blog

Maslahatlar • 2 Iyun

Bagaj yoʻqolsa. Huquqshunos maslahati

Bagajni yoʻqotish eng dahshatli tushlardan biri boʻlsa kerak. Ammo, ogohlantirilgan — bu qurollangan, degan ibora bor. Agar, parvoz paytida bagaj yoʻqolgan yoki shikastlangan boʻlsa, nima qilish kerak? Qayerga murojaat qilish kerak? Tovon puli olish mumkinmi? Huquqshunos Madina Tursunova sizning huquqlaringiz va bunday vaziyatlarda qadam-baqadam harakat qilish algoritmi haqida gapirib beradi.



- Qanaqa bagaj yoʻqotilgan deb hisoblanadi?


- Qidiruvda 21 kun davomida topilmagan bagaj yoʻqotilgan, deb hisoblanishi kerak.


Bagajning yoʻqotilishi — tashuvchi yetkazib berish muddati tugagandan soʻng va yetkazib berilmagan bagajni qidirish muddati tugagandan soʻng, uning haqiqatdan yoʻqotilishi, yanglish yoʻnalishda joʻnatilishi yoki adashib oraliq aeroportda tushirilishi oqibatida sodir boʻlganidan qatʼiy nazar, tashish uchun qabul qilingan bagajni qonuniy qabul qiluvchiga topshira olmasligi tufayli tashish shartnomasining buzilishi.


Bagaj reys bilan birga yetib kelmaganda, bagajga shikast yetgan boʻlsa yoki ichidagi narsalarda kamomad aniqlansa, Lost & Found peshtaxtasi yonidagi aeroport bagaj qidiruvi boʻlimining vakolatli xodimiga murojaat qilish kerak.



- Yoʻqotilgan yuk uchun kim javobgar?


- Tashuvchi roʻyxatdan oʻtgan bagajning saqlanishi uchun u tashish uchun qabul qilingan paytdan boshlab qabul qiluvchiga topshirilguniga qadar javobgar.


Fuqarolik va Havo kodekslari tashuvchining bagajni tashishga qabul qilingan paytdan e’tiboran, to qabul qiluvchiga berilguniga yoki boshqa vakolatli shaxsga topshirilguniga qadar uning yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun javobgarligini belgilaydi.


Masalan, OʻzR Fuqarolik kodeksining 721-moddasida, tashuvchi zarar va yoʻqotilishda o’zining aybi yo’qligini isbot qilib bera olmasa, javobgarlik unga yuklatilishi belgilab qo’yilgan. Havo kodeksining 114-127-moddalari tashuvchining yuk, bagaj yoki yoʻlovchi yonidagi narsalarning yoʻqotilishi, kamomadi va shikastlanishi bo’yicha javobgarligini belgilaydi. Shuningdek, tashuvchining javobgarligini Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011 yil 29 iyundagi 2238-sonli (keyingi oʻrinlarda Buyruq) «Yoʻlovchi va bagajni havo orqali tashish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida» gi buyrugʻi ham tartibga soladi.



- Xoʻsh, bagaj shikastlangan/yoʻqotilgan boʻlsa, yoʻlovchi nima qilishi kerak?


1) Lost & found peshtaxtasi yonidagi xodimlarga murojaat qiling. 

Toshkent aeroportining bagajni qidirish boʻlimi (Lost & Found) xalqaro terminalda (T-2) joylashgan boʻlib, xalqaro va respublika ichidagi reyslarda kelgan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadi (Yoʻqotilgan /yetib kelmagan/shikastlangan va bagaj ichidagi narsalarda kamomad aniqlanganda Qoidalarga muvofiq).


2) Bagaj yoʻqolgan taqdirda, identifikatsiya hujjatlari taqdim etilgandan soʻng, vakolatli xodim yoʻqolgan bagajning mahalliy qidiruvini amalga oshirishi shart. Bu hujjat bortga chiqish taloni, aviachipta, bagaj yorliqlarining yirtib olinadigan taloni yoki agar mavjud boʻlgan boʻlsa, ortiqcha yuk uchun toʻlov kvitansiyasi boʻlishi mumkin (Yoʻqotilgan /yetib kelmagan/shikastlangan va bagaj ichidagi narsalarda kamomad aniqlanganda Qoidalarga muvofiq).


3) Mahalliy qidiruvdan keyin bagaj topilmagan taqdirda, xodim bagajning yoʻqotilganini tasdiqlovchi hujjat boʻlib xizmat qiladigan bagajning yetib kelmaganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma (PIR – Property Irregularity Report) tuzishi va uning bir nusxasini yoʻlovchiga taqdim etishi shart. Shundan soʻng, bagaj qidiruvi amalga oshiriladi va u 21 kun davom etadi. Dalolatnomada ikki raqamli kod bilan belgilangan sumkalar va chamadonlar turi, shuningdek, ikki harfli kod bilan belgilangan ranglar koʻrsatilgan IATA bagaj turlarining identifikatsiya kartasi koʻrsatib oʻtiladi (Yoʻqotilgan/yetib kelmagan/shikastlangan va bagaj ichidagi narsalarda kamomad aniqlanganda Qoidalar va OʻzR Havo kodeksining 121-moddasiga muvofiq).


4) Bagajga shikast yetgan taqdirda, xodim yukning shikastlanganini tasdiqlovchi havo orqali tashish shartnomasining buzilgani toʻgʻrisida dalolatnomani tuzishi va yoʻlovchiga dalolatnoma nusxasini berishi shart (Havo kodeksining 121-moddasi va Buyruqning 134-bandiga muvofiq).


5) Qidiruv ijobiy natija bermagan taqdirda, shuningdek, havo orqali tashish shartnomasi buzilgani toʻgʻrisidagi dalolatnoma tuzilgandan soʻng, yoʻlovchi xohishiga koʻra, parvoz boshlangan yoki tugagan manzilda tashuvchiga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatish huquqiga ega (OʻzR Havo kodeksining 122 va 123-moddalariga muvofiq).


6) Ichki tashishlarda tashuvchiga nisbatan daʼvolar olti oy ichida taqdim etilishi mumkin (OʻzR Havo kodeksining 124-moddasi). 


Daʼvo kiritish muddati hisobi:


- bagajning kamomadini yoxud  yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek, bagajni kechiktirilganligi uchun qo‘yiladigan talablar bo‘yicha – ular  berilgan kundan boshlab;

- yoʻqotilgan bagaj zararini qoplab haqidagi  daʼvolari boʻyicha –  yetkazib berish muddati tugaganidan keyin; 

- boshqa barcha holatlarda — daʼvo qilish uchun asos bo‘la oladigan voqea ro‘y bergan kundan e’tiboran boshlanadi.


Tashuvchi daʼvo muddati oʻtkazib yuborilishi sababini asosli deb tan olsa, uni daʼvo muddati tugaganidan keyin ham koʻrib chiqish uchun qabul qilishga haqlidir (OʻzR Havo kodeksining 124-moddasi).


7) Xalqaro tashishlarda tashuvchiga nisbatan daʼvolar zudlik bilan, lekin shikastlangan bagaj qabul qilingan kundan boshlab yetti kundan kechiktirmay; bagaj yoʻqolgan taqdirda, havo kemasi belgilangan manzilga kelgan kun yoki tashish toʻxtatilgan kundan boshlab ikki yil ichida taqdim etilishi kerak (OʻzR Havo kodeksining 125-moddasi).


8) Tashuvchi daʼvoni uch oy ichida koʻrib chiqishi shart va yoʻlovchi javobni olganidan keyin daʼvo taqdim etilgan transport tashkiloti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi sudga daʼvo arizasini kiritish huquqiga ega (OʻzR Fuqarolik protsessual kodeksining 35-moddasi).



- Bagaj yoʻqotilgandagi kompensatsiya miqdori qancha?


- Varshava konvensiyasiga koʻra, bagaj bilan birga yoʻqolgan buyumlarning qiymatidan qatʼiy nazar, majburiy minimal badal miqdori bir kilogramm uchun 22 dollarni tashkil qiladi.

Bagajda zargarlik buyumlari, texnika yoki boshqa qimmatbaho buyumlarni tashish tavsiya etilmaydi. Bagaj bilan birga moddiy boyliklar yoʻqotilgan taqdirda, yoʻlovchi aviakompaniyaning ichki tashish qoidalari va siyosatiga koʻra, yoʻqolgan bagaj uchun qisman yoki toʻliq kompensatsiya olish maqsadida aviakompaniyaga cheklarni taqdim etishi mumkin.



- Bagaj tashish mobaynida shikastlangan boʻlsa nima qilish kerak?


- Qabul qilishda bagaj shikastlangan boʻlsa, zararni baholash va kompensatsiya uchun darhol aviakompaniya vakolatxonasiga murojaat qilish kerak.


Agar, bagaj ochilgan va qimmatbaho buyumlar yoʻqolgan boʻlsa, yoʻlovchi kompaniyaga murojaat qilish, chipta va bagaj kuponini taqdim etish huquqiga ega. Buyumlarning tavsifini taqdim etishi va ochilganlik alomatlari (buzilgan qulf, kesilgan korpus) mavjud yukni koʻrsatishi kerak. Aviakompaniya oʻgʻirlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzadi va tergov oʻtkazadi. Maxsus komissiya bagajdan qimmatbaho buyumlar oʻgʻirlangan taqdirda, yoʻlovchiga toʻlab beriladigan kompensatsiya miqdorini belgilaydi. 



- Bagaj adashtirilganda nima qilish kerak?


- Yoʻlovchi adashib begona bagajni olib ketgan va oʻzinikini qaytarib olmoqchi boʻlsa, u tashishni amalga oshirgan aviakompaniya vakolatxonasiga begona chamadonni taqdim etishi kerak.


Aviakompaniya vakolatxonasi yoʻlovchi tomonidan taqdim etilgan bagaj egasi boʻlgan shaxs va u olib ketgan bagaj qidiruvini tashkil etishi kerak. Yoʻlovchi bagajni qaytarish maqsadida, oʻz manzili va aloqa uchun telefon raqamini taqdim etadi.



- Bagaj yoʻqolganda/shikastlanganda bogʻlanish uchun aviakompaniya maʼlumotlari


- Bagaj 21 kun ichida topilmagan taqdirda, u yoʻqolgan, deb hisoblanadi. Yoʻlovchi zararni qoplash uchun daʼvo kiritishi kerak.


Bagajni tashish shartnomasining buzilishi boʻyicha daʼvolar:


1. Bogʻlanish raqamlari va elektron manzillari havolada koʻrsatilgan Centrum Air vakolatxonalari tomonidan;

2. Toshkent shahar, Oybek ko’chasi, 38-uy manzilida joylashgan Centrum Air kompaniyasining bosh ofisida; 

3. Elektron pochta orqali qabul qilinadi info@centrum-air.com


Aviakompaniya daʼvo taqdim etilgan kundan boshlab uch oy ichida, reys ikki yoki undan ortiq aviakompaniya tomonidan amalga oshirilganda olti oy ichida uni koʻrib chiqishi va daʼvo kirituvchiga xabar berishi shart.



AJ aeroportlarining bagajni qidirish va maʼlumot berish boʻlimi telefon raqamlari: 


Toshkent: +998 (78) 140-29-14, +998 (78) 140-29- 16; +998 (78) 147-08-49

Namangan: +998 (69) 228-68-90

Andijon: +998 (74) 228-18-31

Fargʻona: +998 (73) 241-60-04

Qarshi: +998 (75) 228-56-32

Termiz: +998 (76) 229-00-44

Urganch: +998 (62) 224-59-59

Nukus: +998 (61) 780-06-70; +99861780-06-83

Navoiy: +998 (79) 539-38-62

Buxoro: +998 (65) 228-91-09