Sayohatlar ajoyib his-tuygʻular va yorqin taassurotlarni tuhfa etadi, lekin, baʼzida u qimmat va qiyin bo’lib, asabiylikka ham olib kelishi mumkin. Hech kim uzoq kutilgan taʼtildagi fotosuratlarga qarab, oldini olish mumkin boʻlgan besaranjomlikni va koʻngilsizliklarni xotirlashni istamaydi. Sayohat unutilmas, xavfsiz va yoqimli boʻlishi uchun nima qilish mumkin? Qanday qilib qoʻshimcha xarajatlar va kutilmagan vaziyatlarga chap berish mumkin? Bu haqida bizga mashhur sayyoh-bloggerlar quyidagi tavsiyalarni berishdi.
Jaloliddin Mirzayev
Instagram: @sayohatv
Telegram: @sayohatv
Dunyoni zabt etishga shoshilmang — sayohatni tili va madaniyati siznikiga oʻxshash bo’lgan qoʻshni mamlakatlardan boshlang. Bir-birini ko’proq tushunish noxush vaziyatlar va har qanday tushunmovchiliklarning oldini olish imkonini beradi.
Aviachiptalarni sotib olish uchun sayyohlik kompaniyalari va agentliklariga murojaat qilishdan tortinmang — dastlabki vaqtlarda firibgarlarga duch kelish yoki parvoz uchun ortiqcha pul toʻlash ehtimoli koʻproq. Maʼlumotlarni va imkoniyatlarni oʻrganib chiqing, odamlarning haqiqiy fikrlarini qidiring. Mabodo shubha tugʻilsa, sayyohlik agentliklari — eng ajoyib variant.
Oldindan tashrif buyurmoqchi boʻlgan mamlakatlar va shaharlar borasidagi maʼlumotlar bilan tanishib chiqing. Taʼtil oʻtkazishni rejalashtirgan kunlaringiz soni uchun aniq sayohat rejasi va jadvalini tuzing. Iloji boʻlsa, muzey va boshqa koʻngilochar joylar uchun chiptalarni onlayn tarzda oldindan xarid qiling. Shu tarzda, vaqtingizni tejaysiz va, masalan, kutilmaganda chiptalar tugashidan xavotirlanmaysiz.
Sayohatdan oldin sogʻligʻingiz yaxshi holatda ekaniga ishonch hosil qiling. Samolyot bortiga oʻzingiz uchun zarur boʻlgan dori-darmonlarni oling va minimal birinchi yordam toʻplamini tayyorlang. Ular sizga kerak boʻlmasligiga amin boʻlsangiz ham, atrofingizdagilarda ularga ehtiyoj tugʻilishi mumkin va bunday ehtiyot chorasi — ajoyib gʻoya.
Agar, sizda shamollash yoki tumov alomatlari boʻlsa, parvozdan oldin nafas olishni osonlashtirish uchun spreydan foydalaning. Samolyot yuqoriga koʻtarilayotganda bosim oʻzgaradi, nafas olish qiyinlashgan boʻlsa, u bosh, quloq va koʻzda kuchli ogʻriq keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa, unchalik ham yoqimli his emas.
Xaridlar uchun borayotganda, oʻzingiz bilan 30-40 kilogrammgacha ogʻirlikni oʻlchay oladigan qoʻl tarozisi oling. Bu bagajingizning ogʻirligini aniqlashga yordam beradi va aeroportda ortiqcha yuk uchun pul toʻlashdan xalos qiladi. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklaridagi koʻplab mehmonxonalarda tarozi bor, ammo, ularning hammasida ham bunday qulay bonus uchramaydi.
Safarga chiqishdan oldin oʻrta oʻlchamdagi ikki rulon streych-plyonka sotib oling. Rulonlardan birini chamadonga soling, ikkinchisi bilan esa, uyda bagajingizni oʻzingiz oʻrang. Qogʻozga biron nima yozib, uni sellofan ostida qoldirishni unutmang — bu aeroportda bagajingizni osongina topishga yordam beradi. Safar tugab, uyga qaytmoqchi boʻlganingizda, chamadoningizdagi ikkinchi streych-plyonkadan foydalanishingiz mumkin. Shu tarzda, aeroportdagi bagajni qadoqlash qoʻshimcha xarajatlaridan xalos boʻlish mumkin.
Tashrif buyuradigan mamlakatingizning elektr tarmogʻidagi kuchlanish va qurilmalarni quvvatlantirishda foydalaniladigan rozetkalarning turi haqida oldindan bilib oling. Shahringizdagi xoʻjalik mollari doʻkonidan tegishli adapterlarni sotib oling.
Men naqd pul emas, balki, elektron bank kartalaridan foydalanishni maslahat beraman. Chunki bu xavfsiz, qulay va tez. Xorijdagi istalgan bankomatda Visa yoki MasterCard kartangizdan mahalliy valyutada naqd pul yechib olishingiz mumkin.
Sugʻurta hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Baʼzi odamlar tibbiy sugʻurta sotib olishmaydi va bu muhim masalada pulni tejashni istashadi. Ammo, boshqa mamlakatda sogʻligʻingiz bilan bogʻliq muammolar yuz bersa, katta xarajatlarga duch kelishingiz mumkin.
Umid Gʻofurov
Instagram: @gafurovumid
YouTube: Umid Gafurov
Shoshilmasdan kerakli hamma narsani yigʻish va hech nimani unutmaslik uchun chamadonlarni safardan bir hafta avval yigʻishga harakat qilish kerak. Ayniqsa, ota-onalarning biron narsani unutib qoldirishlari juda oson, keyinchalik bu katta noqulayliklar tugʻdirishi mumkin.
Farzandingiz kiyim-boshini oldindan tayyorlang. Ularning soni kunlar soniga mos boʻlishi kerak, hatto har ehtimolga qarshi zaxira variantini ham hisobga olish mumkin.
Oʻzingiz bilan bolalarning katta aravachasini olmang. Aravachalarning sayohatga moʻljallanganlari mavjud: ular mustahkam, yengilroq va qoʻl yuki oʻlchamiga mos yigʻilishi juda qulay.
Agar bola ikki yoshga toʻlmagan boʻlsa, uning uchun alohida joy sotib olishning hojati yoʻq, lekin, bir necha soat davomida bolani tizzada olib oʻturish ham anchagina mushkul ish. Farzandingiz bilan bitta oʻrindiqda parvoz qilish siz uchun qulay boʻlishi borasida oldindan oʻylab koʻring. Agar parvoz uzoq davom etadigan boʻlsa, alohida joy sotib olish haqida oʻylab koʻrganingiz maʼqul.
Kichik tavsiya: oʻrtada boʻsh oʻrindiq qoldirib, kattalar uchun ikki chetdagi oʻrindiglarni bron qilishga urinib koʻrish mumkin. Agar reysga yoʻlovchilar unchalik koʻp boʻlmasa, odatda, oʻrtadagi bunday boʻsh joylar sotib olinmaydi. Shu tarzda, farzandingiz oʻz joyida, kamiga bepul parvoz qilishi mumkin.
Qoʻl yukiga bola uchun kiyimlar va minimal gigiyena vositalarini joylang. Bu parvoz kechikkanida yoki, masalan, ichimliklar to'kilganda asqotishi mumkin.
Yoʻlda vaqt oʻtkazishga yordam beradigan turli ermaklar — kitob, rang beriladigan rasmlar, kichik oʻyinchoqlarni unutmang. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun oldindan film yoki oʻyinlar yuklangan planshet olish mumkin.
Tamaddi uchun egulik va ichimliklar oling. Yengil tamaddi, meva, yongʻoq va suv yoʻlda biror narsa sotib olmasdan ochlik va chanqoqni qondirishga yordam beradi.
Xavfsizlik haqida oʻylab qoʻying: yoningizda bolaning tibbiy kartasi va kerakli dori-darmonlarni boʻlsin. Bolaga yoʻqolib qolgan taqdirda asqotadigan aloqa maʼlumotlari yozilgan bilaguzuk taqish tavsiya etiladi.
Yo’nalishni bolaning ehtiyojlarini hisobga olgan holda rejalashtiring. Dam olish uchun muntazam toʻxtash, oʻyin maydonchalari va qiziqarli joylarga tashrif buyurish sayohatni yanada yoqimli qilib, kamroq charchatadi.
Kun tartibidagi oʻzgarishlarga tayyor turing. Bolalar bilan sayohat moslashuvchanlikni talab qiladi, chunki charchoq, kayfiyat yoki sogʻliq rejalaringizga oʻzgarishlar kiritishi mumkin.
Jamshid Sunnatov
Instagram: @sun__james
Instagram: @travelhubuz
Aksariyat sayyohlar mavjud xizmat — mehmonxonalardagi gidlar turlarini olishadi, koʻpchilik foydalangani uchun uni yaxshi variant, deb hisoblashadi. Lekin, shaxsiy tajribamga asoslanib aytishim mumkinki, u yerdagi narxlar boshqa joylarga qaraganda uch baravar qimmat. Koʻchada koʻzga koʻrinadigan doʻkonlarni uchratish va u yerda turlarni toʻgʻridan-toʻgʻri, ortiqcha ustama narxlarsiz ancha arzonga olish mumkin. Xuddi shu tamoyilga koʻra, mehmonxonalar yaqinida oʻzi va kompaniyasiga ishlaydigan gidlarni qidirish mumkin. Sayyohlik joylarida ham xuddi shunday tejamkorlik tamoyili ishlaydi.
Mehmonxona tanlashda odamlar koʻpincha yulduzlar soniga va narxlarga eʼtibor berishadi. Yaʼni, oltita yulduz va qimmat xonalar — demak, tanlov o’zini oqladi.
Aslida esa, hammasi unday emas. Men mehmonxonani haqiqiy sharhlarga asoslangan Booking reytingiga suyanib tanlashni tavsiya qilaman. Bu qanday ishlaydi: baʼzida kamroq yulduzga ega mehmonxonalar sharhlarga koʻra, tozalash sifati, taomlari, joylashuvi va veb-saytda yoki Booking ilovasida oʻrganish mumkin boʻlgan boshqa koʻplab parametrlar boʻyicha «hashamatliroq» mehmonxonalarni ortda qoldiradi.