blog

Maslahatlar • 30 May

Bolalar bilan parvozga tayyorlanyapmiz

Uzoq davom etadigan parvoz, vaqt mintaqasining oʻzgarishi – sayohatning, ayniqsa, bolalar uchun uncha yoqimli bo’lmagan pallasi. Bunga o’smirlar сhiday olsalar-da, kichkintoylar uchun bunday turizm ancha qiyin kechadi.


Centrum Travel Magazine jurnal jamoasi pediatr-neonatolog Ablyatifov Seydali Seyranovich bilan hamkorlikda bola samolyotda oʻzini xotirjam va qulay his qilishi uchun parvozga tayyorgarlik koʻrishda yordam beradigan kichik qoʻllanmani tayyorladi.



Bortga oʻzingiz bilan nima olishingiz kerak?


Parvoz imkon qadar qulay boʻlishi uchun unga toʻgʻri tayyorgarlik koʻrib, eng zarur narsalarni olishingiz lozim:


- bola odatlangan ovqat va suv;

- soʻlakcha;

- qo’shimcha buyumlar (kiyim-kechak toʻplami, taglik, yopinchiq);

- bir nechta oʻyinchoq (yaxshisi, bola ilgari koʻrmagan oʻyinchoqlarni oling, shunda ularga koʻproq eʼtibor beradi);

- bir nechta «ertak» kitobi (agar bolangiz ertak eshitmasdan uxlay olmasa).


Kattaroq yoshdagi bolalar uchun kitoblar, boʻyash uchun rasmlar, boshqotirmalarni olishingiz mumkin.



Dori-darmon masalasida tashvishlanishga hojat yoʻq — har bir samolyot bortida ehtiyoj tugʻilganda foydalanishingiz mumkin boʻlgan birinchi yordam toʻplami mavjud. Faqat oʻzingiz bilan aynan sizning bolangiz uchun zarur boʻlgan dori-darmonlarni oling. Agar u bronxial astma kabi surunkali kasalliklardan aziyat cheksa, maxsus dorili ingalyatorni olganingiz maʼqul. Bu narsa allergiyaga moyil yosh bolalarga ham taalluqli: ushbu holatda, albatta, antigistamin vositasini olgan yaxshi.



Uchish va qoʻnish: harakatlar rejasi


Koʻtarilish va pasayish paytida samolyot salonida bosim oʻzgaradi va bu quloq kanallarida ogʻriqni hosil qiladi. Oddiy yutinish oʻrta quloq ichidagi bosim muvozanatini saqlashga yordam beradi, shu sababli bolangizda noqulaylik hissini kamaytirish uchun uni ovqatlantiring, suv ichadigan idishini yoki soʻrgʻichni bering. Yoshi kattaroq bolalarga shimiladigan konfet berish mumkin.



Agar bola quloq infeksiyasi bilan ogʻrigan yoki parvozdan ikki hafta oldin jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan boʻlsa, parvoz uning sogʻligʻiga tahdid qilmasligi masalasida otorinolaringolog bilan maslahatlashish kerak.


Shuningdek, parvoz paytida salonda juda shovqin boʻlishi mumkin. Ushbu tovushlar chaqaloqni choʻchitmasligi uchun unga shovqinni pasaytiruvchi maxsus quloqchin taqishingiz mumkin, shunda u xotirjam uxlaydi.



Parvoz paytida bolani uxlatish uchun nima qilish kerak?


Parvozingiz vaqtini bolangizning uyqu rejimiga moslashtirishga harakat qiling. Masalan, tungi parvozni yoki uning kun tartibiga mos keladigan kunduzgi reysni tanlang.


Chaqaloq uxlab qolishi uchun uyda qoʻllaydigan usullaringizdan foydalaning: ovqatlanishni taklif qiling, soʻrgʻich yoki suv idishini bering, qoʻllari bilan oʻziga xalaqit bermasligi uchun adyol yoki yopinchig’iga o’rab qo’ying.



Kattaroq yoshdagi bolalarni parvozdan oldin yaxshilab sayr qildirish mumkin, shunda yengil charchoq tufayli ular tezroq uxlab qoladi.


Dori-darmonlardan esa voz kechgan maʼqul. Pediatrlar bolani tez uxlatish uchun ularga difengidramin asosida tayyorlangan retseptsiz dori-darmonlarni berishni tavsiya qilishmaydi. Baʼzida bu dorilar bolani yanada koʻproq bezovta qiladi.



Samolyotda chaqaloq tagligini qanday almashtirish mumkin?


Aslida buni parvozdan oldin bajarish osonroq, ammo turli xil vaziyatlar ro’y berishi mumkin. Shuning uchun qoʻl yukingizga bir nechta qo’shimcha taglik va nam salfetkalar solishni unutmang.


Odatda hojatxonada yoʻrgaklash stoli mavjud bo’ladi. U unchalik qulay boʻlmasa-da, ammo ishingizni yengillashtiradi.


Ehtiyoj tugʻilganda styuardessadan yordam soʻrashdan tortinmang, ayniqsa faqat bolangiz ikkingiz uchayotgan boʻlsangiz.



Bola yigʻlasa nima qilish kerak?


Klassik vaziyat: bortdagi bolalardan biri yigʻlay boshlaydi va qolganlari darhol unga joʻr boʻladi – bundan qutulib boʻlmaydi. Ammo siz qanchalik xotirjam va bosiq boʻlsangiz, bolani tinchlantirish va chalgʻitish shunchalik osonroq boʻladi.


Bu vaziyatdagi muayyan yechim bolaning yoshiga bogʻliq:

- Maktabgacha yoshdagi bola quloqlaridagi bosimdan shikoyat qilishi mumkin: unga konfet bering va hamdard ekaningizni bildiruvchi so’zlar aytib, yupating. 

- 1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar ham samolyot koʻtarilishi va pasayishni ogʻir kechirishi, shuningdek, charchashi yoki zerikishi mumkin. Agar uyqu bosayotgan boʻlsa — tebratib uxlatishga harakat qiling, agar uxlamasa — faqat ovqatlantirish va oʻynatishingiz mumkin.

- Chaqaloq bilan variantlar koʻproq: och qoladi, tagini hoʻllaydi, uyqusiraydi, isib ketadi, noqulay yotgan boʻladi. Agar tagligi quruq va bola ko’krak suti bilan oziqlanadigan boʻlsa, uni emizib birmuncha vaqtga yigʻini unutish mumkin.

- Sunʼiy oziqlantiriladigan bolalarning ota-onalariga biroz qiyinroq boʻlishi mumkin, chunki qoʻlda tebratishga toʻgʻri keladi. Bolani yoʻrgaklab harakatsizlantirishga urinib koʻring: butunlay yoʻrgaklashga hojat yoʻq, faqat qoʻl-oyogʻini o’rab qoʻyish yetarli.



Va nihoyat, sizga tanbeh beradigan yoʻlovchilardan jahlingiz chiqmasin. Bolalar ham alohida shaxsdir: ularning xatti-harakatlari sizning harakatlaringizga bogʻliq emas va ular o’z muammosi to’g’risida sizga faqat shu tarzda xabar berishi mumkin. Siz imkon qadar qoʻlingizdan kelganini qilyapsiz.