blog

Oshxona • 7 Aprel

Har qanday hikoya bir piyola choy bilan boshlanadi


Bu material g‘alati tarzda to‘rtta mamlakatni: choyning vatani Xitoy, XIX asrda Rossiyadagi eng yirik Nijniy Novgorod yarmarkasi orqali choyni Moskva, Sankt-Peterburg va undan keyin Yevropaga yetkazib bergan Nijniy Novgorod; an’anaviy choyxonasiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan O‘zbekiston va dunyodagi eng shimoliy choy plantatsiyalariga ega Gruziyani birlashtira oldi. Biz faqat ichimlikning paydo bo‘lish tarixi emas, balki anʼanalar va qahramonlarimizning xotiralari haqida so’zlab beruvchi dilkash va samimiy hikoyani yaratishga harakat qildik.

 

 

“Ilk piyola choy lablarim va tomog‘im namlar,

Ikkinchisi esa yolg‘izligim tarqatar,

Uchinchisi besamar ongimni paypaslab ko‘rar,

Sarson-sargardon fikrlarim jildlarin topmoq uchun.

To‘rtinchi piyoladan so‘ng — mana, ter ham chiqdi.

Hayotdagi bor nojo‘yalar terim porasi ila tanim tark etdi.

Beshinchi piyola bilan, mana, men yana pokman.

Oltinchisi meni boqiylik saltanatiga eltar;

Yettinchisi... Afsus, ortiq icholmayman!"


Qadimgi xitoy shoiri


 

Toshkent Xurshid: “Choy va osh — bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan kelin-kuyovday gap”


O‘zbekiston qahvaga nisbatan choyni afzal ko‘radigan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda tursa-da (Euromonitor International, 2016-yil ma’lumotlari), mamlakat hududida o‘z choy plantatsiyalari mavjud emas. Iqlim sharoitlari tufayli bu o‘simlikni yetishtirish imkoniyati yo‘q. Asosiy yetkazib beruvchilar Shri-Lanka, Xitoy, Angliya, Gruziya va Eron hisoblanadi, yirik choy qadoqlash korxonalari esa Toshkent va Samarqandda joylashgan.








O‘zbek choyxo‘rlik an’analari haqida 22 yildan ortiq tajribaga ega o‘zbek trevel blogeri,

Dunyo Boʻylab kanali radio va telejurnalisti Toshkent Xurshid bilan suhbatlashamiz.

Xurshid — choy boʻyicha katta mutaxassis va uning shinavandasi:

birinchi qultum va rangiga qarab ichimlikning naqadar sifatli ekanini aniqlay oladi.








— Mamlakatimiz iqlimining o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘k choy afzal ko‘riladi: u yozgi jaziramada kishini tetiklashtiradi. Qora choy ham ichiladi, lekin u ko‘proq havosi salqinroq boʻlgan poytaxtda isteʼmol qilinadi: agar biror muassasada choy buyurtma qilsangiz, sizga ta’mni yanada to‘yintiradigan limon va shakar solingan bir choynak qora choy keltirishlari ehtimoldan holi emas. So‘nggi yillarda Xitoy uluni, porox choyi va dam yegani sari choynak ichini katta boʻlib ochiladigan gul bilan bezaydigan yirik bargli choylarga bo‘lgan talab ortib borayotganini kuzatayapman.


Choy bizda tong sahardan ichiladi — bu mamlakat aholisining nonushtasi, tushligi, kechki ovqatining ajralmas qismi boʻlib, u kun davomida, ayniqsa yozda, yana bir necha marta ichiladi. Choyxoʻrlik uchun idish juda muhim ahamiyatga ega — buning uchun yumaloq shakldagi sopol yoki loydan yasalgan choynak bo‘lgani ma’qul. Dastlab choynak qaynoq suv bilan chayiladi, so‘ngra odatda ichimlik qahrabo rangli va xushbo‘y bo‘lishi uchun ikki hissa choy solinadi.


Damlanish jarayonida juda sabrsiz kishilar quyidagi amalni bajaradi: bir necha bor ichimlikni piyolaga quyib, yana qaytarib choynakka quyadi. Shu tariqa choyning damlanishi uchun zarur bo‘lgan 5-10 daqiqa o‘tadi. Choynakka qaynoq suv qo‘shish odatiga keladigan boʻlsak, biz hech qachon bunday qilmaymiz: choyni oxirigacha ichib, qolgan choyni to‘kib tashlaymiz va yangisini damlaymiz. Choy qaynoq suv bilan suyultirilganda uning “to‘g‘ri” ta’mi va foydali xususiyatlari yo‘qoladi.



Endi choy qo‘shimchalari haqida: limon qo‘shish ma’qul ko‘riladi, ayniqsa qishda choyxonalarda, sut esa kamdan-kam hollarda qo‘shiladi, bu bizning an’analarimizga uncha xos emas. O‘zbekiston tog‘larida ko‘plab o‘tlar o‘sadi, ularni terib, quritib, o‘tli aralashmalar tayyorlashadi. Ko‘pincha ta’mi yalpizga o‘xshash “kiyik o‘t” ishlatiladi. Choyxoʻrlik uchun dasturxonga shirinlik, yong‘oq, quritilgan meva yoki pishiriqlar tortiladi, lekin shaxsan men bularning barchasini yoqtirmayman va qora, iloji bo‘lsa achchiq shokoladni ma’qul ko‘raman. Eng yaxshi uyg‘unlik — apelsin po‘stlog‘i qo‘shilgan qora shokolad va issiq ko‘k choy — buni albatta tatib ko‘ring!



— Xurshid, an’anaviy o‘zbek choyxonasi madaniyati haqida gapirib bersangiz.

— Bizda “choyxona” so‘zi aslida choy ikkinchi darajali bo‘lgan joyni anglatadi. Aslida, u yerda yaqin do‘stlar yoki qarindoshlar qanchalik band boʻlishiga qaramay haftasiga yoki oyiga bir marta albatta to‘planishadi. Osh buyurtma qilinadi va u keltirilgunicha choy ichiladi. Taom ham choy bilan yakunlanadi. Umuman olganda, choy va osh — bu xuddi turmush qurgan sevishganlar kabi — bundan yaxshiroq uyg‘unlik yo‘q! Choy yog‘larning erishi, ovqatning tezroq hazm bo‘lishiga yordam beradi.


O‘tmishga borib taqaladigan yana bir odat bor. Bobokalonlarimiz deyarli yassi boʻlgan katta sopol laganlarda osh yegan va lagan bo‘shab, tagida ozgina yog‘ qolganida, unga issiq ko‘k choy quyilgan va bu aralashmani dasturxon atrofidagi eng hurmatli odam ichgan. Tibbiyot nuqtai nazaridan, buni foydali deb bo‘lmasa-da, an’ana shunday bo‘lgan va ba’zi hududlarda bu xuddi oshni qo‘l bilan yeyish odati kabi hozir ham saqlanib qolgan.



— O‘zbekistondagi choy bilan bogʻliq an’analar haqida eshitish juda qiziqarli ekan! Yana qanday odatlar bor?

— To‘y bilan bog‘liq urf-odatlar mavjud.  Bizda doim to‘ydan oldin ertalabki osh tayyorlanadi va odatda ziyofat boshida ham, oxirida ham dasturxonga ko‘k choy tortiladi. Kelin, aniqrog‘i endi rasmiy rafiqaga aylangan qiz turmush oʻrtogʻining uyiga kelgach, uy ahli taxminan bir oy davomida uning qo‘lidan choy ichadi. U piyoladagi choyni o‘ziga xos tarzda, ikki barmog‘i bilan piyola tubidan ushlab uzatadi.

 

Ikkinchi an’anamiz: bizda doimo mehmonga choy uzatiladi. Ya’ni, ba’zi hududlarda qahva berilsa, bizda faqat ko‘p miqdorda ko‘k choy tortiladi. Avval kichik piyolalarda choy, keyin dasturxonga qolgan hamma narsa – shirinliklar, taomlar tortiladi va h.k. “Mehmondo‘stlik” va “choy ichish” tushunchalari biz uchun chambarchas boʻgliq.



— O‘zbeklarda dasturxon atrofida “Sizga hurmat bilan choy quyaymi?” degan iborani eshitganman. Buning ma’nosi nima?

— Bizda piyolaga choy to‘ldirib quyilmaydi, chunki bunday harakati bilan choy quyayotgan kishi go‘yo “boshqa murojaat qilmang” maʼnosida ishora qilgandek boʻladi. Ichimlik faqat piyola tubidagina bo‘lganida, uni sovib qolmasidan bir necha qultumda ichishga ulgurasiz va piyolani yana mezbonga uzatasiz. Shunda sizga yana bir kichik porsiya quyiladi va u ham sovishga ulgurmaydi: shu tariqa choyning asl ta’mini his qilib ichasiz.



— Juda mazali hikoya qilayapsiz-da! Serquyosh O‘zbekiston mehmonlari choyni qayerdan sotib olishlari va eng mazali damlanadigan choyni Toshkentning qayerida tatib ko‘rish mumkinligini aytish vaqti keldi.

— Mazali choy sotib olish uchun maxsus do‘konlarga yoki choy ham tarozida tortib, ham qadoqlangan holda sotiladigan bozorga boring. Ehtimol, xarid paytida sotuvchi qon bosimingiz yuqori yoki pastligini so‘rashi mumkin, chunki ko‘k choy bunga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda koʻproq “95 koʻk choy” navi iste’mol qilinadi. Bu raqamlash tizimi SSSR davrida shakllanib, 10-raqamli eng past sifatli xom ashyodan boshlanib, 125-raqamli eng yuqori sifatli xom ashyogacha bo‘lgan navni bildiradi.


Agar siz Toshkentga uchib kelgan bo‘lsangiz, albatta Human House san’at galereyasiga tashrif buyuring va uning rahbari Lola Sayfi bilan uchrashing. U yerda ajoyib lazzatli choy bor! Birinchidan, xizmat ko‘rsatish usuli kishini quvontiradi: milliy naqshlar bilan bezatilgan sopol yoki keramik idishlardan foydalaniladi, chunki Human House hunarmandchilik markazidir. Ikkinchidan, u yerda choy xushbo‘y tog‘ giyohlari aralashmasi yoki men yuqorida tilga olgan “kiyik o‘ti” bilan bo‘ladi.



— Bilishimcha, tashrif buyurgan barcha mamlakatlaringizda choyni tatib ko‘rasiz. Qaysi choyxo‘rlik eng esda qolarlisi bo‘lgan?

— Seuldan (Janubiy Koreya) 2 soatlik yo‘l uzoqligidagi baland tog‘da joylashgan Shao Lin monastiridagi choyxo‘rlik, ehtimol, eng kuchli xotira bo‘lib qoldi, u yerda bizni o‘tlar qoʻshilgan ajoyib ichimlik bilan mehmon qilishgandi.


Eng hafsalam pir bo‘lgani Londonga birinchi safar borib, u yerda to‘rt yil yashaganimda boʻlgandi.  Soddalik qilib, barcha inglizlar uchun muqaddas boʻlgan “five o’clock tea” an’anasi hukm suradigan mamlakatiga borayotganimni o‘ylagandim.  Afsuski, yanglishgan ekanman, chunki supermarketlardagi xilma-xillikka qaramay, inglizlarning o‘zlari deyarli yangi damlangan choy ichishmaydi, aksincha muzli gazlangan ichimlik yoki qahva iste’mol qilishadi. Ammo, o‘zim uchun lazzatli choylarni topib, albatta tatib ko‘rardim. Endi fevral oyi boshida Xitoyning Guanchjou shahriga sayohat qilib, mahalliy an’analar bilan tanishishni intizorlik bilan kutayapman. Chunki choyxoʻrlikdagi marosimlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, choy ichish shunchalik zavqli bo‘ladi.



Ikkinchi piyola. Choy marosimi –Xitoyning ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan madaniy an’anasi






Jou Jou,

Toshkentdagi “Dragon teaʻ do‘koni sohibasi.







— Xitoyning Yunnan viloyatidagi ona shahrim Sishuanbanna dunyoga mashhur puer choy daraxti plantatsiyalari yaqinida joylashgan. Tabiiyki, bu andak shirin va juda yoqimli, o‘ziga xos xushbo‘y, to‘yingan, tetiklantiruvchi ta’mli choy mening sevimli ko‘k choyim! Bolaligimdan choy madaniyati ichida ulgʻayganman, Sishuanbannada tez-tez choy ustalari oʻqitiladi, men ham ta’lim olganman va shu sababli choy marosimlari san’atini egallaganman. Toshkentga kelgach, o‘zbekistonliklarga ona shahrimdan keltirilgan sifatli puerni taqdim etishni istadim va shu yerda do‘kon ochishga qaror qildim.

 

Xitoyda ko‘plab choy tadbirlari – festival, degustatsiya va musiqiy choy marosimlari o‘tkaziladi. Ona shahrimda Choy jangi bayrami mashhur. Unda fermerlar o‘z mahoratlarini namoyish etadi, biz choy piroglarini tatib ko‘ramiz, ichimlikning turli navlaridan zavq olamiz, etnik guruhlar vakillarining chiqishlarini tomosha qilamiz va shunchaki hordiq chiqaramiz. Tushuntirish berib oʻtaman, choy pirogi bu – yassi shaklga keltirib presslangan choy barglari.  Choyxoʻrlik paytida ulardan bo‘lakcha sindirib olib, maydalab, damlab ichsa bo‘ladi. Xohishga ko‘ra piyoz, zanjabil, apelsin va boshqa qo‘shimchalarni ham qo‘shish mumkin.



— Jou Jou, hozirgi kunda Xitoyda choy qanday ichiladi? Butun dunyoda hayot sur’ati juda tezlashib ketdi, bunga vaqt topilayaptimi?

— Choy marosimi – Xitoyning ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan madaniy an’anasi, u Tan sulolasi davridan (VII–IX asrlar) boshlanadi.  Odatda vatandoshlarim haftada ikki marta bunday marosimlarda qatnashib, tushlikdan keyingi bo‘sh vaqtlarini maxsus xonalarda yoki uylarida choy, xushbo‘y iforlar va sokin, meditativ musiqadan zavq olib o‘tkazishadi. Marosim o‘tkazilayotgan hudud va ishtirokchilarga qarab o‘zgarishi mumkin. Masalan, qarindoshlar yoki do‘stlar uchun o‘tkaziladigan marosimlar bir-biridan farq qiladi.


Marosimni ko‘pincha an’anaviy libos – xanfu kiygan choy ustasi o‘tkazadi. Tayyorgarlik bosqichida choy tanlanadi, suv (imkon boʻlsa buloq suvi ma’qul koʻriladi) va idishlar hozirlanadi. Vatanimdagi eng mashhur choy – G‘arbiy Longjing ko‘lidan olingan choy, biroq tantanali marosimlar uchun maxsus navlar tanlanadi. Choy damlanayotganda uning barcha ta’mi va xushbo‘yligi to‘liq namoyon bo‘lishiga alohida e’tibor beriladi. Degustatsiya paytida choy ustasi choy ichish san’atini namoyish etadi va mehmonlarga tayyorlangan ichimlikni tatib ko‘rishni taklif qiladi. Shu lahzada mehmonlar va usta birgalikda ichimlikdan bahramand bo’lishadi.


Kundalik hayotda uyda maxsus choynaklardan kuniga ikki marta choy ichiladigan choy xonasi bo‘lishi mumkin. Shimoliy Xitoyda choy marosimlariga kamroq e’tibor beriladi va u asosan chanqoqni qondirish uchun iste’mol qilinadi. Masalan, Shandun muzofotida choy katta choynakda damlanadi va sovutilgan holda bir necha bor katta-katta ho‘plab ichiladi. Janubiy Xitoyda choy marosimi madaniyati kuchliroq rivojlangan bo‘lib, choy ichish uchun chinni finjon va choynaklar kabi maxsus choy anjomlari ishlatiladi.

 


— Guanchjouda choy qanday ichiladi – aviakompaniyamiz reyslari Toshkentni aynan shu shahar bilan bog‘laydi?

— Guanchjouda ayniqsa ertalabki choy madaniyati rivojlangan bo‘lib, bu hayotning ajralmas qismiga aylangan. Ertalabki choy nafaqat nonushta, balki muloqot usuliga ham aylangan. Guanchjouliklar ham o‘zbekistonliklar singari choyni choyxonalarda ichishni yoqtirishadi, u yerda gazaklardan tanovvul qilib, bir-birlari bilan muloqot qilishadi va muloqotdan bahramand bo‘lishadi.

Turli navdagi puer, ulun, xushbo‘y choylarni topishingiz va xitoy choy madaniyatini his qilishingiz mumkin boʻlgan do‘konimga marhamat!



Uchinchi piyola. Gruzin choyining xitoycha tarixi.






Eka (Yekaterina) Apsiauri – bir necha avlodi Tbilisida istiqomat qilgan,

tibbiyot xodimi, gruzin diplomati va elchisining rafiqasi.

Ekaning hatto aviatsiyaga ham aloqasi bor –

uning to‘ng‘ich o‘g‘li Igor Gruziya fuqaro aviatsiyasi davlat departamenti

va yetakchi xalqaro aviakompaniyalarda faoliyat yuritgan.





— Gruzin choyi tarixidagi muhim sanalardаn biri 1847-yil boʻlib, o‘sha yili graf Mixail Voronsov askarlar uchun vino o‘rniga Xitoydan choy olib kelish tashabbusi bilan chiqqan. Bu ichimlik askarlarni tetiklashtirаr va mast qilmasdi, shu bois u “askar choyi” deb nom olgan. Keyinchalik qadogʻida ushbu sana aks ettirilgan choy ishlab chiqarilgan, bu esa voqeaning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.



Gruziyada  choy plantatsiyalari savdogar Konstantin Popov tufayli paydo boʻlgan. U boshqalar kabi choyni import qilish bilan cheklan qolmagan va 1893-yilda xitoylik usta Lyu Junchjouni (Gruziyada u Lau Jon Dau nomi bilan tanilgan) taklif etgan. Usta dastlabki tajribalarini o‘tkazib, Ozurget (Guriya), Suxumi botanika bog‘i (hozirgi Abxaziya) va Zugdidi botanika bog‘ida (Megreliya) choy butalarini ekkan. Ma’lum bo‘lishicha, Gruziya iqlimi choy yetishtirish uchun juda mos boʻlib, yuqori sifatli, “toza”, qo‘shimcha kimyoviy ishlovlarsiz yetishtirilgan choy olish va eng qimmatli hisoblangan uchta yuqori bargini terib olish imkoni boʻlgan. Keyinchalik Popov Lau Jon Dau yordamida Chakvi, ya’ni Ajariyada choy plantatsiyalarini rivojlantirib, shu qadar muvaffaqiyatga erishganki, 1900-yilda ularning choyi Parijdagi Butunjahon sanoat ko‘rgazmasida “oltin” ni qoʻlga kiritgan! Aytgancha, keyinchalik Chakvidagi plantatsiyalar turli sabablarga ko‘ra inqirozga uchragan bo‘lsa-da, Guriyadagi ekinlar bugungi kungacha nafaqat mamlakat ichida, balki tashqarisida ham talab katta bo‘lgan yuqori sifatli hosil bermoqda.


Keyinchalik xitoylik qahramonimiz Chakvida uy qurib, hatto 1917-yildagi Oktyabr inqilobidan keyin ham faoliyatini davom ettirgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning evarasi hozir ham Gruziyada yashaydi! Bilishimcha, Lou Jon Dauning uzoq vaqtdan beri qarovsiz qolgan uyi yaqinda qayta tiklangan va muzey ochish rejalashtirilgan hamda u yerga ham Batumidagi Nobel uy-muzeyidan eksponatlar olib kelinadi.


Hozir Tbilisi markazida Gruziya organik choy ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidenti Shota Bitadze tashabbusi bilan ochilgan Gruzin choyi uy-muzeyi faoliyat yuritmoqda. U yerda choy yetishtirish tarixi bilan tanishish, tarixiy buyumlarni tomosha qilish va yuqori sifatli choy navlarini xarid qilish mumkin.




— Ayni kunda Gruziyada qanday choy ichiladi?

— An’anaga ko‘ra, Gruziya aholisi, albatta, qora choyni, uni turli qo‘shimchalar - mevalar, mavrak, za’faron bilan ichishni xush ko‘rishadi. Hozir yoshlar ko‘k choy ichishni boshlagan –

Xitoy bilan qayta tiklangan hamkorlik tufayli bizga yuqori sifatli mahsulot yetkazib berilyapti. Umuman olganda, hozir sog‘lom turmush tarzi, muvozanatli ovqatlanishga ko‘proq e’tibor qaratilayotganini kuzatyapman, ortiqcha ovqatlanish va spirtli ichimliklarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish bilan bog‘liq avvalgidek ziyofatlar barham topdi.



— Tbilisidagi choyxo‘rlik qanday kechadi?

— Choyxoʻrlikning bir nechta variantlari – tasodifan tashrif buyurgan mehmonlar, ma’lum bir vaqtga choyga taklif qilish, ko‘proq gitara yoki pianino jo‘rligidagi ziyofatga o‘xshash, yohud karta yoki loto kabi o‘yinlar sabab choyga taklif qilish singari turli sabablari bo‘lishi mumkin. Har biri haqida batafsil so‘zlab beraman.


Gruziyada uy eshiklari doimo ochiq, mehmon Xudoning elchisi hisoblanadi va uni qabul qilmaslik – gʻayritabiiy va notoʻgʻri ish. Mehmon kelganda kamida mehmonxonada unga choy taklif qilish lozim. Choy juda yupqa chinnidan yasalgan idishda, limon – tilla suvi yugurtirilgan sanchqi qoʻyilgan billur likopchada va albatta shakar bilan tortiladi. Hozir bu shakarqamish qand bo‘lishi mumkin, lekin avvallari oldindan qisqichlar bilan maydalangan rafinad yoki “shakarkinuli” (“muzqand”) boʻlgan. Har bir gruzin uy bekasining qoʻlbola murabbosi bo‘lishi shart – odatda, bu tarvuzli, yong‘oqli, mandarinli, jannat olmasili va, albatta, ichiga danak ham qo’shilgan o‘rik murabbo. Murabbolar baland oyoqchali mayda vazalarda beriladi.


Mana, men uchun sevimli boʻlgan va Tbilisida udum boʻlgan buvilarimiz choyxo‘rligiga ham yetib keldik. Bu bolalik va yoshligimdagi kichkina poshnali tuflichalarda, ridikyullar bilan, shlyapalarda yasangan dugona buvilar kelib, oqsuyaklarcha suhbatlashadigan eng iliq xotiralar. Choyxoʻrlik ziyofatning davomi emas, balki alohida tadbir sifatida va vokal yoki musiqa joʻrligida bo‘lishi mumkin edi. Ajoyib tarzda qo‘shiq kuylaydigan va mashhur salon kechalarini uyushtiradigan opa-singil Ishxnelilar butun Tbilisiga dong taratgan edi. Hozir ham deyarli shunday bo‘lyapti.



Agar ayollar davrasi toʻplansa, stolda yupqa chinni serviz bo‘ladi, erkaklarimiz esa odatda choyni stakandondagi stakanlardan ichadi, boz ustiga ular juda qimmat bo‘lishi mumkin. Ichimliklardan yana hamma yaxshi ko‘radigan shaftoli kompoti va likyorlar – ayniqsa, “vishnyovka” mashhur. Dasturxonga “Xudo bergan narsalar”: limon, asal, yong‘oq, quritilgan mevalar, mevalar – masalan, mavsum paytida anjir, xachapuri (usiz tadbir oʻtarmidi), ko‘pincha pishirilgan qovoq yoki asal va mayiz qo‘shib tayyorlangan shirin non – nazuki, balki unchalik biznikiga oʻxshamasa-da, lekin maqbul boʻlgan paxlava, ba’zida xohishga ko‘ra pishloq tortiladi. Palovni ham ko‘rishingiz mumkin, lekin u biznikidek go‘shtli emas, quritilgan mevalar, qovoq qo‘shiladi, ba’zan u uy bekasining didiga koʻra hatto qovoqda ham pishiriladi.


Dasturxon tuzash haqida ham aytib beray: albatta dasturxon yoziladi, agar kechki ziyofat bo‘lsa, u qora baxmaldan, popukli bo‘ladi, salfetka va shamlar qo‘yiladi. Choyxoʻrlikning muhim atributi – qandil o‘rniga stol ustidagi shinamlik yaratuvchi abajur.



— Xorijdagi diplomatik faoliyatingiz davomida gruzincha choyxo‘rlik uyushtirganmisiz?

— Alohida choyxo‘rlik boʻlmagan, lekin elchining rafiqasi sifatida diplomatik qabullarni tashkil etishda qatnashganman. Nyu-York (AQSH), Pekin (Xitoy), Boltiqbo‘yi mamlakatlarida mehmonlarni qabul qilganmiz. Asosan, dasturxonga an’anaviy gruzin taomlari va albatta, har doim hamma narsaning muhim tarkibiy qismi boʻlgan, dasturxon noz-ne’matlardan to‘lib-toshsa ham taklif etiladigan – xachapurini tortganmiz. Gruziyadan maxsus ziravorlar va makkajo‘xori uni keltirilardi, qolganiga mahalliy mahsulotlardan foydalanardik. Har doim ozroq sharob, ozgina churchxela, murabbo bilan ziyofatga qiziqarli xislat qo‘shishga harakat qilardik.



— Mamlakatingiz mehmonlariga choyni qayerdan sotib olish va qayerda tatib ko‘rishni tavsiya qila olasizmi?

— Qadoqlanmagan gruzin choyini olgan ma’qul, buning uchun ko‘plab choy uylari bor. Tbilisiga borsangiz, Gardenia Shevarnadze mavsumiy o‘simliklar bog‘iga tashrif buyurishni tavsiya qilaman, u yerda salon uchrashuvlari o‘tkaziladi, gullar qoʻrshovidagi shinam qahvaxonada choy ichib, pishiriqlardan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Bog‘ asoschisi Zurab Shevardnadze asli guriyalik bo‘lib, o‘zi ham choy ishlab chiqaradi. Shuning uchun bemalol oʻsha joyda xarid qilishingiz mumkin!



Gruziya hayron qoldirishni biladi - bu yerda nafaqat qora choy navlarini, balki juda g‘ayrioddiy choylarni ham sotib olish mumkin: gruzin uluni, Samegrelo Lunjing choyi yoki qirmizi choy. Gruziya hayratga sola oladi – nafaqat qora choy, balki juda g‘ayrioddiy navlarni ham sotib olishingiz mumkin: sizga gruzin uluni, Samegreloning lunszin choyi yoki gruzin qirmizi choyi yoqadimi? Bu yangiliklar Gruziya organik choy ishlab chiqaruvchilar uyushmasi va uning rahbari Shota Bitadze faoliyati tufayli paydo boʻlayapti. Uyushma fermer xo‘jaliklarini birlashtiradi, tanlovlar o‘tkazadi, xitoylik hamkasblari bilan hamkorlik qiladi. Shota Bitadze hatto choy damlashning yangi – barglar sharob uchun tor bo‘g‘izli shisha ko‘za – dekanterda damlanadi, choyning o‘zi esa sharob qadahlarida ichiladigan usulini o‘ylab topdi.



To‘rtinchi piyola. Guanchjoudagi choy bozori dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi.





Yekaterina Dorofeyeva

san’atshunos-sharqshunos, xitoy tili tarjimoni,

13 yil davomida Guanchjouda istiqomat qilgan,

hozirda Makaoda gid sifatida faoliyat yuritmoqda.






— Kunimni bir finjon choy bilan boshlayman. Uyimda albatta choynaklarning kichik to‘plami bor: bular yarim shaffof nefritdan yasalgan, misdan ishlangan va suv tubiga quyiladi-yu, odatdagidek, jo‘mragidan oqib chiqadigan an’anaviy qadimiy hiylali choynaklar. Men ikki xil navdagi ko‘k choy ichaman: bular eng mashhurlaridan biri boʻlgan “Ajdarho Long Jing qudug‘i” va “Mao Jian sochi uchi” nomli choylar.



— Katya, ba’zan Guanchjou bozorini deyarli dunyodagi eng yirik bozor deb yozishadi, shu to‘g‘rimi?

— Guanchjoudagi Fansun choy bozori dunyodagi eng yirik bozorlardan biri sanaladi. Bundan tashqari, u yagona emas — Panyu tumanida yana bittasi joylashgan. Bu bozor savdo-sotiq boshlanganidan beri mavjud bo‘lib, Guanchjou Kanton deb atalgan va chet elliklar bilan savdo qilish uchun ochiq yagona port boʻlgan paytlardan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Tabiiyki, xorijga choy aynan shu portdan olib chiqib ketilgan.



Fansun bozoridagi har bir do‘konchada sizni iliq kutib olib, choy bilan mehmon qilishadi va albatta xitoycha choy marosimini o‘tkazishadi. Har bir choy ustasining o‘z xos sevimli choy navlari va qiziqarli fenshuy atributikasi bor. Masalan, deyarli har bir ustaning stolida ustidan birinchi damlama to‘kiladigan pul baqasi turadi. Hech bir usta choyning birinchi damlamasini sizga quyib bermaydi, u albatta to‘kib tashlanadi. Men bir go‘zal marosimni umrbod eslab qoldim. Menga choy damlashning qadimiy usulini ko‘rsatishdi: usta imperatorga ikki metrdan yaqin kelishi mumkin boʻlmagani uchun u choyni hukmdorning yelkasi uzra uzun jo‘mrakli maxsus choynakdan quygan ekan.


Choy bozorida “Guanin Temir ma’budasi”, ulun, “Ajdaho qudug‘i”, puer, Bi Lo Chun, Da Xun Pao singari eng mashhur choylar bilan bir qatorda, mahalliy va uncha taniqli bo‘lmagan navlarni ham topish mumkin. Aprel oyining oxiri – may oyi boshlarida yangi terilgan, eng yangi choy paydo bo‘ladi. Bu choy qimmatli va qadrli hisoblanadi, albatta, xushbo‘y ham bo‘ladi. Chiroyli navlar gul yoki kichik mandarin ichida sotiladi — ochilganda bu juda manzarali ko‘rinadi.


Yaxshi choy arzon bo‘lmaydi: 500 gramm uchun kamida 100¥ (≈14$) atrofida to‘lashni mo‘ljallagan boʻlardim. “Ajdaho qudug‘i” ko‘k choyi Xitoydagi eng qimmat navlardan biri hisoblanadi: bir safar o‘zim uchun 100 gramm choyni 500¥ (taxminan 70$) ga xarid qilgandim, bu mening eng qimmat xaridim bo‘lgandi.


Bir necha yil avval xitoyliklar chet elliklarni aldashi tez-tez fosh boʻlardi, Xitoyda buni qilish oson: bozorlarda narxlar ko‘rsatilmaydi, ular so‘ralgandagina aytiladi. Shu sababli u yerga tajribali gid bilan birga borgan ma’qul edi, aks holda narxlar bir zumda oshib ketardi, choyning ham eng sifatlisi bo‘lmasdi. Hozir bunday holatni kuzatmayapman, Xitoy o‘zgargan. Ammo choy bozoriga tashrif buyurganingizda ba’zi qoidalarni esda tuting: sizga damlab berilayotgan choyni albatta hidlab koʻring, choyni baland ovozda chapillatib iching va sotuvchi bilan albatta savdolashing!



Beshinchi piyola. “Choy, biz nijegorodliklarmiz”


Nijniy Novgorodda ushbu material muallifi Marina Gulyashcheva istiqomat qiladi va bu yerda bir vaqtlar “Sharq va G‘arb xalqlari o‘rtasidagi vositachi” boʻlib xizmat qilgan Rossiyadagi eng yirik yarmarka bo‘lgan. Kyaxta chegara shaharchasidan keltirilgan xitoy choyi shunchalik muhim mahsulot boʻlanki, uning kelishi yirik savdo bitimlari tuzilishining boshlanishi hisoblangan. Ruslarning choy an’analari aynan Nijniy Novgorod yarmarkasida shakllangan, shaharliklarning o‘zlarini esa ko‘pincha “suv hoʻplovchilar” deb atashgan.


Oradan bir yarim asrdan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Nijniy Novgorod viloyatida aholi hamon kundalik nutqida “choy” hissiy bog‘lovchi so‘zini ishlatadi: "Choy, biz nijniynovgorodliklarmiz” yoki “Choy, ishga kechikmayman”. Bu noyob lingvistik hodisani hamyurtimiz Boris Pilnik hatto o‘zining “Choy” nomli she’rida abadiylashtirgan.


Qolgan piyolalardagi choylarni esa Centrum Air samolyotlari uchadigan shaharlarda va materialimiz qahramonlari tavsiya etgan joylarda ichishga taklif etamiz.



Yenglarimni hilpiratayotgan shamolning

salqin nafasini sezayapman,

Jannat qayerda ekan?

Shabadani egarlab, u tomon parvozimga ijozat aylang”

 

Qadimgi xitoy shoiri