O‘zbekistonda an’analar e’zozlanadi va asrab-avaylanadi, bu san’at va madaniyatning barcha sohalarida o‘z ifodasini topmoqda. 2007-yilda tashkil topgan Jazzirama musiqiy jamoasi milliy motivlarni zamonaviy ohanglar bilan uyg‘unlashtirib, o‘zbek jaziga yangi nafas olib kirmoqda. O‘z ishiga fidoyi, jonkuyar sozandalarni birlashtirgan ushbu betakror loyiha mamlakatning boy madaniy merosi va jazga bo‘lgan innovatsion yondashuvni o‘zaro uyg‘unlashtiradi, bu ularning musiqasini o‘ziga xos qiladi. Saksofonchi, bastakor, prodyuser, pedagog va guruh rahbari Saidmurod Muratov suhbatda jamoaning ijodiy yo‘li, O‘zbekistonda jazning rivojlanishi borasidagi qarashlari va oʻzlarining zamonaviy yo‘nalishlarni ona yurtning boy musiqiy merosi bilan qanday tarzda uyg‘unlashtirishlari haqida so‘zlab berdi.
– Jazzirama qanday paydo bo‘lgan?
– Jazzirama uzoq ijodiy yo‘l va tasodifiy uchrashuvlar natijasida vujudga keldi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olayotgan kezlarimda konsertga tayyorgarlik chog’ida pianinochi va bastakor Sanjar Nafiqov bilan tanishib qoldim. Birgalikdagi ijro va jazga bo‘lgan mushtarak ishtiyoqimiz bizni hamkorlikda ishlashga undadi. 2007-yilda konservatoriyaning besh nafar talabasidan iborat “Jam Five” nomli ilk loyihamiz yaratildi. Shu tarkib bilan Mark Vayl nomidagi “Ilhom” teatrida ilk yakkaxon konsertimizni berdik. Keyinchalik, turli qiziqarli konsert va kichik loyihalar uyushtirildi. Vaqt o‘tgan sari jamoamizning tarkibi ham, uning nomi ham o‘zgarib bordi.
Dastlab biz Amerika jazini ijro etardik. Biroq ikkinchi konsertimizga kelib – G‘arb musiqasiga taqlid qilish mutlaqo bizning yo‘limiz emasligini anglagach, o‘z uslubimizni izlay boshladik. Biz boy an’analarga ega –O‘zbekistonda ulg‘ayganmiz. Nega endi taqlid bilan shug‘ullanishimiz kerak? Albatta, ustozlardan o‘rganish lozim va professionalizm, aniqlik va taym-menejment, saund-chekning nozik jihatlari kabi xorijlik ijrochilardan o‘zlashtirishimiz kerak boʻlgan narsalar ham bor. Musiqiy jihatdan ham o‘rganishga arzigulik narsalar bor. Ammo bir kuni jaz va muqomni mohirona uyg‘unlashtirgan ozarbayjonlik pianist Vagif Mustafozodani tinglayotib, o‘ylab qoldim: biz ham o‘zbek musiqasi bilan shunday qilsak boʻlmaydimi? Shu tariqa tajribalar o‘tkazishni boshladik. Hali “S.M. kvarteti” deb atalgan paytlarimizdagi ikkinchi konsertimizda “Tohir va Zuhra” oʻzbek operasidan “Otmagay tong” ariyasini ijro etdik. Ushbu asarni ijro qilish uchun mashhur o‘zbek musiqachisi Botir Do‘simbetov bilan maxsus tayyorgarlik ko‘rdim, u menga nay chalishni o‘rgatdi. Tinglovchilar taassuroti hayratlanarli bo‘lgan — shunda to‘g‘ri yo‘nalishni tanlaganimizni angladik.
Jazzirama&Yogev Shetrit – Otmagay tong
Shundan so‘ng o‘zbek musiqasiga asoslangan o‘z kompozitsiyalarimizni yozishni boshladik. 2013-yilga kelib Jazzirama nomi bilan bu uslubni faol rivojlantirishga kirishdik. Bu nom ilgari Mansur G‘aniyevich Toshmatov rahbarligida ishtirok etgan loyihamdan kelib chiqqan. U Jazzirama oʻzida jaz ruhini mukammal tarzda aks ettiradi deb hisoblardi. Biz esa Sanjar bilan u kishining roziligini olib, shu nom ostida ijodimizni davom ettirishga qaror qildik.
– Bend a’zolari jamoaga qo‘shilishdan oldin qanday musiqa ijro etishgan?
– Yagona jamoaga birlashishimizdan oldin har birimiz musiqa sohasida ma’lum tajribaga ega edik. Men doimo estrada musiqasi va jazni, shuningdek, musiqiy rivojlanishda katta yordam beradigan mumtoz asarlarni ijro etishni yoqtirardim. Sanjar esa butun umri davomida rok musiqachi bo‘lib kelgan, biroq vaqt o‘tishi bilan ijodiy yo‘li uni jazga yetaklagan va biz u bilan aynan shu davrda tanishganmiz.
Jamoamizda bizdan tashqari yana bir ajoyib musiqachi – maqomchi va multi-cholg‘uchi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti dotsenti Shavkat Matyoqubov ham bor. U tanbur, sato, doira, surnay va qo‘shnayni mahorat bilan chaladi. Shavkat haqiqiy orkestr-inson bo‘lib, uning o‘ziga xos jihati — nafaqat maqomchi-qo‘shiqchi, balki o‘zbek ijrochilik san’atini dunyoga tanitayotgan sanoqli musiqachilardan biri hisoblanadi. Shavkat 40 dan ortiq mamlakatda bo‘lib maqomlarni ijro etgan. Shuningdek, Gollandiyaning dunyoga mashhur “Atlas Orchestra” jamoasi loyihasida ishtirok etgan. Ularning e’tiborini qozongan Shavkat, hech qanday tanlovsiz orkestr bilan bir sahnada chiqish uchun taklif qilingan. U shunchaki ijrochi emas – maqom haqidagi bilimlarini bizga ulashib, ustozlik qiluvchi va o‘zbek musiqa an’analari dunyosiga yo‘l ko‘rsatuvchi shaxsdir.
Jazni o‘zbekona uslubda chalishni tanlaganimizga kelsak, bu har birimiz uchun tabiiy qaror edi. Biz doimo jaz – shunchaki uslub emas, balki erkinlik va demokratiyani o‘zida mujassam etgan butun bir madaniyat ekanini anglab kelganmiz. Jaz qullik hamda irqiy diskriminatsiya sharoitida paydo bo‘lgan, erkinlik ruhi esa uning ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda, musiqaning ushbu yo‘nalishi xalqlarni birlashtirish, madaniyat ko‘priklarni barpo etishga yordam qilmoqda. Toshkentda ko‘p yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan jaz festivali jahon yulduzlarini jalb etib, zallarni tomoshabinlar bilan to‘ldirmoqda va bu O‘zbekistonda jaz san’atiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat bermoqda.
– Ko‘zlangan ohangga erishish uchun musiqachilarni qidirish qancha vaqt oldi?
– “Koʻzlangan ohang” – bu aslida bir jarayon va biz hamisha izlanishdamiz. Hatto hozir ham cholg‘u asboblarining qiziqarli birikmalari, yangi g‘oya va shakllarni izlayapmiz. Mukammal uslubni topdik, u tugallandi va tayyor deb ayta olmaymiz. Bizda doimo o‘sish uchun imkoniyatlar bor va bu bizni keyingi tajribalarga ilhomlantiradi. Misol uchun, izlanishlarini 60-yillardayoq boshlagan ozarbayjon musiqachilari bugungi kungacha turli davrlarning cholg‘u asboblari va uslublarini uyg‘unlashtirib, yangi uslublarni qidirishni davom ettirmoqda. Biz ularning tajribasidan foydalanib, o‘ziga xos narsalarni yaratishga intilyapmiz.
Biroq O‘zbekistonda rivojlangan jaz madaniyatining yo‘qligi biz uchun muayyan muammo hisoblanadi. Musiqa oliy o‘quv yurtlarimizda jaz fakulteti mavjud emas, tinglovchilarning qiziqishi esa yaqindagina paydo bo‘la boshladi. Toshkentdagi jaz festivallari va konsertlariga tashrif buyuruvchi odamlar soni tobora ko‘paymoqda, ammo kerakli ko‘nikma va tajribaga ega musiqachilar yetishmaydi. Masalan, Mansur G‘aniyevich Toshmatov orkestr bilan konsertlar o‘tkazadi va bu bilan etnojazga bo‘lgan qiziqishni asta-sekin shakllantirmoqda, ammo bu madaniyat endigina rivojlanishni boshlayapti. Madaniy almashinuv dasturi doirasida Michigan universitetida bo‘lganimda, musiqachilarga birinchi albomimizdagi nota va yozuvlarni ko‘rsatdim. Ular musiqamizni darhol tushunib, biz bilan birga ijro etishga tayyor edi. Bu meni hayratga solgandi: ular o‘zbek an’anaviy musiqasining o‘ziga xos xususiyatlaridan bexabar holda, bizning asarlarimizni osonlik bilan talqin qilishgandi. Keyinchalik, Parijda pianinochi va Parij konservatoriyasi professori Pyer de Batman bilan chiqish qilganimda, turli madaniyatga mansub musiqachilar etnojazni qanchalik tez tushunishi va o‘zlashtirishini yana bir bor his qildim. Biz lazgi va “Otmagay tong”ni ijro etayotgandik, shunda o‘zbek madaniyatini yaxshi bilmagan musiqachilar ham musiqamiz ruhini bemalol yetkazib bera olishini angladim. Bizda esa, afsuski, jaz madaniyati yetarli darajada rivojlanmagani sababli musiqachilarimiz bunday asarlarni tezda o‘zlashtirishi qiyin. Ular asosan pop va rok musiqasini ijro etadilar. 2024-yilda biz o‘zbek va Lotin Amerika perkussiyasi sohasidagi yutuqlari bilan tanilgan, zarbli cholg‘u asboblari ijrosi san’ati bo‘yicha mutaxassis – Olimjon Hakimov bilan hamkorlikni boshladik. Olimjon bilan Yevropadagi bir necha jaz festivallarida ishtirok etdik, uning guruhimizga qo‘shilishi biz uchun haqiqiy voqeaga aylandi. Olimjon – o‘z loyihalariga ega haqiqiy ijodkor shaxs boʻlganligi bois ba’zida biz uchun vaqti yetishmaydi, lekin bo‘sh vaqtlarida biz bilan ijro etadi, chunki u etnojazga juda qiziqadi. Uning ishtiroki bizning ohanglarimizga kuch va dinamika qo‘shdi, g‘ayrati va iste’dodi esa bizni doimo yangi izlanishlarga ilhomlantiradi. – O‘zbek etnojazi nimasi bilan jozibador? – Avvalambor, o‘zbek etnikasi – bu bizning jonajon musiqamiz. Bolaligimizdan radio orqali nay, dutor kuylarini, maqomlarni eshitganmiz. Afsuski, ko‘pchilik bu ijrolarning teranligini anglamaydi, aslida ular yuksak va ma’naviy ruhga ega, axir maqom buyuk shoirlar she’riyati asosiga yaralgan. Biz O‘zbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, maqomchi Nodira Pirmatova bilan hamkorlik qilamiz. Bir necha bor uning dutor chalayotganini ko‘rganman. Ko‘zlarimga yosh kelgan - bu qalbga kirib boradigan musiqa. Jazzirama – bizning harakatlarimizni chegaralaydigan loyiha emas. Biz bularning barchasini chin qalbdan sevganimiz uchun shu yo‘lni tanlaganmiz. Buni al-Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino va Al-Buxoriy kabi buyuk allomalar ijod qilgan ona yurtimizga minnatdorchilik deb baholash mumkin. Bu jahon madaniyati markazi va biz uning ulug‘vorligini unutmasligimiz lozim. O‘zbekiston – azaldan hayot va ijod qaynagan makon. Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik mavjud madaniy boyliklarimizga yetarlicha baho bermaydi. Masalan, ba’zilar uchun “ikki torli tayoq” bo‘lib ko‘ringan narsa aslida noyob cholʻgu asbobidir. Turg‘un Alimatov singari ustalar qo‘lidagi tanbur asrlar osha yashab kelayotgan teran his-tuyg‘ular va musiqani dunyoga yetkazib bera oladigan cholg‘u asbobiga aylanmoqda. Odamlar bu musiqaga qiziqib, uning qadr-qimmatini anglay boshlashi juda yaxshi. Ammo eng muhimi, biz bu bilan o‘zimizniki, qon-qonimizga singib ketgani uchun shug‘ullanamiz. Asar tanlovi har doim biz tinglayotgan, bizni ilhomlantirgan narsa bilan bog‘liq. Ba’zan bu eski estrada yoki xalq qo‘shiqlarining yozuvlari bo‘ladi. Gohida qiziqarli narsalarni plastinkalarda topaman: masalan, bir paytlar Nasiba Abdullayeva ijrosidagi “Lazgi”ga duch kelganman. Uning bu asarni ijro etish usuli menga juda manzur bo‘lgan edi, kompozitsiyaga estrada ohangini bergan boʻlsa-da, lekin milliy uslubda ijro etilgan. Bu 80-yillardagi haqiqiy fyujn edi. Tasavvur qiling: qo‘shiq boshlanadi, unga vokal joʻr boʻladi, qaysidir lahzada elektrogitara yangraydi va uning sadosi Xorazm akkordeonini eslatadi. Bu bizga kuchli ta’sir qilgandi va bu g‘oyani o‘z “Lazgi” versiyamiz uchun asos sifatida ishlatishga qaror qilgandik. Ba’zi qo‘shiqlarni dastlab estrada yo’nalishida eshitganmiz. Misol uchun, Rayhon G‘aniyeva ijrosidagi “Sunbula” qo‘shig‘i. O‘shanda darhol bu asar bilan ishlashga urinib ko‘rish kerak, degan fikrga keldim. Gohida birortamiz uyda kompyuterda musiqa yozamiz, repetitsiyalarning o’zida esa bu kompozitsiyani qanday rivojlantirish va undan keyin nima qilishni belgilab olamiz. Bu izlanish jarayoni bo‘lib, har bir yangi tajriba bizga jamoamiz uchun qandaydir noyob narsani kashf etishga yordam beradi. – Mashhur musiqachilarning qaysi biri bilan bir sahnada ishlagansiz? – Dastlabki hamkorliklarimizdan biri 2014-yilning bahorgi jaz festivalida bo‘lgan. O‘sha paytda YUNESKO mamlakatlar elchixonalarini san’atkorlarni o‘z hisobidan olib kelishni moliyalashtirishga faol jalb etayotgan edi. Shu tufayli biz amerikalik musiqachilar bilan birga sahnada ijro etishga muvaffaq bo‘ldik, Ari Rolandning jaz kvarteti birinchi hamkasblarimizdan biri edi.
O‘zbek jazi sohasidagi jiddiyroq hamkorliklar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Parij konservatoriyasining professori va pianinochisi Pyer de Batman bilan olib borgan ishimiz bunga eng yorqin misol bo‘la oladi. 2016-yilda u bilan solo konsertda birgalikda chiqish qilishga muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, Parij milliy musiqa va raqs konservatoriyasining jaz va improvizatsiya musiqasi bo‘limi professori – Erve Sellen bilan hamkorligimizni va uning Toshkentda boʻlib oʻtgan solo konsertida birga chiqish qilganimizni alohida aytib o’tish lozim.
Bu biz uchun chindan ham muhim voqea edi, chunki Erve Sellen – fransuz jazining yetakchi namoyandalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, biz kanadalik pianinochi Devid Breyd bilan bir necha marta hamkorlik qildik: “Ilhom” teatrida konsertlar berdik, Toshkentdagi jaz festivalida qatnashdik, 2022-yilda esa ajoyib tajribaga ega bo‘ldik — “Turkiston” kamer orkestri bilan bir sahnada chiqish qildik.
Kelajakdagi rejalarimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri va Alibek Аbdurahmonov rahbarligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri bilan hamkorlik qilishni juda istardik. Bu atoqli orkestrlar bilan haqiqatan ham qiziqarli va betakror asarlar yaratish mumkin, deb o‘ylaymiz. Shuningdek, tanburchi Toir Asqar, maqom ijrochilari Mohichehra Shomurotova va Munojot Yo‘lchiyeva bilan ham ishlash istagimiz bor. Butun dunyo bo‘ylab o‘zbek asarlarini ijro etib, jahon sahnalarini zabt etgan Sevara Nazarxon ham biz uchun yo‘lchi yulduz hisoblanadi. Albatta, boshqa ko‘plab iste’dodli musiqachilar bilan ham betakror asarlarni yaratishni xohlaymiz.
Jazzirama&Yogev Shetrit – O'zbekiston
– Jazzirama qaysi xalqaro tanlov va festivallarda ishtirok etgan?
–Biz bir nechta xalqaro tanlov va festivallarda ishtirok etganmiz. Dastlabkilardan biri 2009-yildagi Bishkek jaz festivali bo‘lib, unda “Sari-Oy” etnojaz kompozitsiyasining ijrosi uchun gran-pri bilan taqdirlandik. 2024-yilda esa Sankt-Peterburg xalqaro jaz festivalida “Jaz kelajagi” mukofotini qo‘lga kiritdik, bu guruhimiz uchun muhim bosqich bo‘ldi.
Jaz tanlovlari unchalik ham ko‘p emas, ular odatda yakkaxon ijrochilarga mo‘ljallangan. Masalan, pianinochilarga mo‘ljallangan Montreux Jazz Piano Competition va saksofonchilarga yoʻnaltirilgan Michael Brecker Competition tanlovlari shular jumlasidan. Ba’zida festival tashkilotchilari mukofotlar topshirish orqali ishtirokchilarni ruhlantirish maqsadida bahslashuv qismini ham qo‘shadilar.
– Sizga qaysi musiqiy loyihalarda ishlash nasib etdi? – Men ishtirok etgan ilk loyihalardan biri –Ilkhom Jazz Club edi. Bu mening shaxsiy loyiham bo‘lib, hozir “muzlatilgan” bo‘lsa-da, u hali ham mavjud. U 2014-yildan 2018-yilgacha faol tarzda faoliyat yuritib, mahalliy ijrochilar ishtirokida 30 dan ortiq konsert va taklif etilgan xorijiy musiqachilar bilan 50 ga yaqin mahorat darslari o‘tkazdi. Bizning g‘oyamiz ijodiy “qumdon”ga o‘xshash nimadir yaratish edi. Qaysidir ma’noda bunga erishdik ham — klubning shuhrati tarqalib, turli mamlakatlarning musiqachilaridan konsert berish takliflari tusha boshladi. Lekin ularni taklif qilish uchun bizda mablag‘ yo‘qligini ochiq aytishga to‘g‘ri keldi. Biz elchixonalar va YUNESKO kabi tashkilotlardan yordam olib turgan boʻlsak-da, ammo o‘z mablag‘imiz yo‘q edi. Keyingi loyiha – “Jaz umidlari” edi. Loyiha 2019–2021-yillarda Valentina Martirosyan rahbarligidagi “Ariya” ijodiy ustaxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu jaz san’atiga mehr qo‘ygan bolalar va o‘smirlar uchun ijodiy maydoncha edi. Ishtirokchilardan biri “Ovoz: O‘zbekiston ovozi” shousining yarim finalchisi bo‘lgan Madinabonu Odilova edi, biz u bilan hamon ishlashni davom ettiryapmiz. Shuningdek, Amerika elchixonasi ko‘magida ta’lim loyihalarida ishtirok etdim. Davlat dasturi bo‘yicha AQShga qilgan safarimdan so‘ng men “alyumni”, yaʼni dastur bitiruvchisi bo‘ldim va men uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Elchixona alyumnilarni turli tadbirlarga chaqiradi, grant dasturlariga ariza topshirishni taklif qiladi, bu bizga “Self Expression Through Jazz Improvisation” hamda “Jaz demokratik islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi” loyihalari uchun ikki marta grant yutib olish imkonini berdi. Shu bilan birga, biz Toshkent shahridagi yirik musiqa ta’lim muassasalari — Uspenskiy va Glier nomidagi maktablar, Estrada-sirk kolleji hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida mahorat darslarini o‘tkazyapmiz. – Qanday maxsus loyihalarni kutsak boʻladi? – Musiqachilar uchun yangi ta’lim dasturlarini, jumladan, “Jaz umidlari” loyihasini tiklash va Ilkhom Jazz Clubni qayta ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Ammo bu rejalarning amalga oshishi ko‘p jihatdan moliyalashtirishga bog‘liq bo‘ladi. Davlat ko‘magi bor, ammo yirik tashabbuslar uchun bu yetarli emas. Oʻzimiz tashabbuskor bo‘lishimizga: homiylarni qidirish, xatlar yozish va kerakli mablag‘larni jalb qilish uchun qo‘ng‘iroq qilishimizga toʻgʻri kelyapti. Loyihalarni o’z resurslarimizdan kelib chiqqan holda rejalashtiramiz, o‘zgalarning yordamiga bog’lanib qolmaslik uchun tadbirlarni o‘z mablag‘larimiz hisobidan amalga oshirish imkonini beradigan moliyaviy bazani yaratishimiz kerak. Shunday bo‘lsa-da, masalan, Sankt-Peterburg xalqaro jaz festivali va biz ikki marta o‘zbek jaz san’atini namoyish etgan “Biennale” Venetsiya san’at festivaliga borish uchun Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi koʻmagini oldik, safar xarajatlarimiz jamg’arma tomonidan qoplandi. Bunday voqealar ilhomlantiradi, ammo asosiy muammolarni hal qilish uchun bu yetarli emas. Misol uchun, O‘zbekistonda jaz fakulteti yoʻq, uni tashkil etilishi esa ijrochilik darajasini sezilarli darajada oshirgan bo‘lardi. Biz bu masalani Amerika elchixonasi bilan muhokama qildik, ular jaz ta’limi asoslarini yaratish uchun AQShdan professor taklif qilish imkonini beradigan dasturni tavsiya etishdi. Masalani hal qilishda bu muhim qadam bo‘lar edi. Hozirgi kunda mablag‘lar ko‘pincha jahon yulduzlarini taklif qilishga yo‘naltirilmoqda. Bu tomoshabinlar uchun muhim, biroq bunday loyihalarda ma’rifiy komponent yetarli emas. Mahorat darslari ilhomlantirsa-da, amaliy bilim bermaydi. Barqaror natijaga erishish uchun muntazam dasturlar, masalan, yosh musiqachilar jaz fanlarini chuqur o‘rganishi mumkin bo‘lgan bir yillik kurslarni yaratish kerak. Jaz ta’limi dasturini yaratish gʻoyamiz Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ham maʼqul keldi. Hozirgi vazifamiz – loyihani to‘g‘ri shakllantirib, o‘qituvchilar soni, mashg‘ulotlar jadvali va stavkalar bo‘yicha barcha tafsilotlarni ishlab chiqish. Dasturning muvaffaqiyati to‘g‘ri shakllantirilgan strukturaga bog‘liq, ish boshida xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsaga e’tibor berishimiz kerak. Biz duch kelayotgan muammo aniq: katta jaz festivallaridan so‘ng yosh musiqachilar ilhomlanadi, ammo oliy o‘quv yurtlari va musiqa maktablarida jazni yuqori darajada o‘rgatadigan mutaxassislar yo‘qligiga duch kelishadi. O‘zbekistonda estrada ta’limi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ammo jaz ko‘proq ixtisoslashgan yondashuvni talab etadi. Tan olish kerakki, hatto o‘qituvchilar ham bu sohada zarur bilimlarni qayerdan olishni doim ham bilmaydi. Agar yosh musiqachilarga jaz bilan shug‘ullanishga yordam beradigan dasturni ishga tushirsak, bu bo‘shliqni to‘ldirgan boʻlamiz. Improvizatsiya, uyg‘unlik, jaz nazariyasi va ansambl ijrochiligi bo‘yicha o‘tkaziladigan muntazam mashg‘ulotlar o‘qishga ishtiyoqmand iste’dod egalariga o‘zlarini namoyon qilish imkonini beradi. Shuningdek, boshqa mamlakatlardagi hamkasblarimiz bunday dasturlarni qanday tashkil etgani — qaysi kurslarga talab bor, qanday yondashuvlar yanada samarali ekanini yaxshiroq tushunish uchun ular tajribasini o‘rganishni rejalashtirganmiz. Bu ma’lumotlar asosida samarali va amaliy model yaratishimiz mumkin bo‘ladi. Hozirgi bosqichda loyihani iloji boricha puxta o‘ylangan va professional darajada tayyorlash ustida ishlamoqdamiz. Biz nafaqat ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yishni, balki O‘zbekistonda jaz san’atining uzoq muddatli rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratishni maqsad qilganmiz. To‘g‘ri yondashuv va qo‘llab-quvvatlash bilan bu tashabbus vaziyatni tubdan o‘zgartirib, yangi iste’dodlarga keng yo‘l ochishi va o‘zbek jaz san’atini jahon miqyosiga olib chiqishi mumkin. Bizga biroz vaqt bering, biz bu g‘oyani albatta amalga oshiramiz. Zero, ishtiyoq qo‘llab-quvvatlash bilan uyg‘unlashganda, haqiqatan ham muhim va ahamiyatli narsalar yaraladi. – Sizlarni qaysi musiqa maydonchalarida tinglash mumkin? – Hozircha musiqa platformalarida faoliyat yuritmayapmiz, lekin treklarimizni Spotify, Yandex.Music, YouTube va boshqalarga yuklashni rejalashtiryapmiz. 10 yil avval albom chiqargan edik, biz uni albatta internetga joylaymiz. Shu vaqt mobaynida ko‘plab yangi materiallar to‘plandi, hozircha ularni faqat konsertlarda ijro etyapmiz. Maqsadimiz — yangi albomlar yozib, ommaga taqdim etish. Bundan tashqari, simfonik orkestr bilan birgalikda yaratilgan noyob asarlarimiz ham bor, ularni ham yozib, tinglovchilarimiz bilan boʻlishishni istaymiz. – Yaqin kelajakdagi ijodiy rejalaringiz? – Kuzda Bokuda o‘tkaziladigan Jaz festivalida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘tgan yili bizni taklif qilishlari kerak edi, lekin chalkash holat yuz berdi – tashkilotchilar formatni adashtirib qo‘yishdi va Mug‘om markazida o‘zbekcha ohanglardagi jaz ijro etishni rejalashtirgan bo‘lsak-da, bizga etnik xip-xop bilan chiqishni taklif qilishdi. Shunda chiqishimizni keyingi yilga ko‘chirishga qaror qildik, endi barcha narsa rejalashtirganimizdek bo‘lishiga aminmiz. Tan olamanki, bu voqea bizning jaz va o‘zbek musiqasining o‘ziga xos uyg‘unligini namoyish etishimiz uchun yorqin va esda qolarli ijro qilish istagimizni yanada kuchaytirdi. Bundan tashqari, o‘tgan yoz mashhur musiqachi va prodyuser Anvar Qalandarov biz bilan aloqaga chiqdi. U Yevropa va AQShda vinilda birinchi albomimizni chiqarish va uning xalqaro bozorda targ‘ib qilinishini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirdi. Shu bois, o‘ylaymanki, kelasi yili dastlabki plastinkalarimizni sotib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. – Oʻzingizni boshqa musiqa yo‘nalishida sinab ko‘rish fikri bo‘lganmi? – Biz o‘zimizni faqat jaz musiqachilari deb hisoblashni allaqachon to‘xtatganmiz. Tushunish osonroq bo‘lishi uchun oʻzimizni shunday ataymiz, ammo aslida mohiyatning qamrovi ancha keng – biz shunchaki musiqachilarimiz. Jaz ajoyib janr, lekin bu o‘zini namoyon qilishning yagona usuli emas. Biz klassik Amerika jazini ijro etishga intilmaymiz, chunki buning uchun janrga butunlay sho‘ng‘ish va kishi o‘zini faqat shunga bag‘ishlashi kerak. Ammo bunday yondashuv o‘zligingizni izlashga emas, balki yaxshi nusxani yaratishga olib keladi. Boshlang‘ich bosqichda nusxa ko‘chirish – bu tabiiy holat, lekin bunda qolib ketmaslik kerak. O‘ziga xos narsani topish muhim, buning uchun musiqachilar bir-birini ilhomlantiradigan hamda betakror narsalarni yarata oladigan muhit juda zarur. Biz xalq qo‘shiqlarini etnojaz prizmasi orqali talqin qilib o‘z uslubimizni topdik, deb hisoblayman. Shu bois, hozirda boshqa uslubga o‘tishni ko‘zlamayapmiz. Aksincha, yaratgan narsalarimizni chuqurroq o‘rganib, uni yanada rivojlantirishni istaymiz. – Jazziramaning eng ardoqli orzusi nima? – O‘zining betakrorligini yo‘qotmagan holda rivojlanish va tajribalar o‘tkazishda davom etish. Biz odatiy cholg‘u asboblarimizda ijro etishni ma’qul ko‘ramiz, chunki aynan ular bilan o‘zimizni dadil his qilamiz. Albatta, har birimiz boshqa asboblarda ham biroz chalishimiz mumkin, biroq asosiy e’tiborimizni “tashrif qog‘ozimiz”ga aylangan cholg‘u asboblariga qaratamiz. Shu bilan birga, yangi texnologiyalarni joriy etish haqida ham o‘ylayapmiz. Misol uchun, har qanday tovushni chiqara oladigan va tajribalar uchun keng imkoniyatlar yaratadigan elektron puflama kontrollerlar tobora ommalashib bormoqda. Shuningdek, didjey pultlari, luper, bit-mashina va boshqa zamonaviy qurilmalardan foydalanish mumkin bo‘lgan elektron loyihalarni yaratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqyapmiz. Bu kompozitsiyalarimizga yangilik va zamonaviylik baxsh etib, ularga yangicha ohang baxsh etishi mumkin. Biz tajribalarga ochiq bo‘lib, an’anaviy ohanglarni yangi texnologiyalar bilan birlashtirib, o‘ziga xos va qiziqarli narsalarni yarata olamiz, deb umid qilamiz.
– Agar tabiatda jaz va o‘zbek musiqiy ohanglari bo‘lmaganida Jazzirama nimani ijro etgan bo‘lar edi?
– Suhbat davomida bizga bendning hammuassisi Sanjar Nafiqov qo‘shildi va uning soʻzlari juda yorqin boʻldi:
“Agar jaz va o‘zbek musiqiy ohanglari bo‘lmaganida, biz ularni o‘ylab topgan bo‘lardik!”
Saidmurat qo‘shib qo‘ydi: “Ha, bu ikki madaniy bo‘lak bizni shu qadar chuqur aks ettiradiki, ulardan birining yo‘qligini balki o‘zimizniki bilan qoplagan bo‘lardik. Ehtimol, jazz va milliy musiqada bizni ilhomlantiradigan tuyg‘u va hissiyotlarni qo‘shib, boshqa etnik ohanglar yoki ritmlarga asoslangan yangi uslub yaratardik. Chunki biz uchun eng muhimi – o‘zligimizni erkin ifodalash va ohang orqali tarixni yetkazish hisoblanadi”.