O‘zbekistonda bahor yilning eng yorqin tadbirlaridan biri — qadimiy Navro‘z bayrami bilan boshlanadi. Tabiatning qayta jonlanishi va hayotning yangilanishini ramziy ifodalovchi bu bayram Ozarbayjon, Albaniya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Kosovo, Eron, Iroq Kurdistoni, Hindiston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Turkiyada yashovchi xalqlar madaniyatining ajralmas qismiga aylangan. Qolaversa, Navro‘z mintaqaviy bayram sifatida Gruziya, Makedoniya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Rossiya va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida ham nishonlanadi. Biz bu kunni nafaqat bahorgi tengkunlik bilan bog‘liqligi, balki ancha teran ma’noga ham ega ekanligini aniqlash maqsadida, tarixiy tadqiqotlarni chuqurroq o’rganishga qaror qildik.
Tarix va afsonalar
“Navro‘z” forschadan so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “yangi kun” degan ma’noni bildirib, hayotning navbatdagi davri boshlanishini ifodalaydi. U fors manbalarida ilk bor milodiy II asrda paydo bo‘lgan, ammo bayramning o‘zi Ahamoniylar sulolasi davrida (miloddan avvalgi 648–330-yillar) zardushtiylik bayrami sifatida nishonlangan. Asrlar davomida Navro‘z yangi yil boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, butun Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab tantana qilingan.
Rivoyatlarga ko‘ra, Navro‘z olamning yaratilishi va hayotning boshlanishi bilan bog‘liq. Zardushtiylarning olam va barcha tirik mavjudotlarning yaratilishi haqida hikoya qiluvchi muqaddas kitobi “Avesto”da shunday deyiladi: “Axuramazda olam va uning barcha tarkibiy qismlarini olti bosqichda yaratdi, lekin bu bir vaqtning o‘zida emas, balki olti yondashuvda sodir bo‘ldi”. Olam yaratilishining bu olti bosqichi “oltita bayram” yoki “gohonbor” deb ataladi. Ular quyidagilar:
1. Olam yaralishining birinchi davri Navro‘z bayramidan keyin qirq besh kun davom etadi. Bu vaqtda osmon yaratilgan. 2. Ikkinchi davr Navro‘zdan bir yuz besh kun keyin boshlangan va u suvning yaratilishi bilan bog‘liq. 3. Uchinchi davr Navro‘zdan bir yuz sakson kundan keyin boshlanib, u Yerning yaratilishiga bag‘ishlangan. 4. To‘rtinchi davr Navro‘zdan ikki yuz o‘n kun keyin keladi va o‘simliklarning yaratilishi boshlanadi. 5. Beshinchi bosqich — bayramdan ikki yuz to‘qson kun keyin kelgan va unda hayvonlar yaratilgan. 6. Yaralishning oltinchi davri Navro‘zdan keyingi uch yuz oltmish beshinchi kunga to‘g‘ri kelib, bu yil yakuni va insonning yaratilishiga to‘g‘ri keladi. Bu davr “Hamaspath maidyam” deb ataladi va “tengkunlik” deb tarjima qilinadi. Har yili bahorda oltita ko‘rinish — osmon, suv, tuproq, o‘simliklar, hayvonlar va inson timsolida mujassam bo‘lgan Yer yuzidagi hayotning qayta tiklanishini nishonlash lozim edi. Bundan tashqari, taniqli bir nechta fors afsonalari ham mavjud. Ular orasida eng mashhurlaridan biri — jin va insonlar ustidan katta hokimiyatni qo‘lga kiritgan shoh Jamshid haqidagi rivoyat. U Quyosh Hamalda bo‘lgan kuni taxtga o‘tirgan va undan taralgan nur butun yer yuzini yoritgan. Xalq bu kunni yangi davrning boshlanishi bilan qiyoslab, uni “yangi” deb atagan. Shuningdek, shoh Azdahak haqidagi kurd afsonasi ham diqqatga sazovor. Unda xalq shohga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib, ozodlikni nishonlash uchun tog‘larda gulxan yoqqanligi aytiladi. Eng keng tarqalgan talqinga ko‘ra, Navro‘z Quyoshga sig‘inish va yunon an’analarida nomi “Yulduz o‘g‘li” ma’nosini anglatuvchi afsonaviy payg‘ambar Zardusht (Zoroastr) nomi bilan bog‘liq. Qadimgi Oriy podsholari shu kuni quyoshning yillik davri tasvirlangan toj kiyib, Olov ibodatxonasidagi ibodatlarda ishtirok etganlar. Asta-sekin bu bayram zardushtiylik madaniyati ta’sirida bo‘lgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti xalqlari orasida keng yoyilgan. Navro‘zning paydo bo‘lishi va uning astronomiya bilan bog‘liqligi Shu bilan birga, Navro‘z bundan 5000-yildan ko‘proq vaqt oldin Ariana (Tahrir.: taxminan, Baqtriya) hududida paydo bo‘lganva dastlab astronomik kuzatuvlar asosida yaratilgan taqvim bilan bog‘liq dehqonchilik bayrami sifatida ommalashgan, degan taxmin mavjud. Grigorian, arab va yahudiy taqvimlaridan farqli o‘laroq, u Quyosh va sayyoralarning, ayniqsa, forslar Keyvan — “Vaqt hukmdori” deb atagan Saturnning osmondagi joylashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu taqvimdagi har bir yil muqaddas hayvon, yil homiysi kabi o‘z ramziga ega bo‘lgan. Shuningdek, Navro‘z otashparastlik tarixiga ham ega bo‘lib, ayniqsa, Ahamoniylar (miloddan avvalgi VI-IV asrlar) va Sosoniylar (milodiy III-VII asrlar) davrida dolzarb bo‘lgan. Solnomalarda bahorgi tengkunlik sharafiga o‘tkazilgan va hukmdorlar shohanshohga (Tahrir.: imperatorga o‘xshash qadimgi fors unvoni) sovg‘alar taqdim etgan tantanalar qayd etilgan. Bu kun rasmiy ravishda yangi yil bayramiga aylangan va uni nishonlash odati Fors imperiyasi ta’siri ostidagi barcha xalqlar orasida tarqalgan. Bayramga tayyorgarlik Navro‘z tabiatga, ayniqsa, olovga sig‘inishning eng qadimiy shakllaridan kelib chiqqan bo‘lib, bu uni eng qadimiy va ramziy ma'noga ega bayramlardan biriga aylantiradi. Bu nafaqat bayram kuni, balki asrlar davomida turli anʼana va e’tiqodlar bilan yoʻgʻrilgan, hosildorlik, qayta tiklanish hamda tabiat kuchlarini e’zozlash bilan bog‘liq ko‘plab urf-odat va udumlarni keltirib chiqargan muhim marosimdir. Navro‘z qanchalik yorqin va quvonchli nishonlansa, tabiat ham bunga javoban shunchalik saxiy bo‘ladi, deb hisoblanadi. Shu bilan birga, bayram ezgulikning yovuzlik ustidan qozonilgan gʻalabasi timsoli bo’lib, yangi olamning tug‘ilishini anglatadi. Navro‘z rasm-rusumlari “Avesto”da to’liq bayon etilgan. Biroq, undagi batafsil ma’lumotlar tilshunos olim Abraxam Giatsint Anketil-Dyuperron (1731-1805) tomonidan fransuz tiliga qilingan tarjima tufayli bizga ma’lum bo‘ldi. Tarjima 1771-yilda Parijda nashr etilgan va keltirilgan ilmiy izohlar uni o‘z davrining noyob asariga aylantirib, qadimgi madaniyat va an’analarni o‘rganishda yangi sahifa ochilishiga sabab bo‘ldi. Bu asar tufayli Navro‘z bayramiga puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligini bilamiz. Bayramdan bir necha hafta avval butun mamlakat bo‘ylab “hashar” — jamoaviy tarzda hududlarni obodonlashtirish ishlari o‘tkaziladi. Odamlar uy-joylarini, ko‘chalarni tartibga keltirishadi, daraxt va gullar ekiladi. Bu ishlar dasturxonga tortilgan palov atrofidagi ziyofat, qo‘shiq va raqslar bilan yakunlanadi. An’ana va ziyofatlar Navro‘zning ko‘plab urf-odat va an’analari qadimiy afsonalar bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, raqs va tomoshalar hayot, o‘lim va qayta tug‘ilish ramzi bo‘lgan Siyovush ma’budi haqidagi afsonalarni aks ettirgan. Bu afsonalar milliy raqslarda, jumladan, “Katta o‘yin”da o‘z ifodasini topgan. Bu raqs hozirgi kunda ham sahna ko‘rinishlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Umuman olganda, Navro‘z o’zining yaralishdan to qayta tug‘ilishgacha bo‘lgan hayot davrini hikoya qiluvchi raqs kompozitsiyalariga bog‘liqligi bilan olim va san’atshunoslar e’tiborini tortadi. Bu raqslardagi har bir imo-ishora va harakat chuqur ilohiy ma’noga ega. Iskandar Zulqarnayn davrida (miloddan avvalgi III-IV asrlar) mavjud boʻlgan “Katta o‘yin” raqsi ham qadimiy marosimlarning elementlarini saqlab qolgan va hayot, o‘lim hamda qayta tug‘ilish davrini ko’rsatib beradi. XX asr boshlarida xalq artistlari Tamaraxonim va Usta Olim Komilovlar ana shu qadimiy ritm va harakatlar asosida “Katta o‘yin”ning sahnalashtirilgan versiyasini yaratishdi. Bugungi kunda, afsonaviy Mukarram Turg‘unboyeva sahnalashtirgan mazkur raqs “Bahor” davlat raqs ansambli repertuaridagi eng sevimli va talabgir raqslardan biri bo‘lib qolmoqda. Nafosat va qadriyatlarga boy bo‘lgan bu raqs o‘zining dastlabki syujet asosini yo‘qotgan bo‘lsa-da, o‘zbek xoreografiyasining haqiqiy timsoliga aylangan. U ham xalqning tabiat va zamon bilan chuqur tarixiy hamda ma’naviy aloqalarini aks ettiruvchi ko‘plab marosim va an’analarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami kabi O‘zbekiston madaniy merosining muhim qismi hisoblanadi. Zardushtiylik madaniyatida mart oyi odatda “farvardin” deb atalgan va ajdodlarga bag‘ishlangan. Olamdan oʻtgan qarindosh-urug‘larning ruhi Navro‘z bayrami arafasida yerga qaytadi, deb hisoblangan va bu vaqtda odamlar sadaqa berib, ulardan yordam so‘ragan. Navro‘zning asosiy taomi boʻlgan sumalak birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tayyorlanadi. Sumalak undirilgan bug‘doydan tayyorlanadigan shirin taom bo‘lib, katta qozonlarda tun bo‘yi qaynatiladi. Butun jarayon hazil-mutoyiba, qo‘shiq va raqslar bilan o‘tadi, sumalak ichidan yong‘oq yoki toshcha topgan har bir kishi tilak tilashi mumkin. Urf-odatga ko‘ra, ayollar sumalakni tagiga olib ketmasligi uchun navbat bilan aralashtirishadi, ertalab esa uni tayyorlashda ishtirok etganlarga tarqatishadi. Bayram tun qorong‘usida butun oila yangi liboslarini kiyib, yangi idish-tovoqlar qo‘yilgan dasturxon atrofiga to‘planishi bilan boshlanadi. Navro‘z sharafiga yozilgan bu dasturxon “haft-sin” deb ataladi. Unda arab alifbosi harfi “sin” bilan boshlanadigan yettita (haft) mahsulot bo‘lishi shart. Bular — isiriq urugʻi (sipand), olma (seb), zira urug‘i (siyohdona), yovvoyi zaytun (sanjid), sirka, sarimsoq va unib chiqqan don (sabza). Bu yettita sehrli mahsulot Quyoshga hadya ramzi bo‘lib, uni qabul qilgan Quyosh yangi yilda hosilning mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida qayg‘urishi kerak. Shuningdek, nafaqat yaqinlarni, balki qo‘shni, mehmonlarni ham taomlar bilan siylash, kam ta’minlanganlarga va keksalarga yordam berish muhim hisoblanadi. Taomilga ko‘ra, Navro‘z arafasida gunohlardan tavba qilish, dushmanlar bilan yarashish, qarzlarni qaytarish va boshqalarni kechirish lozim. Navro‘z kunlarida mehribon farishtalar qalbi pok, dilidan gina-kuduratni haydagan va uyida saranjom-sarishtalikni saqlaydiganlarga baraka va farovonlik olib keladi. Odamlar insonni o‘rab turgan muhitning ozodaligi uning ichki dunyosi sofligini aks ettiradi, deb ishonishgan. Shu bois, bayram oldidan uy egalari xonadonlarini sarishta qilish, devorlarni oqlash va mayda-chuyda ta’mirlash ishlarini bajarishga harakat qilishadi. Yana bir qiziqarli urf-odat — uyga bo‘lajak farovonlikning ramzi hisoblangan birinchi mehmonni taklif qilish. Agar mehmon saxiy va xushchaqchaq bo‘lsa, yil omadli kelishi va’da qilinadi. Bayram sayillari Navro‘z bayrami Sug‘d va Qadimgi Xorazmda ham keng nishonlangan. Bu bayram turli marosimlar bilan birgalikda o‘tkazilib, ularda qo‘shiq, musiqa va raqs muhim o‘rin egallagan. Tadqiqotchilarning asarlarida bu bayramning quyidagicha ta’riflarini uchratish mumkin: “...bayram noib ishtirokidagi katta yurish bilan boshlanadi. Oldinda darvesh-qalandarlar qo‘shiq aytib, raqsga tushib boradi; ular ortidan amaldor va oxunlar (yuqori martabali olimlar) boradi. Bayram erkak va ayollarning qo‘shiq va raqslari bilan yakunlanadi.” Yoki boshqa bir tavsifda: “Aholi yangi liboslar kiyib, do‘ppilarini gullar bilan bezatib, shahar tashqarisidagi eng baland joylarda to‘planadi; u yerda nog‘ora, nay va boshqa cholg‘u asboblari sadolari ostida ot choptirib, kamondan o‘q uzish bilan vaqt o‘tkazishadi”. Zamonaviy O‘zbekistondagi Navro‘z Asrlar davomida tariximiz jiddiy o‘zgarishlarga uchragan: sulolalar almashgan, diniy e’tiqodlar o‘zgargan. Lekin, Navro‘zni nishonlash an’anasi saqlanib qolgan va u O‘rta Osiyo xalqlari hayotiga chuqur singib ketgan. Bayram bugungi kunda ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, keng miqyosda nishonlanmoqda. Zamonaviy O‘zbekistonda har yili 21-mart kuni ommaviy bayram tadbirlari o‘tkaziladi. Bog‘ va maydonlarda konsert, ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etiladi. Dorboz va masxarabozlarning chiqishlari, sport musobaqalari, milliy raqslar shodiyona va quvnoq muhitni yaratadi. Ayniqsa, ijodiy jamoalarning chiqishlari va madaniyat markazlarining tomoshalari ko‘p millatli O‘zbekiston madaniyatining boyligini namoyish etadi. Shuni ham ta’kidlash joizki, bu odamlar nafaqat bayramni nishonlaydigan, balki ma’naviy qadriyatlar — tabiatga g‘amxo‘rlik qilish, muhtojlarga yordam berish, gina-kuduratlarni unutish va ezgu ishlar qilish haqida o‘ylaydigan payt. 2009-yilda YUNESKO tomonidan Navro‘zning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi uni butun dunyo uchun noyob ahamiyatga ega ekanligini tasdiqladi. Navro‘z — o‘tmish va bugunni, tabiat va madaniyatni, insonlar va ularning an’analarini birlashtiruvchi bayram. Agar siz bayram nishonlanayotgan kunlarda O‘zbekistonda bo’lsangiz, albatta ezgulik, quvonch va mehmondo‘stlik bilan to‘lib-toshgan bu ajoyib fursatning sehrini albatta his qilasiz.