Samolyotlar havoga ko‘tarilib, ufqda g‘oyib bo‘ladi, o‘z ortidan osmonda nafaqat iz, balki yuzlab hikoyalarni ham qoldirib ketadi. Kimdir uchun bu shunchaki transport, lekin aviaspotterlar uchun — haqiqiy san’at, ishtiyoq va hayot tarzi. Ular noyob bortni “tutish” uchun tong saharda turishadi, bitta ideal kadr deb murakkab yo’nalishlardan o‘tishadi, rakurs va sozlamalar haqida bahslashishadi, lekin har doim yagona jamoa bo‘lib qolaverishadi. Ularning xobbisi sabr-toqatni, tezkor reaksiyani va boshqalar faqat temirni ko‘radigan joyda go‘zallikni ilgʻay olishni talab qiladi.
Sardor Yusupov: Samolyotlar uchrashuvlardan muhimroq boʻlganda
Osmonga bo‘lgan ishtiyoqim erta yoshimdan boshlangan. Biz aeroport yaqinida yashardik va bobom meni tez-tez uchish-qo‘nish yo‘lagidagi ajoyib manzara ko‘rinadigan ko‘prikka olib borar edi. Soatlab samolyotlarning tezlanishi, yerdan koʻtarilib, bulutlar orasida g‘oyib bo‘lishini kuzatishim mumkin edi. O‘shanda bir kun kelib bu qiziqishim hayotimning muhim qismiga aylanishini bilmasdim.
Yillar o‘tsa-da, aviatsiyaga bo‘lgan qiziqishim so‘nmadi, aksincha, yanada kuchaydi. Bir kuni Toshkent aeroportidagi spotting haqidagi videoni ko‘rib qolib, hayratga tushdim: ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda men kabi ishtiyoqqa ega kishilardan iborat butun bir jamoa bor ekan. Ular aeroport yaqinida to‘planishar, suratga olishar, aviatsiya yangiliklarini muhokama qilishar ekan. Shunda men bu jamoaning bir qismi bo‘lishni xohlayotganimni angladim. Ma’lumot qidirish asnosida Rustam Mannanov bilan tanishdim, u menga barcha tafsilotlarni: qayerda suratga olish mumkinligi, rasmiy tadbirlarga qanday kirish va nimalarga e’tibor berish kerakligini batafsil tushuntirdi. Shu tariqa men spottingga kirib keldim, 2024-yil bahorida ilk bor aeroportdagi rasmiy suratga olish tadbirida qatnashdim.
Bu kun xotiramda o‘chmas iz qoldirdi. Bizni nazorat tekshiruvidan o‘tkazib, bizga maxsus maydoncha ajratib berishdi va kun bo‘yi suratga olish uchun imkoniyat yaratishdi. Odatdagi to‘siq ortidan suratga olishdan farqli ravishda, bu safar eng qiziqarli rakurslarda suratga olish imkoniga ega bo‘ldik. Biz samolyotlarning parvozga tayyorlanishini kuzatdik, ko‘pincha ko‘zga tashlanmaydigan lahzalarni suratga oldik. Bu mening qiziqishimni yanada kuchaytirgan birinchi haqiqiy “vau-effekt”im edi.
Vaqt o‘tgan sayin spotting – faqat fotosurat emas, balki videotasvirga ham olish ekanligini angladim. Ko‘pchilik suratlarini JetPhotos yoki Instagram kabi platformalarga joylaydi, lekin men ko‘proq narsani: harakat, ovoz, lahza haroratini yetkazishni xohlardim. Asta-sekin videolarni suratga ola boshladim va tez orada bu materiallarga nafaqat do‘stlarim va obunachilarim, balki aviatsiya sohasining vakillari ham qiziqish bildira boshlashdi. Menga materiallar so‘rab murojaat qila boshlashdi, shunda xobbiim qandaydir kattaroq narsaga aylanganini payqadim.
Ammo spotting – faqatgina chiroyli kadrlarni izlashdan iborat emas. Ba’zida u sabr-toqatni, chidamlilikni va hatto kutilmagan qiyinchiliklarni yengish koʻnikmalariga ega bo‘lishni talab qiladi. Shunday holatlardan biri Toshkentga qo‘shni davlat rahbari tashrif buyurganida yuz berdi. Biz samolyotning kelish vaqtini aniq bilmay, uni kun bo‘yi ko‘prik ustida kutib o‘tirdik. Kameralar shay, diqqatimiz yuqori darajada edi, ammo samolyot qo‘nishiga bir necha daqiqa qolganida bizlarni militsiya xodimlari o‘rab olishdi. Ular bizni nima uchun bu yerda ekanligimizni va umuman nima sababdan samolyotlarni suratga olayotganimizni tushunishmadi. Bu xobbi ekani haqidagi barcha tushuntirishlarimiz e’tiborsiz qoldi. “Qanaqa xobbi? Umuman, buning kimga qizigʻi bor?” — deb so‘rashardi ular hayron bo‘lib. Oqibatda bizni tuman IIBga olib ketishdi, uzoq kutilgan reys esa bizsiz qo‘ndi.
Bunday vaziyatlar boshqa joylarda ham sodir bo‘ladi. Ko‘pincha spotterlarga hatto aeroportdan tashqarida ham e’tibor kuchli bo’ladi. Agar to‘siq yonida tursangiz, qo‘riqchilar sizga e’tiroz bildirishi yoki bu yerda nima qilayotganingizni so‘rashi mumkin. Zero, hech qanday qoidani buzmasak-da, bizning ishtiyoqimiz odamlarga g‘alati tuyuladi, ayniqsa, uzoqdan shubhali ko‘rinishi mumkin bo‘lgan uzun fokusli obyektiv kameralarni ko‘rishganida.
Aeroportning o‘zida ham qat’iy cheklovlar mavjud: bizga kirish taqiqlangan hududlar belgilab beriladi va biz o’rnatilgan qoidalarga rioya qilishga harakat qilamiz.
Barcha qiyinchiliklarga qaramay, spotting mening eng sevimli mashg‘ulotim bo‘lib qolaveradi. Bu shunchaki suratga olish emas, balki noyob kadrlar ortidan haqiqiy ovdir. Nafaqat to‘g‘ri rakursni topish, balki kamdan kam uchraydigan lahzani ham aks ettirish zarur. Masalan, kolleksiyamda eng muhim o’rin egallagan videolardan biri Mustaqillik kunida “Yangi O‘zbekiston” bog‘i uzra parvoz qilgan beshta Su samolyotini tasvirga tushirish bo‘ldi. Ular o‘z ortidan iz qoldirib, havoda O‘zbekiston bayrog‘ini yoyishdi.
Ammo hammasini ham “tutish”ning iloji bo‘lavermaydi. Ba’zida kam uchraydigan samolyot qo‘qqisdan paydo bo‘lib qoladi-yu, kamera qo‘lda bo‘lmaydi. Bunday holat men rul boshqarganimda yoki shunchaki tayyorgarlik ko‘rishga ulgurolmagan vaqtimda yuz berardi. Bunday vaziyatlarda hech bo‘lmaganda telefonda video olishga harakat qilaman, chunki fursatni butunlay o‘tkazib yuborgandan ko‘ra, loaqal biror narsani saqlab qolganim ma’qul.
Spotting – texnik jihatdan tashqari, jamoaga bo‘lgan hurmat ham hisoblanadi. Ba’zan yangi boshlayotganlarning tajribali spotterlar bilan bahslashayotgani, ularning maslahatlariga quloq solmayotganini ko‘rganman, lekin har kimda o‘rganish uchun nimadir borligini doim tushunganman. Endigina boshlagan paytlarimda Rustamdan ko‘p narsalarni o‘rgandim, uning tavsiyalariga amal qildim. Bu, ayniqsa, muammolar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan joylarda suratga olishda juda muhim hisoblanadi.
So‘nggi bir yil davomida O‘zbekistonda spotting rivojlanib borayotganini kuzatdim. Tobora ko‘proq odamlar qiziqish bildirishyapti, ijtimoiy tarmoqlarda bizni topib, qayerda suratga olish mumkinligini so‘rashyapti. Ba’zilar hatto meni aeroportda ishlaydi deb o‘ylab, u yerga olib kirishimni so‘rab murojaat qilishyapti. Men ularga rasmiy tadbirlar yiliga atigi ikki-uch marta o‘tkazilishini tushuntiraman, lekin qiziqishning o‘sib borayotgani meni quvontiryapti.
Aviatsiya meni nafaqat parvozlar, balki samolyotlarning betakror dizayni bilan ham o‘ziga jalb qiladi. Yaqinda Centrum Air kompaniyasi o‘z avialaynerlarini bo‘yash uslubini o‘zgartirish orqali yangiladi va bu juda chiroyli ko‘rinish berdi. My Freighter ham e’tiborga loyiq – hatto samolyotlardan birining dum qismida Kanada bayrog‘ining rasmi saqlanib qolgan, uni bo‘yashga ulgurishmagan chogʻi. Bu samolyot spotterlar orasida chinakam afsonaga aylandi va ko‘pchilik uni suratga olishga harakat qilmoqda. Vaqt o‘tishi bilan suratlar soni emas, balki ularning betakrorligi muhimroq ekanini tushunib yetasiz. Ko‘plab spotterlar O‘zbekistondagi turli reyslarni allaqachon suratga olib ulgurishgan, ammo hali kolleksiyada yo‘q noodatiy narsa uchrab qolganda, haqiqiy ishtiyoq boshlanadi.
Aviatsiya – shunchaki qiziqish emas, balki hayotimning muhim qismi. Oilamda bu sohada faoliyat yuritadigan qarindoshlarim bor, agar men spotting bilan shug‘ullanmaganimda, ehtimol, uchuvchilik kasbini tanlagan bo‘lardim. Lekin hozir suratga olishda davom etyapman, yangi rakurslarni izlayapman, takrorlab bo‘lmaydigan lahzalarni qo‘lga kirityapman.
Telefon jiringlab, o‘y-xayollarimdan chalg‘itdi. Ekranga qaradim – tanish raqam. Ovozni tanidim: “Uchrashuv haqidagi kelishuv hali ham o‘z kuchidami?” Bir lahza o‘ylanib qoldim, ammo soatga qarab, meni kutishayotgan joyga ulgurmasligimni tushundim. “Albatta, hammasini muhokama qilamiz, lekin keyinroq”. Telefonni stolga qo‘ydim va xayolan roppa-rosa bir soatdan so‘ng intiqlik bilan kutilayotgan voqea joyiga ko‘chib o‘tdim. Bugun bu men uchun muhimroq.
Eldor Xayrulov: Sovuq qanotlarning tafti
Uchib o‘tayotgan samolyotlarni kuzatishni, dvigatellarining ovozini tinglab, qiyofalarini xotiramga muhrlashni, yo‘nalishlarini taxmin qilishga urinishni yoqtiraman. Bu shunchaki qiziqish emas. Vaqt o‘tishi bilan men uchun shunchaki kuzatish yetarli emasligini, bu onlarni qayd etish, ularni saqlab qolish istagim paydo bo‘lganini angladim. Shu tariqa hayotimga spotting kirib keldi, u bilan birga samolyotlarda hech kim ilg’amaydigan narsalarni ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ldi: kimlardir uchun ular shunchaki mashina boʻlsa, men uchun – har biri o‘z tarixiga ega bo‘lgan tirik mavjudotlar.
Birinchi marta perronda, ulkan laynerdan atigi bir necha metr narida turganimni haligacha eslayman. O‘sha daqiqada yuragim to‘xtab qolganday tuyulgandi. Uchuvchilarning parvozga tayyorgarlik ko‘rayotgani, mexaniklarning so‘nggi tekshiruvlarni yakunlayotgani, laynerning esa yo‘lakda asta-sekin burilib o‘z harakatini boshlayotganini ko‘rish – unutilmas hissiyot. Bunday lahzalardan nafasingiz ichingizga tushib ketadi – aviatsiyaning butun sehri ham ana shunda.
Kam uchraydigan samolyotlar doim zaif tomonim bo‘lgan. Shunday samolyotning kelishi haqida ma’lumot paydo bo‘lishi bilanoq, o‘z vaqtida yetib borish uchun hamma narsani tashlab ketishga tayyorman. AN-124 yuk tashuvchi va AN-28 turbovintli samolyotlar – kolleksiyamda bor, chunki bunday mashinalar har kuni ham uchib kelavermaydi, ularni o‘tkazib yuborish esa haqiqiy yo‘qotish bo‘lardi. Bunday paytlarda har bir soniya muhim, muvaffaqiyatli kadr haqiqiy o‘ljaga aylangan paytda men o‘zimni ovchidek his qilaman. Spotting – sabr-toqat, tez harakat qilish va takrorlanmas lahzani suratga olish uchun doimo tayyor turishni talab qiladigan hayot tarzi.
Eng esda qolarli tasvirga olish onlaridan biri Pxuketda bo‘ldi. U yerda fotosurat uchun aql bovar qilmaydigan fon – plyaj, dengiz, osmon, bulutlar bor edi. Har bir surat rang va teranlikka to‘la bo‘lgan. Ayniqsa, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan samolyotlar – bu yerga uchib kelmaydigan kamyob model va aviakompaniyalarni suratga olish juda yoqimli edi. Bularning barchasi spotting bilan shug‘ullanishni davom ettirishga ruhlantirib turdi.
Spotting – kutilmagan hodisalar ham degani. Ba’zida bortni kutasiz, suratga olishga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lasiz, ammo so‘nggi lahzada “o‘zgarishlar shamoli” esib qoladi-yu, layner boshqa yo‘lakka burilib ketadi. Hamma narsa tayyordek ko‘rinsa-da, lekin tezda joyingizni o‘zgartirishga, yangi rakurs topishga, vaziyatga moslashishga to‘g‘ri keladi. Ba’zida esa vaqtida yetib kela olmaysiz va osmonga ko‘tarilayotgan samolyotni kuzatishdan boshqa chorangiz qolmaydi.
Xobbining o’ziga yarasha qiyinchiliklari ham yetarli. Masalan, Toshkentda, ayniqsa aeroport yaqinida juda ehtiyotkor bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Boshqa shaharlarda, xususan Pxuketda, vaziyat umuman boshqacha: xohlagan joyingni tanlab, bemalol suratga olasan, hech kim senga e’tibor ham bermaydi. Bu yerda esa hammasi boshqacha – hatto ruxsatnomang bo‘lsa ham, sen baribir o‘zingni asabiy his qilasan, ortiqcha e’tiborni jalb qilmaslik uchun doimo atrofni ko‘zdan kechirasan.
Shunga qaramay, omadim chopgan –hech qachon hokimiyat yoki aeroport xizmatlari bilan jiddiy muammolarga duch kelmaganman. Ehtimol, bu so‘nggi paytlarda kamroq suratga olayotganim, ko‘p vaqtimni ishga sarflayotganim uchun bo‘lsa kerak. Ko‘pincha suratga olish uchun ruxsatnoma bilan muammo tug‘ilmaydigan rasmiy tadbirlarga boraman. To‘siq ortidan suratga olish uchun boradiganlar esa, tabiiyki, muntazam ravishda qiyinchiliklarga duch kelishadi.
Yaxshiyamki, oila a’zolarim mening qiziqishimni to‘g‘ri qabul qilishadi. Ular uchun bu xuddi boshqa har qanday xobbi kabi hayotimning bir qismi, xolos. Do‘stlarim ham tushunishadi, hatto qiziqish ham bildirishadi. Telegramda kanal yuritaman, suratlarim bilan bo‘lishaman, parvozlar statistikasini nashr qilaman. Albatta, Flightradar orqali hisoblagan ma’lumotlarim har doim ham rasmiy ma’lumotlarga mos kelmaydi: aviakompaniyalar parvozni dvigatel ishga tushirilgan paytdan boshlab qayd etsa, Flightradar – faqat havoga ko‘tarilgan paytdan boshlab hisobga oladi. Ammo bu menga aviatsiya qanday rivojlanayotganini kuzatish va tahlil qilish, yo‘nalishlarni o‘rganish hamda nafaqat o‘zim, balki boshqa spotterlarga ham foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan xulosalar qilishimga xalaqit bermaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi spotting o‘zgardi: ko‘proq rasmiy tadbirlar paydo bo‘ldi, aviakompaniyalar bizni reyslar ochilishiga, yangi bortlar taqdimotiga taklif qila boshlashdi. Men ish boshlagan paytlarimda bularning barchasi yo‘q edi. Hozirgi kunda spotterlar soni tobora ko‘payyapti, aviatsiyaga qiziqish ortyapti, natijada suratga olish uchun yangi nuqtalar paydo bo‘layapti, uchrashuvlar tashkil etilyapti va hatto aviakompaniyalar ham hamjamiyatimizga e’tibor qaratishni boshlayapti. Bu faqat suratga olish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratib qolmaydi, balki spottingni yanada tushunarli va jamiyatda tan olinadigan holda ommalashtirishga ham yordam beradi.
Bugungi kunda samolyotlarning har bir yangi modeli – texnologiyalar, muhandislik g‘oyalari va yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar simbiozi. Agar kunimni kabina ichida o‘tkazish imkoni boʻlganida, 787 Dreamlinerni tanlagan bo‘lardim. Bu layner barcha ilg‘or ishlanmalarni o‘z ichiga olib, aviatsiya yangi avlodining ramziga aylandi. Uni ichkaridan ko‘rish imkoniyati – haqiqatan ham ajoyib tajriba bo‘lar edi.
Zamonaviy samolyotlarga nazar solib, vizual estetika texnik xarakteristikalardan kam rol o‘ynamasligini tushunasiz. Har bir aviakompaniya yo‘lovchilar va spotterlar xotirasida qoladigan o‘ziga xos uslubni yaratish orqali boshqalardan ajralib turishga intiladi. Dizaynga keladigan boʻlsak, Centrum Air o‘z bortlari rangiga ko‘proq detallar qo‘shgani menga yoqdi. Shunchaki oq rangdagi samolyot zerikarli ko‘rinadi, ammo, ko‘k tuslar uni yanada yorqinroq qiladi.
Men uchun aviatsiya – faqat spottingdan iborat emas. Menga parvoz jarayonining o‘zi zavq bagʻishlaydi. Sinov reysida uchish imkoniyati tug‘ilganda, fursatni qo‘ldan boy bermadim. Bu ilgari O‘zbekistonda uchmagan noyob Boeing 757-300 samolyoti edi. Men doim shunday samolyot bortida bo‘lishni orzu qilardim va bu parvoz men uchun unutilmas voqea bo‘ldi.
Vaqt, ayniqsa, lahza yanada uzoqroq cho‘zilishini xohlaganingda juda tez o‘tadi. Soatga qarab uskunalarni tekshirishim kerakligini tushunaman. Yaqinda do‘stim uchun qo‘shimcha batareykalar to‘plamini sotib olganimni eslayman. Uning fotoapparati go‘yo o‘z jadvaliga ko’ra yashaydi – aynan eng kerak paytda quvvati tugaydi. Demak, bugun, bu muhim kunda unga shubhasiz, yangi batareyka kerak bo‘ladi. Menimcha, spottingda nafaqat texnika, balki bir-birini qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Axir, ishtiyoqingizni tushunadiganlar bilan lahzani baham ko‘rishdan ham qadrliroq narsa bormi?
Daniil Shulimov: Parvozga yordam beradigan insonlar
Eng hayajonli lahza 2023-yilning kuzida, rasmiy spottingda ishtirok etganimda sodir bo‘ldi. Do‘stlarim bilan samolyotlarni suratga olayotganimizda, birdan Il-76ning “ovozi”ni eshitib qoldik. Men tasvirga olishni orzu qilgan, oʻkirayotgan bu bahaybat yuk samolyoti ro‘paramda turardi. Ilgari uni hech qachon suratga olmagandim, bu yerda esa bir vaqtning o‘zida bir nechta bort bor edi. Yuragim gupillab urar, qo‘limda kamera, lahzani o‘tkazib yubormaslik uchun nafasimni ichimga yutib turardim. Uni havoda emas, perronda suratga oldim, bu esa suratning qiymatini yanada oshirdi. Il-76 – O‘zbekistonda kamdan-kam uchraydi, bukadr to‘plamimdagi eng muhim suratlardan biriga aylandi.
Lekin har doim ham hamma narsa silliq ketavermaydi. Aslo unday emas. Yaxshi suratni olish uchun tavakkal qilinmasa va fidoyilik ko‘rsatilmasa, spotter hech qachon chinakam spotter bo‘lolmaydi. Janubiy Koreya prezidenti Toshkentga tashrif buyurganida, butun jamoamiz bilan uning samolyotini suratga olishga ahd qildik. Aeroportning butun hududi qo‘riqlanar, har bir burchakka qo‘riqchilar qo‘yilgandi. Shunda biz uzoqdagi bir joyga, ajoyib manzara ko‘rinadigan tashlandiq tepalikka yo‘l oldik. Yo‘l og‘ir — hammayoq chang, tuproq, tik qiyaliklar. Men yiqilib, boshdan-oyoq changga belandim, lekin olingan kadrlar bunga arzirdi. O‘sha kuni men bilan birga yana o‘nga yaqin spotter suratga olayotgandi. Havoda haqiqiy jamoa ruhi hukmron edi.
Men uchun oʻzgacha qadrli bo‘lgan suratlar bor. Eng sevimli kadrimni Qozog‘istonda, Olmaotada oldim. Bu SCAT aviakompaniyasining faqat yoz mavsumida parvoz qiladigan An-24 samolyoti edi. Omadim keldi: aynan u reysni bajarayotgan kuni yetib bordim. Biroq o‘sha paytda omadim xayoliy bo‘lib tuyuldi – Qozog‘iston prezidentining uchib ketishi munosabati bilan aeroport o‘rab olingandi. Uzoq kutishga to‘g‘ri keldi, ammo cheklovlar olib tashlangan zahoti An-24ni nishonga oldim. Bu samolyotni hatto ko‘p yillardan beri suratga olayotgan mahalliy spotterlar ham suratga ololmagan ekan. Keyin esa men yillar davomida hikoya qiladigan o‘sha kadr paydo bo‘ldi: bir yoʻlakda Boeing 777 Cargo va aviatsiyada “Dashka” deb ataladigan Bombardier DHC-8 uchrashib qoldi. Ular bir-biriga shunchalik yaqinlashdiki, suratda ular xuddi “o‘pishayotgandek” tuyuladi. Bu lahza sermazmun kunning eng yuqori cho‘qqisi bo‘ldi. Boshqa holatlar ham yuz beradi – qo‘lingda kamera bo‘lmaganida boshing uzra kamdan-kam uchraydigan samolyot paydo bo‘ladi. Tu-154 bilan xuddi shunday bo‘lgandi. Shunchaki sayr qilib yurgandim va suratga olishni rejalashtirmagan edim, shu payt guruhimizga xabar keldi: osmonda “Tushka”. Ulgurishning imkoni yo‘q, faqat qarab, ko‘zing bilan kuzatib qolasan. Alam qiladimi? Albatta. Ammo oʻsha safar uni hech kim suratga olishga ulgurmagandi, bu biroz taskin beradi. Agar kimdir buni eplay olganida, avvaliga havas qilardim, keyin esa chin dildan quvonardim. Axir, yurtimizda bunday samolyotni kadrga muhrlab olish – katta omad-ku.
Kamerasiz sayr qilish yangi kelgan spotterlarningeng katta xatosi emas. Eng ko‘p uchraydigan xato – kamerani noto‘g‘ri sozlash. Agar yoritish hisobga olinmasa, ISO, ekspozitsiya yoki diafragma noto‘g‘ri o‘rnatilsa, rasm haddan tashqari yoritilgan yoki aksincha, juda qorong'i bo'lib chiqadi. Quyoshga qarshi suratga olmaslik muhim, aks holda samolyot qora dog‘ bo‘lib ko‘rinadi. Men ham shu yo‘lni bosib o‘tganman, ammo asta-sekin hamkasblarim tajribasini o‘zlashtirib bordim. Hozir hatto rasmga ishlov berishda ham mayda-chuydalar — aniqlik, kontrast, ob-havo sharoitiga e’tibor berish kerak. Agar osmon ham, samolyot ham kulrang bo‘lsa, tasvirning taʼsirchan chiqishiga erishish qiyin bo‘ladi.
Har qanday sevimli mashg‘ulotda bo‘lgani kabi, spottingda ham qo‘llab-quvvatlash muhim oʻrin tutadi. Ota-onam mening bu ishtiyoqimni tushunganidan baxtiyorman. Aslida, otamning o‘zi menga fotoapparat sotib olib berib, bolaligimdan spotting bilan shug‘ullanishga undagan. “Qani, samolyotlarni suratga ol-chi!” derdi. Endi u doim men bilan birga, garchi oldindan bormayman, deb qo’ygan bo’lsa ham. Onam esa xavotirlanadi. Har safar xodimlar bizni ushlab turgani yoki yaqinlashganini bilsa, “Nega u yerga borasan?” deb taajjublanadi. Ammo suratlarni ko‘rsatganimda, jilmayib, bular chindan ham chiroyli ekanligini tan oladi. Ota-onam hatto boshqa mamlakatlarda suratga olishim uchun meni xizmat safarlariga ham olib ketishadi. Shu tariqa Qozog‘istonga boʻldim, tez orada Bishkekka uchib ketaman.
Qozog‘istonga birinchi tashrifimni eslayman: meni mahalliy spotterlar kutib olib, turli nuqtalarga olib borishdi, keyin esa mazali taomlar bilan mehmon qilishdi. Bizda ham bu mehmondo‘stlik an’anasi bor: agar biror kishi kelsa, uni kutib olib, palov, somsa bilan ziyofat qilamiz, suratga olish uchun eng yaxshi joylarni ko‘rsatamiz.
Yildan-yilga O‘zbekistonda spotting tobora ommalashib, qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xavfsizlik xizmatlari bizni kamroq bezovta qila boshlashdi, aeroport ham bizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Hatto spotterlar uchun maxsus maydoncha yaratish haqida ham gapirildi. Hozircha bu faqat va’dalar, ammo ijobiy oʻzgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Uch yil avvalgi holat bilan solishtiradigan bo‘lsak, farq juda katta.
Albatta, spottingda qiyinchiliklarsiz bo‘lmaydi. Aeroport xavfsizlik xizmati bilan munosabatlar ba’zan alohida voqeaga aylanadi. Yaqinda biz boshqa spotterlar bilan suratga olayotgan tepalikka PPX xodimlari tashrif buyurishdi. Ular so‘roq qilib, tabiiyki, bizda boʻlmagan ruxsatnomani talab qila boshlashdi. Voqea kutilmagan tarzda yakun topdi: tajribali spotter Muhammadrasul Muhiddinov ular bilan til topishib, xushmuomalalik bilan motivlarimizni tushuntirdi va xodimlarga uning kamerasi orqali o‘zlari bir nechta kadr olishlarini taklif qildi. Shu payt ulardagi bolalarcha qiziqish uyg‘onib ketdi! O‘n daqiqadan so‘ng bizni samolyotlar bilan yolg‘iz qoldirishdi. Agar har bir kishi bizning xobbiimizni hech bo‘lmasa “his qilib ko‘rganida” edi, ehtimol, bunday tushunmovchiliklar bartaraf bo‘lardi.
Avtomobilning to‘rt bor chalingan tanish signalini eshitdim – otam meni kirish eshigi oldida kutmoqda. Chiqish vaqti bo‘ldi. Navbatdagi kun, o‘tkazib yuborib bo‘lmaydigan navbatdagi reys. Agar doimo va har qanday vaziyatda ham yonimda turgan otam bo‘lmaganida, spottingdan bunday rang-barang his-tuyg‘ularni ololarmidim, bilmayman. Ketdik!
Rustam Mannanov: Spotterlar — ikkinchi oila
“Toshkent” aeroporti perronida hayot erta tongdan qizgʻin edi. Yo‘lovchilarning g‘ovur-g‘uvuri, dvigatellarning bir maromdagi guvillashi, samolyotlar tomon borayotgan ekipajlar bamisoli uyg‘unlashgan orkestrdek bir maromda harakat qilardi. Ammo o‘sha kuni men shunchaki kuzatuvchi emas edim – birinchi marta bu tartibsizliklar ichida yo‘lovchi emas, balki fotograf sifatida turar edim. Bu aeroport hududidan bevosita suratga olish imkoniyati berilgan birinchi rasmiy spottingim edi. His-hayajon bir kun oldin boshlandi – boʻlajak kunni xayolan ko‘z oldimdan o‘tkazib, tungi soat uchgacha uxlay olmadim, sahar soat oltida oyoqqa turib, uskunalarni tekshirdim. O‘shanda hatto shaxsiy fotoapparatim ham yo‘q edi – ijaraga olishga majbur bo‘ldim. Kun bo’yi bir daqiqa ham tinmadim, lekin oʻtgan har bir soniya shunga arzigulik edi.
Bu hamma narsani o‘zgartirib yuborgan voqea bo‘lgan edi. Qudratli laynerlarning uchish yo‘lagiga burilishi, ekipajlarning parvozoldi tayyorgarligi, har bir bortga benzin quyilishi va tekshirilishini tomosha qilarkanman, xuddi boshqa olamga tushib qolgandek edim. Hatto bu yerning havosi ham aviatsiyaga to‘yingandek edi. Atrofimga nazar solib, bu mening joyim ekanligini angladim. O‘sha paytda hali tajribam yetishmasdi, ammo g‘ayrat va o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqim hammasini qoplab ketdi.
Spotting bu – takrorlab bo‘lmaydigan his-tuyg‘u va lahzalar. Men olgan eng noyob suratlardan biri – Oyni kesib o‘tayotgan samolyotning tasviri. Bunday kadr mukammal hisob-kitobni, sabr-toqatni va juda katta omadni talab qiladi. O‘sha payt vaqtim juda oz bo‘lishini bilardim, ammo suratga olishga ulgurdim. To‘g‘ri, keyinroq suratni koʻrib, uni yanada yaxshiroq olishim mumkinligini angladim. Shunday bo‘lsa-da, hatto shu kadr men uchun juda qadrli edi.
Har doim ham orzu qilingan lahzalarni suratga olishning iloji bo‘lmaydi. Piaggio P180 — men ikki soat kutgan noyob samolyot. Radarsiz, aniq uchish vaqtini bilmay, ko‘r-ko‘rona. Nihoyat, u osmonda paydo bo‘ldi. Mashinadan sakrab tushib, qamishzor oralab o‘ta boshladim va... botqoqqa botib qoldim. Oyoq kiyimimda suv shaloplar, shimim loy, lekin bularning ahamiyati yo‘q edi. Eng muhimi — kadr edi. Afsuski, natijada surat emas, to‘siq orqasidagi xira dog‘ hosil bo‘ldi. O‘sha urinishdan qolgan yagona xotira – ikki soatlik kutishdan keyin bir necha soniyada hafsalam pir bo‘lgan edi.
Spottingdagi yillar davomida bir narsani tushundim: bu ishda siz yolg‘iz emassiz. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaydigan mustahkam hamjamiyatmiz. Bir-birimizga ma’lumot ulashamiz, maslahatlar beramiz, spotterlarimizningishlari dunyo aviatsiya bazalarida paydo boʻlishi uchun xalqaro resurslarga suratlar yuklashni muvofiqlashtiramiz. Biz hatto saytlarning bir bort suratlari soniga qoʻyilgan cheklovini chetlab o‘tish tizimini ham o‘ylab topdik: fotosuratlarni bir vaqtning o‘zida yuklaymiz, ilgari resurslar bir-ikkita fotosuratni olgan bo‘lsa, endi kamida beshtasini nashr qiladi. Biz jamoamiz.
Lekin jamoamizni har doim ham xursandchilik bilan kutib olishmaydi. Minoralardagi navbatchi harbiylar obyektivni ko‘rgan zahoti patrulni chaqirishadi, so‘nggi paytlarda esa, aeroport devorlarida suratga olishni taqiqlovchi e’lonlar paydo bo‘ldi. Ba’zida o‘z huquqlarimizni himoya qilishga, qonunni buzmayotganimizni isbotlashga to‘g‘ri keladi. Hatto spotterlar uchun rasmiy ruxsatnoma olish umidida, davlat idoralariga jamoaviy ariza bilan murojaat ham qildik. Hozircha javobini kutyapmiz. To‘g‘ri, O‘zbekistonda spotting rivojlanmayapti deb bo‘lmaydi, ammo bu jarayon biz istagan darajada tez kechmayapti. Ochilishi mo‘ljallangan rasmiy maydonchalar haligacha reja boʻlib qolmoqda. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, biz samolyotlarni kutib olishni, suratlar bilan bo‘lishishni, vatanimiz osmoni haqida dunyoga hikoya qilishni davom ettiryapmiz.
Huquq-tartibot organlarining xodimi bilan bir necha soat suhbatlashish – eng dahshatli narsa emas. Faoliyatimni boshlaganimda oilam nima bilan shug‘ullanayotganimni tushunmasdi. Onam bunga qat’iyan qarshi edi: “Kap-katta odamsan, ishing bor, buni senga nima keragi bor?” Ammo, keyinchalik bu shunchaki ermak emasligini tushuna boshladi. Meni tantanali tadbirlarga taklif qila boshlashdi, aviakompaniyalar suratlar so‘rab murojaat qilishdi, hatto bir nechta bepul parvozlarni taklif qilishdi. Suratlarim uchun birinchi marta gonorar olib kelganimda, onamning munosabati o‘zgardi. Endi u meni to‘xtatib bo‘lmasligini anglab, suratga olish uchun ketayotganimda bosh irg‘ab qo‘yadi, xolos. Rafiqamdan ham cheksiz minnatdorman. Agar qachondir biz haqimizda “Love is...” saqichlarining yopishtiriladigan qog‘ozi chiqarilsa, unda albatta “Sevgi bu... spotteringning batareykalarini quvvatlash” deb yozilgan bo‘lardi.
Men yolg‘iz emasman. Belgilangan joyga kelib, uskunalarni tekshirib, ufqqa tikilganimda tez orada bu yerga men kabi ishtiyoqmandlar kelishini bilaman. Haligacha samolyot ko‘ringanda osmonga bolalarcha hayajon bilan boqadigan odamlar. Bugungi kun ham bundan mustasno bo‘lmaydi.
Hozir Sardor, Eldor, Daniil va oilamizning boshqa a’zolari yetib kelishlari kerak. Biz – bu bayramning qadrli mehmonlarimiz, aviatsiya tarixining guvohlari va posbonlarimiz. Biz avlodlarni birlashtirib, osmondagi yangi yo‘nalishlarni ko‘rsatamiz. Ammo kimdir bizni shunchaki fotoapparat koʻtargan g‘alati odamlar, deb atashi mumkin va o‘sha kimdir ham haq bo‘ladi.
Hozircha Centrum Air aviakompaniyasining yangi Airbus A330 samolyotini kutyapmiz, bu paytda bizni shunchaki qiziqishlarimizgina birlashtirmaydi. Biz – bir jamoamiz, chunki spotting – faqat suratga olish emas va hatto samolyotlar haqida ham emas. Bu an’analarni mustahkamlaydigan va musaffo osmonga bo‘lgan ishonchni uyg‘otadigan rishtalar haqida.