«Toshkentdan gapiramiz» – tomoshabinni koʻplab tarkibiy qismlardan to‘qilgan afsonaga sho’ng’ib ketib, shaharning yashirin burchaklarini yangi rakursdan koʻrish imkonini beradigan audio-promenad janridagi spektakl. Aholining shaxsiy tarixi, Dina Rubinaning «Koʻchaning quyoshli tomonida» romanidan, Tamaraxonim haqidagi hujjatli filmlardan parchalar hamda Mark Vayl, Elyor Ishmuxametov, Ali Xamrayev bilan intervyulardan ko’chirmalar va televideniye arxividan olingan materiallar – Toshkent haqidagi xotiralar ichra sayr paytida eshitishingiz mumkin boʻlgan narsalarning bir qismi xolos.
«Toshkentdan gapiramiz» ekskursiyasi oʻzining noyob formatidan tashqari, chiptani sotib olishdan tortib, tur yakunigacha boʻlgan har bir bosqichda professional va eʼtiborli yondashuvi bilan ajralib turadi. Chiptalarni loyihaning intuitiv tushunarli boʻlgan veb-sayti yoki iTicket.uz tizimi orqali onlayn xarid qilish mumkin. Ekskursiya vaqtida sizga audio yozuvli quloqchinlar taqdim etiladi va barcha savollaringizga javob beradigan gid hamrohligida shaharning yashirin burchaklariga sayohat qilasiz. 3,5 kilometr (taxminan 6 ming qadam) masofaga uyushtiriladigan ekskursiya 100 daqiqa davom etadi, u shaharni jonli dekoratsiyaga aylantirib, diqqatga sazovor joylardagi yashirin va sirli voqealarni koʻrishga yordam beradi.
Biz loyiha bosh prodyuseri Fotima Arifjanova bilan loyiha qanday yaratilgani va shaharni boshqa tomondan koʻrish imkoniyatini tuhfa etadigan jamoaning keyingi rejalari haqida suhbatlashdik:
«Turizm sohasida uzoq yillar davomida ishlab, individual va guruh sayohatlarini yaratish asnosida har doim Oʻzbekistonga kelgan yoki sayohatni endi rejalashtirayotgan mehmonlar Toshkentda imkon qadar qisqa vaqtga toʻxtashni soʻrashlarini payqaganman. Sayyohlar poytaxtda qiziqarli joylar unchalik koʻp emas, deb hisoblab Samarqand, Buxoro va Xivaga koʻproq eʼtibor qaratishni afzal koʻrishardi. Buni qanchalik koʻp eshitganim sari, uning aksini isbotlashni va Toshkentda eʼtiborga loyiq joylar koʻpligini koʻrsatishni xohlardim. “Toshkentdan gapiramiz” loyihasi ustida ishlash mobaynida sayr imkon qadar qulay boʻlishi uchun marshrutlarni puxtalik bilan oʻylab chiqdik. Ko’pincha guruhning kayfiyatiga toʻliq mos keladigan, ular kutadigan gidni topish qiyin kechar edi, bu kreativ jihatlarni esa biz hal qilishga erishdik. Shaharni oʻrganishga xalaqit beradigan barcha shaxsiy omillarni chiqarib tashladik va gidning jismoniy ishtirokisiz, lekin uning audio hamrohligidagi ekskursiyani yaratdik. Ancha yillar avval, bolalik paytlarimda har bir tong radio bilan boshlanardi, har soatda jingl yangrab, vaqt eʼlon qilinar va “Toshkentdan gapiramiz” jumlasi jaranglardi. Loyiha ustida ishlab ssenariy yozayotganimizda, loyihani nomlash uchun bir nechta variantlar bor edi, biz yanada mos keladiganini topamiz, deb oʻylagan edik. Ammo, shunda men uchun hayratlanarli va ahamiyatli voqea yuz berdi. Navbatdagi kengash va loyiha ustidagi astoydil qilgan mehnatimizdan soʻng doʻstim “Megapolis” guruhining musiqachisi va shunchaki ajoyib inson – Oleg Nesterov Toshkentga keldi. Men uni aeroportda kutib oldim. Uning birinchi jumlasi: «Doʻstlar, biz keldik, sizni “Toshkentdan gapiramiz” radiosi qutlaydi», dedi. Loyihamizdan xabardor boʻlmagan kishining xuddi shu jumlani aytishi kutilmagan hol edi, bu men uchun ishora boʻlib tuyuldi. Shunda, aynan shu nomni qoldirishimiz kerakligini angladim. Gʻoya paydo boʻlganidan boshlab u amalga oshirilguniga qadar yarim yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Jarayon murakkab va qizgʻin edi: biz doʻstlar, hamkasblar, ekspertlar, tarixchilar va etnograflar bilan juda koʻp muzokara, munozaralar oʻtkazdik. Loyiha yaxlit va qalbga yaqin boʻlishi uchun doimo maʼlumot toʻplash zarur edi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimda ham: “Toshkent haqida fikringiz? Sizdan shaharni tasvirlab berish soʻralsa, nimalarni eslardingiz va uni qanday taʼriflagan boʻlardingiz?” kabi savollarni berdim». Loyiha ovozlari – uning qalbi va ular haqida alohida to’xtalib o’tishni xohlayman. «Ilhom» teatrining aktyorlari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar, qoʻshiqchilar va shaharning oddiy aholisi saʼy-harakatlari bilan ekskursiya his-tuygʻularga toʻldi va tinglovchi tarix ummoniga choʻmadigan hikoyalar tuhfa etildi. Ular orasida: Saydulla Moldaxanov, Anton Paxomov, Boris Gafurov, Yuliya Plakida, Aleksandr Levchenkov, Aleksandr Borisov, Marina Turpishcheva, Gleb Golender, Vladimir Yudin, Vitaliy Aminov, Oskar Jalilov, Yuliya Usadova, Ali Hamrayev, Igor Lipkin, Soti Kamolov, Nastya Sergeyeva, Vladimir Egorov, Klara Nafikova, Arina Marakulina, Alisher Kanayevlar bor. Shahar ham radio kabi – koʻp ovozli. U kayfiyat va davrlarning turli ohanglari bilan jilvalanadi: kompozitsiyada shahardagi haqiqiy tovushlardan foydalanilgan: qushlarning sayrashi, yoʻllar shovqini va mahallada oʻynayotgan bolalarning kulgisi. «Katta hajmdagi maʼlumotlarni toʻplaganimizdan soʻng ssenariy yozish, musiqa yaratish, ovozlarni yozish, oʻzbek va ingliz tillariga tarjima qilishga kirishdik. Bularning barchasini yaratish jarayoni koʻplab bosqichlardan, shu jumladan, hatto burilish va toʻxtashlar ham hisobga olingan mukammal marshrutni ishlab chiqishdan iborat edi. Barcha elementlar sinxron tarzda ishlashi kerak edi. Shuning uchun gʻoya paydo boʻlganidan boshlab u toʻliq amalga oshirilganicha boʻlgan davr juda qizgʻin kechdi. Sayyohlik mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan va oʻzgartirishlar kiritishni talab qiladigan xato yoki jihatlarni aniqlab, ularni qayta ishlab chiqishga ulgurish uchun loyihaning ishga tushish sanasini oldindan eʼlon qildik. Ekskursiyalarni oʻtkazadigan xodimlarni tayyorlash uchun ham maʼlum vaqt kerak boʻldi. Spektaklimizni tinglamagan kishi nimani yoʻqotadi? Birinchi navbatda ekskursiyamizni tinglash vaqtida paydo boʻladigan ijobiy his-tuygʻularni yoʻqotadi. Biz bir yildan beri ishlayapmiz, har kuni ikkita, dam olish kunlari esa, uchtadan spektakl oʻtkazamiz. Odamlarning fikriga koʻra hamma narsa nafaqat sifatli, balki his-tuygʻularga boy tarzda ham amalga oshirilgan. Spektakl shu tarzda yaratilganki, goʻyo radiostansiyalarni almashtiramiz, sevimli musiqamiz va diktorning ovozini topgach, oʻsha joyda qolib butun jarayondan zavqlanamiz. Mahsulotimizdan ham sayyohlar, ham mahalliy aholi foydalanayotganidan mamnunman. Koʻpchilik ota-onasi, bolalari, doʻstlarini olib qaytib keladi. Bugungi kunga kelib, koʻplab kishilar spektaklimizda ikki, uch marta, baʼzilar esa undan koʻproq ishtirok etgan. Ular yangi seriyalarni, spektakllarni kutmoqda va bu yaqin rejalarimizda bor – tez orada yangi spektaklni eʼlon qilamiz. Tashrif buyuruvchilarimizning yosh jihatidan portreti juda xilma-xil: bu ham bolalar aravachasi yetaklagan onalar, ham yoshi ulugʻ kishilar, ham yoshlar. Ularning hammasini sayr qilishga boʻlgan mehr birlashtirgan».