Azukar Moreno oʻzbek kiyim-kechak va aksessuarlar brendining asoschisi Kamola Rustamova bilan suhbatimiz Visa Fashion Week Tashkent 2024 koʻrgazmasiga tayyorgarlik koʻrish va London safariga borish oʻraligʻida boʻlib oʻtdi. Kamola anʼanaviy adras matolarining zamonaviy printlar bilan uygʻunlashgan oʻziga xos xususiyatga ega shaxsiy kolleksiyalarini yiliga ikki marta chiqaradi. Bugungi kunda, Azukar Moreno – Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportining Duty Free hududida taqdim etilgan yagona milliy loyiha sanaladi.
Albatta, bizning suhbatimiz koʻproq sayohatlar haqida boʻldi: Kamola qayerda dam olishni afzal koʻrishi, samolyotda nima bilan mashgʻul boʻlishni yoqtirishi, shuningdek, nimadan ilhomlanishi bilan boʻlishdi.
Brend haqida
Azukar Moreno — ayollar kiyimlari va aksessuarlari brendi, uning shourumi Toshkentdagi «Navroʻz» etnoparkida joylashgan. Brend asoschisi Kamola Rustamova Ispaniyada tahsil olgan va 2007-yilda Andalusiyaning, 2012-yilda esa, Madridning eng yaxshi yosh dizayneri, deb eʼtirof etilgan. U Max Mara, Jimmy Choo, Victorio & Lucchino, Purificación García, Carolina Herrera va Inditex kabi mashhur moda uylari bilan hamkorlk qilgan, hamda Oʻzbekiston, Yevropa va Janubiy Amerikadagi moda koʻrgazmalarida ishtirok etgan. Bugungi kunda Azukar Moreno nafaqat kiyim-kechak, balki oʻz kolleksiyalariga qoʻshimcha sifatida poyabzal, sumkalar, aksessuarlar va bosh kiyimlarni ham taklif etadi, brendning original nimchalari – uning eng mashhur mahsuloti hisoblanadi. Kiyimning istalgan qismida uni noyob qilib, har bir ayolning betakrorligini taʼkidlaydigan, oʻziga xos darakchi vazifasini bajaradigan element mavjud. Kamolaning kiyim-kechaklariga talab juda katta, butun assortiment sotilib ketgani va jamoaning barcha saʼy-harakatlari yangi kolleksiyani yaratishga qaratilgani tufayli 2024-yilning may oyida shourum vaqtincha yopilishga majbur boʻldi. — Kamola, ayting-chi, mamlakatimiz aholisi uchun gʻayrioddiy boʻlgan bunday brend nomi qanday paydo boʻldi? — 2004 yilda, 20 yoshimda dizayn sanʼatini oʻrganish uchun Madridga yoʻl oldim. Men u yerga tilni bilmasdan bordim, tezda moslashishim uchun menga enaga sifatida ishlashni maslahat berishdi. Men parvarish qilgan toʻrt yoshli bolakay meni «azúcar» — ispanchada «shakar» soʻzi bilan chaqirardi. Ikkinchi soʻz — «morena» esa Ispaniyada «qoramagʻiz qiz» degan maʼnoni anglatadi. Ushbu soʻzlarning kombinatsiyasi brend nomiga aylandi. — Oʻqish uchun chet elga ketayotganingiz haqidagi yangilikni yaqinlaringiz qanday qabul qilishgandi? — Albatta, yosh va turmushga chiqmagan qizning boshqa mamlakatga yolgʻiz ketishi bizning mentalitetimizga xos emas. Ispaniya men uchun qorongʻi oʻrmon boʻlib, kamiga tezkor aloqa uchun oʻsha paytlarda na messenjerlar, na ijtimoiy tarmoqlar bor edi. Ota-onam bilan xat orqali xabarlashardik. Ammo, ishonchim komilki, bu keyingi taqdirimga taʼsir qilgan hayotimdagi eng yaxshi tanlov edi. Eng muhimi, ota-onam erkinlik berib va qarorlarimga xalaqit bermay meni qoʻllab-quvvatlashdi. — Ispaniyada katta loyihani amalga oshirganingizdan xabarimiz bor. Shu haqida batafsil soʻzlab bersangiz. — Ha, mening koʻplab loyihalarim Oʻzbekistondan tashqarida yaratilgan va yaratilmoqda. Mening eng sevimli va eng yirik loyihalarimdan biri — Ispaniyadagi parad uchun 4000 ta obrazni tayyorlash edi. Butun jarayon toʻrt yil davom etdi! Kostyumlarning hammasi emas, lekin aksariyati bizning atelyemizda tikildi. Loyihaning murakkabligi shunda ediki, ish deyarli butun Oʻzbekiston boʻylab olib borildi: Margʻilonda mato toʻqildi, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Toshkentda kashta tushirildi, zargarlik buyumlarini esa Qoʻqondagi butun oilaviy sulola yasadi. Ayniqsa, butunlay metalldan yasalgan kostyum esda qolarli boʻldi — u bir yil davomida yaratildi. Muhimi, ushbu loyiha pandemiya paytida barcha uyida oʻtirgan va buyurtmalar umuman boʻlmagan paytda koʻplab hunarmandlarimizni ish bilan taʼminladi. — Dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgansiz. Ularning qaysi biri sizning eng sevimlilaringizga aylangan? — Oʻzbekistondan keyin men uchun eng yaqini Ispaniya, chunki men u yerda oʻqiganman, yashaganman va dizaynerlik sohasidagi birinchi qadamlarimni qoʻyganman. Umuman olganda, borgan barcha mamlakatlarimni yaxshi koʻraman, hamma joyda meni samimiy kutib olishgan, doʻst va tanishlar orttirganman. Ammo, eng esda qolarlisi Lotin Amerikasi mamlakatlari boʻlsa kerak. Garchi suzishni bilmasam ham dengizlari va okeanlari boʻlgan joylarni yoqtiraman, jon deb sohil boʻyida yashagan boʻlardim. Shu bilan birga, koʻchalarida uzoq vaqt aylanib, olomon bilan aralashib ketishingiz mumkin boʻlgan katta shaharlarni, masalan, Milanni yaxshi koʻraman. Yonimdan oʻtayotgan odamlarni kuzatishni, ularga razm solishni yoqtiraman. Shu tarzda, muloqot uchun energiya sarflamayman, aksincha, uni atrofimdagi muhitdan olaman. Yangi ish kunini boshlash uchun erta uygʻonib, qahva va ponchiklar uchun yugurishingiz kerak boʻlgan, osmonoʻpar binolari bor megapolislar qudratini yoqtiraman. Tabiat qoʻynida esa bir necha kunlik uyqumni olib, oʻzimni tiklayman, keyin baribir katta shaharlar va ularning ritmi meni yana jalb qiladi. — Sayohatlar vaqtida nima sizni yangi gʻoyalarga ilhomlantirishi mumkin? — Men sayohatlarda yangi joylar, odamlar va ilgari koʻrmagan yoki boshimdan kechirmagan voqealardan ilhom olaman. Bu eski italyan restorani, qoʻshni stolda roʻy bergan voqea, restorandagi musiqa yoki deraza ortidagi manzara boʻlishi mumkin. Masalan, «Langar» kolleksiyasiga meni Valensiya ilhomlantirgan. 2022-yilda dengiz mavzusiga bagʻishlangan tadbirda taomlar dasturxonga keyin tashlab yuborilishi kerak boʻlgan chigʻanoqlarda tortildi. Tabiatga eʼtiborli kishi sifatida men bunday yaxshi narsalarning behuda ketishiga yoʻl qoʻyolmasdim. Ularni oʻzim bilan Oʻzbekistonga olib keldim. Shuningdek, taʼtilda plyajdagi qutqaruv chambaragining dekorativ koʻk langar bilan kombinatsiyasi yoqib qoldi — shu tarzda langar tasviri tushirilgan adras paydo boʻldi. Uni men chizgan rasmga koʻra Margʻilon ustalari toʻqishdi. Kolleksiya shu qadar mashhur boʻldiki, hatto bir yil oʻtgach ham bu naqsh tushirilgan buyumlarni soʻrashmoqda. Langar bizning oʻziga xos xususiyatimiz, u Azukar Morenoʼning tashrif qogʻoziga aylandi. U barqarorlikni aks ettiradi, oyogʻida mahkam turgan va koʻplab imkoniyatlarga ega ayolni ifodalaydi. Hozirgi paytda Lissabon ilhomlantirgan kolleksiyani tayyorlayapmiz. Bu g‘oya men maydonda turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chada yosh yigitlarning qo‘shiq aytib, raqsga tushishini kuzatganimda paydo bo‘lgan. Lotin Amerikasi ruhidagi tropik kolleksiya bayram muhitini yetkazish uchun yaratilgan. Aytgancha, yaqinda Sevilyada boʻlgan mijozimiz oʻz atrofida mening gʻoyalarimni koʻrganini va kolleksiyalarim nima haqida ekanligini tushunib yetganligini aytdi. Ijodim orqali sevimli joylarimga bogʻliq his-tuygʻularni yetkaza olganimdan faxrlanaman. — Kolleksiyalarni yaratishda vintaj mato va aksessuarlardan foydalanasiz. Ularni qayerdan topasiz? — Men har doim vintaj matolardan foydalanganman. Ammo bu yoʻnalish ommalashgani sayin undan zerika boshladim, chunki mendan nusxa ola boshlashganini payqadim. Aslida, bunday matolarga ega boʻlgan har qanday kishi vaqtim, bilimim va mehnatimni sarflagan gʻoyalarimni takrorlashi mumkin edi. Hozir menga kolleksiyalarimni mualliflik naqshlarim tushirilgan matolardan yaratish qiziqroq. Buning uchun brend Margʻilon toʻquvchilari bilan hamkorlik qilmoqda: dastgohlar sotib olayapmiz va odamlarni oʻqitayapmiz. Chizmalarim asosida tayyorlangan matolarning butun hajmini sotib olmasam ham, nusxa koʻchirishlarining oldini olish maqsadida ularga mening logotipim tushiriladi va bu kimning ishi ekani darhol aniq boʻladi. Meni oʻz ishlarimni plagiat qilganlikda ayblashgan holatlar boʻlgan. Visa Fashion Week Tashkent 2024 koʻrgazmasida namoyish etilgan soʻnggi kolleksiya logotipiga alohida eʼtibor qaratildi: Azukar Moreno nomi adras texnikasi bilan matoga katta qilib tushirildi va bu naqshning bir qismiga aylandi. Bahorda brend nomi bilan palantinlarni chiqardik — bu adras tarixida birinchi marta sodir boʻldi. Vintajga keladigan boʻlsak, men turli mamlakatlarda qadimgi furnituralarni sotib olishni yaxshi koʻraman. Menda Rossiya, Ukraina, Belorusiya, Ruminiya va Valensiyada tayyorlangan chiroyli toʻrlar bor. Istanbul bit bozoridan tangalar va zeb-ziynat buyumlari, qadimiy yaltiroq tugmalarni olib keldim. Koʻpincha Parijda gobelenlar va toʻrlar sotib olaman, oʻtgan yili hatto qop-qanor tikiladigan mato olib keldim. Qoʻqonlik kolleksionerlarda qadimgi kashta va furnituralarning nusxalarini topaman. Baʼzan Toshkentdagi Yangiobod bozoriga boraman, lekin afsuski, u yerda deyarli hech narsa qolmadi. — Koʻpincha intervyularingizda biznesga ekologik yondashuvingiz haqida aytasiz. Hatto Instagram sahifangizda ham moda va ekologiya uygʻunlikda yashashi mumkinligi, hammasi bizning qoʻlimizda va bilimimizda ekani aytilgan. Bu borada nima ishlar qilayapsiz? — Statistikaga koʻra, hozirgi paytda toʻqimachilik atmosferani ifloslantirish boʻyicha dastlabki oʻrinlardan birini egallab turibdi. Bizning ekologik yondashuvimiz, birinchi navbatda, chiqindilarsiz ishlab chiqarishdan iborat. Ikkinchidan, biz tabiiy matolardan foydalanamiz. Lekin, tabiiy matolarning hammasi ham sayyoramiz va insoniyat uchun ekologik hisoblanmaydi. Biz kichik hajmda pestitsidlarsiz yetishtirilgan ipak ipi va paxtadan foydalanishga harakat qilayapmiz. Matolarimiz qoʻlda toʻqiladi, atmosferaga sanoatdagi ishlab chiqarish kabi chiqindilarni chiqarmaydi. Biz “barqaror moda” tushunchasiga Oʻzbekiston anʼanalari va madaniyatini asrab-avaylash, koʻp ishlarni qoʻlda bajarayotgan hunarmandlarimiz mehnatini hurmat qilishni ham kiritishga harakat qilayapmiz. — Orol dengizidagi fotosessiya haqida soʻzlab bersangiz. Bu qachon amalga oshirildi, nega aynan u yerda va bunda qanday maʼno bor? — Orol dengizidagi fotosessiya men uchun oʻzgacha ahamiyatga ega. U insoniyat sayyoramizga qanday zarar yetkazayotganini yaqqol ko’rsatib berdi. Orol dengizining qurishi – butun dunyoning fojiasi: u yerdagi shamollar shunchalik kuchliki, uning zaharli changlari hatto Norvegiyada ham topilmoqda. Shunga qaramay, tabiat bizga shafqat qilmoqda. Orol dengizidagi fotosessiya tajribamdagi eng chiroylisi va ekstremali bo’ldi. Radiatsiya va kuchli boʻronli shamol tufayli biz suratga olayotgan joyda bir soatdan ortiq qolish mumkin emas edi. Jamoa bilan bir necha bor adashib qoldik, keyin avtomobil shinasi yorilishi oqibatida taxminan olti soat davomida 60 daraja jaziramada qolib ketdik. Kechqurun esa sovqotib, suvimiz tugagan holda adashib qoldik. Oʻsha kun tugʻilgan kunim edi va u eng esda qolarlisi boʻldi! — Bizni hozir Centrum Air bortida oʻqishayapti. Tajribangiz bilan boʻlishsangiz: parvozlar paytida nima bilan mashgʻul boʻlasiz? — Ilgari koʻrishga ulgurmagan filmlarni tomosha qilardim, telefonimni keraksiz maʼlumotlardan tozalardim, fotosuratlarni qayta koʻrib chiqardim, hatto tikish bilan ham shugʻullanardim. Bir safar kolleksiyam bilan Malayziyaga parvoz qildim va hatto samolyotda uni qoʻlda tikib bitirdim. Ammo soʻnggi paytlarda xotirjamlikda dam olib, hatto telefonsiz parvoz qilishni istayman. — Oz yuk, bitta sumka bilan sayohat qilishni yoqtirasizmi yoki odatda bagajingiz koʻp boʻladimi? — Oz yuk bilan uchishni juda yoqtiraman, lekin hayotimda faqat ikki marta shunday boʻlgan. Oxirgi marta shu tarzda kichik chamadon bilan Madridga sayohat qilganman. Ayniqsa, menga aeroportda bagajning tushirilishini kutishga hojat yoʻqligi yoqdi. Ammo qaytishda shoppingdan soʻng sotib olingan chamadon bilan keldim. Odatda, oʻzim bilan kolleksiyalarimdagi koʻp narsalarni olib ketaman, chunki ularni chiroyli joylarda suratga olishni, arxitektura foni va haqiqiy hayotda qanday koʻrinishini namoyish etishni xohlayman. — Toshkentga birinchi marta kelganlarga qayerlarga tashrif buyurishni tavsiya etasiz? — Toshkentda barchaga «Navroʻz» etnoparkiga tashrif buyurishni maslahat beraman. Bu yerda chiroyli arxitektura goʻzalligidan bahramand boʻlishingiz, qadimiy uychalarni koʻrib, oʻtmish muhitini his qilishingiz mumkin. Masalan, bizning shourum joylashgan uyni oʻzimizga moslab, ammo qadimiy ruhini saqlab qolgan holda rekonstruksiya qilganmiz. Shuningdek, shaharning boshqa bogʻ va bozorlariga ham tashrif buyurishni unutmang, albatta milliy taomlarni tatib koʻring. Mahalliy taomlarni juda yogʻli, deb hisoblagan doʻstlarimning aksariyatida ularni tatib koʻrgach fikrlari oʻzgargan va har doim mamnun boʻlib ketishgan.