blog

Aviatsiya • 30 May

Fikr. Fantaziya. Moʻljal

Uchuvchilar har kuni murakkab va masʼuliyatli vazifani bajaradi: insonlarning hayoti va yukning bus-butunligi ularning zimmasida. Bu kasb nafaqat malaka va yuksak mahoratni, balki, yaxshi jismoniy va ruhiy tayyorgarlikni ham talab qiladi. Uchuvchilar haqidagi bu maʼlumotlar deyarli hammaga maʼlum, ammo, parvozga tayyorgarlik jarayoni, samolyotning havoga koʻtarilishi va parvozning oʻzi haqida aksariyat kishilar bilishmaydi. 

Qiziqishimiz ortib, biz Centrum Air aviakompaniyasining Airbus A320 instruktor uchuvchisi Vladimir Shabrinning kundaligini koʻrib chiqdik va havo sarhadlarining qahramonlari qanday hayot kechirishini bilib oldik.



Yakshanba, 8:47 


Mening tongim dam olish kunida uyqudan uygʻongan boshqa odamnikidan hech farq qilmaydi. Uygʻonganimdan soʻng, yangi kun boshlanishini biroz kechiktirish uchun toʻshakda bir muddat yotishni yoqtiraman. 


Oʻrnimdan turmagunimcha, men uchun kun boshlanmaydi. Dush qabul qilmagunimcha kunim boshlanmaydi. Nonushta qilmagunimcha kunim boshlanmaydi. Farzandlarimga xayrli tong tilamagunimcha kunim boshlanmaydi. Bu oddiy odatlarga shunchalik o’rganib qolganman-ki, ularni oʻzgacha, deb ayta olmayman. Men barcha qilayotgan harakatlarimni qadrlashdan toʻxtamayman.


Ishim tufayli mening jadvalim rafiqamnikidan tubdan farq qiladi. Dam olish kunini birgalikda oʻtkazish imkoniyati paydo boʻlganda, mendan baxtli inson yoʻq. Biz uni oldindan rejalashtirishga harakat qilmaymiz, shunchaki, aynan oʻsha paytda koʻnglimiz tusagan narsani qilamiz.


Bu yakshanba iliq kundan bahramand boʻlish uchun parkka borishga qaror qildik, balki, bu yildagi oxirgi iliq kun bo’lishi mumkin. Koʻp oʻtmay sovuq tushadi, kechikkan qushlar uchib ketadi, daraxtlarning yalangʻoch novdalarini yangi tushgan qor qoplaydi. Shubhasiz, bu oʻziga xos goʻzallikka ega, lekin men dengizda miriqib suzib, quruqlikka chiqqandan soʻng, bir necha soniya ichida tanam xuddi sohilga hozirgina kelgandek qurib ketadigan yoki ertasi kuni kasal boʻlishdan xavotirlanmasdan bir necha porsiya muzqaymoq isteʼmol qilishim mumkin boʻlgan issiq kunlarni yoqtiraman. 




Yakshanba, 12:18 


Park oxirgi tashrifimdan beri umuman oʻzgarmabdi. Hahuzgacha jimjimador rangdagi yer - xuddi yosh rassom jigarrang matoga qora boʻyoq sepgandek. Daraxtlar hali ham samodagi momiq paxta parchalarini uygʻotish umidida ularni bezovta qilishga harakat qilmoqda, quyosh esa talabchan, ammo, oqil ota kabi nigohimizni kutib, bizni kuzatmoqda.


Xotiramda men ham bolaligimda otam bilan parkda sayr qilgan kunlar muhrlanib qolgan. Ha, bu lahzalar xotiralarim orasida alohida oʻrin tutadi, endi esa, oʻzim otaman.


Vaqt bu – ajoyib narsa. U sabot bilan, lekin har doim har xil qadamda oldinga harakatlanadi. Yaqinlaring bilan uchrashuvni kutganingda u shoshilmaydi, ammo, biron narsaga astoydil berilib ketsang, u tovushdan tezroq yelib, oʻzidan faqat xotiramizda aks-sado qoldiradi.



Yakshanba, 17:52 


Oilaviy kechki ovqat bu — oqshomning men uchun eng sevimli qismi. Bu payt biz yanada yaqin boʻlamiz. Hozir boʻlganlarning har biri oʻzining yaqin kelajakdagi rejalari bilan oʻrtoqlashadi, tashvishga solayotgan narsalar haqida gapirib beradi, istaklarini bildiradi. Biz oila ekanimizni anglab, oʻzimni bagʻoyat baxtli his etaman. Shu insonlar uchun men Yerni ekvator boʻylab uch marta aylanib chiqishga tayyorman.


Ammo, shanba kuniyoq qilishim kerak boʻlgan ish haqidagi hayol meni osmondan yerga tushirdi: oxirgi safarim videosini youtubeʼga* yuklashni unutgan edim. Bloger boʻlish men ilgari oʻylagandek oson ish emas ekan. Ha, sayohat va yutuqlarimni nafaqat yaqinlarim, balki, bunga qiziqqanlar bilan ham boʻlishishni yoqtiraman. Mening sayohatlar haqidagi roliklarim koʻplab yigitlarni uchuvchilik kasbiga qiziqtirib ulgurdi. Koʻproq naf keltirishni istayman, lekin, hozir ertaroq uxlashim kerak, chunki, ertaga Dohaga reysim bor.


Video yuklanayapti. Kiyim-boshim dazmollandi. Soatni uyg'onishim kerak bo'lgan vaqtga to'g'irlab qo'ydim. 



*YouTube: @InstructorAirbus / Instagram: @vladimirshabrin



Dushanba, 3:55


Deraza ortida sukunat. Bir necha soat oʻtib, tong shaharni jonlantiradi. Asta-sekin odamlarning yangi kuni boshlanadi. Mashinalar kemalar kabi suzadigan magistral uygʻonadi. Hozircha hamma uyquda. Mendan boshqa hamma.


Oʻzimni tartibga solish, nonushta qilish, kiyinish, kiyim-boshimni yigʻish va ofisga yetib borish uchun bir soat vaqtim bor. Bir qarashda, bu vaqt yetarli emasdek tuyulishi mumkin, ammo, aviatsiyada uzoq vaqt ishlaganing uchun bularning barchasini Shveysariya soati aniqligida bajarishga odatlanasan. Mutlaqo hamma jarayonlar avtomatlashgan. Ortiqcha harakatlar juda kam.


Taksi kirish yo’lagida kutmoqda.



Dushanba, 5:02


Centrum Air aviakompaniyasi ofisidagi hozir brifing boʻlib oʻtadigan xonaga borar ekanman, oʻylanib qoldim: Parvoz tugagach nega faqat uchuvchilarni olqishlashadi? Toʻgʻri, samolyotni boshqarish oson ish emas, lekin, poezd yoki avtomobil haydovchisi boʻlish ham qiyin. Adolatsizlik.


Har bir brifing bitta rejaga muvofiq amalga oshiriladi: havo kemasining ekipaji ofisda toʻplanadi; katta bortkuzatuvchi oʻz ekipajiga alohida, kema komandiri esa, uchuvchilarga koʻrsatma beradi. Tibbiy koʻrik, shaxsiy hujjatlarni tekshirish, parvoz yoʻnalishi boʻyicha ob-havo maʼlumotlari, parvoz rejasini va NOTAM* bilan tanishish. Brifing oxirida biz uchish yoki uchmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilamiz.


Ofisdan darhol uyga qaytib kelganimni hech eslay olmayman. Tan olishim kerak, baʼzida uyga ertaroq qaytishni juda xohlayman, ammo, samolyotni boshqarish – maksimal darajada diqqatni jamlashni talab qiladigan masʼuliyatli ish. Otlanishimiz payti keldi.



*NOTAM (Notice To Airmen) — aviatsiya maʼmuriyatiga uchuvchilar va dispetcherlarni parvoz yoʻnalishi, boradigan aeroport va biz uchib oʻtadigan aeroportlardagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida ogohlantiradigan xabarnoma.



Dushanba, 5:41


Samolyot bortiga chiqishim uchun men ham, aeroportga bir soatdan keyin keladigan barcha yoʻlovchilar kabi shaxsiy tekshiruvdan oʻtishim kerak. Nega odamlar aviatsiyada ishlash oʻzgacharoq deb oʻylashadi? Bugun men barcha yoʻlovchilar singari erta tongda uygʻondim, chegarani kesib oʻtdim, hujjat va yuklarimni tekshirishdi. Hatto, bortda ham men o’z lavozim vazifasini bajarayotgan oddiy odamman.



Dushanba, 6:03


Ikki daqiqadan soʻng mexanik-muhandis bilan uchrashishim kerak. U bilan uzoq vaqtdan beri aeroportdan tashqarida uchrashganimiz yoʻq, qachon mehmonga borishim mumkinligini soʻrashni unutmasligim kerak.


Odatda, uning ko’z qarashidan samolyot parvozga tayyor yoki tayyor emasligini  darhol bilsa boʻladi. Aviatsiyada uzoq vaqt ishlaganingda, koʻp narsani soʻzsiz ham tushunasan.


Faqat yoqilgʻi quyish, yoʻlovchilarni bortga chiqarish qoldi va parvoz qilishimiz mumkin.



Dushanba, 6:31


Parvozdan oldingi yana bir brifing. Bugun men uchuvchi-instruktor vazifasini bajaraman, lekin, ikkinchi uchuvchi oʻrnida oʻtiraman. Chunki, chap tomonda komandir Dohaga birinchi parvozini amalga oshiradi va bu reys instruktor bilan bajarilishi kerak. Bundan tashqari, barcha dispetcherlar bilan aloqada boʻlaman va parvoz hujjatlarini toʻldiraman.


Hozir komandir uchish-qoʻnish yoʻlagiga qaysi yoʻnalish bilan borishimiz to’g’risida koʻrsatma beradi, chunki, har bir aeroport labirintga oʻxshaydi. Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, bajarishimiz kerak bo’lgan harakatlar rejasini yana bir bor muhokama qilib olamiz, yaxshiyamki, aviakompaniya muhandislari oʻz ishlarini sidqidildan bajarishadi, shuningdek, samolyot ishlab chiqaruvchi zavodda ham ahmoqlar ishlamaydi. Parvoz paytida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha hodisalar uchun ehtiyot choralari koʻrilgan, hammamiz uyga qaytishni xohlaymiz.




Dushanba, 7:00


Yoʻlovchilar oʻz joyida. Bortkuzatuvchilar koʻrsatma berishni yakunlamoqda. Hozir yoʻnaltiruvchi dispetcher bizga uchish-qoʻnish yoʻlagiga borish yoʻnalishini aytadi. Keyin men u bilan xayrlashaman va minoradagi dispetcherga bogʻlanish uchun boshqa chastotaga oʻtaman, u bizga uchishga ruxsat beradi.


Samolyot havoga koʻtarildi, men shassini yigʻdim va aeroport hududidan 190-eshelongacha* parvozni muvofiqlashtiradigan boshqa dispetcherga aloqaga oʻtishim kerak.



*Yerdan taxminan olti kilometrga teng balandlik.



Ushbu belgiga yetgandan soʻng «Toshkent-nazorat», keyin «Samarqand-nazorat», soʻngra «Turkmanobod-nazorat» dispetcheri bilan... va hokazo, qoʻnish nuqtasiga yetib borgunimizcha bir dispetcherdan ikkinchisiga oʻtib bogʻlanaman.


Doʻstlarimning aksariyatyi hali ham meni avtopilotni yoqib, uxlaydi, deb oʻylaydi. Eh, ular qanchalik adashayotganini bilmaydi! Kutilmagan vaziyat yuzaga kelsa, ekipaj amaldagi yoʻnalishga tuzatish kirita olishi uchun parvoz paytida har bir nazorat nuqtasida men balandlik, yoqilgʻi sarfi va ob-havo sharoiti haqida maʼlumotni uzatishim kerak. Bularning barchasi yoʻlovchilar sayyoramizning istalgan nuqtasiga xavfsiz va qulay sharoitlarda uchib borishi uchun zarur. Bu erda uchuvchilar, albatta, uxlamaydilar.



Dushanba, 9:00


Tez orada kabinamizga katta bortkuzatuvchi kirishi kerak, chunki, nonushta vaqti yaqinlashdi. Bugun taomnomada nima borligini hali bilmayman, lekin mazali nimadir boʻlishiga aminman. Quyultirilgan sutli quymoqdan voz kechmagan boʻlardim. Afsuski, bu yerda bunday taom berilmaydi.


Ikkita qoida mavjud. Birinchisi: uchuvchilar har doim har xil taomlarni isteʼmol qiladilar va bu uydirma emas. Bu barcha uchuvchilarning zaharlanish ehtimolini kamaytirish uchun zarur. Ikkinchi qoida norasmiy boʻlib, taomni birinchi samolyot komandiri tanlaydi. «Kattaga hurmat»ni hech kim bekor qilmagan.



Dushanba, 11:00


30 daqiqadan soʻng samolyot Doha xalqaro aeroportiga qoʻnadi. Hozir qoʻnishga tayyorgarlikni boshlashimiz uchun nazorat dispetcheri bilan bogʻlanaman. Ob-havo maʼlumotlari va qaysi yoʻlakka qonishimiz mumkinligini oʻrganib chiqishimiz kerak.


Aeroportga 200 kilometr qolganda pasayishni boshlaymiz. Bu paytda samolyot komandiri bort kompyuterini sozlab va tizimdagi maʼlumotlarni yangilab, samolyotni qoʻnishga tayyorlaydi. Mening vazifam esa, xatolikning oldini olish maqsadida, kiritilgan barcha yangi maʼlumotlarni qayta tekshirishdan iborat.


Maktabda matematika oʻqituvchimiz «Odamlar xato qilishga moyil» degan iborani koʻp bora aytgani esimda. Haqiqatan ham, biz koʻpincha nimanidir notoʻgʻri qilamiz. Kafeda ovqat, kechqurun koʻrish uchun film yoki yangi yilda yaqinlarimizga sovgʻa tanlashda adashishimiz mumkin. Ammo, bu xatolarning barchasi bizning nuqtai nazarimizga koʻra halokatli emas. 180 nafar yoʻlovchiga javobgar boʻlganingda, bu boshqa gap – xato qilishga also haqqing yoʻq. 




Dushanba, 11:30


Minora dispetcheri qoʻnishga ruxsat berdi. Bir necha soniyadan soʻng samolyot shassisini chiqaradi, 30 daqiqadan keyin yoʻlovchilar mehmonxonalari tomon yoʻl olishni boshlaydi, bir soatdan keyin biz Toshkent aeroportiga qaytishga tayyor boʻlamiz.


Ish kunining yarmi nihoyasiga yetdi. Uning ikkinchi yarmi tugashi bilan men uyimga otlanaman. Bu kun men uchun oʻzgacha yoki qiyin boʻlmadi. Toʻrt mamlakat va Fors koʻrfazi ustidan uchib oʻtdim, oʻttiz nafarga yaqin aviatsiya dispetcherlari bilan bogʻlandim va buning barchasi uch ming kilometr masofali parvozda roʻy berdi. Balki, bu oddiy jarayonlarga koʻnikib ulgurganim sababli men ularni oʻzgacha deb hisoblamasman. Ammo, bajarayotgan barcha ishimni qadrlashdan to’xtamayman.