O‘zbek to‘y marosimlarining kelib chiqishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ajdodlarimiz tomonidan mehmondo‘stlik an’analari va oilaviy qadriyatlar qanchalik e’zozlangan bo‘lsa, hozirgi avlod ham ularni ardoqlab, asrab-avaylashga intilmoqda. To‘y shunchaki ikki qalbning birlashuvi emas, balki butun avlod uchun muhim voqea bo‘lgan va shunday bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda ko‘plab qadimiy urf-odatlar zamonaviy unsurlar bilan uyg‘unlashgan holda saqlanib qolgan. Chiroyli liboslar, hashamatli ziyofatlar, azaliy marosimlar — bularning barchasi sehrli va sirli muhitni yaratadi. Quyida sizlarga shular haqida batafsil hikoya qilamiz.
Unashtirish va to‘ylarga tayyorgarlik
Tayyorgarlik va u bilan bog‘liq marosimlar bo‘lajak kuyov va kelinning tanishuvidan boshlanadi. Agar sovchilik muvaffaqiyatli o‘tsa va yoshlar bir-birini ma’qul ko‘rsa, ikki oilaning birlashuvini ifodalash maqsadida “non sindirish” marosimi o‘tkaziladi. Marosimda har bir oilaning eng yoshi ulug‘ vakillari tomonidan bitta non teng ikkiga bo‘linadi.
To‘ydan oldingi eng muhim marosim “Fotiha to‘yi”, ya’ni unashtiruv hisoblanadi. Odatda, bu marosim to‘ydan bir oy oldin qizning uyida o‘tkaziladi, shu kuni chiroyli yog‘och qutichada qizning ota-onasiga kelin uchun ramziy “to‘lov” — qalin puli topshiriladi. Qalinni kuyovning katta yoshli qarindoshi beradi va qizning oilasiga pul bilan birga o‘nlab qutilarda holva, kunjutli non, shirinliklar va matolar taqdim etiladi.
To‘y arafasida kelinning uyida dugonalari, opa-singillari va yosh qo‘shni qizlar ishtirokida “qizlar bazmi” bo‘lib o‘tadi. Turmush qurishga “uzatish” tadbiri ziyofat va kelinni pardozlash bilan birga kechadi. Qadimda “qizlar bazmi”ning yana bir qismi hisoblangan, ammo bugungi kunga kelib deyarli yo‘qolib ketgan udum boʻlgan — bazmda yig‘ichi ayol qatnashgan. Kelin qanchalik baland ovozda va uzoq yig‘lasa, turmushi shunchalik oson hamda baxtli bo‘ladi deb hisoblangan. Yigʻichi ayol kelinning yoshlik va erkinlik bilan xayrlashishiga ko‘maklashgan. To‘y va undan keyingi kunlar Nikoh to‘yi uch kun davom etadi: birinchi kuni “maslahat oshi” o‘tkaziladi — ikki oila oqsoqollari yig‘ilib, palov ustida to‘y marosimini o‘tkazish tartibini muhokama qilishadi, ikkinchi kuni to‘y marosimi bo‘ladi, uchinchi kuni esa “shukrona oshi” — o‘ziga xos minnatdorchilik kechasi uyushtiriladi. O‘zbekistonning ba’zi hududlarida barcha tadbirlar haftaning muayyan kunlarida: juma kuni — fotiha, shanba kuni — to‘yga tayyorgarlik, yakshanba kuni — nikoh o‘tkaziladi. Navro‘zda o‘tkaziladigan to‘y alohida ahamiyatga ega, chunki Navro‘zning o‘zi yangi yil boshlanishini anglatadi. Bu davrda yoshlarni yangi hayot boshlayotgani bilan qutlash ramziy ma’no kasb etadi. To‘y kuni tush paytiga yaqin kuyov o‘z mehmonlari bilan kelinning uyiga boradi. Uni uyga ramziy oq yo‘lak — “poyandoz” orqali boshlab borishadi. So‘ngra kuyovni chodir kutadi, u chodirning chetini yirtishi kerak bo‘ladi. Kuyov va uning mehmonlari uchun yozilgan dasturxonga “kuyov oshi” tortiladi. Ayrim hududiy an’analarga ko‘ra, kuyov palovda butun kaftining izini qoldiradi va barmoqlarining izi tushgan joylarga shokolad qo‘yib, palovni kelinga yuborishadi – shu tarzda yosh juftlikka shirin oilaviy hayot tilashadi. Ziyofat paytida yoki undan so‘ng kelinning buvisi va xolasi xonaga kuyov uchun sovg‘alar solingan patnisni — “kuyov sarpo”ni olib kirishadi. Odatda bunday patnisda chopon, do‘ppi va belbog‘ bo‘ladi. Kuyovning yaqin do‘stlaridan biri uni Makka tomonga qaratib, chopon kiyishiga yordam beradi. Bo‘sh qolgan patnis davra bo‘ylab aylantiriladi: endi kuyovning do‘stlari patnisga sovg‘alar qo‘yib, kelinning qarindoshlariga qaytarib berishadi. Mintaqaga va an’analarga rioya qilinishiga qarab zardushtiylik davridan beri saqlanib qolgan urf-odatlar ham amalda bo’lgan. Masalan, yosh kelin-kuyovni ko‘z tegishidan asrash maqsadida bir necha bor gulxan atrofida aylantirishgan, keyinroq esa uyga kirishayotganda boshlari uzra choyshab ushlab turishgan.
Bu qiziqarli an’ana borasida to‘ylar haqidagi “Erkaklar va ayollar: urf-odat va marosimlarda” filmining muallifi Umida Ahmedovaga savol berdik.
— Odamlarning zardushtiylik bilan bog‘liq urf-odatlar, masalan, gulxan atrofida aylanish to’g’risidagi fikri qanday? Ular xalqimizga qanchalik yaqin?
— Odamlar buni anglamaydi va zardushtiylik bilan bog‘lamaydi — shunchaki, azaldan shunday qabul qilingan. Markaziy Osiyoda (aftidan, faqatgina bizda emas: Kavkaz va Eronda ham o‘xshash jarayonlar kuzatiladi) olovga sig‘inish unsurlari nafaqat to‘y marosimlarida saqlanib qolgan. O‘zbekistonning shimoli — Xorazmda musulmonlar ziyoratgohlarida tokchalarga olovli chiroqlar qo‘yiladi va odamlar buni zardushtiylik bilan bogʻliqligini hayoliga ham keltirishmaydi. Olov bilan bog‘liq e’tiqod unsurlarini katolik va armanlarda ham ko‘rganman. Ular bayramda olov ustidan sakrashadi, ruslar esa qish qoʻriqchisini yoqib yuborishadi. Ozarbayjonliklar ham Navro‘zda olov ustidan sakrab o‘tishadi — ya’ni, ko‘p jihatdan bu bilan bog‘liq urf-odatlar saqlanib qolganini ko‘rishimiz mumkin. So‘nggi paytlarda ba’zi odamlar buni Islom urf-odatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblay boshlaganlari natijasida olov asta-sekin marosimlardan yo‘qolib borayotganini kuzatmoqdaman.
Butun mahalla aholisi ishtirok etadigan an’analar ham bor: “ko‘rpa qavish” — kelin-kuyovning to‘shagi uchun paxtalik ko‘rpa va ko‘rpachalarni tikish hamda qavish, “sabzi to‘g‘rar” — to‘y oshi uchun sabzi to‘g‘rash, “mol yoyar” — kelinning sepini barcha qarindosh-urug‘larga va qo‘ni-qo‘shnilarga ko‘rsatish maqsadida yoyib qo‘yish.
— Filmingizning oxirida ko‘rpa ostida yotgan kuyov bilan kelin yoniga ko‘zgu olib kelib, tutun bostirishgan lavha bor. Bu urf-odat nimani anglatadi va u qanchalik keng tarqalgan?
— Afsuski, bunday sirli marosimlar juda kam joyda saqlanib qolgan. Ularning ko‘pchiligi go‘yoki Islom an’analariga mos kelmasligi tufayli yo‘qolib ketdi. Bu tarix va etnografiya, xalq og‘zaki ijodi, milliy liboslar va boshqalarni o‘rganishga to‘sqinlik qiladigan haqiqiy muammo.
Kuyov va kelinga o‘z aksini ko‘rsatish an’anasi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ehtimol, bu odat ilgari kelin-kuyov bir-birini faqat to‘y kuni ko‘rgani sababli paydo bo’lgandir. Umrida bir-biriga yaqin bo‘lmagan yosh kelin-kuyovlar uchun turli o‘yinlar tashkillashtirilgan. O‘yinlarning ayrimlari ayollar tomonidan teatrlashtirilgan tarzda ijro etilgan. Aftidan, bularning barchasi qandaydir sehrli ma’noga ega bo‘lib, uning sabablari yo‘qolib ketgan, ammo udumga aylangani uchun odamlar an’analarga rioya qilishda davom etmoqdalar. Bu lavha qariyb 20 yil avval Xorazmda suratga olingan edi va hozirda yosh kelin-kuyovga ko‘zgu tutish, ular orasiga bola yotqizish odati juda kam joylardagina saqlanib qolgan.
Xorazmdagi to‘y urf-odatlari haqida batafsil mahalliy aholidan so‘rab-surishtirishga qaror qildik: Bekposha Toirova: “Ko‘zgu bilan bog‘liq udum haqida eshitmaganman, ammo ko‘rpa ostidagi kelin-kuyov orasiga bola kiritish marosimi saqlanib qolgan. Bolaning yoshi 1 dan 5 gacha bo‘lishi, undan katta bo‘lmasligi lozim. U ko‘rpa ostiga yosh kelin-kuyovning oyoq tomonidan kirib, bosh tomonidan chiqishi kerak. Shu tariqa yoshlarga ko‘p farzandli boʻlish tilak qilinadi”. Kamila Ibragimova: “Jamiyatning yangi yacheykasi paydo bo’lishining birinchi bosqichi — “fotiha”, ya’ni unashtirish marosimi. Bu ikkala tomonning nikohga roziligini bildiradi. Turar joy kuyov tomonidan taqdim etiladi, kelin tomon xonalarning joylashuvi va o‘lchamlarini taxminan tushunish uchun to‘ydan avval kelin-kuyov yashaydigan uyni ko‘rishga keladi, bu “uy koʻrar” deb ataladi. Sep-sidirgʻa asosan kelin tarafidan qilinadi. To‘ydan sal oldin bir necha kishi (asosan, kelin tarafdan kelgan ayollar) kuyov uyiga kelib, xonani yangi mebel bilan jihozlashadi va kelin-kuyov uchun hamma narsani tayyorlab qo‘yishadi. To‘y kuni erta tongda kelin tomon osh bilan hammaga ziyofat beradi. Bu tadbirga o‘rtacha 300 nafar yoki undan ko‘proq kishi va faqat erkaklar taklif qilinadi. Kuyov kelinni olib ketgani kelganda, u hamda do‘stlariga dasturxon yoziladi, dasturxonda albatta palov bo‘lishi shart. Bo‘ydoqlarni ham tez orada uylanishini niyat qilib, kuyov bo‘ydoq do‘stlarini va aka-ukalarini palov bilan siylaydi. Mehmonlar ishtirokidagi to‘y marosimi qo‘shiq va raqslar bilan kechqurun o‘tkaziladi. Yana ayrim nooshkor urf-odatlar ham bor: tadbir boshlanishidan oldin katta yoshli ayollar kuyovga oq fotiha berishadi, ularning oilasida ham tez orada farzandlar dunyoga kelishini tilagan holda kuyovning tizzasiga yosh bolalarni o‘tqazishadi. Agar qiz bola o‘tqazilsa, birinchi farzand qiz, o‘g‘il bola o‘tqazilsa, o‘g‘il tug‘iladi deb hisoblanadi. Shundan so‘ng, kuyov mashinada oʻz chiqishini kutayotgan kelinni olib kelishga boradi. Bu bilan bog‘liq yana bir qiziqarli urf-odat bor — kelin oyog‘ini yerga qo‘ygan zahoti kuyov uning oyog‘ini bosib olishi kerak. Bu oilada erkak xo‘jayin bo‘lishini anglatadi”. Marosimdan so‘ng ayollar xalq to‘y qo‘shig‘i “Yor-yor”ni kuylashadi, hamma yangi oila qurilganini nishonlash uchun kuyovning uyida boʻladigan “to‘y bazmi”ga yo‘l oladi. Aytgancha, Umida Ahmedova “Yor-yor”ni o‘zining eng sevimli marosim qo‘shig‘i deb ataydi: “Qiz ota uyini tark etib, kuyovnikiga ketayotganda aytiladigan to‘y qo‘shig‘i bor. Juda ta’sirli”. Uni mana bu yerda tinglashingiz mumkin: O‘zbek xalq (to‘y) ashulasi — Yor-yor Kuyovning uyida kelin uchun chimildiq deb ataladigan xona tayyorlab qo‘yilgan boʻlib, munchoq va marjonlar bilan bezatilgan, barcha derazalarga osilgan katta, og‘ir pardalar bu xonaning ajralmas qismi hisoblanadi. Kelinning sepi va shaxsiy buyumlari ham shu xonaga joylashtiriladi. Uchinchi kuni “kelin salom” marosimi o‘tkaziladi — bu kelinning yangi uyidagi salomlashuvi hisoblanadi. An’ananing muhim qismi non bo‘lib, uni avval kelin, so‘ng qaynona tishlashi kerak. Bu birgalikdagi ahil turmush va xonadondagi farovonlikning ramziy ifodasidir. Shundan so‘ng qaynona kelinga oltin taqinchoqlar hadya etadi, navbatma-navbat kuyovning har bir qarindoshi ham sovg’a beradi. Kelin (erning oilasiga kelib qo‘shilgan yosh kelinni qarindoshlar shunday atashadi) esa ro‘mol ostida turib, minnatdorchilik belgisi sifatida ularning har biriga ta’zim qiladi. Kelin-kuyovning to‘y kiyimlariga doir o‘ziga xos urf-odatlar ham mavjud. To‘y marosimiga erkaklar tekis bichimli ko‘ylak, keng ishton, yonlari kesilgan va belbog‘ bilan bog‘lanadigan qavilgan to‘n — chopon kiyadi. Belbog‘ kumush bilan bezatilgan yoki naqsh tikilgan, kuyovning boshida esa albatta do‘ppi bo’lishi shart. Ayollarning to‘y libosi oddiy bichimli xon-atlas ko‘ylak va lozimdan iborat. Ayollar bosh kiyimi biroz murakkabroq bo‘lib, uch qismdan: kichik qalpoq, ro‘mol va salladan tashkil topadi. Bugungi kunga qadar asl holati saqlanib qolgan bu an’ana, urf-odat va marosimlarning aksariyati o‘zbek to‘yini o‘ziga xos qiladi. Qadimiy udumlar va zamonaviy tendensiyalarning uyg‘unlashuvi xalqimizning boy tarixi va madaniyatining yorqin dalili hisoblanadi. Bu shunchaki tantana emas, balki o‘tmish bilan bugungi kun uyg‘unlashib ketgan an’analar dunyosiga sayohatdir.