
Madaniyat • 30 Sentabr, 2025
Avval ziravorlar bor edi...
Stefan Sveyg «Magellan jasorati» hikoyasining boshida ziravorlarni bejiz tilga olmagan – bu so‘zlarda oz bo‘lsa-da haqiqat bor. Bugungi kunda biz uchun oddiy bo‘lgan ziravorlar bir vaqtlar oltindan ham qimmatroq baholangan. Bu shunchaki so‘z o‘yini emas – bir qop murch bilan xuddi bir qop oltin kabi muvaffaqiyatli ravishda mahsulot uchun haq to‘lash mumkin bo‘lgan. Bu xushbo‘y hidlar ortidan karvonlar yo‘lga chiqar, hukmdorlar va alkimyogarlar izlanardi, bugun esa ziravorlar oshxonalarimizdagi idishlarda saqlanadi.
Buyuk Ipak yo‘li 10 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi Sharq va G‘arbni bog‘lagan oddiy karvon yo‘li emas. U orqali nafaqat tovarlar, balki g‘oyalar, texnologiyalar, madaniyat va diplomatiya oqib o‘tadigan arteriyaga aylandi. Yo‘l o‘z nomini o‘sha davrning asosiy boyliklaridan biri bo‘lgan – ipak tufayli olgan. Biroq, boshqa tovarlar ham undan kam qiymatga ega bo’lmagan, ular orasida ziravorlar alohida o‘rinni egallagan. Ziravorlar so‘zi lotincha «species» – «maxsus tovar" so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, bu mahsulotning g‘oyat qimmatli ekanligini ta’kidlagan.
Ziravorlar quruqlikdagi karvonlardan tashqari, Yaponiya qirg‘oqlaridan Yevropagacha 15 000 kilometrdan ortiq masofaga cho’zilgan – keng qamrovli dengiz yo‘llari orqali ham keltirilgan. Ba’zan yo‘l Arabiston sahrosi orqali o‘tar edi: karvonlar 1800 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, uzoq mamlakatlarning xushbo‘y hidlarini o‘zi bilan olib borardi.
Ziravorlar yo‘li faqat uzoq va xatarli bo‘lib qolmasdan, balki afsonalar bilan ham boyitilgan edi – ko‘pincha, shundoq ham qimmatbaho bo’lgan mahsulot narxini yanada oshirish maqsadida, atayin shunday qilinardi. Masalan, yunon tarixchisi Gerodot dolchin va uning qattiq turi kassiyani qo‘lga kiritishni epik qahramonlikka arzigulik jasorat sifatida tasvirlagan. Uning aytishicha, dolchinni qo‘l yetmas qoyalarda in qurgan vahshiy qushlar qo‘riqlardi. Terimchilar ularni go‘sht bilan aldab chaqirishardi: qushlar o‘ljani olib ketayotganda, uning og‘irligi ostida uyalar qulab tushardi va ziravorlarni yerdan terib olish mumkin bo‘lar edi.
Ziravorlar dunyoni boshqarganda
Tarixdagi eng mashhur dengizchilardan biri – Xristofor Kolumb shunday deb yozgan: «Men oltin va ziravorlar topish mumkin bo‘lgan joyga yetib borish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanaman». Bu xazinalar chindan ham dunyoning turli burchaklaridan izlangan va ular tufayli shaharlar taraqqiy etgan, savdo ittifoqlari vujudga kelgan hamda chegara chiziqlari qayta ko‘rib chiqilgan.
Miloddan avvalgi 2000-yillardan boshlab Shri-Lankadan keltirilgan dolchin va Xitoydan olib kelingan kassiya kabi ziravorlar Ipak yo‘li orqali uzoq g‘arbga – Arabiston yarim oroliga va Eron yassitog‘ligiga yetkazib berilgan. Qadimgi savdo markazlaridan yana biri hozirgi Ummon hududida joylashgan edi: miloddan avvalgi IV asrda mamlakatning janubiy qismida mustahkamlangan Sumhuram dengiz porti barpo etilgan bo‘lib, u yerdan savdogarlar Hadramaut, Hindiston va Sharqiy O‘rta yer dengizigacha borib kelishgan. Ziravorlar haqidagi eslatmalar Injilda ham uchraydi: hosildor Iordan vodiysida togʻjambil, yalpiz, rozmarin, oregano, mavrak va shovul o‘sgan. Hozirgi Isroil hududi qadimdan Ipak yo‘lining savdo yo‘llari kesishgan muhim nuqta vazifasini bajargan. Mamlakatning janubiy qismi alohida ahamiyatga ega edi: Negev sahrosi hududida arxeologlar xushbo‘y moddalar savdosi tufayli rivojlangan qadimgi manzilgohlarning izlarini topishgan. Bu joylardan oltinga teng qiymatli xushbo‘y smolalar – tutatqi va mirra Janubiy Arabiston va O‘rta yer dengizi sohillariga olib ketilgan. Sulaymon podsho davrida mashhur «ziravorlar yo‘li» aynan shu yerdan o‘tib, hozirgi kunda Eylat nomi bilan tanilgan Ezion-Gever porti orqali davom etgan. Mintaqa uchun ziravorlar savdosining ahamiyati shu qadar ulkan ediki, Misrda Qizil va O‘rta yer dengizlari orasida suv yo‘li barpo etishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan. Bu ulkan vazifa ustida turli davrlarda malika Xatshepsut, fir’avnlar Senusert III va Nexo I, shuningdek, fors shohi Doro I ishlagan. Keyinchalik bu murakkab gidrotexnik inshoot Fir’avnlar kanali deb nom oladi va kelajakda u jahon savdosining yo‘nalishini tubdan o‘zgartirgan eng muhim kemalar qatnovi kanali – Suvaysh kanaliga asos bo‘lib xizmat qiladi. Miloddan avvalgi I asrga kelib, o‘z davrining eng yirik porti bo‘lgan – Iskandariya ziravorlar savdosidagi yana bir muhim markazga aylandi. Aynan shu davrda dengizchilar musson shamollarining kuchidan foydalanishni o‘zlashtirdilar, bu esa kemachilikning yangi bosqichga ko‘tarilishiga imkon berdi: endi kemalar Hindistondan ziravorlarni nafaqat quruqlik yo‘li orqali, balki dengiz yo‘li orqali ham yetkazib bera boshladi. Vaqt o‘tishi bilan ziravorlarni yetkazib berish yo‘nalishlarini nazorat qilish Yaqin Sharq davlatlariga o‘tdi, bu esa yevropaliklarni aylanma yo‘llarni izlashga undadi. Aynan yangi savdo yo‘llarini jadal izlashning o‘zi Buyuk geografik kashfiyotlar davrining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi. Ipak yo‘li hozirgi Gruziya hududlari orqali ham o‘tgan. Bu strategik mintaqada ta’sir o‘tkazish uchun ikki qudratli davlat – Vizantiya va Eron asrlar davomida kurash olib borgan. VI asrda Svanetiya va Lazika Vizantiya nazorati ostida bo‘lgan, Iberiya esa forslar qo‘liga o‘tgan. Sharq va g‘arbdan kelgan savdogarlar Kavkazning shiddatli tog‘ daryolari va mashaqqatli dovonlarini bosib o‘tishgan. Bu savdo yo‘llarining chorrahasi afsonaviy Kolxida poytaxti va yo‘lning shu qismidagi eng muhim savdo markazlaridan biri hisoblangan qadimiy Fazis shahri hisoblangan. Shohona sovg‘alardan to vabo xavfidan himoyalanishgacha Shohlarga ziravorlarni sovg‘a qilish – bu mubolag‘a emas. Nafaqat shohlarga: Sharqdan yo‘l ko‘rsatuvchi yulduzga ergashib kelgan donishmandlar yangi tug‘ilgan Isoga oltin emas, balki xushbo‘y tutatqi va mirra keltirganlar. Bu xushbo‘y moddalar nasroniylikdan ancha oldin ham e’zozlangan: yahudiylikda ular qurbonlik marosimlarida va moy surtish rasm-rusumlarida qo‘llanilgan. Savdo yo‘llarining rivojlanishi bilan ziravorlar nafaqat ayirboshlash vositasiga, balki madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prikka ham aylandi. Ular orqali bilimlar, amaliyotlar va e’tiqodlar ham tarqaldi. Ko‘pgina an’analarda ziravorlar o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Masalan, hinduizmda kardamon muqaddas o‘simlik sanalgan: ibodatxonalarda uni xudolarga nazr qilishgan va aql ravshanligi hamda ichki uyg‘unlikka erishish uchun iste’mol qilishgan. Amerika tub aholisi mavrakdan turar-joylarni tutatish uchun foydalanishgan – uning tutuni makonni yovuz ruhlardan tozalaydi, deb ishonishgan. Ko‘plab madaniyatlarga tanish bo‘lgan yalpiz esa ongni tinchlantirish va tashvishlarni yengillashtirishga yordam bergan. Diniy marosimlarda ladan bilan ziravorlarni birga yoqishgan – ularning hidi ibodatlarning osmonga tezroq yetib borishiga ko‘maklashadi, deb e’tiqod qilishgan. Biroq, ziravorlarning qadri faqat ma’naviy mezonlar bilan o‘lchanmasdi. 410-yilda Rim qamali paytida vestgotlar sardori Alarix chekinish evaziga nafaqat 5000 funt kumush, balki 3000 funt qora murch ham talab qildi. Murch kamroq miqdorda so‘raldi – u metalldan ham qimmatroq edi. Epidemiyalarning qaro kunlarida ziravorlarning shifobaxsh kuchiga ishonch yanada kuchaydi. Yevropa vabo iskanjasida qolganda, za’faron oltindan ham qimmatroq bo‘lib ketdi. Odamlar uni kasallikdan himoya qiluvchi, sirli va g‘oyatda istaladigan vosita deb bilishardi, chunki u xastalikdan asrash qobiliyatiga ega edi. O‘rta asrlarda za’faronga g‘ayritabiiy xususiyatlarni ham qo‘shib qo‘yishgan. Uni shunchaki dori emas, balki abadiylik kaliti deb hisoblashgan: alkimyogarlar abadiy hayotning afsonaviy eliksirini yaratishga urinishda ziravordan foydalanishgan. Poklanish, yorug‘lik va hayotiy quvvat bilan bog‘liq tasavvurlarni uyg‘otuvchi za’faron o‘limni aldashga qodir dori uchun eng mukammal tarkibiy qism bo‘lib tuyulgan. Eliksirning yana bir mashhur turi – sevgi eliksiri edi. Asrlar davomida sir-sinoat iforiga burkangan ziravorlardan sehrlash aralashmalarini tayyorlashda qo‘llanilgan. Ularning kuchi oshiqning his-tuyg‘ularini alangalatish, mehrini kuchaytirish yoki hatto qalbini zabt etishga qodir, deb hisoblangan. Shunday retseptlardan biri taxminan quyidagicha bo‘lgan: - Damashq atirguli gulbarglarining 1 qismi; - Dolchinning ½ qismi; - Muskat yong‘og‘ining ½ qismi; - Qalampir munchoqning ¼ qismi; - Zanjabilning ¼ qismi; - Bir chimdim za’faron; - 1 choy qoshiq asal. Sanab o‘tilgan tarkibiy qismlarning har biri his-tuyg‘ularning sehrli ohangiga o‘z ta’sirini qo‘shadi, deb ishonilgan: atirgul – sevgi, dolchin – iliqlik, za’faron – kuch, asalga esa shirinlik va mehr-muhabbat ramzi sifatida qaralgan. Bularning barchasi birgalikda na yurak, na qalb bilan unutib bo‘lmaydigan ichimlikni yaratishi kerak edi. Tahririyat izohi: keltirilgan retsept faqatgina tarixiy-madaniy ahamiyatga ega. Rasman sevgilingizning his-tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazishni faqat samimiylik, hurmat va bir-birini tinglash mahorati orqali amalga oshirishni tavsiya etamiz. Ziravor bor joyda, obro‘ ham bor Yevropada ziravorlarning paydo bo‘lishi taom turlarining ko’payishiga olib keldi va ovqatlanishga bo‘lgan munosabatni ham o‘zgartirdi. Ziravorlar paydo bo‘lguniga qadar dasturxon ancha kamtarona edi: taomlar mavsumga qarab o‘zgarar, retseptlar eng oddiy masalliqlar uyg‘unligiga asoslanar, ta’m-lazzatlar esa ko‘pincha odatdagi sho‘rlikdan nariga o‘tmasdi. Ovqatga lazzat manbayi emas, ko‘proq zaruriyat sifatida qaralar edi. Biroq, Rim imperiyasi davrida ziravorlar ancha yuqori baholangan va keng miqyosda ishlatilgan. Rimliklar nafaqat taom tayyorlashga, balki dabdabali ziyofatlarga ham ishtiyoqmand edilar. Mashhur afsonaga ko‘ra, ular ziyofatni cho‘zish uchun tovus pati bilan tomoqlarini qitiqlab, oshqozonlarini bo‘shatib, dasturxon atrofiga qayta o‘tirishgan. Bu afsonani IV asrda yozuvchi Makrobiy o‘zining «Saturnaliyalar» asari orqali tarqatgan. Tovus patlari haqidagi rivoyatlar to‘qima bo‘lishi mumkin, ammo rimliklarning ko‘p marotaba ovqatlanishga bo‘lgan ishtiyoqi shubhasizdir. Rim imperiyasi qulashi bilan ziravorlar go‘yo Yevropa ufqidan g‘oyib bo‘ldi. Savdo yo‘llari uzildi, xaritalar yo‘qoldi va sayohatlar kamdan-kam uchraydigan hodisaga aylandi. Bir necha asr davomida ovqatlanish yana soddalashdi: O‘rta asrlarning boshlarida hatto boylar ham dehqonlardan ozgina yaxshiroq ovqatlanishar, faqat ko‘proq go‘sht iste’mol qilishga qurblari yetardi, xolos. Shu paytdan boshlab, ziravorlar Yevropa qit’asini also tark etmadi. Bundan tashqari, davlatlar ularning manbalarini nazorat qilishga intilishdi: savdo kompaniyalari tuzildi, mustamlakalar zabt etildi, urushlar olib borildi. Shunday qilib, dolchin hidi va qalampir ta’mi nafaqat oshxonaning, balki jahon siyosatining ham ajralmas qismiga aylandi.Tuz hamyonbop bo‘lib qolgani bois, ovqatlarni ham ta’mi uchun, ham go‘sht kabi uzoq muddat saqlash maqsadida mo‘l-ko‘l tuzlashardi. Faqatgina savdo yo‘llari tiklanib, savdo-sotiq qayta jonlangach, ziravorlar farovonlik va mavqe ramzi sifatida yana dasturxonlardagi o‘z faxrli o‘rnini egalladi. Ziyofatlarda ularni ayashmаsdi: taomning nafisligi masalliqlar bilan emas, balki ziravorlar miqdori bilan o‘lchanardi. Oddiy tovuq sho‘rvasiga bodom, qalampir munchoq, dolchin, murch, nard barglari, qalgan, za’faron va shakar – barchasini birvarakayiga solish mumkin edi.