blog

Joylar • 28 May

Tabiatan fidoyi sayyoh

Sarguzashtlarning toʻlqinlantiruvchi hayajoni, bepoyon ufqlar va aqlbovar etmas sehr — sayohatning doimo befarq bo’laolmaydigan, o’zini jalb etuvchi mavzusi boʻlib kelgan. Sayohat bizga nafaqat yangi joylar va madaniyatlarni kashf etish imkoniyatini beradi, balki hayotning ayrim kutilmagan qirralarini ham ochib berib, olamga boʻlgan qarashimizni oʻzgartiradi. Sayohatchi bilan uchrashuv esa, sarguzashtlar olamiga nazar solish, imkoniyatlarimiz haqidagi tasavvurlarimizni oʻzgartirishga qodir hikoyalarni eshitish uchun yagona fursatdir. Ana shunday hikoyalardan birini bizga marketolog, travel-bloger, Wild&Free loyihasining asoschisi Akmal Saidov soʻzlab berdi. Tahririyatdan spoyler: uning sayohatlari asosida romantik film suratga olish mumkin.



Birinchi sayohat haqida


Ajablanarli tomoni shundaki, hammasi fotosuratga olishdan boshlangan. 2020-yilning fevral oyida press-tur doirasida fotograf-inflyuenser sifatida Gruziyaga bordim. Bu sayohat men uchun haqiqiy kutilmagan yangilik boʻldi: ajib tabiati va maftunkor manzaralariga ega bo’lgan mamlakat aqli-hushimni toʻliq egallab oldi. Uning betakror muhiti va noyob arxitekturasi meni o’ziga butkul maftun etgandi. 


Shunda men bu keng qamrovli hayrat tuygʻusini faqat oʻzimda saqlay olmasligimni angladim va sevgilimga asal oyini aynan oʻsha yerda oʻtkazishni tuhfa qilishga qaror qildim. Sayohatimiz Gruziyani yoʻltanlamas avtomobilda aylanib chiqishdan boshlandi. Biz erkinlik tuygʻusini his qilib, togʻdagi bir necha kilometrlab ilonizi yoʻllarni bosib oʻtdik, tevarak-atrofdagi tabiat sokinligi va osoyishtaligidan bahramand boʻlish uchun eng chekka joylarga bordik. Har bir burilish yangi taassurot va his-tuygʻularni keltirar edi.


Ammo, Gruziya – bu faqat togʻlar va vodiylar emas, u yana qadimiy meʼmorchilik bilan zamonaviy turmush tarzi uchrachadigan, har bir koʻchasiga esa, mamlakatning tarixi va ruhi singib ketgan shahar dahalariga ega. Oʻzimiz uchun mahalliy aholining mehmondoʻstligini kashf etdik, Gruziya taomlarining taʼmi va xushbo'y hidi palitrasiga gʻarq boʻlib, gavjum bozorlarga tashrif buyurdik. Kundan kun sayohat men uchun faqat taʼtil bo’lib qolmay, balki unda oʻzimni yangidan kashf etayotganimni tobora koʻproq tushuna boshladim. Dunyo g’oyat katta va tashrif buyurib, o’rganish uchun unda koʻplab ajabtovur joylar mavjud ekanini aniq angladim.


Endi esa, men oʻrganilmagan soʻqmoqlar va ajoyib oʻlkalar olamida yashaydigan chinakam sayyohman. Boshqa xalqlar nafasini tuyish, ular hayoti ogʻushiga shoʻngʻish va yangi joylar energiyasini his qilish uchun yilda ikki marta Vatanim chegaralarini kesib oʻtaman.


Shu bilan birga, har dam olish kunlari men oʻz Vatanimning cheksiz sarhadlari boʻylab yangi sarguzashtlar sari otlanib, goʻzalligi va ulugʻvorligini o’rganish harakatida uning sirlarini tadqiq qilaman.




Kundalik hayot haqida


Zamonaviy menejment asoschisi Piter Druker oʻz vaqtida shunday degan edi: «Biznesning faqat ikkita asosiy funktsiyasi bor: marketing va innovatsiya. Marketing va innovatsiyalar daromadni yaratadi. Qolganlarning hammasi xarajatdir». Ushbu iqtibos mening harakat yoʻnalishim va mutaxassisligimning deyarli barcha imkoniyatlarini belgilab berdi. Men marketologman.


Bu kasb kompaniya faoliyati natijalariga bevosita taʼsir qiladi. Biznesning bozorda muvaffaqiyatli raqobatlasha olishi va isteʼmolchilar maqsadli auditoriyasining nafaqat fikri-zikrini, balki qalbini ham zabt eta olishi marketolog harakatlarining samaradorligiga bogʻliq. Bu esa meni ilhomlantiradi.




Wild&Free loyihasi haqida


Bir paytlar men va doʻstlarimda borish qiyin boʻlgan tabiat qoʻriqxonalariga otlanish, oʻlkamizda yashiringan rang-baranglikni suratga olib, ularni odamlarga koʻrsatish ishtiyoqi paydo boʻlgandi.


Biroq, hech bir fotosurat bu joylar sehrini tasvirlab bera olmaydi. Odamlarda bu manzaralarni oʻz koʻzi bilan koʻrish, tabiat nafasini his etish istagi paydo boʻldi va boshqa sayyohlar bilan bu ajoyib imkoniyatni baham koʻrish ishtiyoqi Wild&Free loyihasiga aylandi.


Bugungi kunda, hamjamiyatimiz tobora ommalashib bormoqda. Piyoda sayohat qilishni yoqtiradiganlar juda koʻp ekani men uchun kutilmagan yangilik boʻldi va biz birgalikda yangi ufqlarni ochmoqdamiz. Masalan, dengiz sathidan 5000 metr balandlikdagi choʻqqiga chiqishni rejalashtirmoqdamiz. U mamlakatimiz hududidan tashqarida joylashgan va umuman olganda, bu haqiqiy sinov boʻladi. Ammo, biz odamlarga ajoyib manzaralarni qush uchadigan balandlikdan taqdim etish uchun har qanday qiyinchiliklarni yengishga tayyormiz.


Yil sayin roʻyxatimiz yangi manzillar hisobiga kengaymoqda. Biz nafaqat sayyoramizning chekka burchaklarini oʻrganamiz, balki yonimizdagi koʻrkam joylarni ham topamiz. Shuning uchun, Oʻzbekistonning dengiz sathidan 4 083 metr balandlikda joylashgan eng baland nuqtasi — Hazrat Sultonga chiqish rejalashtirilgan. Bizni bunga nafaqat estetik ehtiyoj daʼvat etadi: biz odamlar qalbida tabiatga boʻlgan muhabbatni uygʻotish va tevarak-atrofimizdagi narsalarni asrashimiz naqadar muhimligini koʻrsatishga intilamiz.




Eng uzoq davom etgan sayohat haqida


Men har doim sayohatga kamida ikki hafta ajratishga harakat qilaman, aks holda, muhit almashgani va tashrif buyurilgan hududning goʻzalligini toʻliq his qilib boʻlmaydi. Eng uzoq sayohatlarim Shri-Lanka, Shvetsiya va Portugaliyaga boʻlgan. Oʻrtacha, ular ikki haftadan koʻproq davom etgan. Portugaliyada barcha yangi yil bayramlarini oʻtkazishga muvaffaq boʻldik va ularning koʻlami Yevropada faqat Rojdestvo bayrami nishonlanadi, degan afsonaga darhol barham berdi.




Eng esda qolarli sayohat haqida


Men sayyoramizning har bir burchagida o’zingiz bilan doimo qoladigan ajojib nimadir bor, deb hisoblayman. Men uchun esa, Shvetsiyaga uyushtirilgan sayohat eng esda qolarlisi boʻldi. Stokgolm koʻplab orollardan iborat. Biz u yerda maftunkor daryo tramvaychalarida harakatlandik va bu juda maroqli bo’ldi. Gamla-Stan (eski shahar) esa, oʻrta asrga oid gʻoyat yaxshi holatda saqlanib qolgan meʼmorchiligi va anʼanaviy taomlari bilan bizni hayratda qoldirdi.


Sayohat gastronomik tus olganda safar yanada jonlanadi. Turli taʼmlar palitrasi birinchi luqmadan oʻziga maftun etib, notanish va gʻayrioddiy taomlar, nafis ichimliklar mamlakatning pazandalik sanʼati bilan tanishtiradi va lazzatning yangi qirralarini ochib beradi. Ulardan biri Pxuket oroliga uyushtirilgan sayohat edi, timsoh goʻshtini tatib koʻrish men uchun juda gʻayritabiiy bo’ldi. Shri-Lankaga sayohat qilishni rejalashtirayotganlar uchun Shangri-La Hambantota qoshidagi Sera restoraniga tashrif buyurishni maslahat beraman: u yerda dasturxonga mutlaqo g’aroyib lobster va ustritsalar tortiladi. 




Yolgʻiz va oilaviy sayohat qilish haqida


Men uchun yolg’iz sayohat qilish yuksak choʻqqiga mashaqqatli va uzoq davom etgan safarni eslatadi. Turmush oʻrtogʻimni bunday xavf ostiga qoʻyishni xohlamagan bo’lardim. Mabodo, toʻsatdan Everestni zabt etish istagim paydo boʻlsa, rafiqam bilan Katmandudagi bazaviy lagerda uchrashamiz — u vertolyotda uchib keladi.


Turmush oʻrtogʻingiz bilan sayohat qilish — har qanday hissiyotni u bilan birga boshdan kechirish imkoniyatidir. Birgalikda hayotimizga rang-baranglik baxh etadigan xotiralarni yaratamiz: chegaralarni birga kesib oʻtib, notanish joylardan ikkilanmasdan odimlaymiz va yangi odamlar bilan uchrashamiz, har lahzani bir-birimiz bilan boʻlishamiz. Sayohatlar nafaqat umumiy tadqiqot, balki munosabatlarimizni mustahkamlashning eng zo’r usuliga aylanadi.




Rejalar haqida


Men mamlakatimizda ishlab chiqarilgan o'z mashinamda Norvegiyaga borishni istardim.

Bu ulugʻvor fyordlar, sirli muzliklar va inson qoʻli tegmagan tabiatiga ega mamlakat. Mening fikrimcha, avtomobildagi sayohatni, ayniqsa, bunday hududda, boshqa transport turidagi sayohat bilan taqqoslab boʻlmaydi. Bu harakat erkinligi, ajoyib joylarda tunab qolish, yoʻllardagi goʻzallik, olis joylarga borish imkoniyati…




Ehtiyot choralari haqida


Sayohat chogʻida har qanday vaziyat yuz berishi mumkin, bundan hech kim himoyalanmagan. Ammo, xatarlarni minimallashtirish oʻz qoʻlimizda: buning uchun sayohatni puxta rejalashtirish, mamlakat, uning qonunlari va yoʻlkoʻrsatkichni oʻrganib chiqish, zarur boʻlgan barcha narsalarni oldindan bron qilish va sugʻurta polislari haqida unutmaslik kerak.


Yoningizda qutqaruv xizmati bilan bogʻlanish uchun kerakli maʼlumotlar boʻlishi juda muhim, agar oʻz mamlakatingizdan tashqarida boʻlsangiz, sizga sayyohlik politsiyasi yordam beradi. Uning xodimlari chet el fuqarolari bilan ishlash borasida maxsus bilim va tajribaga ega boʻlib, nafaqat yordam berishlari, balki kerakli maʼlumotlarni taqdim etishlari, yoʻl koʻrsatishlari mumkin.


Qayerda boʻlishingizdan qatʼiy nazar, kutilmagan holatlarda oʻzingiz yoki hamrohlaringizga yordam bera olishingiz uchun birinchi yordam toʻplamini olib yuring. Albatta, muhim hujjatlarning nusxalari, yaqinlaringizning kontaktlari va manzillari haqida ham unutmang.


Tafsilotlarga eʼtiborli bo’lish, harakat qilishga tayyor turish va ehtiyot choralarini koʻrishga rioya qilish taassurotlaringizning yorqin va unutilmas boʻlib qolishiga yordam beradi, deb ishonch bilan ayta olaman.




Orzuim haqida 


Tabiatning haqiqiy qudrati bilan uchrashish mumkin boʻlgan moviy okean qa’rida kitlar bilan yonma-yon suzishni orzu qilaman. Bu ulugʻvor mavjudotlarning kuchi va olijanobligini his qilish, ularning cheksiz erkinligidan bahramand boʻlishni istayman. Kitlar bilan birgalikda suv osti dunyosiga shong’ishni va ular oʻzaro muloqot qiladigan musiqiy tovushlarni eshitishni xohlayman.


Olamni oʻrganishga boʻlgan xohish meni tark etmayapti va hali ham akulalar bilan suzishni, suv osti dunyosining sirli hayoti pardasi ortiga nazar solishni istayman. Qoʻrqmas mavjudotlar orasida okean gigantlarining nafasini his etish, tabiatning bu goʻshasida hayot siklining uygʻunligi va muvozanatiga guvoh boʻlish ham orzuim.

Koʻz oʻngimda yana bir go’zal manzara namoyon bo’lmoqda: shimol yogʻdusi.

Yashil va binafsha nurlar osmonu falak bo'ylab tarqalib, o'ziga xos naqshlar va sehrli samoviy suratlarni yaratganida, men o'zimni tabiat va insonning bu samoviy birikmasidagi mayda zarracha kabi his etishni istayman.




Oʻquvchi uchun maslahatlar


Sayohatning mohiyati nafaqat yangi joylarni koʻrish, balki ularni oʻrganish jarayonida, kutilmagan hodisalarda, qiziqarli odamlar bilan uchrashuvlarda, inson ruhi va ongi uchun ochiladigan imkoniyatlardan ham iborat. Har bir sayohat dunyoqarashingizni kengaytirish, yangi bilimlarga ega boʻlish va bu cheksiz olamda oʻzingizni topish imkoniyatidir.


Dunyoga har taraflama, cheklov va stereotiplarsiz nazar soling. Diqqatga sazovor joylarni tomosha qiling, o’sha  yerning madaniyati ogʻushiga choʻming, yangi taomlarni tatib ko'ring, mahalliy aholi bilan uchrashing, oʻzingizga ushbu joy ruhini chuqur his etish imkoniyatini bering. Axir, bizni yanada yaxshiroq va baxtliroq qiladigan haqiqiy uyg'unlik, Ilhom va yangi g'oyalarni shu tarzda topishimiz mumkin.


Shuning uchun, tortinmang va sayohat borasidagi orzularingizni chetga surmang. Tasavvuringizga erkinlik bering, dunyo xaritasini oching va dadillik bilan oʻz sarguzashtingiz sari otlaning. Dunyoning har bir burchagida oʻz izingizni qoldiring, uning goʻzalligi va ulugʻvorligini his eting. Chunki oxir-oqibat biz tashrif buyurgan joylar emas, balki, sayohat jarayonining oʻzi va ichki oʻzgarishlarimiz hayotimizni mana shunday hayajonli qiladi.