. UZS

blog

Aeroportlar13 May, 2026

Aeroportlar ekologiya yo‘lida: tabiat bilan muvozanat izlab

Parvozlar hayotimizning odatiy qismiga aylanib ulgurgan va ko‘pincha xaritadagi kerakli nuqtaga tez yetib borishning yagona usuli bo‘lib qolgan. Ammo aynan aviatsiya bugun eng noekologik transport turlaridan biri bo‘lib qolmoqda: atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar, chiqindi uyumlari, yoqilg‘i – bularning barchasi sayyoraga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz aeroportlar qanday qilib «yashillashishga» urinayotganini va yaqin yillarda qanday yechimlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini tahlil qildik.



Nima uchun ekologik standartlar muhim?


Bugun aviatsiya – uglerod izining asosiy manbalaridan biri. Oddiy havo laynerining har bir reysi atmosferaga shuncha CO chiqaradiki, bu miqdor bitta avtomobilning butun yil davomida chiqaradigan hajmiga teng. Bunga asosiy sabab – aviatsiya kerosini, hozircha parvozlarni bu yoqilg‘isiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmagan yonilg‘idir.


CO issiqxona gazlari qatoriga kiradi: u atmosferada issiqlikni ushlab qoladi va global iqlim o‘zgarishini tezlashtiradi. Biz buni allaqachon kundalik hayotda his qilmoqdamiz: jazirama tobora g‘ayritabiiy bo‘lib bormoqda, suv zaxiralari kamaymoqda, tabiiy ofatlar tez-tez yuz bermoqda, havo esa og‘ir va zararli bo‘lib qolmoqda.


Biroq, muammo faqat chiqindilar bilangina cheklanib qolmaydi. Aeroportlarning o‘zi ham ulkan resurs iste’molchilari. Faqat bitta yirik aviauzelga xizmat ko‘rsatish uchun o‘n minglab xonadon iste’mol qiladigan darajada energiya va suv talab etiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda shovqin yuklamalari, qushlar va hayvonlarning migratsiyasini buzilishi, turli xil ifloslanishlar ham qo‘shiladi.


Biz O‘zbekiston tajribasini o‘rganib,  I. Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportining ekologiya bo‘yicha yetakchi muhandisi Yelena Smirnovadan izoh oldik. U aeroport mamlakatning tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga qat’iy amal qilishini va atrof-muhitga salbiy ta’sirni izchil ravishda kamaytirib borayotganini ta’kidladi. Xususan, korxona atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni qoplash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmoqda, byudjetga mablag‘ o‘tkazilmoqda. O’tkazilgan mablag‘lar ekologik loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilmoqda.


Suv resurslariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda nafaqat ichimlik suvi iste’moli hajmi nazorat qilinadi, balki undan oqilona foydalanishga ham qat’iy rioya qilinadi: suv yashil hududlarni sug‘orishga, texnika va transportni yuvish yoki me’yorlarda ko‘zda tutilmagan boshqa maqsadlarga ishlatilmaydi.


Yashil hududlarni saqlash va ko‘paytirish – yana bir ustuvor yo‘nalish. Aeroport mavjud ko‘kalamzorlarni parvarish qilish va yangi daraxt ekishga harakat qilmoqda. Bu o‘simliklarga kasallik va hasharotlarga qarshi muntazam ishlov berish, ularni tekshirish va sug‘orishni, shuningdek, aeroport inshootlarini qayta qurish chog‘ida hududning kamida 25 foiziga majburiy tarzda ko‘chat o‘tqazishni o‘z ichiga oladi. Shu tariqa, xalqaro terminalda yashil bog‘ barpo etildi.


Chiqindilarni qayta ishlash sohasida ham jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi: simob tarkibli chiroqlar ekologik xavfsiz LED chiroqlarga almashtirildi. Avtopark bosqichma-bosqich yangilanmoqda: eskirgan transport vositalari ekspluatatsiyadan chiqarilib, ularning o‘rniga elektromobillar keltirilmoqda. Bu esa chiqindi gazlar hajmini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.


Muhim yo‘nalishlardan biri – aviakompaniyalar bilan hamkorlik. Reyslar jadvali hisobiga shovqin yuklamasi kamaytirilmoqda, xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan yangi turdagi yoqilg‘ilar esa uchish va qo‘nish paytida kamroq zararli modda chiqaradi, bu esa ekologik yuklamani pasaytirishga xizmat qiladi.


«Umuman olganda, biz ekologiyani strategik ustuvorlik sifatida ko‘rib chiqamiz, – deb ta’kidlaydi Yelena. Resurslardan foydalanishni kundalik nazorat qilishdan tortib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi yashil hududlar barpo etishgacha  bo‘lgan barcha chora-tadbirlarimiz shunga qaratilgan».



Qoidani kim belgilaydi?


Ekologik standartlar hamma narsani qamrab oladi: shovqin darajasi va parvoz yo‘nalishlaridan tortib, samolyotlarning konstruksiyasi va yoqilg‘i sifatigacha. 1944-yilda BMT huzurida tashkil etilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) aynan shu standartlarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi. 1992-yildan boshlab O‘zbekiston ham ushbu tashkilot a’zosi hisoblanadi.


2016-yilda IKAO reaktiv tovushdan past tezlikdagi va turbovintli samolyotlar uchun yangi talablarni qabul qildi: bir xil parvozlarda zararli moddalar miqdori kamaytirilishi kerak. Yoqilg‘iga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Kerosin o‘rnini SAF (sustainable aviation fuel) – «barqaror aviatsiya yoqilg‘isi» egallamoqda. U qayta tiklanadigan xomashyodan, masalan, qayta ishlangan o‘simlik yog‘idan ishlab chiqariladi. Natija esa hayratlanarli: kerosinga nisbatan uglerod chiqindilari 80 foizgacha kamayadi.


Yana bir xalqaro mexanizm – CORSIA dasturi. U «eko-almashinuv» tamoyili asosida ishlaydi: agar aviakompaniya belgilangan chiqindi limitidan oshib ketsa, majburiy ravishda «uglerod kreditlari» sotib oladi. Bu mablag‘lar esa – o‘rmon barpo etishdan tortib, yashil energetikani qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan ekologik loyihalarga yo‘naltiriladi.



Yer yuzida nimalar sodir bo‘lmoqda?


Aeroportlarning o‘ziga ham e’tibor qaratilmoqda. Energiya tejovchi qurilmalar gaz va suv sarfini kamaytirish imkonini beradi, yorug‘lik diodli chiroqlar ko‘p  energiya sarflaydigan chiroqlarni siqib chiqarmoqda, avtoparklar esa tobora ko‘proq elektr transportiga o‘tmoqda. Shovqinni kamaytirish maqsadida qo‘nish yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqilmoqda, tovush yutuvchi materiallardan foydalanilmoqda va shassining yangi konstruksiyalari joriy etilmoqda.


Ammo hatto eng «yashil» tashabbuslarning ham anchagina dushmanlari bor. CORSIA dasturini ekologlar va jamoat tashkilotlari rasmiyatchilikda ayblashadi: go‘yoki kompaniyalar kerosin iste’molini kamaytirmayapti, balki daraxt ekish bilan «qutulib qolyapti». SAF ham tanqid ostida: istiqbolli bo‘lishiga qaramay, kerosinni keng miqyosda almashtirish hozircha imkonsiz va 2025-yil holatiga ko‘ra, dunyo amaliyotida SAF ulushi atigi 0,7 foizni tashkil etmoqda. Mutaxassislar bu soha katta sarmoya va aniq strategiyani talab qiladi, aks holda u tor doirada qolib ketishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.


Asosiy trendlardan biri – aviatsiyani elektrlashtirish, ya’ni yoqilg‘idan to‘liq voz kechib, batareya energiyasidan foydalanish. Bu g‘oya mukammal eshitilsa-da, aslida vaziyat ancha murakkab: litiy-ion batareyalar hajm jihatidan kerosindan 50 baravar kam quvvatga ega. Avtomobil sanoatidagi kabi, yechimni batareyalarni yengillashtirishda va gibrid modellarda izlashmoqda.



Kim yetakchi?


Shunday bo‘lsa-da, taraqqiyot ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi kunda 640 dan ortiq aeroport chiqindilarni kamaytirish dasturlarida qatnashmoqda, bu esa jahon yo‘lovchilar oqimining 55 foizini tashkil etadi. Ularning bir qismi uglerod neytralligiga erishdi – atigi 14 ta aeroport, shundan 13 tasi Yevropada va bittasi Yangi Zelandiyada joylashgan. Boshqa aeroportlar ham uglerod neytralligiga yaqinlashmoqda – Dallas (AQSH), Galapagos orollari (Ekvador), Keyptaun (JAR), Avstraliya, Ummon va Hindistonning to‘rtta nuqtasidagi aeroportlar bunga misol bo‘la oladi. Skandinaviya mamlakatlari esa an’anaviy ravishda ekologik innovatsiyalarda peshqadamlik qilmoqda.


Aviatsiyadagi ekologik standartlar – bu shunchaki moda emas, balki butun sayyoramiz oldida turgan muammolarga haqiqiy yechimdir. Yo‘l murakkab, biroq aynan aeroportlar bugun kelajak laboratoriyalariga aylanmoqda. Aynan shu yerda ertangi kun havosini belgilaydigan texnologiyalar sinovdan o‘tkazilmoqda.



Oslo, Norvegiya


Aeroport binosi qayta ishlangan po‘latdan qurilgan bo‘lib, qurilish uchun ishlatilgan beton ekologik toza tarzda tayyorlangan – formulaga vulqon kulini qo‘shish natijasida uning uglerod izi sezilarli darajada kamaygan. Ammo eng hayratlanarli innovatsiya – oddiy qorga asoslangan sovitish tizimi. Qishda boshqaruvchisiz maxsus mashinalar uchish-qo‘nish yo‘laklaridan qorni yig‘ib, ulkan omborlarga joylashtiradi. Yozda esa bu «tabiiy konditsioner» qo‘shimcha energiya sarflamasdan binolarni sovitish uchun qo‘llaniladi.


Natija kutilganidan ham yaxshi: yiliga 31 tonnagacha karbonat angidrid chiqindilari kamaygan, energiya iste’moli esa 2 GVt·soatga qisqargan.



Stokgolm, Shvetsiya


Stokgolm aeroporti dunyoda uglerod neytralligini qo‘lga kiritgan ilk aeroportlardan biri bo‘ldi. Uning uchish-qo‘nish yo‘laklarida innovatsion past uglerodli betondan tayyorlangan maxsus qoplama ishlatiladi, havo esa maxsus fotokatalitik membranalar yordamida tozalanadi. Bu yerda hatto transport vositalari ham «yashil» tarzda ishlaydi: avtobuslar va taksilarga biogaz quyiladi.


Muhandislar iqlim nazorati tizimiga ham g‘ayrioddiy yechim topdilar: tizim yer osti quduqlaridan olingan suvga asoslangan. Yozda u binolarni sovitsa, qishda esa ekologik toza bioyoqilg‘i yordamida isitadi.


Syurix, Shveytsariya


Syurix aeroporti zararli chiqindilarni yarmidan ko‘proqqa kamaytirish imkoniyatiga erishdi, 2030-yilgacha terminallarni keng ko‘lamli qayta qurish natijasida bu ko‘rsatkich yanada yuqori darajaga ko‘tarilishi kutilmoqda.


Buning siri – kompleks yondashuvda. Tutashtiruvchi bekatlar va avtoturargohlarida havoni tozalovchi fotoelektr tizimlar o‘rnatilgan, bu yerdagi suv resurslari esa haqiqiy qayta tiklanuvchi kapitalga aylantirilgan. Maishiy oqava suvlar tozalanishga yuboriladi, yomg‘ir suvlari qayta foydalaniladi, muzlashga qarshi ishlovlardan keyingi suyuqliklar esa noyob texnologiya yordamida qayta ishlanadi: maxsus mikroorganizmlar qattiq qoldiqlarni parchalab, suvni yana siklga qaytaradi.



Changi, Singapur


Changi – dunyodagi eng «yashil» aeroportlardan biri. Bu yerda bog‘lar va sharsharalar faqatgina makonni bezatib qolmasdan, balki haroratni pasaytiradi, havoni tozalaydi va tabiiy mikroiqlim yaratadi. Quyosh panellari va «aqlli» yoritish tizimlari energiya tejalishini ta’minlaydi, suv esa yomg‘ir oqovalaridan tortib murakkab filtrlash jarayonlarigacha yig‘ilib, qayta ishlatiladi.


Yo‘lovchilar uchun «yashil» yondashuv har qadamda seziladi: past shovqinli uchishlardan tortib terminal ichidagi salqinlikkacha, bu yerda ortiqcha konditsioner o‘rniga ekologik ventilyatsiya ishlaydi. Changi izchil ravishda to‘liq uglerod neytralligiga qarab harakat qilmoqda va bugunoq aeroport beton gigant emas, balki tirik, nafas olayotgan organizm bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib turibdi.



Inchxon, Janubiy Koreya


Inchxon anchadan beri «aqlli» aeroport deb ataladi va bu faqat raqamli texnologiyalar tufayli emas. Bu yerda ekologik yechimlar arxitekturaning o‘ziga singdirilgan: terminallar geotermal energiya yordamida isitiladi va sovitiladi, tomlar quyosh panellari bilan qoplangan, uchish-qo‘nish yo‘laklari atrofida esa shovqinni kamaytirib, havoni tozalovchi yashil hududlar barpo etilgan.


Transportga alohida e’tibor berilgan: shaxsiy avtobuslar va xizmat mashinalarining parki elektr va vodorod yordamida ishlaydi, terminallarda esa dekorativ emas, balki qo‘shimcha kislorod muvozanatini hosil qiluvchi bog‘lar va istirohat bog‘lari joylashgan. 2040-yilga kelib Inchxon nol chiqindiga erishishni rejalashtirmoqda, bu orqali Sharqiy Osiyoning eng yirik transport markazini kelajakning ekologik infratuzilmasi namunasiga aylantiradi.


Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan

Yuk tashish shartnomasi Maxfiylik siyosatiChipta tariflarini qo'llash qoidalari