blog

Maslahatlar • 27 May

Chet elda pasportingiz yoʻqoldi. Nima qilish kerak?

Chet elda pasportning yoʻqolishi — tungi qo'rqinchli ertakdagi vaziyatga o‘xshaydi. Ammo bunday holatga tushishdan hech kim himoyalanmagan bo’lib, stressni minimallashtirish va muammoni tezda hal qilish uchun qanday choralar koʻrish kerakligini bilish juda muhim. Centrum Travel Magazine tahririyati huquqshunos Eduard Shalonosov bilan hamkorlikda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammoni hal qilishga yordam beradigan harakatlar algoritmini ishlab chiqdi.



1. Xotirjamlikni saqlang

Bu qanchalik gʻalati tuyulmasin, dastlabki va eng muhim harakat — xotirjam boʻlish, chunki sarosimaga tushish muammoni hal qilishga yordam bermasligi aniq. Pasportingizni oxirgi marta qayerda va qachon koʻrganingizni eslashga harakat qiling. Baʼzan sinchkovlik bilan qidirilgandan soʻng hujjat mehmonxona xonasidan, sumkadan yoki hatto kiyim cho‘ntagidan ham topiladi. Shuning uchun, chuqur nafas oling va uni qaytadan qidiring.



2. Politsiyaga murojaat qiling

Qidiruv muvaffaqiyatsiz boʻlgan taqdirda, imkon qadar tezroq mahalliy politsiyaga murojaat qilish zarur. Pasport yoʻqolganligi toʻgʻrisida xabar bering va uning yoʻqotilganligi toʻgʻrisida rasmiy hujjat (bayonnoma) oling. Bu keyingi harakatlaringiz uchun kerak boʻladi va mamlakatingiz konsulligida talab etiladi.



3. Konsullik bilan bogʻlaning


Keyingi qadam — eng yaqin konsullikka borish. Pasport yoʻqolgani haqida xabar bering, qaytish guvohnomasini olish uchun qanday hujjatlar kerakligini va qaysi tartib-taomillar amalga oshirilishini aniqlashtiring.


Bu yerda sizga quyidagi hujjatlar kerak boʻladi:

- mahalliy politsiyaning pasport yoʻqotilganligini tasdiqlovchi bayonnomasi;

- anketa – 2 nusxada. O'zbekiston fuqarolari konsullik muassasalariga murojaat qilishdan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining veb-sayti yoki interaktiv konsullik xizmatlari veb-portaliwww.consulate.mfa.uz da joylashtirilgan anketaning elektron shaklini oldindan toʻldirish interaktiv xizmatidan foydalanish huquqiga ega;

- pasport nusxasi (agar mavjud boʻlsa);

- Oʻzbekiston fuqarosi ID-kartasining asl nusxasi (agar mavjud boʻlsa);

- fotosurat - 2 dona (3,5x4,5 mm oʻchamda);

- konsullik yigʻimi.

 

Har ehtimolga qarshi hujjatning yoʻqolish holati, siz suhbatlashgan politsiya va konsullik xodimlarining ism-sharifi va lavozimlari/unvonlarini, hamda ular bergan javoblarni batafsil yozib oling.


Kichik lirik chekinish. Baʼzida yoʻqolgan hujjatlar bilan bogʻliq voqealarda kinematografiyadagi ekshn janrni eslatuvchi holatlar ham uchrab turadi:


Kamdan-kam hollarda, konsulga guvohnoma bermasdan fuqaroni toʻgʻridan-toʻgʻri samolyotga chiqarish uchun 2-3 soatlik vaqt beriladi. Yaʼni, konsul aeroport hududiga konsullik raqamlariga ega avtomobil bilan kirib, fuqaroni tom maʼnoda trapgacha olib boradi. Toʻgʻri, koʻp yillik amaliyotim davomida bunday holatga faqat ikki marotaba guvoh boʻldim va ikkalasida ham inson xavfsizligi tahdid ostida edi.



4. Shaxsni tasdiqlash jarayonidan oʻting


Agar yoningizda Oʻzbekiston fuqarosining ID-kartasi boʻlsa, bu bandni chetlab oʻtasiz. Aks holda, shaxsingizni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan ikki guvohni olib kelishingiz kerak boʻladi. Ularning yonida Oʻzbekiston pasporti boʻlishi lozim. Bundan tashqari, konsullik mamlakatingizning vakolatli organlaridan kerakli maʼlumotlarni olish uchun soʻrov yuboradi va javob olingandan soʻnggina qaytish guvohnomasi beriladi.


Mening tavsiyam: yordam soʻrab begonalarga murojaat qilmang. Baʼzan bitta kichik xato, masalan, siz hujjatlarga koʻra atigi 25 yoshda boʻlsangiz, u “Men uni 29 yildan beri bilaman...” iborasi bilan sizni birinchi marta koʻrib turganini oshkor qilib qoʻyishi mumkin. Bu katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, baʼzi mamlakatlarda shaxsiy maʼlumotlar o‘g‘riligi uchun jinoiy javobgarlik mavjud.

 


Bolalar


Agar bolaning pasporti yoʻqolgan boʻlsa, yuqoridagi hujjatlarga qoʻshimcha ravishda tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning asl nusxasi yoki nusxasi kerak boʻladi. Bundan tashqari, bolaning shaxsini tekshirish uchun qarindoshlar bilan bogʻlanish kerak boʻladi.


Bola hujjatlarining yoʻqolishi deyarli bolani oʻgʻirlash ishiga aylanib ketishiga sal qolgan holat ham yuz bergan edi. Buyuk Britaniyada dam olayotgan oila aeroportga ketishga hozirlik koʻrayotganida toʻsatdan bolaning pasporti yoʻqolgani aniqlangan. Konsullikda bolaning shaxsini aniqlashtirish maqsadida, qarindoshlari bilan videoaloqa orqali bogʻlanishgan va u bu odamlarni tanimasligini aytgan. Natijada maʼlum boʻldiki, bolaga Angliyada dam olish juda yoqqan va unga yaqinda uyga qaytish haqida xabar berilganida, u hujjatlarini tashlab yuborgan.

 


5. Oʻzingizni jarimalardan himoya qiling


Vaqtinchalik shaxsni tasdiqlovchi hujjatni rasmiylashtirish jarayoni bir necha daqiqadan bir necha haftagacha davom etishi mumkin – bu mamlakat va muayyan holatga bogʻliq. Bu paytda konsullik bilan aloqada boʻlishga harakat qiling va uning xodimlari koʻrsatmalariga amal qiling.


Agar ish choʻzilib ketayotganini tushunsangiz, politsiyaning migratsiya boʻlimiga boring. Bu bilan oʻzingizni jarimalar va keskin sanksiyalardan himoya qilasiz: baʼzi mamlakatlarda noqonuniy boʻlib turganlik uchun (hujjatsiz u yerda noqonuniy boʻlgan hisoblanasiz) kirishingizga taqiq qoʻyilishi mumkin. 


Berilgan guvohnoma faqat uyga qaytish uchun amal qiladi.



6. Aviakompaniya bilan bogʻlaning


Fors-major holatining oldini olish va aeroportda vaqt yoʻqotmaslik uchun aviakompaniya bilan bogʻlanib, vaziyat haqida oldindan ogohlantirganingiz maʼqul. Xavotir olmang: bunday holatlar tez-tez sodir boʻlgani sababli, aeroport xodimlari bunga ko’nikib ketishgan.



7. Hujjatlarni tiklang


Uyga qaytganingizdan soʻng, yangi pasport olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qiling. Bu bosqichda konsullikda olingan chiqish guvohnomasini yana taqdim etishingizga to’g’ri keladi.


Agar yoʻqolgan pasportingizda vizalar boʻlgan boʻlsa, yangi hujjatni olganingizdan soʻng ularni tiklash yoki yangilarini olish uchun vizalari yoʻqolgan mamlakatlarning elchixonalariga murojaat qiling.


Demak, endi maʼlumotga egasiz, hushyorlikni yoʻqotmang va ishonch bilan sayohatga otlaning!