Tan olish kerak, samolyotlar shunchaki transport vositasi emas, balki o‘z qudrati va ko’rkamligi bilan jalb etuvchi ulug‘vor mashinalar hisoblanadi. Ularni kuzatish butun dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlarni o‘ziga birlashtirgan alohida san’atga aylandi. Aviatsiyaga bo‘lgan aynan shu ishtiyoq parvozdagi samolyotlarning betakror go‘zalligini suratga olishga intilganlar uchun aviaspotting, deb nomlanuvchi xobbini keltirib chiqardi. Ikki yil oldin O‘zbekistonda ham bu ommalashgan mashg‘ulotga rasman ruxsat berildi, hozir biz “po‘lat qushlar”ga bo‘lgan muhabbatini haqiqiy sarguzashtga aylantirganlar haqida hikoya qilamiz.
Dilmurod Toshmuhamedov
aviatsiya va multimodal tashuvlar bo‘yicha mutaxassis, fotosuratchi, aviaspotter
Aviaspotting bilan ikki yildan beri shug‘ullanaman, ammo dastlabki urinishlarim 2013-yildayoq bo‘lgan edi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bizda ham spotterlar harakati borligidan xabar topdim. Instagramda O‘zbekistonlik spotterlarning profillariga duch keldim. Tanlovimning asosiy sababi esa — aviatsiyaga bo‘lgan muhabbatim. Avvaliga bu faqat erkaklarga xos qiziqish deb o‘ylagandim, lekin ayollar ham samolyotlarga befarq emasliklarini angladim. Xuddi shunday xobbiga ega bo‘lgan juda iste’dodli yosh qizlar borligini ko‘rib hayron qoldim. Aviaspotting nuqtai nazaridan, meni sizning aviakompaniyadagi barcha samolyotlarning doimo tozaligi jalb qiladi. Ular juda ajoyib. Ayniqsa, livreyalar — samolyot tashqi qismining fyuzelyaj dizayni xilma-xilligi e’tiborni tortadi. Kunning yorug‘ vaqtida, buning ustiga havo ochiq bo‘lganda maxsus livreyada uchib kelgan havo kemasi — spotterlar uchun bayram. Omadim bor ekan, ishim havoda yuk tashish bilan bog‘liq bo’lganligi uchun tez-tez aeroportga borishimga to‘g‘ri keladi. Kamera ham doim yonimda. Aviaspottingni sportning bir turiga kiritish mumkin, deb o‘ylayman. Bu ovni eslatadi va doimo oʻzingiz bilan “qurol” – bir yarim kilogramm ogʻirlikdagi fotoapparatni olib yurishingiz kerak. Qiyinchiliklar haqida gapiradigan boʻlsak, bizda aviaspotting uchun maxsus jihozlangan joylar yo‘q. Yaxshi tomoni shundaki, aeroport shahar ichida joylashgani tufayli uchish-qo‘nish vaqtida samolyotlarni turli rakurslardan suratga olish mumkin. Yangi boshlayotganlarga fotografiya asoslarini, tabiiy yorug‘lik bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini va fotoredaktorlardan foydalanishning dastlabki ko‘nikmalarini o‘rganishni tavsiya qilaman. Darhol qimmatbaho fotoapparat sotib olishga shoshilmang — marketologlarning hiyla-nayranglariga uchmang. Jarayonning o‘zini ko‘pincha oldindan aytib bo‘lmaydi, ba’zan yaxshi kadr olish uchun bir soat kifoya qilsa, ba’zida xuddi shu natijaga erishish uchun butun kunni sarflashga to‘g‘ri keladi. Yarim tundan tong otguncha samolyotlarni “tutadigan” hamkasblarimni bilaman. Ko‘p narsa uchib kelish va uchib ketish jadvaliga bog‘liq. Ayniqsa, bizni xalqaro aeroport tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy bahorgi va kuzgi spottinglarga taklif qilishlari juda yoqadi. Tadbirlardagi ajoyib muhit eski do‘stlar bilan uchrashish va yangi tanishlar orttirish, shuningdek, hamfikrlar bilan quvonch va tajribalarni baham ko‘rish imkonini beradi. Men, Centrum Air kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan bir nechta tadbirlarda qatnasha olganimdan mamnunman. Yangi samolyotlarning qo‘nishi, texnik xizmat ko‘rsatish hamda yuk samolyotlariga yuk ortish va tushirish jarayonlarini suratga olish juda qiziqarli kechdi. Uchuvchi va bortkuzatuvchilar bilan suhbatlashish ham unutilmas tajriba bo‘ldi. Lekin, uchuvchi kabinasidagi suratga olish jarayoni hammadan ko‘proq esda qoldi. Bizning jamoamiz safiga qoʻshilishni istaganlarga, har qanday ikkilanishlarni bir chetga surib, hech bo‘lmaganda telefon orqali suratga olishni taklif qilaman. Boshlashdan aslo cho‘chimang, ishlaringizni boshqalar bilan bo‘lishing va jarayondan zavq oling. Sofiya Nikolayeva maktab o‘quvchisi Aviaspottingdagi faoliyatim ikki yildan beri davom etmoqda. Asosiy xobbilarimdan sog‘ligim yoki vaqtim yetishmasligi sababli cheklanib qolganimdan so’ng, bu sohaga tasodifan kirib keldim. Aviaspotting haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali bilib oldim. Bu narsa u bilan shug‘ullanishga qaror qilishimdan ancha avval sodir bo‘lgan edi. Bolalikdan aviatsiyaga qiziqadigan inson sifatida doimo samolyotlar aks etgan video va chiroyli suratlarini tomosha qilishni yoqtirardim. Shunda o‘ylab qoldim: nima uchun aviaspotting bilan shug‘ullanmas ekanman? O‘zbekistondagi aviaspotting haqida ma’lumot qidirish jarayonida bo’lajak hamkasblarim bilan tanishdim. Aviaspottingda meni ko‘proq qiziqtiradigan narsa shundaki, fotografiyaning har qanday yo‘nalishida bo‘lgani kabi bu yerda ham ijodiy jihatdan juda keng miqyosda harakat qilish mumkin. Ammo, asosiy jalb qiluvchi obyekt, albatta, samolyotlar hisoblanadi. Bu xobbi orqali men o‘zimni har tomonlama ko‘rsata olaman, u ko’zga ko’rinishimga, boshqa odamlar bilan oson muloqot qilishimga, maslahatlar berishimga hamda shunchaki, o‘zimga yoqqan ish bilan shug‘ullanishimga yordam berdi. Yana bir muhim jihat — ruxsat olish va samolyotlarni rasmga olish bilan rasmiy shug‘ullanish uchun hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash kerak. Lekin, bu bosqichda qiyinchiliklar yuzaga kelmaydi. Buning uchun faqat pasportingiz kerak bo‘ladi. Qoidabuzarlik yuz berganda esa qo‘riqchilarni chaqirishlari, ammo dastlab ogohlantirish berib, ketishingizni so‘rashlari mumkin. Yangilarga faqat bitta maslahatim bor: o‘zingizga yoqqanidek suratga olavering, quyoshning nuqtalari va yo‘nalishlarini o‘rganing, suratga olish jarayonida va bolalar bilan muloqotda doimo do‘stona muhitni saqlang. Biz har doim ko‘maklashishga, har bir kishiga maslahat berishga va fototexnikadan foydalanishni o‘rgatishga tayyormiz. Dastlab yarim professional fotoapparat olish, ammo, fokus masofasi yaxshi bo‘lgan yaxshi obyektiv tanlash kerak. Ko‘p hollarda suratlar sifati va suratga olish qulayligi aynan unga bog‘liq bo‘ladi. Aviatsiyaga yaqinroq bo‘lish uchun samolyot bortida ishlash shart emas. Biz ba’zan yerda turib ham orzularni ro‘yobga chiqarish va dunyoga boshqacha nigoh bilan qarash mumkinligini angladik. Muxammadrasul Muxiddinov tadbirkor Biznes bilan shug‘ullanaman, aviaspottingga esa taxminan bir yil oldin keldim. Samolyotlarga bo‘lgan muhabbat – bizning oilaviy xislatimiz: otam doim ularni kuzatishni yoqtirardi va uning bu qiziqishi menga ham o‘tgan. Universitetni tugatganimdan so‘ng, aeroport yaqinida ishladim va ish kunim oxirida samolyotlarni suratga olish uchun borar edim. Dastlab faqat telefondan foydalanganman. Instagram va Telegram kanallar ochib, u yerga suratlarni joylashni boshlagandim. Keyinchalik, taxminan uch million so‘m sarflab, uncha qimmat bo‘lmagan oddiy fotoapparat va obyektiv sotib oldim. Yaqin orada texnikamni yangilashni rejalashtiryapman — tunda suratga olishni xohlayman, buning uchun esa yana bir obyektiv kerak bo‘ladi. Hozircha men asosan kunduzi suratga olaman. Bu jarayonda men hamfikrlarimni uchratdim, ular orasida O‘zbekistondagi aviaspotting asoschilari ham, yangi kelganlar ham bor. Barchasi bilan aviaspotterlar chatida tanishdim — biz u yerda 70 ga yaqin kishimiz. Chatda menga fotosuratlarimni joylashtirishim mumkin bo‘lgan resurslar borasida maslahat berishdi, dastlab qanday fotoapparat sotib olish, rakursni qanday tanlash borasidagi tavsiyalar bilan oʻrtoqlashishdi. Aviaspotting hayotimda muhim pog‘ona bo‘lib, kundalik ishlardan chalg‘ishimga yordam beradi. Samolyotlarning uchishi va qo‘nishini kuzatar ekanman, hamma narsani unutib orom olaman, ichki xotirjamligimni topaman. Bu nafaqat dam olish, balki izlanish ham — biz doimo yangi narsalarni, qiziqarli kadr va kam uchraydigan avialayner modelini suratga olishga intilamiz. Boshingiz uzra samolyot uchib o‘tayotganda paydo bo‘ladigan holatni tasvirlash mushkul — bu ta'riflab bo'lmaydigan tuyg'u, ba’zan butun tanangizni jimirlatib yuboradi. Chirchiqdagi aviashouda qatnashish men uchun muhim voqea bo‘ldi. Aviabazaga barcha xohlovchilar, shu jumladan, aviaspotterlar ham taklif qilindi. U yerda biz harbiy samolyot, vertolyot, qiruvchi samolyot va harbiy yuk tashuvchi samolyotlarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik — tadbir xotiramizda aql bovar qilmas taassurotlarni qoldirdi. Xobbimiz bilan bogʻliq qiyinchiliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, ular juda oz, odatda bu aeroportda xavfsizlik kuchaytirilgan paytdagi maxsus rejim. Bizni to‘xtatib, hozircha suratga olish mumkin emasligini eslatib qo‘yishadi, biz buni tushunamiz. Oddiy kunlarda esa muammosiz suratga olish mumkin, faqat qo‘riqchilarni suratga olish va to‘siqdan oshib o‘tish mumkin emas. Hammamiz qoidalarni bilamiz va yangi kelganlarga darhol buni tushuntiramiz, shuning uchun ham muammolar yuzaga kelmaydi. Ayniqsa, 2022-yilda qaror qabul qilinib, aviaspotting qonuniylashtirilganidan keyin hammasi osonlashdi. Omad bizga kulib boqdi, deb hisoblaymiz – qo‘shni mamlakatlarning barchasi ham ushbu faoliyat turini qonuniylashtirmagan. Kutilmagan vaziyatlar ham roʻy berib turadi: ob-havo sharoiti tufayli qo‘nish joyi o‘zgarganda spotting uchun joyni almashtirishga ulgurolmaysan. Bu biroz dilni xira qilishi mumkin. Biroq, bunday vaziyatlarning ijobiy tomonlari ham bor. Aynan bugun omadim chopib, kamdan-kam uchraydigan Boeing-787 modelini ko‘rishga muyassar bo‘ldim. U Bishkekdan uchib keldi, hech kim buni kutmagandi, men esa tasodifan va ayni vaqtida, kerakli joyda edim. Yangi boshlayotganlarni esa maxsus bilimlarga ega bo‘lishning hojati yo‘qligi, samolyotlarga bo‘lgan muhabbatning o‘zi yetarli ekani bilan tinchlantirmoqchiman. Amaliyot ko‘nikmalarni yaxshilashga va vaqt o‘tishi bilan kutilgan natijalarga erishishga yordam beradi. Tajriba orttirish va ko‘proq suratga olish kerak. Kompozitsiya haqidagi va kadrni qanday qurish bo’yicha bazaviy ma’lumotlarni o‘qishingiz mumkin. Agar maxsus jihoz va professional fotoapparat bo‘lmasa, boshlash uchun telefonning o’zi kifoya qiladi. Ko‘p o‘ylanib o‘tirmang, agar samolyotlarni yoqtirsangiz — suratga olishni boshlang.