Biz uchun parvoz — okeanni koʻrish, muhim bitimni tuzish yoki uzoq ayriliqdan soʻng qarindosh-urug’larimizni va doʻstlarimizni koʻrish uchun minglab kilometrlarni bosib oʻtishning bir usuli. Kimdir uchun esa bu – eʼtiborni, ziyraklikni va jiddiy tayyorgarlikni talab qiladigan ish kunlari hisoblanadi. Biz bort kuzatuvchilarining gʻamxoʻrligi va koʻmagini koʻrsak-da, lekin ularning nimalarga duch kelishi, stressni qanday yengishi va parvozga qanday tayyorgarlik koʻrishi haqida toʻliq tasavvurga ega emasmiz.
Biz parvoz arafasidagi kunni Centrum Air aviakompaniyasining aqlli va goʻzal bort kuzatuvchisi Amaliya Dushatskaya bilan oʻtkazdik va sizlar bilan oʻz kuzatishlarimizni boʻlishamiz.
Tong, qahva va tanishuv
Biz Amaliya bilan uchrashuvni samimiy va tortinchoqlik qilmasdan o’tkazishga kelishib olgandik. Uning birinchi jumlalaridanoq qandaydir iliqlik, ochiqlik va xayrixohlik sezildi. Uchrashuv yakuniga kelib, bu bort kuzatuvchilarining muhim va asosiy fazilatlaridan biri ekanligi ma’lum boʻldi.
Amaliya kun rejalari bilan oʻrtoqlashdi: boʻlgʻusi parvoz bilan tanishish, xavfsizlik boʻyicha bilimlarni yangilash va shaxsiy blogi uchun reja tuzish.
Bizning qahramonimiz o’z ziyrakligi va pragmatikligi bilan ajralib turadi. Uchrashganimizda Amaliya avval Meridian* ilovasini ochdi, u yerda parvozning barcha tafsilotlari: jo'nash vaqti, yoʻnalish, samolyot modeli va ekipaj ro'yxati bilan tanishdi.
Bu har bir samolyot modelida qutqaruv uskunalarining joylashuvi turlicha boʻlgani sababli, ularning qayerda turishini bilish uchun zarur. O’z bilimlarini yangilash esa, tayyorgarlikning ajralmas qismi hisoblanadi.
*Meridian.Crew App — parvoz tarkibiga parvoz rejasi, kerakli qoʻllanmalarning toʻliq roʻyxatidan foydalanishni taʼminlaydigan va aviakompaniyada hujjat aylanishini tezlashtiradigan mobil ilova.
Parvozdan 5 soat oldin
Tayyorgarlik aynan shuncha vaqtni oladi. Agar parvoz kunning birinchi yarmida boʻlsa, tayyorgarlik uyqudan erta sahar uygʻonish va qahva ichish bilan boshlanadi. Kiyim-bosh va chamadon oldindan hozirlangan. Odat tusiga kirgan tayyorgarlikka taxminan ikki soat ajratiladi, keyingisi muhim, ko’p yillik oilaviy an’anaga aylangan marosim —qahramonimiz yotoqxonasidagi samolyot maketlari orasida joylashgan kichik Budda haykalchasini omad keltirishi uchun silash amalga oshiriladi.
Yana bir taomil — samolyot bilan oʻzgacha salomlashish unga chiqishdan oldin bajariladi. Kimdir uni uch marta shapatlab urib qoʻyadi, bizning qahramonimiz esa iliqqina: «Salom, qushcha» deb salomlashadi.
«Kimdir «Bentli»ni, men esa – oʻz samolyotimni orzu qilaman»
Aeroportga yetib borish koʻp vaqtni olmaydi, ammo, kechikmaslik uchun Amaliya ertaroq yo’lga chiqadi. Keyinchalik, parvoz hujjatlari bilan majburiy tanishish amalga oshiriladigan brifing oʻtkaziladi, parvoz xususiyatlari, masalan, ekipaj aʼzolari «chayqalish», deb ataydigan turbulentlik kabi holatlar muhokama qilinadi. So’ngra, har bir bort kuzatuvchisiga bortdagi vazifalari belgilangan raqamlar beriladi. Biri eshiklar uchun, ikkinchisi – doimiy ravishda qabul qilinadigan va samolyot keying brigadaga berilayotganda, boshqa ekipaj aʼzolariga topshiriladigan maishiy anjomlar va hisob-varaqalar uchun javobgar bo’ladi.
Parvozdan oldin va keyin barcha anjomlar va avariya qutqaruv uskunalari tekshiriladi. Amaliya bort kuzatuvchisi oʻz hududini tekshirishi qanchalik muhimligini, bu tadbirga jiddiy munosabatda boʻlish kerakligini oʻzgacha hayajon bilan tilga oladi.
«Barcha narsa har bir soniyagacha hisobga olinishi va aviatorlar qatʼiy qoidalarga rioya qilishlari kerak. Qoidalarning har biri – bu qachonlardir sodir boʻlgan voqealarning oqibati va holat boshqa takrorlanmasligi uchun jarayonga kirishib, masʼuliyat bilan ularni bajarish kerak».
Amaliya faqat kinolarda uchrashi mumkindek tuyuladigan oddiy, lekin koʻp sodir boʻladigan holatni misol qilib keltiradi: bortga chiqish talonlarini tekshirish zarurati — bu baʼzida yoʻlovchilar reyslarni chalkashtirib yuborishlari, begona samolyotga chiqishlari va rejalashtirilmagan sayohatga uchib ketishlarining natijasi.
Shuningdek, yoʻlovchilarni tinchlantirishni ham bilish kerak. Qahramonimiz hikoyalaridan ayon boʻldiki, yoʻlovchi oʻz xavotirlari bilan bort kuzatuvchilariga murojaat qilishi mumkin va hatto zarur. Ular sizni tinchlantirishadi, parvoz bilan bogʻliq savollarga javob berishadi, agar aerofobiyaga moyil boʻlsangiz, sizga gʻamxoʻrlik koʻrsatishadi va yordam berishadi.
Orzu roʻyobga chiqdi
Amaliyaning bort kuzatuvchi bo’lishi — baʼzan tasodifiy voqealar taqdirimizga qanday taʼsir qilishi haqidagi aqlga sigʻmas hikoya.
«Umrim boʻyi bu haqida orzu qilmaganman. Dastlab tibbiyotdagi karyerani rejalashtirgan edim va jarroh boʻlishni xohlardim. Ammo, taqdirimga taʼsir koʻrsatgan bir inson bor.
Men 12 yoshda edim. Onam shifikor-kosmetolog boʻlib ishlar va uning qabuliga bir dilbar qiz kelar edi. U har doim did bilan bejirim kiyingan boʻlardi, hatto bir necha bor uni maxsus kiyim-boshda ham koʻrganman va undan ufurib turgan atir iforini haligacha eslayman. «Buncha ham goʻzal!» deb oʻylardim, onam esa: «Bort kuzatuvchisi boʻlishni xohlaysanmi?» deb soʻrardi. Bu orzuimga aylangani yoʻq, lekin bu timsol xotiramda yorqin iz qoldirdi.
Bularning barchasi unutildi va men tibbiyot kollejiga oʻqishga kirdim. Bir necha yil oʻtgach, tasodifan bort kuzatuvchilarni ishga olish maqsadida tanlov eʼlon qilinganidan xabar topdim va menda ishtiyoq uygʻondi. Koʻz oʻngimda bir vaqtlar meni maftun etgan bolaligimdagi oʻsha timsol gavdalandi.
Jiddiy tayyorgarlik koʻrish kerakligini tushunardim: tillar, siyosat, geografiya – barchasi yuqori darajada boʻlishi kerak. Olti oy davomida har kuni shugʻullandim, kunimning har bir daqiqasi rejalashtirilgan edi.
Tanlov kuni arafasida men makiyaj va soch turmagi qildirdim, «X» kuni sahar soat 4 da turdim, styuardessalarnikiga oʻxshash yubkamni topdim — tezda kerakli taassurot qoldirish va allaqachon ishga qabul qilingandek koʻrinishda boʻlishni xohlardim. Oʻsha kuni juda asabiy edim, lekin hali ham barcha bosqichlarni eslayman. Bizga tayyorgarlik darajasi, stressga chidamlilik va boʻlajak ishga munosabatni ochib beradigan koʻplab savollar berildi. Tanlovdan oʻtganimni bilganimda, darhol onamga qoʻngʻiroq qildim, koʻz yoshlarimni tiyolmay quvonchli xabarni unga yetkazdim va uzoq vaqt bunga ishona olmadim».
Suhbatdan soʻng jismoniy va psixologik sogʻliq tekshiruvi boshlandi, chunki u ideal boʻlishi kerak edi. Psixolog testi esa saralab, koʻpchilikni oʻtkazmadi. Kishi vazmin, diqqatini jamlay oladigan, masʼuliyatli, empatik boʻlishi va jamoada ishlay bilishi kerak, chunki havoda bir-birini soʻzsiz tushunish juda muhim.
Ish bizni oʻzgartiradi
«Bu kasbni boshlashim bilan menda masʼuliyat va puxtalik paydo boʻldi. Albatta, bu hayotda ham aks etadi. Bu tayyorgarlikdan oldingi chek-varaqalar va hamma narsani oldindan hisoblash, hamda hech qachon kechikmaslikka ham taalluqli.
Shu bilan birga, sogʻligʻimga nisbatan ehtiyotkor va jiddiy munosabatda boʻla boshladim – biz uchun bu juda muhim».
Vaqt oʻtishi bilan vazminlik va oʻzini tuta bilish shakllanadi, kiyim-bosh uslubi yanada oddiy tus oladi. Bort kuzatuvchilarining ishi doimiy malaka oshirish, sogʻligʻini tekshirish bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, bu tadbirlarning barchasi hamma narsaga jiddiy yondashishni talab qiladi.
Qahramonimiz boshidan kechirgan voqealar shaxsiy hayot va tashvishlarni birmuncha vaqtga unutib, oʻz vazifalariga eʼtibor qaratish qanchalik zarurligini tushunishimizga imkon berdi. Parvozdan oldin nima roʻy berishidan qatʼiy nazar, bort kuzatuvchisi his-tuygʻularga berilmasligi va boʻshashmasligi lozim, axir uning zimmasida toʻliq ishtiroki talab etiladigan aql bovar qilmas javobgarlik bor. Shu bilan birga, ishda inson omilini inkor etib boʻlmaydi: voqealarni oldindan koʻrib boʻlmaydi va har doim kutilmagan holatlarda xodimni almashtirish imkoniyati mavjud bo’ladi.
Shuningdek, stereotiplar haqida ham suhbatlashdik: koʻpchilik bort kuzatuvchilari faqat oziq-ovqat va ichimliklarga javobgar deb hisoblashadi, ammo, ularning asosiy vazifasi – bu xavfsizlikni ta’minlash va zarurat tug’ilganda, birinchi tibbiy yordam koʻrsatishni yoki hatto, doyalik qilishni bilishi kerakligi.
Aviakompaniyaning imidji koʻp jihatdan styuard va styuardessalarga ham bogʻliq. Bizlar yoʻlovchi sifatida ularning tashqi koʻrinishiga, gapirishiga eʼtibor beramiz. Fikr bir qator omillardan shakllanadi. Bizni samolyot bortida qanday kutib olishlari, istaklarimizga javob berishlari, ekipaj aʼzolari uchun bizning xavfsizligimiz va qulay sharoitimiz birinchi oʻrinda turadigan yoʻlovchi kabi o’zimizni his qilishimiz ham ahamiyatlidir.
Eng muhimlari – kichik narsalarda
Parvozga tayyorgarlik paytida Amaliya aviatsiya xavfsizligi qiziqarli va baʼzan kutilmagan kichik narsalarda aks etishi haqida soʻzladi: uchuvchilarga turli taomnomalar taklif etiladi — agar zaharlanish sodir boʻlsa, ikkinchi uchuvchi safda qoladi. Yana bir jihat: bir oila aʼzolari bitta reysga qoʻyilmaydi, chunki, favqulodda vaziyatda ular yoʻlovchilarni emas, balki bir-birini qutqaradi. «Tashqi omillar turlicha boʻlishi mumkin va voqealar rivojining barcha variantlariga tayyor boʻlish kerak». Zarur hujjatlardan tashqari, Amaliyaning yonida shaxsiy blogining ssenariylari yoziladigan yon daftarcha bor. Qahramonimiz o’z Instagram akkaunti (@amaliya_dushackaya) da bortdagi hayotni sodda tilda, hazil bilan tasvirlaydi. Yana, u «koʻrinmas» voqealar , masalan, bort kuzatuvchisi boʻlish uchun qanday va qaerda o’qish kerakligi haqidagi videoni suratga olishni reja qilmoqda. Sahna ortiga qarab, samo qahramonlari ham biz kabi odamlar ekanini koʻrish doimo qiziqarli. Amaliyaning jamoa tog’risidagi soʻzlaridan mehring joʻshib ketadi — ular bir-birini qoʻllab-quvvatlashadi, yordam ko’rsatishadi. Rahmdillik va empatiya chet ellik-mushuklarni boqish anʼanasida ham aks etadi. Jamoa aʼzolari qaysi mamlakatga borishidan qatʼiy nazar, oʻzlari bilan mushuklar ovqatini olib, ularning boshpanalariga yordam koʻrsatadi. Shunday qilib, parvozga qadar biz bort kuzatuvchilari oʻz ishlariga qanchalik masʼuliyat bilan yondashishini koʻrdik, qahramonimizning oʻz kasbiga mehrini toʻliq his etdik va har qanday vaziyatda ham, biz yoʻlovchilar ekipaj jamoasi uchun doimo birinchi oʻrinda turishimizni tushundik.