va turli tadbirlar uchun asosiy sovg‘a jamg‘armasi hisoblanib, avaylab sandiqlarda saqlanadi. Yana biz, Farg‘ona vodiysidagi qadimiy Marg‘ilon shahri hunarmandlarining qo‘lda to‘qilgan matolarini ham xarid qilyapmiz. Bu matolar to'quv dastgohida to'qishdan oldin iplarga naqsh solishning eski texnologiyasi bo'yicha qo'lda yaratilgan, bizda bunday texnologiya "abrova" deb nomlanadi, dunyoda esa ikat (adras), deb tanilgan. Ba’zida zamonaviy ishlab chiqarilgan fabrika matolarini ham sotib olamiz. Bugungi texnologiyalar sintetikaning mavjudligini yashirishga imkon bergani uchun ham matolarning tabiiyligiga ishonch hosil qila olmaymiz. Ulardan kamdan kam hollarda foydalanamiz, hozircha vintaj zaxiralari yetarli. Vintaj gazlamalar bir kiyimlik boʻlaklar holida saqlanadi, shuning uchun standart modellar tika olmaymiz va har safar mavjud gazlamadan improvizatsiya qilishimizga to‘g‘ri keladi. Aynan shunga barcha mahsulotlarimiz o’ziga hos va ularga o‘xshashi yo‘q! Gazlamalarni biz qayerdan va qanday topamiz? Savollaringizga javob berayotganimda qimmatbaho narsalar solingan ikkita og‘ir tuguncha ko‘tarib kelgan yetkazib beruvchi dugonamning kutilmagan tashrifiga chalg’idim. Axir, bularni sotib olmaslik mumkinmi?! Garchi uyda bunday xazina shunchalik ko‘p to‘plangan boʻlsa-da, umrim davomida hammasini tikib tugatib bo‘lmaydi... Bundan tashqari, ularni qayergadir joylashtirish kerak, bu esa yanada jiddiyroq masala... Ammo... Yo Rabbim! Shifon, krepdeshin, panbarxat va boshqa madapolamlar (Tahririyat: juda yupqa, lekin shu bilan birga juda pishiq gazlama) — ularni olish istagiga qarshi turib bo‘lmaydi! Isrofgarlar, yo‘ldan ozdiruvchilar va dugonalarim men uchun xayrli ish qilayotganlarini bilgani uchun o‘ljalarini birinchi bo‘lib menga ko‘rsatishadi. Ba’zan qadimiy matolar ham uchrab qoladi. Bu XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi o‘zbeklarning an’anaviy tarzda qo‘lda yaratilgan gul bosilgan gazlamalaridir. Turkiston Rossiyaga qo‘shib olingandan soʻng bu yerga arzon rus chit matosini olib kelish boshlangan va juda mashaqqatli bo‘lgan qadimiy gul bosish hunarmandchiligi raqobatga bardosh berolmagani sababli asta-sekin yo‘qola boshladi. Faqatgina 25 yil oldin amaliy san’atning bu turini qayta tiklash masalasi davlat darajasiga ko‘tarildi va hozirda bu texnikada ishlaydigan ustalar bor. Agar eski gul bosilgan gazlama yaxshi saqlanib qolmagan bo‘lsa, uning yaroqli qismlarni qirqib olib, libos tikishda foydalanamiz. Yaxlit kompozitsiyani buzgim kelmaydi, shu sababli kelajakda milliy hunarmandchilikning ushbu turi yuksalishi, tanazzuli va qayta tiklanishi bilan bog‘liq retrospektivani taqdim etish uchun yaxshi tematik ko‘rgazma o‘tkazish niyatida yuqori badiiy namunalarni sotib olaman.
– Odamlar yaratgan barcha buyuk asarlarga — u xoh me’morchilik yoki texnika mo‘jizasi, xoh libos yoki suratlar bo‘lsin, nazar solganimizda, bular qanday o‘ylab topilgan va yaratilgan degan savol tug‘ilsa kerak, shundaymi?
– Bo‘lajak buyum uchun gazlamalarni o‘zim tayyorlayman — ularni yuvaman, bo‘yayman, furnitura va dekorativ elementlarni tanlayman, manekenda umumiy koʻrinishini yarataman va keyinchalik, bu qiyofa detallari dizayner tomonidan qayta ishlanadi. Barcha xodimlarimiz uyda ishlaydi, bu yerda gap ish oʻrinlarini tashkil etish uchun bino yo‘qligi haqida emas, balki qulaylik haqida, ularning farzandlari bor va uy xo‘jaligini yuritishadi. Ba’zan bitta xalat ustida besh kishi ishlaydi — gul bosish, batik texnikasida naqsh solish, qo‘lda yoki mashinada kashta bilan bezatish, qavish va bichilgan buyum solingan paket uzoq vaqtdan keyin ish jarayonidagi halqaning yakuniy qismi boʻlgan dizaynerga qaytib keladi. Mana endi tikilgan kamzul zaruriyat bo‘lsa munchoq yoki qo‘lda kashta bilan bezatiladi — bunday go‘zallikni mehmonlarimizdan biri aytganidek, “meros qilib qoldirish mumkin”.
Bu uzoq davom etadigan jarayon! Biroq qo‘l mehnati qanchalik ko‘p sarflansa, natija ham shunchalik qiziqarli bo‘ladi. Hozirgi kunda, butun shahar bo‘ylab abaya deb ataladigan oddiy bichimli, astarsiz kamzullar sotilmoqda. Sayyohlarda unga talab katta va savdosi chaqqon. Yaxshi biznes, lekin biz uchun qiziqarli emas.
– Siz yaratgan liboslarni qaysi uslubga mansub deb hisoblash mumkin va ular qanday xonimlarga mos keladi?
– Biz etno uslubidagi dizaynerlik kiyimlarini yaratamiz. Bunday kamzullarning bichimi zamonaviy qomat o‘lchamlariga moslashtirilgan, bundan tashqari, ular bazaviy kiyimlar, krossovkalar bilan uygʻunlashadi va unchalik ham etnik ko‘rinmaydi. Kamzullarni bezashda, an’anaviy uslubni saqlasak-da, ular umumsharqiy xarakterga ega boʻlib, ma’lum bir etnosga bog‘liq emas. Endi milliy san’at bilan nafaqat O‘zbekiston muzeylarida, balki jahon muzeylarida saqlanayotgan o‘zbek moddiy madaniyati to‘plamlari orqali ham tanishish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bizning hikoyamiz ichki erkinlikka ega, muloqotga ochiq, ijobiy ma’noda qiziquvchan va bir-biriga zid ko‘ringan narsalarni uyg‘unlashtira oladigan qizlar uchundir. Ba’zan bizda tasodifiy fotosessiyalar o‘tkazadigan qizlarga havasim keladi — ulardan ko‘p narsani o‘rgansa bo‘ladi! Ularga hamma narsa yarashadi va sizdan biror libosga qaysi bosh kiyim mos kelishi haqida maslahat ham so‘rashmaydi, aksincha, o‘zlariga yoqqanini bemalol kiyib koʻrishadi va bu mukammal tanlov bo‘ladi!
– Biz erkaklar ham xazinangizdan ko‘z uzolmasligini payqadik. Erkaklar uchun ham alohida kolleksiyangiz bormi?
– Hozircha faqat erkaklar uchun mo‘ljallangan turkum borasida yakuniy toʻxtamga kelganimiz yoʻq, ammo ko‘plab modellar uniseks sifatida qabul qilinishi mumkin. Oʻylaymanki, yaqin kelajakda erkaklar toʻplamini batafsil ishlab chiqamiz, chunki, istiqbolli xaridorlar, masalan, dam olayotgan erkaklar toifasini qo‘ldan chiqarishni istamaymiz. Axir, ular ham bir oz vaqtga bo‘lsa-da o‘z uslubini o‘zgartirishni, ijtimoiy hayotning singdirilgan qoliplaridan dam olishni xohlaydi. Bundan tashqari, ularning aksariyati, o‘z garderobini tanlashga ijodiy yondashadi va dizaynerlik liboslarida o‘zlarini juda qulay his qilishadi.
– Yelena, galereyada sotilayotgan buyumlar narxini ko‘rsata olamizmi?
– Negadir yaratgan narsalarimizni sotishdan xijolat boʻlaman: ehtimol, bu savdo xodimlariga nisbatan takabburona munosabatda bo‘lingan sovet komplekslarining sarqiti bo‘lsa kerak, endi esa buning haqqini to‘layapman — o‘zim ham shu bilan shugʻullanayapman (kulimsiradi). “Alisa mo‘jizalar mamlakati”dagi “Meni jallod demanglar deb iltimos qilgan edim-ku, men — qotilman!” degan qahramonni eslang. Garchi foyda olmasdan ijodkorlik qilishning imkoni bo‘lmasligi, umuman, o‘z biznesingni boshlashning keragi yoʻqligi aniq bo‘lsa-da, sotishdan va narx qo‘yishdan uyalaman.
Yordamchim Madinani bu kabi noqulayliklardan mutlaqo forigʻ boʻlgani uchun qadrlayman. U Samarqand Kooperativ texnikumini tugatgan, bir muddat do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlagan, keyin esa, ko‘p yillar davomida Samarqanddagi ilk badiiy galereyalardan birida xodima sifatida faoliyat yuritgan. Biz azaldan, ammo shunchaki tanish edik, xolos. Galereyamizning deyarli 18 yillik faoliyati davomida turli sabablarga ko‘ra ko‘plab yordamchi hamkasblarim almashdi. Galereya ishining o‘ziga xos jihatlari bor: tartibni saqlash, mehmonlarni kutib olishni bilish, ularga ishimiz haqida shunday so‘zlab berish kerakki, bu mahsulotlarimizni xarid qilishga majburlashdek tuyulmasligi lozim va albatta, umumiy uslubimizga munosib tarzda harakat qilish kerak. Eng sevimli va qadrli xodimlarimdan biri — Alinochka poytaxtga ko‘chib ketdi, go‘zal Nargiza turmushga chiqdi va men bir muddat tayanchsiz qoldim. Yuqoridan yuborilgan yordam vaziyatning omadli kechishi bilan niqoblangan edi: bir necha yil avval Moskvadagi Gostiniy dvorda oʻtkazilgan kolleksiyam namoyishidan qaytayotganimda, samolyotdagi yon o‘rindiqda Madinani ko’rib qoldim. Shu tarzda, murakkab masala o‘z yechimini topdi... Albatta, tartibsiz fe’l-atvorim tufayli menga amaliy salohiyatga ega odam kerak edi — ma’lumki, qarama-qarshiliklar bir-biriga juda mos keladi... Bir-birimizdan o‘zimizda yetishmaydigan fazilatlarni o‘zlashtirishga harakat qilamiz. Umid qilamanki, bu hamkorligimiz mustahkam bo‘lib, ikkalamizga ham manfaat keltiradi. HAPPY BIRD mahsulotlarining narxi yuz dollardan ikki ming dollargacha. Shahrisabzlik kashtado‘z kamzul kanvasiga, ayniqsa cho‘tlab (rasmga qarab ishlash osonroq) kashta solishga bir yildan ortiq vaqt sarflasa, bunday buyum apriori qimmat baholanishi kerak. Boshqa holatlardagi jarayonimiz esa ko‘p bosqichli: bitta buyum ustida besh nafar kishi “afsungarlik” qiladi — hamma pul topishi kerak, buning ustiga galereya fondiga ham nimadir qo‘shish kerak. Axir, bizda savdo mavsumiy, qishda sayyohlar deyarli boʻlmaydi, ammo butun jamoani daromad bilan ta’minlash zarur — narx belgilash jarayoni mana shunga koʻra shakllanadi. – Faoliyatingiz yo‘nalishlaridan biri — liboslar festivali va ko‘rgazmalarida ishtirok etishingiz haqida so‘zlab berasizmi? Bu Samarqandga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlar uchun kolleksiyangizdan bahra olish imkoniyatidir. – Oxirgi sayyor tadbirlarimizdan biri Moskvadagi Gostiniy dvorda namoyish etilgan “Noyob Rossiya” loyihasi bo‘ldi. Yevrosiyo etnodizaynerlar uyushmasining taklifiga ko‘ra, Afrosiyob yodgorligidagi VII asrga oid freskalardan ilhomlanib yaratilgan “Osmon qo‘ynida” kolleksiyasini namoyish etdik. Bundan tashqari, 2021-yilda AQSHning Nyu-Meksiko shtatidagi Santa-Fe shahrida bo‘lib o‘tgan mashhur “Xalqaro xalq san’ati bozori” (IFAM) festivaliga tashrif buyurdik hamda Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan xalqaro festivalda ham o‘z kolleksiyalarimizni namoyish etdik. Afsuski, ko‘plab loyihalardan voz kechishga to‘g‘ri kelyapti. Buning asosiy sababi — kolleksiyalarni tashishdagi qiyinchiliklar, chunki ular juda og‘ir: har bir to‘plam kamzul, ko‘ylak, poyabzal, bosh kiyim va taqinchoqlardan iborat. Agar tashkilotchilar ularni olib borish xarajatlarini qoplamaydigan boʻlsa, bugungi texnologiyalar taraqqiyot etgan sharoitda biz uchun kolleksiyalarimizni internetda namoyish etish va mablag‘ni ijodiy ishlarni davom ettirish uchun tejash maʼqulroq. Ishtirokimiz uchun berilgan diplomlarni salonimiz devorlariga ilib qo‘ymayman — ular oilaviy arxivimizda saqlanadi, umid qilamanki, vaqti-soati kelib, farzandlarim va nevaralarim ularni tomosha qiladi.
– Olgan diplomlaringiz haqida kamtarlik bilan gapirdingiz, lekin keling, o‘quvchilarimizga liboslar kolleksiyangiz uchun UNESCO “Sifat belgisi” sertifikatlarini taqdim etganini ham aytib o‘taylik.
– Tizimlashtirish kuchli tomonim emasligini avval ham aytib o‘tgan edim. Bir paytlar UNESCOʼning sifat sertifikatini olish uchun ko‘rgazmada ishtirok etish taklifi keldi. Bizga so‘rovnoma keldi, uni to‘ldirib, avvalroq Xitoyda o‘tkazilgan festival uchun tayyorlangan “Sharq yo‘llari boʻylab” kolleksiyamizning fotosuratlarini yubordik, keyin esa liboslarni tadbir o‘tkazilayotgan Marg‘ilon shahriga olib bordik.
Sertifikatlarni ajratish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qilgan Natalya Konstantinovna Musina — restorator, galereyachi va san’atshunos bo‘lib, bizning O‘zbekiston modalar olamidagi ishtirokimizni doimo xush ko‘rar va Samarqandga kelganida galereyaga tashrif buyurishni yoqtirardi. Shu tariqa faxriy mukofotga sazovor bo‘ldik. To‘g‘ri, iltimosimni bizning ijodimiz faqat mening shaxsiy yutuqlarim emas, balki men jamlagan jamoaning umumiy mehnati ekani bilan asoslagan holda sertifikatni Lena Ladik emas, balki HAPPY BIRD nomiga berishlarini so‘radim. Ammo... sertifikatni topshirish paytida menga haddan ziyod kamtarin ekanimni aytishdi. Shu sababli, hamkasblarimga bu qimmatli hujjatni ko‘rsatishdan uyalmaslik uchun turmush oʻrtogʻimdan ba’zi joylariga Fotoshopda biroz o‘zgartirish kiritishini so‘rashga majbur bo‘ldim.
– Mashhurlardan kimlar galereyangizga tashrif buyurgan?
– Aslida, mashhurlarni kolleksiya qilmayman, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar barcha mehmonlarni bir xilda samimiy kutib olamiz. Eshikning ro‘parasidagi salonda latofatli Lesli Lababidining surati osilgan. U bizning libosimizda Nigeriya rahbari oldida turibdi va rahbar unga madaniyat elchisi yorlig‘ini topshirmoqda. Lesli bu mamlakatdagi shisha puflovchilar haqida ajoyib film suratga olgan, sayohatnomalar yozadi va Qohirada teledasturlar olib boradi. U amerikalik, ammo ko‘p yillardan beri Misrda istiqomat qiladi va men u bilan do‘st ekanimdan faxrlanaman. – Agar galereya va Hunarmandlar markazidan tashqariga chiqsak, Yelena Ladik Samarqandning qayerlariga borishni xush ko‘radi? – Mehmonga keladigan doʻstlarim tashrifi tufayli mening odatdagi “uy–galereya–uy” yo‘nalishim mashhur me’moriy obidalarimiz, ziyoratgohlarimizga tashrif buyurish, Samarqanddan tashqarida esa — Urgutga, uning bozori va mashhur Yuqori Chinor qo‘riqxonasiga sayohat qilish, u yerda buloq bo‘yida o‘tirib, forellarni tomosha qilish, ming yillik daraxtlar soyasidagi salqindan bahra olish mumkin boʻlgan to‘laqonli madaniy dasturga aylanadi. Oxirgi marotaba turmush o‘rtog‘im – arxeolog Gennadiy Ivanov kompaniyamiz uchun ekskursiya yetakchisi sifatida ishtirok etdi. Ko‘p yillar oldin u Urgutning tog‘li hududida XIII asrda aholisi tark etgan nasroniy ibodatxonani topgan ilmiy ekspeditsiyada ishtirok etgan. Vaqtning qanchalik tez o‘tishi va barcha qadriyatlarimiz naqadar mo‘rtligini tasavvur qilish oson boʻlgan bu go‘zal manzarali joyda turib, uning hikoyasini tinglash juda qiziqarli edi. Tahririyatdan: Sharq mifologiyasida qushlar azaldan alohida o‘rin egallab kelgan. Eng mashhuri — Humo qushi, ya’ni qushlar malikasi, donishmandlik, erkinlik va baxt-saodatning qadimiy ramzi bo‘lgan, O‘zbekiston gerbida aks ettirilgan Semurg‘. Ushbu material ustida ishlar ekanmiz, atrofimizda paydo bo‘layotgan qushlar soniga barchamiz hayratlanib qoldik. Masalan, bir vaqtning o‘zida ustaxonasi turli parrandalar tasviri bilan bezatilgan toshkentlik Rahimovlar sulolasidan bo‘lgan kulollar oilasi haqidagi boshqa material ustida ham ish olib borilayotgan edi! Yoki yana bir misol: Yelena tilga olgan sayohatchi va kitoblar muallifi, amerikalik Lesli Lababidining biografiyalaridan birida “qushlar va tabiatni sevuvchi” deb ko‘rsatilgan. Hazilomuz taxminlardan biriga ko‘ra, hatto muallifimiz Marina Gulyashchevaning familiyasi ham inglizcha “gull, seagull" — “baliqchi qush” so‘zidan kelib chiqqan ekan. Beixtiyor hayratda qolasan: bularning barchasi tasodifiy emas.
HAPPY BIRD galereyasi
Manzil: Samarqand, Islom Karimov ko‘chasi, 43A (sobiq Toshkent ko‘chasi), Hunarmandlar markazi, 2-qavat
Telefon: +998 (93) 720-42-15
Veb-sayt: h-b-art.com
Instagram: instagram.com/hbartgallery
Tahririyat tavsiyasi: Hunarmandlar markazi uchun kamida bir soat vaqtingizni ajrating, bu yerda mashg‘ul bo‘ladigan ishlar albatta topiladi. Ikkinchi qavatda HAPPY BIRD yonida mahalliy rassom Ahmad Umarov galereyasi joylashgan. Birinchi qavatda so‘zanalar, zargarlik buyumlari va charm buyumlar, kamzullar, sopol buyumlar, shu jumladan, sopoldan yasalgan yangi yil sharlarini xarid qilish mumkin. Uzum novdalari bilan o‘ralgan hovlidan ketgingiz kelmaydi — albatta zinapoya yoki ikkinchi qavat galereyasida fotosessiya uyushtiring.