blog

Joylar • 28 May

Quyon ortidan ergashib: Tbilisi boʻylab sayr

Tbilisi — nafaqat hammaga maʼlum diqqatga sazovor joylar, balki, hatto oʻzini bu shaharni juda yaxshi bilaman deb, hisoblaydiganlarda ham katta qiziqish uygʻotadigan manzillarga boy, kontrastlar shahri. Standart sayyohlik yo’nalishlari boʻylab qadimiy ibodatxonalar, ajoyib hovlilar va gʻayrioddiy art-makonlarda joylashgan shinam kafelar yashiringan. Sizlarni oʻtmish va hozirgi zamon hayratga soluvchi mozaik naqsh koʻrinishida bir-biriga chirmashib ketgan joy — nomaʼlum Tbilisi boʻylab sayr qilishga taklif qilamiz.



«Gardeniya Shevardnadze» kafe-bogʻi


Tbilisida Adan bogʻi bilan taqqoslash mumkin boʻlgan joy — Zurab Shevardnadzening «Gardeniya»si bor. Uning tamal toshi 2000-yilda, asoschisi Tbilisi davlat universitetining biologiya fakulteti talabasi oʻlaroq Botanika bogʻida amaliyot oʻtab yurgan pallada qoʻyilgan. Amaliyot davomida janob Shevardnadze germaniyalik mehmonlar – Myunxen botanika bogʻining direktori Andreas Gregori va Bonn botanika bogʻining direktori Volfram Lobini bilan tanishib qoldi. Bu tanishuv unga Bonn, keyinchalik, Myunxen va Frankfurtda amaliyot oʻtashiga yordam berdi.


2005-yilda Zurab ona yurtiga oʻz shahrini koʻkalamzorlashtirish niyatida bogʻ yaratish rejalari bilan qaytib keldi. Shahar chetidagi tashlandiq joyni sotib olib, xarobazorni goʻzal dam olish makoniga aylantira boshladi.


Eski poyabzal va loydan yasalgan gʻayrioddiy tuvaklardagi gullar, hamda uy-roʻzgʻor buyumlaridan foydalanilgan boshqa eksklyuziv bogʻ bezaklari Zurab fantaziyasining natijasidir. Mehmonlar, ayniqsa, xotirjam va deyarli uydagidek muhit, qiygʻos gullagan oʻsimliklarning xilma-xilligiga eʼtibor qaratishadi.


Zurabning dastlabki gʻoyasida faqat bogʻ rejalashtirilgan edi. Ammo, vaqt oʻtishi bilan bu yerda kafe va kichik mehmonxona ochildi.




Little cafe


«Gardeniya»dagi kichik kafe bogʻ ochilganidan besh yil oʻtib paydo boʻldi. Kafeda shu yerning oʻzidagi kichik plantatsiyada yetishtirilgan tabiiy guriy choyini tatib koʻrishingiz, oʻz qoʻllaringiz bilan Zurab Shevarnadzening oilaviy retseptlari boʻyicha keks va chuchvara pishirishingiz mumkin.




Villa Gardenia


«Villa Gardenia» apart-mehmonxonasida oʻzgacha bezatilgan oltita xona mavjud. Ular shinam va qulay antiqa mebellar bilan jihozlangan. Nonushta bogʻdagi kichik kafeda dasturxonga tortiladi. Xonalar tez-tez fotosessiyalar uchun ijaraga beriladi, demak, siz ham bir nechta retro uslubidagi suratlarni olishingiz mumkin.




Mehmonlarga taklif etiladigan xizmatlar


«Gardeniya» bogʻi hududida havaskor bogʻbonlar oʻzlariga yoqib qolgan oʻsimliklarning urugʻlarini sotib olishlari mumkin boʻlgan gul doʻkoni mavjud. Shuningdek, bu yerda floristika ustaxonasi boʻlib, unga nafaqat bayramona guldastalarni, balki, biron bir tadbir uchun zalni bezashga ham buyurtma berish mumkin. Dala hovlisi yoki hovlisini koʻkalamzorlashtirishni istaganlar uchun landshaft arxitekturasi byurosi faoliyat yuritadi, uning tajribali dizaynerlari bogʻingizni obodonlashtirish va rejalashtirish loyihasini tuzadilar, mutaxassislar esa, loyihani amalga oshiradilar.



Manzil: Tbilisi, Nikolaz Xudadovi koʻchasi, 138-uy

Bogʻlanish uchun: 032 224 67 03



«Fabrika»


«Fabrika» — 2016-yilda eski tikuvchilik zavodi oʻrnida ochilgan noyob sanʼat makoni. Fabrika binosining qurilishi XIX asr oxirida boshlangan, inqilobdan soʻng sovet hokimiyati uni xususiylashtirib, keng koʻlamli ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Bugungi kunda kelib, sovet meʼmorchiligining estetikasi ijodkor shaxslar tomonidan qay tarzda mohirona modernizatsiya qilinganini koʻrishishimiz mumkin. Binoning toʻrtta bloki birlashib, «Fabrika yuragi» deb ataladigan shinam hovli hosil qilgan. Bu makon koʻplab tadbirlar markaziga aylandi: 2023-yilning yoz oylarida bu yerda sharob festivali, «Splin» guruhi konserti, storitelling festivali, Oto Sagareishvilining «Ichra nazar sol» suratlar koʻrgazmasi va «Awesome Ukraine» kraft-marketi boʻlib oʻtdi.



«Fabrika» hududining oʻzida xostel joylashgan. U ham eski va yangining yana bir uygʻun chatishuvidir: pol linoleum bilan qoplangan, har yoqda eski sanoat konstruksiyalari elementlari koʻzga tashlanadi. Xostel xonalari katta, shinam va zamonaviy. Sayyoh uchta variantdan birini tanlashi — xostelda joy, xona yoki hatto butun boshli apartamentni ijaraga olish mumkin.



Shuningdek, «Fabrika» ishlash uchun zamonaviy va gʻayrioddiy uslubdagi joyni ham taklif etadi: qiziqarli dizayn, baland shiftlar va sovet estetikasi elementlari. Bu kovorking ish va ijod uchun oʻziga xos joyga aylandi.



Bu yerda ajoyib doʻkonlarni, shu jumladan, eksklyuziv kiyim-kechak va har bir eskizida konseptual gʻoyalarga ega Flying Painter dizayn studiyasini ham uchratish mumkin. Ceramic Studio kulolchilik ustaxonasi mavjud boʻlib, unda kulolchilik buyumlarini yaratish jarayonini tomosha qilish va ularni sovgʻa sifatida sotib olish mumkin.


Manzil: Tbilisi, Ignat Ninoshvili shohkoʻchasi, 8-uy



Yozuvchilar uyi


Gruziya yozuvchilar uyi — ilhomlanish uchun albatta kirish lozim boʻlgan joy. U Sarajishvilining Machabeli koʻchasi, 13-uy manzilidagi qadimiy ajoyib xos uyida joylashgan boʻlib, hayratomuz bezaklari bilan koʻzni qamashtiradi. Marmar, yogʻoch, naqshlar... Ayvonining poliga esa, faqat ikki marta — Sarajishvili uyi va Titanik paroxodi uchun yasalgan mozaika mohirlik bilan yotqizilgan.



Xos uy 1905-yilda Gruziyadagi birinchi konyak zavodi asoschisi, jamoat arbobi va metsenat David Sarajishvili tomonidan qurilgan. Tez orada shahar madaniy hayotining markazi va ijodkorlarning uchrashuv joyiga aylangan bu makon Gigo Gabashvili, Paolo Iashvili, Sitsian Tabidze, Mixail Javaxishvili, Galaktion Tabidze, Konstantin Gamsaxurdia va boshqa koʻplab shaxslarni xotirlaydi. Inqilobdan soʻng xos uy yozuvchilar uyiga aylantirilgan, bu yerda Maksim Gorkiy, Sergey Yesenin, Vladimir Mayakovskiy, Mixail Bulgakov boʻlgan, Osip Mandelshtam xonalarninig birida bir muncha vaqt yashagan.



Bugungi kunda, bu yerda adabiy kechalar, gruziyalik zamonaviy rassomlarning koʻrgazmalari va hozirgi kun mualliflarining kitoblari taqdimoti oʻtkaziladi. Yozda (yaxshiyamki, Tbilisida yoz martdan oktyabrgacha davom etadi) bir qadah sifatli sharob buyurtma berib, adabiyot oqshomida qatnashish mumkin boʻlgan, tosh devorlar va koʻplab baland daraxtlar bilan oʻralgan Littera kafesi faoliyat yuritadi. Yozuvchi, tarjimon, rassomlar va boshqa mehmonlar bir vaqtlar dunyoning turli burchaklaridan taniqli mehmonlarni qabul qilgan xonalarda qolishi mumkin. Har bir xona Gruziyaga oʻz adabiy asarlarini bagʻishlagan yozuvchilardan biri — Aleksandr Dyuma, Nizomiy Ganjaviy, Boris Pasternak, Marjori va Oliver Uordrop, Jon Steynbek sharafiga nomlangan.


Manzil: Tbilisi, Ivane Machabeli koʻchasi, 13-uy

Bogʻlanish uchun: +995 32 297 41 04



Qochqinlar bozori


Qochoqlar bozori — ziravorlar, asal, pishloq va sharobdan tortib idish-tovoq, esdalik sovgʻalari va hatto brend kiyimlarigacha, istalgan narsani topish mumkin boʻlgan joy. Bozor juda qulay joyda — shahar markaziga yaqin va temir yoʻl stantsiyasi yonida joylashgan. Qaytishdan avval uyga mazali sovgʻalar olish yoki Gruziya bozorining taʼmi va xushboʻy hididan bahramand boʻlish, mahalliy koloritga shoʻngʻish uchun albatta bu yerga tashrif buyuring.



Bozorning nomi qochoq askarlar kiyim-bosh va anjomlarini sotgan fuqarolar urushi davrida paydo boʻlgan. Keyinchalik, 90-yillarda bu yerda sovet harbiy omborlarida qolgan qoldiqlar sotilgan. Ammo, bugungi kunda mahalliy aholi bozorni Borjomi, Markaziy yoki «Bazroba» deb atashni maʼqul koʻradi. Agar sizga biron nodir narsa kerak boʻlsa, uni aynan shu yerda topishingiz mumkinligini ular bilishadi.



Mahalliy aholi bozorga ertalab borishni va mahsulotlarni kirish joyida sotib olmasdan, avval ichkariga kirishni va narxlar bilan tanishib, keyin tanlov qilishni maslahat beradi. Albatta, u yerga och qoringa bormaslik kerak: ishtahaochar hidlar va rang-barang peshtaxtalar rejalashtirilmagan xaridlarga olib kelishi aniq. Xotima oʻrnida, sharq bozorining oʻziga xos xususiyatini hisobga oling: agar biror narsa sotib olishga qaror qilsangiz, savdolashing, axir bu savdoning majburiy qismi hisoblanadi.



Manzil: Tbilisi, Abastumani koʻchasi, 5.

Eng yaqin metro bekati: «Vokzal maydoni»

Ish vaqti: seshanba-yakshanba, soat 7:00 – 17:00.