Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan va ta’lim sohasida doimiy islohotlar o‘tkazilayotgan bugungi davrda, ayniqsa O‘zbekiston va Gruziya kabi boy madaniy merosga ega mamlakatlarda pedagogik an’analar hamon muhim ahamiyatini saqlab qolyapti. Bizni faqat tarix emas, balki ta’limga shaxsni shakllantirish jarayoni sifatida umumiy qarash ham birlashtiradi. Bu mavzuni Toshkentga tarbiya haqida ma’ruza o‘qish uchun tashrif buyurgan gumanist-pedagog Shalva Amonashvili bilan muhokama qilishga qaror qildik. U nima uchun ta’lim ma’naviyatsiz o‘z ma’nosini yo‘qotishi, bolani mehr bilan tarbiyalash va haqiqiy o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerakligi haqida so‘zlab berdi.
— Shalva Aleksandrovich, taʼlim-tarbiya va mehr haqidagi tushunchangizga nima ta’sir qildi?
— Buni bir so‘z bilan aytish qiyin. Menimcha, go‘dakligimdan boshlab kechirgan butun hayotim ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak... Ota-onam juda mehribon insonlar edi. Otam bosmaxonada ishlar va tez-tez u yerdan qiziqarli kitoblar olib kelardi. Onam uy bekasi bo‘lib, o‘zini butunlay singlim bilan mening tarbiyamga bag‘ishlagan. Afsuski, otam 1942-yilda urushda halok bo‘ldi, tarbiyamiz oqila va mehribon buvimizning zimmasiga tushdi. U menga duolar o‘qir va garchi men Xudoga ishonmasam-da, uning so‘zlari qalbimni iliqlik bilan to‘ldirardi. U har safar ibodat qilishni boshlaganida, men unga Xudo yo‘qligini aytardim, u esa: “Haqiqiy Xudo bor, sen esa shunchaki menga quloq sol” der edi. Men uning ovozini zavq bilan tinglardim. Bu xotiralar men bilan abadiy qoldi.
Yana bir g‘oyat muhim jihat bor. Maktabda men haqiqiy ustoz – o‘qituvchim Varvara Vardiashvilini uchratdim. Hozirgi kunda shunday shaxs bo‘lib etishishimga sababchi pedagog – aynan shu inson. Vardiashvili familiyasi gruzinchadan “pushti” deb tarjima qilinadi, bu uning fe’l-atvorini juda yaxshi aks ettiradi. U ona tili va adabiyotdan dars berar, ko‘pchilik o‘qituvchilardan farqli o‘laroq, shunchaki o‘quvchilarini jon-dilidan yaxshi koʻrardi. Maktabda mehr-muhabbat yetishmasdi –o‘qituvchilar o‘z tashvishlari bilan band bo‘lar, bu esa bizga ta’sir qilardi. Ularning aksariyati shunchaki qattiqqo‘l va talabchan edi, Varvara Vardiashvili esa tabiatan bolajon bo’lib, barcha muammolarning yechimini aynan mehrda izlardi. Keyinchalik pedagogik faoliyatimning asosiga aylangan ko‘plab tamoyillarni aynan u kishidan o‘zlashtirganman.
Hayotim davomida turli xil odamlarga duch keldim. Ular orasida turli vaziyatlarda qanday yo‘l tutishim kerakligi haqida o‘rinli maslahat bergan, meni qo‘llab-quvvatlagan va hayotda yo‘l ko‘rsatganlar bor edi. Ammo mening ish uslubimga e’tiroz bildirganlar ham uchrab turardi. Ayniqsa, hamkasblarim bilan pedagogik tajribalar o‘tkazishni boshlaganimda, bu yaqqol namoyon bo‘ldi – ko‘plab an’anaparast o‘qituvchilar bizga qarshi chiqishdi. Ular tarbiyaning yangi tamoyillarini qabul qila olishmasdi yoki shunchaki qabul qilishni istashmasdi, bizning timsolimizda o‘zlarining qonun va o‘qitish usullariga nisbatan xatarni ko‘rishdi. Qarshiliklar, chaquvlar va tuhmatlar bilan to‘qnashishga to‘g‘ri keldi. Ba’zida ularning hujumlaridan himoyalanish imkoniyatim yo‘qligi tufayli o‘zimni ojiz his qilardim. Ammo doimo atrofimda meni qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar bor edi va bu olg‘a intilishimga yordam berardi.
— Siz ilgariham O‘zbekistonda bo‘lganmisiz? Avvalgi tashriflaringizdan qanday taassurotlar qolgan?
— O‘zbekistonga ilk bor 1989-yilda kelganman. O‘sha paytda safarim alohida vazifani bajarish bilan bog‘liq edi: asirga olingan gruzinni ozod qilish uchun SSSR Oliy Kengashi vakili sifatida Afg‘onistonga borishim kerak edi. Shundan so‘ng qisqa muddat Toshkentda bo‘ldim, biroq mamlakat bilan yaqindan tanishishga deyarli vaqtim bo‘lmadi.
Bu galgi tashrifim umuman boshqacha. O‘qituvchilar bilan uchrashib, ularning faoliyatini kuzatar ekanman, hurmat madaniyatiga qoyil qoldim – garchi notanish insonlardan buni kutmasam-da, ularning har biri bilan muloqotda samimiylikni his qilaman. O‘zimni bunday hurmat-ehtiromga sazovor bo‘ladigan biror ish qildim, deb hisoblamayman. Shunga qaramay, menga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor, ziyolilik va bilimga chanqoqlik – bularning barchasi meni chin dildan quvontiradi. Ayniqsa, bir nechta maktablardagi o‘qituvchilar bilan uchrashuv yodimda qoldi: ular meni diqqat bilan tinglab, savollar berib, insonparvar pedagogikani chuqurroq anglab olishga intilishdi. Ularning samimiy qiziqishi meni hayratga soldi va men hamkasblarimdan cheksiz minnatdorman.
— Siz uchun insonparvar pedagogika nimani anglatadi va bu yondashuv qanday qilib tarbiya jarayonini yanada insoniylashtiradi?
— Insonparvar pedagogika tarbiya jarayonini yanada insoniyroq qiladi deyish noto‘g‘ri bo‘lmaydi. U bu jarayonni butunlay insoniylashtiradi. Bu shunchaki metodika emas, balki butun bir falsafa. Uning negizi Komenskiy, Pestalotssi, Ushinskiy, Suxomlinskiy, Montessori asarlariga borib taqaladi. Men zamonaviy o‘qituvchilarga yangi tamoyillarni anglash va qabul qilishda yordam beradigan qarashlar va g‘oyalar tizimini, psixologiya va falsafa uyg‘unligini yaratishga harakat qildim. Vaqt o‘tishi bilan hamma narsa o‘zgaradi. Hatto aniq fanlar ham o‘zgarishga uchrar ekan, san’at borasida gapirishga hojat ham yoʻq. Pedagogika esa – san’at.
Insonparvar pedagogikaning asosiy tushunchasi – ma’naviyat. Farzandini mehr-muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalayotgan ota-onaning o‘zi ham insoniy yondashuvga keladi. Biroq, insonparvarlik avtoritarlikka almashtirilsa (ko‘pchilik buni yaxshi ko‘radi), haqiqiy pedagogika bosim o‘tkazish vositasiga aylanadi. So‘ngra avtoritar tarbiyani qo‘llayotgan holda tamoyillarimiz samarasiz ekanidan nolishadi. Shuningdek, ko‘plab o‘qituvchilar bolalarni sevishini ta’kidlaydi. Ammo mehr-muhabbat faqat nazorat ishlari, baholar, ota-onalarni maktabga chaqirish orqali namoyon bo‘lishi mumkinmi? Bu usullar bilan mehr-muhabbat qozonilmaydi. Nazorat ishi o‘tkazgandan keyin qizil siyoh bilan xatolar tagiga chizib, “Nima uchun bunday xatolar bor? Axir necha marta tushuntirganman!”, deb dakki beradigan o‘qituvchini o‘quvchi qanday qilib yaxshi koʻrsin? Bunday muhitda mehrga o‘rin yo‘q. Achchiqlangan o‘qituvchi o‘z jahlini bolaga sochadi va bu yaxshilikka olib kelmaydi.
Bundan kelib chiqadiki, maktabda klassik ma’nodagi to‘laqonli ta’lim ham, tarbiya ham yo‘q. Tushunchalarni almashtirish orqali odatdagi o‘qitish jarayoni ta’lim deb ataladi. Aslida, ta’lim – kengroq tushuncha. Hatto kengroq emas, balki asosiy tushuncha. U nafaqat o‘qitishni, balki tarbiya, rivojlanish, shaxsni shakllantirish va boshqa ko‘p jihatlarni qamrab oladi. Garchi o‘rta ma’lumot haqidagi shahodatnomalarni berayotgan bo‘lsak-da, bizda to‘laqonli ta’lim jarayoni mavjud emas.
Xo‘sh, bolaning o‘rta ma’lumoti bormi? Unda shunchaki biz shartli ravishda o‘rta daraja deb ataydigan ma’lum bir bilimlar to‘plami mavjud, xolos. Biroq, o‘qimishlilik faqat bilimdan iborat emas. Bu fikrlash, dunyoga falsafiy nazar solish qobiliyati. Bu muqaddas narsaga ishonchdir. Maktab bolaga hayotda tayanch bo‘la oladigan asos berishi lozim. Unga biror muqaddas narsa – axloqiy ko‘rsatmalar, boshqalarni yaxshi ko‘rish va hurmat qilish muhimligi tushunchasini bering. Yoki hech bo‘lmaganda, dunyoda turli xil qarashlar borligini ko‘rsating, chunki bola bu haqda bilishi va o‘z tanlovini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Maktab nima beradi? Bilimlarni, ularni qo‘llash haqidagi tushunchasiz beradi, xolos. Shu tariqa insonparvar pedagogika avtoritar qadriyatlarga almashtiriladi. Mana oddiy misol: ayrim dinlarda yerdagi hayot abadiylikka tayyorgarlik deb qaraladi. Bolaga: “Turli xil qarashlar bor. Ba’zilar ruh yo‘q, demak, mangulik ham yo‘q, deydi. Boshqalar esa ruh bor deb ta’kidlaydi” deyish mumkin-ku. Bola tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Insonparvar pedagogikaning mohiyati ham ana shunda. U tanlash erkinligini beradi, nafaqat aqlni, balki insonning ruhini ham shakllantirib boradi.
Bolani turlicha sevish mumkin. Xudbinlarcha: “Bu mening quvonchim, mening kelajagim, mening oltinim” deyish mumkin. Yoki ongli ravishda, u shunchaki farzandingiz emas, balki sizga tarbiyalash uchun ishonib topshirilgan qalb ekanini anglash ham mumkin. Haqiqiy tarbiya – insonni boshqalarga baxt keltiradigan qilib tayyorlash.
Insonparvar pedagogika quyidagilarni taʼkidlaydi: bolalarni seving va ushbu ko‘rsatmalarga amal qiling. O‘qituvchi – ziyo taratuvchi zot. Agar bu nur uning qalbida yonib tursa, u o‘qitayotgan fan ham yangicha mazmun kasb etadi. Maktab shunchaki bilim berish bilan cheklanmay, shaxsni shakllantirishga xizmat qilishi lozim. Shunda biz oddiy o‘quvchilar emas, balki fikrlovchi, ma’naviy boy insonlarni tarbiyalaymiz.
Haqiqiy ta’lim shunchaki bilim berish emas, balki ruhni tarbiyalash hisoblanadi.
— Qaysi qadriyatlarni mustahkam oila va muvaffaqiyatli tarbiyaning asosi deb hisoblaysiz?
— Men aytmoqchi bo‘lgan qadriyat faqatgina mening shaxsiy qadriyatlarim emas. Bu universal tamoyil, oila va hayotning asosi. Gap er-xotin o‘rtasidagi samimiy, bir-biriga va farzandlarga g‘amxo‘rlik tuyg‘usini uyg‘otadigan, kelishmovchiliklarga tobora kamroq joy qoldiradigan muhabbat haqida ketmoqda.
Albatta, o‘zaro kelishmovchiliklar bo‘lishi muqarrar. Ammo sevgi nima? Bu kechira olish va yon bera olishni anglatadi. Ilk qadamni qo‘ygan kishi donolik va matonat ko‘rsatgan boʻladi. “Ha, azizam, nima farqi bor? Men seni sevaman. Qanday lozim topsang, shunday qil. Borishni xohlayotgan boʻlsang – boramiz. Xohlamasang – mayli, qolamiz” deb aytish mumkin. Shunda u g‘amxo‘rlikni his qilib, xuddi shu tarzda: “Azizim, men sizga ishonaman. Keling, siz taklif qilgandek ish tutaylik”, deb javob beradi.
Shu tariqa ziddiyatlar barham topadi, o‘zaro munosabatlar esa mustahkamlanadi. Ishonch bo‘lganda mehr-muhabbat chuqurlashadi, chinakam g‘amxo‘rlikka to‘lib kuchayadi – mana shu haqiqiy oila degani.
Oila qurishga tayyorlanayotgan yosh yigit-qizlarga kimdir: “O‘g‘lim, uylanish oson, lekin buning ortida ancha murakkab narsalar bor. Endi sen yolg‘iz emas, ikkita bo‘lasizlar. O‘z erkinligingning bir qismini yo‘qotasan, chunki endi yaqin odamingning fikri bilan hisoblashishing kerak boʻladi. Sen uni baxtli qilishga va’da bergansan – demak, shu va’dangni bajarishing shart” deb aytishi kerak.
Bu haqda gapirish zarur. Axir oilaviy hayotning asoslari, birinchi navbatda, insoniy qadriyatlar hisoblanadi.
— Shaxsiy e’tiqodlar bilan tarbiyadagi kasbiy faoliyatingizni qanday qilib birlashtirasiz?
— Kasbiy faoliyat muqarrar tarzda shaxsiy e’tiqodlarning bir qismiga aylanadi — hayotda barcha narsa o‘zaro bog‘liq. Men vaziyatga moslashmayman, balki o‘zligimcha qolaman. Kasbim meni emas, balki men o‘z fe’l-atvorim va qadriyatlarim bilan kasbimga mazmun beraman. Ta’lim sohasidagi faoliyatimni aynan shu tarzda olib boraman.
O‘qituvchi bolalarga ozor bermasligi kerak. Hatto eng qattiqqo‘l maktablarda ham u o‘quvchilarni hurmat qilishi shart — qonun shuni taqozo etadi. Biroq amalda bu ko‘pincha buziladi. Nima uchun? Chunki shaxsiy xislatlar ba’zan qoidalar o‘rnini bosadi. Insonparvar pedagogika esa o‘z tabiatiga ko‘ra ezgulikka asoslangan. U tashqi sharoitlarga bog‘liq emas. Uchrashuvda, tushlikda, tinglovchilar oldida — qayerda bo‘lmayin, mening ichki qadriyatlarim, falsafam va dunyoqarashim har doim namoyon bo‘ladi.
Kasb bu — o‘ta shaxsiy narsa. Ayrimlar ishni hayotning alohida qismi, yaʼni keldi, ishladi, ketdi qabilida tushunadi. Men uchun esa bu fe’l-atvorim va dunyoqarashimning davomi.
Odamlar turli niqoblar, ya’ni ota-onasi oldida — farzand, yaqinlari oldida — do‘st, ustozi oldida — o‘quvchi niqobini taqadi degan fikr bor. Ammo men har doim o‘zligimizcha qolishimiz kerak, deb o‘ylayman. Turli qiyofalar ortiga yashirinmasdan, o‘zgalarga moslashmasdan, aksincha o‘zligimizcha qolishimiz maqsadga muvofiq.
Men suhbatdoshimga qarab o‘zgarmayman. Siz bilan suhbatda ham, o‘g‘lim, hamkasblarim yoki do‘stlarim bilan muloqot qilganda ham o‘zligimcha qolaveraman. Zero, niqob haqiqatni yashirishga urinish, men esa samimiyatni tanlayman. Oilada ham, kasbda ham, hayotda ham.
— Gruziya va O‘zbekistondagi tarbiyaga bo’lgan yondashuvlarda qanday farq va o‘xshash jihatlarni ko‘rdingiz?
— Garchi zamonaviy sharoitlarda ayrim fazilatlarning qayta ko‘rib chiqilishi talab etilsa-da, gruzinlarning an’anaviy tarbiyasi ko‘plab qimmatli fazilatlarni saqlab kelmoqda. Lekin asosiy fazilatlar qatorida kattalarga bo‘lgan cheksiz hurmat, ayollarga bo‘lgan alohida ehtirom, mustahkam oilaviy rishtalar, ota-onaga bo‘lgan sadoqat va mehr-muhabbatni sanab oʻtish mumkin. Bu qadriyatlar bolalikdan insonda mas’uliyat, hurmat va burch tuyg‘usini shakllantirib, uyg‘un jamiyat uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Bunday an’analar o‘zbek madaniyatiga ham xos. Ular avloddan avlodga o‘tib, an’analar asta-sekin yo‘qolib borayotgan dunyoda ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Biroq, ularni nafaqat asrab-avaylash, balki kelajak avlodlarga hayotiy va foydali bo‘lib qolishi uchun zamonaviy voqelikka moslashtirishga ham e’tibor qaratish muhim.
Shu bilan birga, ayrim o‘rnashib qolgan qarashlar nafaqat noto‘g‘ri, balki zararli ham bo‘lishi mumkin. Masalan, “Agar farzanding senga do‘st bo‘lishini istasang, uni dushman sifatida tarbiyala” degan ibora tanqidga arzimaydi. Ishonch va hurmat qo‘rquv va qarshilik asosida qurilmaydi. Bolani nizoli muhitda tarbiyalab, undan do‘stlik kutib bo‘lmaydi.
Doimiy kurashda o‘sgan bolalar mehr-muhabbat va ishonchni o‘rganmaydi. Aksincha, ularda tajovuzkorlik, hadiksirash, raqobatga intilish hissi shakllanadi. Ular dunyoni jang maydoni, yaqinlarini esa raqiblar sifatida ko‘rishni boshlaydi. Axir, bu mustahkam oila uchun poydevor bo‘la oladimi?
Bolani qanday tarbiyalasang, o‘shanday bo‘ladi. Agar xusumat parvarish qilinsa – atrofida dushmanlarni ko‘radi. Agar uni mehr-muhabbat, hurmat va qo‘llab-quvvatlash muhitida oʻstirsangiz, u xuddi shunday javob berishni o‘rganadi. Oila – hokimiyat uchun kurash maydoni emas, balki ishonch, hamjihatlik va g‘amxo‘rlik makoni. Faqat shundagina hurmat qo‘rquvdan emas, balki samimiy muhabbatdan tug‘iladigan jamiyatni yaratish mumkin.
— Gruziya va O‘zbekiston choy an’analariga boy mamlakatlardir. Jurnalning bu sonida choy marosimlariga alohida e’tibor qaratdik. Ayting-chi, siz qaysi choyni afzal ko‘rasiz?
— Butun oilamiz bilan o‘tli choylarni juda yaxshi ko‘ramiz – ular uyni shinamlikka to‘ldiradi va haqiqiy iliqlik baxsh etadi. Agar qora va yashil ranglardan birini tanlasangiz, ko‘pincha yashil rangga moyil bo‘laman – uning yangi, biroz taxir ta’mi tetiklashtiradi va uyg‘unlik hissini beradi. Bundan tashqari, men o‘zim uchun yangi ta’mlarni kashf etishni va ekzotik choylarni tatib ko‘rishni yoqtiraman. Men uchun eng yoqimli kashfiyotlardan biri o‘zbek tog‘ choyi bo‘ldi – u hayratlanarli darajada xushbo‘y, to‘yimli va o‘zidan keyin yoqimli ta’m qoldiradi, go‘yo tabiiy tarovat va kuchga to‘la tog‘ vodiylariga olib boradi.
— Tarbiyadagi qaysi zamonaviy muammolarni eng dolzarb deb hisoblaysiz va yondashuvingiz ularni bartaraf etishga qanday yordam beradi?
— Zamonaviy ta’limning eng muhim muammolaridan biri — ma’naviyatning yo‘qotilgani. Masala uning umuman mavjud emasligida emas, balki avtoritar tizim unga joy qoldirmayotganida.
Ammo ma’naviyatni majburlab singdirib — me’yorlab yoki standartlarni belgilab bo‘lmaydi. Yagona chora — eskirgan tizimga o‘z umrini yashab, o‘rnini hurmat, shaxs rivojlanishi va ongli maorifga asoslangan insonparvar ta’limga bo‘shatishiga imkon berish boʻladi.
Ba’zi o‘qituvchilar boshqa usulda ishlay olmagani uchun eski tartibda ishlashda davom etmoqda. Mayli, shunday bo‘la qolsin. Ammo yangi narsalarni qurishga tayyor bo‘lganlar ham bor — aynan ularni qo‘llab-quvvatlash kerak. Maktabni yuqoridan turib isloh qilib bo‘lmaydi. Darsliklarni yangilash, standartlarni o‘zgartirish, yangi partalar qo‘yish, sinflarni zamonaviy texnikalar bilan jihozlash mumkin. Lekin o‘qituvchining o‘zi o‘zgarmasa, uning qalbi “isloh” qilinmasa, maktabning chinakam yangilanishi ro‘y bermaydi. Bu biroz g‘amgin eshitilishi mumkin, ammo haqiqat shunday. Insonparvar pedagogika ta’limga yetishmayotgan ma’naviy jihatni qaytaradi. Ishonchim komilki, faqat shu birgina jihatni o‘zgartirsak, ko‘pgina muammolar yechimi o‘z-o‘zidan topiladi.
— Pedagogika sohasiga endigina qadam qo‘yayotgan va ta’limni insonparvarlik nuqtai nazaridan ko‘rishga intilayotganlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
— Universitetni tugatib maktabga kelgan yosh o‘qituvchi darhol ilg‘or g‘oyalarga e’tibor qaratishi muhim. Shunchaki oliy o‘quv yurtida shakllangan va maktab tizimida ildiz otgan qoliplarni takrorlamaslik kerak. Ongli ravishda eskicha yondashuvlardan voz kechib, ta’limni yangi tamoyillar asosida tashkil etish kerak.
Haqiqiy yangi o‘qituvchi — bu yoshiga koʻra emas, balki yangi, dadil g‘oyalarga ega bo‘lgan kishi. Yosh muhim emas. Ta’limga yangilik olib kirayotgan insonni “qari” deb atash mumkinmi? Albatta, yo‘q. Aynan g‘oyalar bizni yosh qilib turadi.
Shuning uchun asosiy tushunchalar — ma’naviyat, mehr-muhabbat, hurmatdan boshlash kerak. Ha, bu yo‘lda ko‘plab qiyinchiliklar bo‘ladi, ammo eng muhimi — avtoritar usullarga qaytmaslik, shubhalarga yengilmaslik, o‘zingizga: “Ehtimol, men xato qilayotgandirman?” yoki “Eski, sinab ko‘rilgan yo‘ldan yurish osonroq” deb aytmaslik kerak. O‘tmish yakuniga yetgan, u endi yo‘q.
Faqat oldinga — tizimni aynan o‘qituvchi yaxshilashga qodir bo‘lgan va o‘z kasbida haqiqiy maqsadini topa oladigan dunyoga qarash muhim.
— Mehr-muhabbat, hurmat va o‘zaro hamjihatllik ustuvor bo‘ladigan ta’lim kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
— Bilasizmi, kecha o‘z ko‘lami va betakror go‘zalligi bilan hayratga soladigan binoni ko‘rdim. Ko‘pchilik kelajak maktabini eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, har bir sinfda kompyuterlar o‘rnatilgan va yangilangan dasturlar mavjud ultra zamonaviy bino sifatida tasavvur qiladi. Biroq, bularning barchasi faqatgina tashqi ko‘rinish.
Maktabning haqiqiy kelajagi texnika bilan emas, o‘qituvchi bilan belgilanadi. Yangi ta’limni aynan uning fe’l-atvori, qarashlari shakllantiradi. Maktabga kelgan jonli, erkin fikrlaydigan pedagog shu ondayoq kelajak maktabini yaratishni boshlaydi. Bunday o‘qituvchi o‘tmishga bogʻlanib qolmasdan, aksincha, o‘quvchilar va hamkasblarini ilhomlantirgan holda oldinga yo‘l ochadi. Uni hurmat qilishadi, undan o‘rganishadi, u o‘zgarishlar yo‘lboshchisiga aylanadi.
Kelajak maktabi devor yoki texnologiyalardan iborat emas. Bu o‘qituvchining ta’limni ichkaridan o‘zgartirishga qodir boʻlgan qalbi va aqlidir.
Gruziya – boy madaniyat, chuqur an’analar va mustahkam oilaviy rishtalarga ega mamlakat. Bu yerda ajdodlar merosi e’zozlanadi, farzandlar mehr va hurmat bilan tarbiyalanadi, qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib boradi. Bu ajoyib dunyo bilan shaxsan tanishing – 1.8 million so‘mdan boshlab Centrum Air bilan Gruziyaga uchib keling!