blog

Aviatsiya • 21 May

Aviatsiya moda olamiga qanday ta’sir ko‘rsatdi

Aviatsiya modasi - madaniy va tarixiy o‘zgarishlarni aks ettirish, shu bilan birga, brend va kasbiy mahorat ramzidir. 1930-yillarda birinchi bort kuzatuvchilari paydo bo‘lganidan beri ekipaj formasi amaliy, ammo qat’iy kiyimlardan funktsional liboslarga o‘tib, sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. Bugungi kunda ekipaj formasi nafaqat aviakompaniya qiyofasining bir qismi, balki xavfsizlik va qulaylikning muhim jihati hamdir. Biz aviatsiya modasining qanday paydo bo‘lganini, dunyoga qanday ta’sir qilganini va nima uchun ekipaj formasi bir qarashda ko‘ringanidek oddiy emasligini ko‘rib chiqamiz.




Qisqacha tarix


"Aviator" uslubi AQShda o‘tgan asrning 20-40-yillarida aviatsiyaga bo‘lgan qiziqish tufayli paydo bo‘ldi. Hamma urush qahramonlari va osmonni zabt etuvchilar qiyofasini o‘zida sinab ko‘rishni xohlardi. Jamiyatning uchuvchilar kiyimiga bo‘lgan global qiziqishi ommaviy ishlab chiqarishni keltirib chiqardi, bu nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki amaliyligi bilan ham diqqatni tortdi.



Yillar o‘tib, yoshlarning garderoblariga uchuvchilar formasining elementlari tobora ko‘proq qo‘shila boshladi. Bu endi o‘z erkinligi va o‘ziga xosligini ifodalash usuli edi. Shunday qilib, 50-yillarda "aviator" uslubidagi moda oddiy odamlar orasida o‘z mavqeini uzil-kesil mustahkamladi.



Keyingi o‘n yillikda uslub rivojlanib, takomillashdi. Yangi texnologiyalar va materiallar aviatsiya uslubini yanada qulay va funksional bo‘lishiga imkon berdi. Kurtkalar suv o‘tkazmaydigan materiallardan ishlab chiqarila boshlandi, bu ularga namlik va shamolga chidamli bo‘lish imkonini berdi.


80-yillarda aviatsiya kiyimlari haqiqiy modaga aylandi. Dizaynerlar klassik uslubga o‘z qarashlarini olib kirishdi va vazmin ranglarni yorqin ranglar va nostandart bichimlar bilan boyitishdi. Barcha norasmiy guruhlar moda cho‘qqisida bo‘lgan poyabzal, kurtka, ko‘zoynak sotib olishni o‘zlarining burchi deb bilishdi.



Bugungi kunda aviatsiya motivi allaqachon klassikaga aylandi va biz har kuni duch keladigan, ba’zan uning kelib chiqishini bilmagan holda, kiyimning har bir elementi tarixiga chuqurroq nazar tashlaymiz.



Aviamodaning rivojlanishi


Uchuvchi uslubi ko‘plab variantlarga ega va biz uning kelib chiqishini uslubning paydo bo‘lishidan boshlab kuzatishimiz mumkin bo‘lgan qoplama cho‘ntaklar, yoqalar va manjetlar, nishonlar va boshqa ko‘plab tafsilotlardan bilinadi.


Hammasi 20-yillarda modachilarning qalbini zabt etgan kombinezonlardan boshlandi. Shunday qilib, uchuvchilarning yozgi kombinezonlari nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki amaliyligi tufayli aviatsiya uslubini joriy etishning asosiga aylandi.


"Aviator" uslubi muxlislari garderobining eng mashhur qismlaridan biri 30-yillarda kutilmagan sharoitlarda paydo bo‘ldi. Uchuvchilar parvoz paytida quyosh nurlari tufayli bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va noqulaylikdan shikoyat qilishdi. 1936-yilda harbiy optika yetkazib beruvchisi Bausch & Lomb bu muammoni bartaraf etishga yordam beradigan yangi quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak dizaynini ishlab chiqish uchun buyurtma oldi. Yangi modellar oldingi versiyalarga qaraganda kattaroq o‘lchamdagi to‘qroq linzalar bilan ajralib turardi, bu esa uchuvchilarga quyoshdan himoyalanishga va noxush his-tuyg‘ularni boshdan kechirmaslikka yordam berdi. Shunday qilib, "Ray-Ban Aviators" yoki oddiygina "Aviatorlar" deb nomlanuvchi ko‘zoynak modeli paydo bo‘ldi va u klassikaga aylandi.



Taxminan shu paytda hammaning sevimli bomberi paydo bo‘ldi. Aviatsiyaning ilk davrlarida uchuvchilar kabinalari ochiq edi va ob-havo sharoitlari, bort tashqarisidagi harorat haqiqiy sinov edi. O‘sha paytda uchuvchilar uchun tabiiy teridan uzun palto tikishardi, bu unchalik qulay emas edi. 30-yillarning oxirida Amerika harbiylari shamol o‘tkazmaydigan, tanaga zich yopishib turadigan kamarli va manjetli kurtkalar ishlab chiqardilar. 50-yillardan boshlab bomber xususiy maktab bitiruvchilari orasida mashhur bo‘ldi, keyinchalik kurtka modelini submadaniyat vakillari kiyishdi va hozirda u ko‘plab odamlar uchun garderobning bir qismiga aylandi. Ranglar, fakturalar va nishonlarning xilma-xilligi hayotning har qanday holati uchun kurtka tanlash imkonini beradi.




Uchuvchilar va bortkuzatuvchilar formasi to‘g‘risida


Birinchi fuqaro aviakompaniyalari 20-yillarda paydo bo‘lgan va dastlab bortkuzatuvchilik kasbi faqat erkaklar uchun edi. Styuardlarning formasi uchuvchilarning formasi bilan deyarli bir xil edi. 30-yillarda ayollar bortkuzatuvchilar jamoasiga qo‘shildilar va birinchi ayol bortkuzatuvchi - amerikalik Ellen Cherch – parvozlar uchun o‘z kiyimini o‘zi o‘ylab topdi. Keyinchalik aviakompaniyalar styuardessa qizlar kiyimi haqida fikr yurita boshladilar va fikrlar bayramona variantlardan tortib, biz hozir ko‘rib turgan klassik va vazmin variantlargacha farq qildi. Vaqt aviakompaniyalarning qadriyatlarini aks ettirish va birinchi navbatda bizning xavfsizligimiz uchun mas’ul bo‘lgan bortkuzatuvchilar ishining mohiyatini yetkazish muhimligini ko‘rsatdi.



Bugungi kunda ekipaj formasi mamlakatdan mamlakatga farq qiladi va ba’zan madaniy va an’anaviy jihatlardan kelib chiqqan holda standartlardan chetga chiqadi. Centrum Air aviakompaniyasining formasi klassik va vazmin, chuqur ko‘k rangdagi firma kostyumini namoyish etadi. Bortkuzatuvchilarning formasi tizzadan pastdagi yubka-qalam yoki klassik shim bilan turli variantlarga ega bo‘lib, ular tashqi ko‘rinishni bir vaqtning o‘zida vazmin, vakillik va harakatchan bo‘lishini ta’minlaydi. Ikkala variant ham e’tiborni tortmaydigan nafis ro‘molcha bilan to‘ldirilgan – bu faqat jonlilik qo‘shadi va oddiy aksessuar emas.




Hammasi ham oson emas


Bortkuzatuvchi ayollarning bo‘yin ro‘mollari 30-yillardayoq uchuvchilar kiyimining muhim elementi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlagan. Bu kiyim qismi bir qarashda shunchaki bezakdek ko‘rinsa-da, aslida juda oz kishi biladigan muhim vazifani bajaradi.



Tutun paydo bo‘lgan holatda, u og‘iz va burunni berkitadigan qutqaruv niqobiga aylanishi mumkin. Falokat yuz bergan taqdirda esa, jarohatlanganlarning yaralarini bog‘lash uchun ishlatilishi mumkin. Shunday qilib, bu aksessuar nafaqat kompaniya imijining bir qismi, balki odamlar hayotini saqlab qoluvchi vosita hamdir.


Centrum Air aviakompaniyasining bortkuzatuvchisi Amaliya Dushaskaya bizga uchuvchilar kiyimining boshqa xususiyatlari haqida ham so‘zlab berdi:

Bir qarashda ko‘zga tashlanmaydigan muhim jihat – uchuvchilar kiyimi nima uchun kerakli va nima sababdan biz uni kiyamiz. Biz, albatta, yo‘lovchilarga o‘xshab kiyinishimiz mumkin edi, lekin bizning kiyimimiz - alohida belgi vazifasini o‘taydi. Favqulodda vaziyatlarda biz yo‘lovchilardan ajralib turamiz va butun e’tibor bizga qaratiladi, shunda odamlar bizga murojaat qilishlari, biz esa o‘z navbatida yordam ko‘rsatishimiz mumkin.


Kiyim vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi. Ilgari baland poshnali tufli va yubkalar majburiy bo‘lgan bo‘lsa, endi qoidalar soddalashtirilgan va ba’zi kompaniyalar qulay, bir xil va firma belgisi tushirilgan krossovkalarda uchishga ruxsat berishmoqda. Ba’zi mamlakatlarga biz yubka emas, faqat shimda uchamiz. Mavsumga qarab issiq sharflar, paltolar va qo‘lqoplar ham kiritiladi.


Ma’lum bo‘lishicha, har birimizning kiyim javonimizda aviatsiya formasidan ilhomlangan biror narsa bor ekan va endi siz aviatsiyaga yanada yaqinroq bo‘lib qoldingiz.