. UZS

blog

Aviatsiya12 May, 2026

Osmonga oshno qilgan kasb

Osmon va u bilan bog’liq kasbni tanlagan ayol o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? Ikkalasiga ham isbot kerak emas – faqatgina balandlik va aniqlik muhim. U o‘z ishi haqida xotirjamlik bilan, balandparvoz gaplarsiz, ko‘zlari chaqnab gapirardiki, bu muhabbat ekanligini darhol anglash mumkin edi. Haqiqiy, intizom, sabr-toqat va ichki osoyishtalikni talab qiladigan muhabbat.


Ushbu sonda Gio Kardavaning Centrum Air uchuvchisi Syusan Mamedova bilan e’tibor va sabr, dabdabasiz osmon va romantikasiz erkinlik haqidagi suhbati keltirilgan. Ular asosiy jihati – qo‘rquv yoki adrenalin emas, balki hurmat bo‘lgan kasb to‘g‘risida suhbatlashadilar.



– Ayting-chi, siz kasbiy faoliyatingiz boshida qaysi gaplarni ko‘p eshitgansiz? «Bu ayollar kasbi emas» yoki «Barakalla, shunday davom et» degan gaplar bo‘lganmi?


– Men uchishni Yevropada boshlaganman. Rostini aytsam, u yerda, bunga ancha oddiy qarashadi. Ayol kishining uchuvchi kabinasida bo‘lishi hech kimni ajablantirmaydi. Bu tez-tez uchraydigan hodisa, hech kim uni shov-shuvga aylantirmaydi. Hech qanday kamsitish yoki «bu ayollar kasbi emas» degan gaplarni men u yerda eshitmaganman. Biror marta ham.



– Yevropada uchish bo‘yicha tajribangiz kattami?


– Kichik, bir dvigatelli samolyotlarda anchagina uchganman. Ko‘pincha yolg‘iz o‘zim – ikkinchi hamrohsiz yoki boshqa birovlarsiz parvoz qilganman. Vilnyusda, butun Slovakiya va Avstriya bo‘ylab uchib yurganman, shu sababli bu borada tajribam bor.



– Siz bu mavzuga biroz to‘xtaldingiz, ammo baribir batafsil bilmoqchimiz. Siz uchadigan joylarda ayol uchuvchilarga munosabat qanday?


– Umuman olganda, qayerda ishlamay, «qiz bola uchuvchi bo‘lolmaydi» degan qarashlarga men duch kelmaganman. Munosabat esa professional darajada: agar ishni yaxshi bajarayotgan bo‘lsangiz, erkak yoki ayol bo‘lish muhim emas. Yevropada bunday stereotiplar allaqachon yo‘qolib ketgan. Amerikada – men hozir aynan Amerika litsenziyasi bilan uchaman – aksincha, «Go ahead! Faqat oldinga! Barakalla! Go, girl!» degan so‘zlarni eshitganman.


O‘zbekiston porloq kelajak sari odimlamoqda, shu bois bu yerda ayol uchuvchilarning uchrashi kamyob hodisa emas. Ha, har bir aviakompaniyada bittadan-ikkitadan, ammo baribir ayol uchuvchi bor. Bizning kompaniyada men birinchiman, yana boshqalar ham keladi deb o‘ylayman. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, ayol kishi istalgan kasbni egallashi mumkin, degan tushuncha shakllanmoqda. Uchuvchilik – haqiqatan ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan murakkab kasb.



– Sizda ayol uchuvchilarning hamjamiyati bormi? Masalan, Telegramda guruh?


– Bu yerda ozchilik bo‘lganimiz sababli, shaxsan men hech kim bilan tanish emasman. Ammo Facebook’dagi «Female Pilots» guruhiga a’zoman. Guruhda dunyoning turli burchaklaridagi ayol uchuvchilar o‘z yutuqlari haqida so‘zlashadi, muammolarni, shu jumladan kamsitish holatlarini ham muhokama qilishadi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, bunday voqealar ko‘pincha aynan Amerikadan kelib tushadi.


Ba’zida izohlarni o‘qiyman, qizlar shikoyat qilishadi: komandir achchiq gapirdi, biri salom bermadi, kimdir «hazillashdi». Ularning hikoyalarini o‘qish menga qiziq – har kimning vaziyati boshqacha va ba’zida o‘ylab qolasiz: «Mana bu yo‘l! Qoyil, qizlar!»



– U yerda nechta a’zo bor?


– Bir necha mingta. Asosan AQSh, Meksika uchuvchilari, lekin umuman olganda, butun dunyodan uchuvchi-qizlar.



– Siz «agar uchuvchi ayol bo‘lsa, men bu samolyotga chiqmayman» degan fikrga duch kelganmisiz?


– Ha, aytgancha! Instagram’da «Sentrum» da ayol uchuvchi paydo bo‘lgani haqida post chiqqanda, ostida shunday mazmundagi bir nechta izohlar qoldirilgan edi. Qizig‘i shundaki, bu izohlar erkaklardan ko‘ra ko‘proq ayollardan kelgan. Erkaklar ko‘pincha hazil tarzida yozishsa, ayollar jiddiy ohangda yozishgan. To‘g‘risini aytsam, bunga hayron qoldim. Albatta, javob bermadim – har kimning o‘z fikri bor, lekin juda qat’iy izohlar ham bo‘ldi: «Yo‘q, ayol-uchuvchisi bo‘lgan samolyotga chiqmayman».


Yaqinda yana bitta izoh yozildi: «Muhimi, burilish chiroqlarini yoqishni unutmang». To‘g‘ri, bunday izohlar bir-ikkita, undan ko‘p emas, shuning uchun ularga e’tibor ham bermayapman. Odatda bunday fikrlarni bilimsiz yoki baxtsiz odamlar yozishadi, ular shunchaki noxush gaplarni qoldirib ketishadi.


Tanqid bor va bo‘lishi kerak, ammo u konstruktiv bo‘lmog‘i lozim. Ana shunday tanqidga chindan ham e’tibor qaratish zarur. Agar bu shunchaki quruq gap bo‘lsa, demak, u haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aksariyat izohlar esa yoqimli. Odamlar qo‘llab-quvvatlaydilar, samimiy so‘zlar bitadilar. Buni his etish mumkin.



– Sizga kasbingizda yordam beradigan aniq ayollarga xos fazilatlar bormi?


– Ha. Tafsilotlarga e’tibor juda katta yordam beradi. Umuman olganda, bu bizning kasbimizdagi eng muhim fazilatlardan biridir. Axir biz samolyot tizimlarining turli parametrlarini nazorat qilamiz – ko‘plab monitorlar, ma’lumotlar, raqamlar, ko‘rsatkichlar bor. Har doim diqqatni jamlab turish kerak.

Bundan tashqari, bilishimcha, ayollarda periferik ko‘rish yaxshiroq rivojlangan. Shuning uchun hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri monitorga qaramasangiz ham, ko‘z qiri bilan o‘zgarishlarni ilg‘ashingiz mumkin. Bu ham muhim. Ehtimol, mayda detallarni payqash, sabr-toqat, diqqat – bularning barchasi yordam beradi. Lekin bu faqat ayollarga xos xususiyat deb aytish qiyin. Yana bir muhim jihat – bu sabr. Ba’zan u hamkasblar bilan munosabatda bo‘lishda ayniqsa zarur. Odamlar juda xilma-xil va har biriga o‘ziga xos yondashish kerak. Demak, ha, sabr ham katta yordam beradi.



– Sizningcha, kasbingizda eng «erkaklarga xos» va eng «ayollarga xos» jihatlar nimalar?


– Diqqat va sabr-toqatdan tashqari… Ha, o‘ylaymanki, ayollar baribir erkaklarga qaraganda sabrliroq. Ammo «erkakona» tomoniga kelsak – deyarli hammasi, shekilli, hatto forma ham aslida erkaklar uchun mo‘ljallangan.


Shuningdek, diqqatni jamlash va sovuqqon fikrlashni aytgan bo‘lardim – bu bizning kasbimizda eng zarur narsalardan biri. Hissiyotlarga berilmaslik kerak. Axir qizlar tabiatan hissiyotga beriluvchan, bu ba’zida qiyin bo‘ladi – ayniqsa, ikki xil ma’noda tushunish mumkin bo‘lgan gaplarni eshitganingizda. Lekin hamkasbingiz buni sizga ayol sifatida emas, mutaxassis sifatida aytayotganini anglash muhim. Barcha narsani aynan shu nuqtayi nazardan qabul qilish kerak.


Ayollarga xos jihat deb hamkasbga g‘amxo‘rlikni ham aytgan bo‘lardim. Bu, menimcha, albatta bo‘lishi kerak. Aviatsiyada axir CRM (tahr. izohi: Crew Resource Management – ekipaj ichidagi resurslarni boshqarish tizimi, u samolyot ekipaji a’zolari o‘rtasida samarali o‘zaro hamkorlik va muloqotni ta’minlashga qaratilgan) – ya’ni ekipaj ichidagi samarali muloqot va hamkorlik tizimiga katta e’tibor qaratiladi. Bu jamoaviy muvofiqlik, kabinadagi muhitdir. U qulay, osoyishta, tarang bo‘lmasligi kerak. Komandir – buyruq beruvchi rahbar emas, balki ikkinchi uchuvchi va bort kuzatuvchilar fikrini hurmat qiladigan hamkasb.


Masalan, men g‘amxo‘rlikni shunday ko‘rsataman: ko‘pincha parvozlar erta tongda – soat besh-oltida bo‘ladi. Bilaman, hamkasbim nonushta qilishga ulgurmagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun yonimda zavod qadoqlarida «batonchik» olib yuraman va ularni mehmon qilaman. Mayda narsa, lekin odamga yoqimli va foydali. Och qoringa uchish yaramaydi, fikr ishda bo‘lishi kerak, ovqatda emas. Uyqu va to‘g‘ri ovqatlanish – parvozning asosi.



– Sizga samolyotda «ona» bo‘lish – ya’ni, hammani nazorat qilib, g‘amxo‘rlik qilish holati tanishmi?


– Men buni «ona» emas, g‘amxo‘r do‘st deb atagan bo‘lardim. Har bir parvozda, kim bilan uchishimdan qat’i nazar, hatto u odamni birinchi marta ko‘rsam ham e’tiborli bo‘lishga harakat qilaman. «Biror narsa kerakmi?» deb so‘rayman, agar kapitan band bo‘lsa, ba’zan styuardessa qizlardan yordam so‘rayman. Men uchun bu qiyin emas – agar bo‘sh daqiqalar topilsa. Ochig‘ini aytganda, ikkinchi uchuvchida bo‘sh daqiqalar deyarli bo‘lmaydi.



– Ya’ni o‘zingizni qanday his qilyapsiz, bugun kayfiyatingiz qanday deb so‘rash ham muhimmi?


– Ha, juda muhim. Shunday oddiy narsalar kayfiyatni belgilaydi, ayniqsa kun erta boshlanganda yoki parvoz uzoq davom etsa.



– O‘zingizni qayerda ishonchliroq his qilasiz – yerda yoki osmonda?


– Yaxshi savol. Uchishni endigina boshlaganingizda, tajriba oz bo‘ladi va o‘zingizga to‘liq ishonmaysiz. Jarayonlarni bilasiz, lekin hozircha parvozdagi turli vaziyatlarni boshdan kechirmagansiz ichingizda biroz ishonchsizlik bor. Bu zaiflik emas, shunchaki bir bosqich, xolos.

Bungacha men o‘n olti yil davomida bortkuzatuvchi bo‘lib ishlaganman. O‘z ishining ustasi edim, nima qilayotganimni bilardim va uni nafaqat yaxshi, balki a’lo darajada bajarardim. Yaxshi lavozimda ishlardim, meni qo‘yib yuborishni istashmadi ish beruvchiga yo‘lovchilarga g‘amxo‘rlik qiladigan va ularning parvozini qulay, esda qolarli qiladigan mas’uliyatli bort kuzatuvchisini topish qiyin. Shuning uchun u yerda o‘zimni to‘liq ishonchli his etardim. O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan uchuvchilikda ham xuddi shunday ishonch paydo bo‘ladi.



– Agar sizga yolg‘iz – yo‘lovchilarsiz, yo‘nalishsiz, jadvalsiz uchish imkoniyati berilsa – qayerga uchgan bo‘lardingiz?


– Men allaqachon bunday parvoz qilganman. Yevropada litsenziya olayotgan paytimda ma’lum miqdorda solo soatlar to‘plash kerak edi. Qachon uchishni o‘zing hal qilasan: nonushta qilasan, aerodromga borasan, agar samolyot bo‘sh bo‘lsa – yoqilg‘ini to‘ldirib, shunchaki zavq uchun cross-country flightga (tahr. izohi: mamlakatlar va shaharlar o‘rtasidagi parvozlar bo‘lib, ular navigatsiya protseduralaridan foydalanishni talab qiladi) chiqasan. Asosan tog‘li hududlarda – Slovakiya, Avstriya, Vengriya bo‘ylab uchganman. Juda chiroyli, unutilmas manzaralar.


Mutlaq erkinlikni his etasan: na yo‘lovchilarga, na jadvalga bog‘liqsan. Yoqilg‘i tugagunga qadar uchasan. Bunda zavq bor, albatta. Umuman olganda, hozirgi mashg‘ulotim menga juda yoqadi. O‘sish imkoniyatlari mavjudligi, chegara yo‘qligi meni quvontiradi.



– Ayting-chi, qaysi biri murakkabroq edi: kasbning barcha nozik tomonlarini o‘rganishmi yoki odamlarni siz uchuvchi bo‘lishga loyiq ekaningizga ishontirishmi?


– Albatta, tizimni o‘rganish. Yuz foiz. Men hech kimga hech narsani isbotlamoqchi emasman – faqat o‘zimga isbotlayapman, xolos. Menga hayotimda birinchi va so‘nggi marta ko‘rgan odamlar nima deb o‘ylashi unchalik muhim emas. Energiya sarflash kerak bo‘lsa, uni ishonch uchun emas, bilim uchun sarflash kerak.


Ammo samolyotni, uning turlarini, butun tizimini o‘zlashtirish – bu haqiqatan ham murakkab. Bu jiddiy texnika. Uni faqat bilish emas, hurmat qilish ham kerak. Zamonaviy samolyot – bu uchuvchi kompyuter, bu kasbda umr bo‘yi o‘qish kerak. Ikkinchi uchuvchi bo‘lib, keyin komandir darajasiga yetdingizmi – hammasi tugadi, endi dam olsa bo‘ladi, degan gap yo‘q. Aksincha, har kuni yangi narsalarni o‘rganasiz, oldingi bilimlaringizni takrorlaysiz va yangilaysiz.


Doim yangi materiallar, jurnallar, maqolalar chiqib turadi. Xatolardan saboq olish uchun hodisalar va halokatlar tahlillarini o‘rganasiz. Bu cheksiz jarayon. Agar siz professional uchuvchi bo‘lsangiz – demak, siz hamisha o‘quvchi bo‘lib qolaverasiz.



– Sizni tinglayotganimda, kasbining eng yaxshi ma’nodagi haqiqiy «gik»i, degan taassurot uyg‘onadi...


– Ehtimol, shunday (kuladi). Chindan ham bularning barchasi menga qiziq. Umuman, bu kasb bilan osmonga «oshno» bo‘lgan odamlar shug’ullanadi. Bu shunchaki ish emas – bu hayot tarzi. Axir bu kasb jismonan og‘ir: doimiy parvozlar, tungi va ertalabki reyslar, uyda bo‘lmaslik, o‘tkazib yuborilgan bayramlar, tug‘ilgan kunlar, yaqinlar bilan uchrashuvlar.


Bu kasb uchun ko‘p narsadan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Agar unga bo‘lgan muhabbat haqiqiy va samimiy bo‘lmaganda edi, bularning barchasiga bardosh berish juda qiyin kechardi.



– Sizda uchishga bunday ishtiyoq qayerdan paydo bo‘lgan?


– Otam harbiy muhandis-mexanik edi. U Kamchatka va Chukotkada xizmat qilgan. Uchuvchi bo‘lishni juda xohlagan, lekin nimadir sabab bo‘lib, uddalamagan. Esimda, bolaligimda mening samolyot o‘yinchoqlarim bor edi. Menda aviatsiyaga bo‘lgan muhabbatni otam uyg’otgan, deb o‘ylayman. U menga o‘zining dembel albomini ko‘rsatardi – unda qiruvchi samolyotlar, akrobatik figuralar, chiroyli chizmalar bor edi. Shu narsalar ongimda chuqur iz qoldirgan, shekilli.


To‘g‘risini aytsam, hech qachon uchuvchi bo‘laman deb o‘ylamaganman. Hatto uchishni tasavvur ham qilmaganman. Bu kasbga kirib qolishim: to‘liq tasodif.


Uchuvchi bo‘lish to’g’risidagi qaror keyinroq keldi. Shunchaki bir payt katta bort kuzatuvchisi bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq narsaga qodir ekanligimni angladim. Hech qachon instruktor bo‘lishni istamaganman – ofisda o‘tirishdan ko‘ra uchishni xohlaganman. O‘zimda kuch va salohiyat borligini his qilganimda, buni hayotga tatbiq etishga ahd qildim.


Urinib ko‘rdim – menga yoqdi. Oson yo‘llar menga to‘g‘ri kelmaydi. Men murakkab, qiziqarli va kuch talab qiladigan narsalarni yoqtiraman. Ko‘pchilik aviatsiyaga kelganlar singari, bu yo‘l men uchun ham uzoq va mashaqqatli bo‘ldi. Ehtimol, u aynan shu sababli qadrlidir.


Har bir qadam – bu g‘alaba. PPL (tahrir. izohi: Private Pilot License – shaxsiy uchuvchi litsenziyasi, uchuvchilik faoliyatidagi birinchi jiddiy bosqich) – bu g‘alaba. Qo‘limdan kelishini o‘zimga isbotladim. Birinchi marta samolyotni havoga ko‘tarding – kichik bo‘lsa ham, o‘zing, o‘z qo‘ling bilan. Har bir uchuvchi bu kunni – o‘zi bilan umrbod qoladigan daqiqani eslab qoladi.



– Shu lahza haqida so‘zlab bersangiz.


– Mamnuniyat bilan aytib beraman. Bu 2016-yilda, Vilnyusda bo‘lgan edi. Men o‘quv dasturini anchayin tez tugatdim – taxminan uch oy ichida, ish bilan bir qatorda. Moskvaga uchib borardim, ishlardim, parvozlar uchun pul topardim, keyin Vilnyusga qaytib, imtihon topshirardim, soat to‘plardim.


Nihoyat, 18-avgust kuni keldi. Bu kunni juda uzoq vaqt kutgandim: ob-havo ko‘p hollarda uchishga ruxsat bermasdi – Vilnyusda avgust oyida yon tomondan esadigan kuchli shamollar boshlanadi, ular havo parvoziga to‘sqinlik qiladi. Shamol kuchining ma’lum chegarasi bor – undan oshsa, xavfli hisoblanadi. Shu sababli, bir necha kun davomida shunchaki kutishga majbur bo‘ldim.


O‘sha kuni biz instruktor bilan aerodrom ustida uch marta aylanib uchdik. Men bu «o‘sha» kun bo‘lishini bilmasdim. Odatiy parvoz deb o‘ylagandim. Shunda instruktor to‘satdan: «Samolyotni to‘xtat, motorni o‘chirma, men tushaman» dedi. Men: «Qayoqqa ketyapsiz?» deb so‘rasam, u: «Bo‘ldi, uchaver. Uchta uchish va uchta qo‘nish mustaqil ravishda». Shu xolos. Darhol anglab yetasiz: mana, shu daqiqa. Endi yoningizda hech kim yo‘q – na instruktor, na hamroh. Faqat siz, samolyot va ob-havo.


Hayratlanarli tomoni, hech qanday vahima yo‘q. Hayajonlanish, kuchli his-tuyg‘ular bor edi, ammo bu fikrlashga to‘sqinlik qiladigan stress emas edi. Aksincha, orzu qilgan ishingizni amalga oshirayotganingizni anglash va zavqlanish hissi mavjud edi.


Instruktorim biror marta ham aralashmadi, radio orqali ham hech narsa demadi. Albatta, yerda turib, kuzatgan, hayajonlangan – har qanday instruktor o‘z «polaponi» uchun shunday qiladi. Keyin men qo‘nganimda yugurib keldi, qo‘lida telefon – parvozimni videoga olayotgan edi. So‘radi: «Xo‘sh, qanday? Nimani his qilding?». Barchasi videoga olingan, men ba’zida ularni qayta-qayta ko‘raman.


Bu kunni bir umr eslab qolaman, chunki aynan o‘sha paytda o‘zimga ilk bor buni uddalay olishimni isbotladim.



– Zo‘r. O‘zingizga «Men uchuvchiman», degan lahzani eslaysizmi?


– Ehtimol, men hali ham shu lahzani yashayapman. To‘liq tushunib yetganim yo‘q.



– Soxta shaxs sindromi?


– Ha. Men doimo o‘zimdan qoniqmayman. Go‘yo yetarlicha yaxshi emasman, yanada yaxshiroq bo‘lishim kerakdek tuyuladi. Hozir men yangi tekshiruvdan o‘tdim, biriktirilgan komandir bilan dasturdan chiqdim, ertaga esa instruktor bilan yakuniy tekshiruvni boshlayman. Shundan keyin istalgan komandir bilan uchishim mumkin bo‘ladi.


Hozir shunday qiziqarli davr – juda sermazmun! Kirish dasturi murakkab bo‘lgan, ammo hayratlanarli darajada zavqli edi. Ajoyib instruktorlarim bo‘lgan – har biri menga o‘z tajribasining, bilimining va kasbga bo‘lgan munosabatining bir qismini berdi. Ularning barchasidan chin dildan minnatdorman.


Ayniqsa, meni tekshiruvga tayyorlagan instruktorimga alohida minnatdorchilik bildiraman. Uni murabbiy, hamkasb va do‘st sifatida butun yuragim bilan yaxshi ko‘raman. U menga professional sifatida ishonch bildirdi, bu esa juda katta qadriyat. Qachonki sizga ishonishsa, sizda ham qanotlar paydo bo‘ladi. Albatta, tajriba hali kam, shubhalar ham bo‘ladi, lekin aynan menga duch kelgan shunday instruktorlar insonni qo‘rqmaslikka, harakat qilishga o‘rgatishadi.


So‘ng o‘zingizdan ko‘p narsani talab qila boshlaysiz. Ko’pincha hatto haddan tashqari yuqori talablar qo’yasiz. Ammo vaqt o‘tishi bilan xotirjam ishlash, xatolardan saboq olish kerakligini, ularga o‘ralashib qolmaslikni tushunasiz. Xatolar – hayot yo‘lining bir qismi. Eng muhimi – ularni anglash va tuzatish.


Yaqinda o‘z sahifamga «O‘sish uchun o‘zingga vaqt ber» degan iborani joylagan edim. Bu aynan men haqimda. Hozirgi davr men uchun juda qiziqarli kechmoqda.



– Bu juda ajoyib. U qiziqarli bo‘lishi jihatidan iloji boricha uzoqroq davom etsin, noaniqlik nuqtai nazaridan emas.


– Ha, men ham to‘xtab qolishni istamayman. Hamkasblar bilan ishlash qulay va xavfsiz bo‘ladigan professional bo‘lishni istayman. Odamlar yonimda o‘zlarini ishonchli his qilishlari kerak. Ehtimol, mening yo‘lim boshqalarga namuna bo‘lar. Shubhasiz, kompaniyamizga yana qizlar keladi. Balki men ularga ozgina yo‘l ochib bergandirman. Bu mas’uliyatli, murakkab, ammo juda qiziqarli ish.



– Unda, iltimos, ayting-chi bizning suhbatimizni o‘qib, uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan qizlarga nima degan bo‘lardingiz?


– Jasoratli bo‘ling!


O‘z maqsadlaringizni albatta amalga oshirish kerak. Agar o‘zingizda salohiyat his qilsangiz, urinib ko‘ring. Qo‘rqmang. O‘zingizdan boshqa hech kimni tinglamang. Atrofingizda doimo maslahatchilar bo‘ladi: «Bu senga nega kerak?», «Bu qimmat!», «Bu uzoq vaqt oladi!», «Sen oila qurishing kerak-ku!», «Bolalar-chi?».


Hech kimni eshitmang. O‘zingizni, yuragingizni tinglang. Hozir imkoniyatlar juda ko‘p – barcha ma’lumotlar qo‘l ostingizda. Ingliz tilini bilmayapsizmi? O‘rganing. YouTube, kurslar, video darslar – barchasi mavjud. Eng muhimi, maqsadga e’tiborni qaratish va unga qadam-baqadam erishishdir.


Qiyin bo‘ladi. Ba’zida taslim bo‘lgandek tuyuladi. «Bu mening yo‘lim emas», degan fikrlar keladi. Ammo eng muhimi – to‘xtamaslik. Agar chin dildan uchishni istasangiz, hamma narsani uddalash mumkin.


Ha, ba’zida shunday tuyuladi… Yo‘q, hatto shunchaki tuyulmaydi, balki haqiqatan ham taslim bo‘lgandek his qilasiz. Menda ham bir-ikki marta shunday bo‘lgan – juda og‘ir davr edi. «Balki bu mening yo‘lim emasdir, bu qadar to‘siqlar bejiz emasdir», deb o‘ylaganman. Ammo keyin bir-ikki kun dam olib, yana jangga kirish kerak. Boshqa iloji yo‘q.



– Endi biroz amaliy jihatga o‘tib, kasbning matematik tomonini tushuntirishni so‘rayman. Ya’ni, uchuvchi bo‘lish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘lishi haqida taxminiy hisob-kitob qilamiz.

 


– Bilishimcha, Rossiyada uchuvchilar tayyorlaydigan bir nechta o‘quv yurtlari bor – ularda byudjet asosida o‘qish yoki Moskvadagi, Sankt-Peterburgdagi institutlarga kirish mumkin. Tanlovdan o‘tsangiz, o‘qish bepul. To‘lov asosida ham o‘qish mumkin, lekin aniq narxni bilmayman, chunki men litsenziyalarni Yevropada va Amerikada olganman.


Yevropada o‘sha paytda eng minimal narx – noldan CPL darajasigacha – taxminan 70–100 ming yevro edi. Bu summaga travel costs (tahrir. izohi: parvoz xarajatlari), ovqatlanish va yashash xarajatlari kirmagan. Hozir, o‘ylaymanki, biroz qimmatroq. Bundan tashqari, yana type rating (tahrir. izohi: uchuvchining muayyan turdagi havo kemasini boshqarish uchun maxsus malaka sertifikati) ham kerak bo‘ladi. Men o‘qish uchun o‘z mablag‘imni sarflaganman. Ilgari kompaniyalar o‘qishga sarmoya kiritib, keyin maoshdan foiz ushlab borardi. To‘g‘ri, foiz unchalik ham kam emasdi, lekin baribir imkoniyat bor edi. Bugungi kunda bunday holat kamroq uchrayapti.


Shuning uchun, avvalgi savolga qaytadigan bo‘lsak, o‘zingizga sarmoya kiritishingiz kerak. Qanchalik o‘zingizni professionallar darajasida rivojlantirsangiz, shunchalik mehnat bozorida qiziqarli bo‘lasiz. Tayyor uchuvchi sifatida, hatto parvoz soatlari kam bo’lsa ham ish topish imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi. Bu qimmat, albatta, lekin hammasini iloji bor. Mehnat qilish kerak. Yoki kredit olish – ko‘plar shunday yo‘l tutadi. Menga esa omad kulib boqdi: yaxshi maosh to‘laydigan ish joyim bor edi, shuning uchun bunga imkon topdim. Ha, bu oson emas edi – hamma mablag‘ o‘qishga ketar, hech narsa ortmasdi. Ammo men uddaladim. Yevropa litsenziyasi menga taxminan 70 ming yevroga, Amerika litsenziyasi esa 50 ming yevroga tushgan.


– Shaxs sifatida, uchuvchilik kasbiga kirish, o‘qish va umuman uchuvchi bo‘lib yetishish uchun o‘zingizda qanday o‘zgarishlar qilishingizga to‘g‘ri keldi?


– Tez harakat qilish va operativ bo‘lishni o‘rganish va stressli vaziyatlarda hissiyotlarga berilmaslik, aksincha, sovuqqonlik bilan fikrlash zarur. Bunga ham o‘rganish kerak. Axir ayollar ko‘pincha hissiyotli, mehribon, sezgir bo‘lishadi. Shuning uchun bu kasbda stressga chidamlilikdan ham ko‘ra, emotsional o‘zini tuta bilish, holatni betaraf tahlil qilish muhim. Bu kasbimizda juda yordam beradi.


Shuningdek, eng qisqa vaqt ichida tayyorlanishni o‘rgandim. Ko‘zingizni ochganingizdan to uydan chiqib ketguningizgacha yarim soatdan ortiq vaqt o‘tmasligi kerak. Buni bir necha yil davomida o‘rganishimga to‘g‘ri keldi, chunki men uydan tartibsiz holatda chiqa olmayman. Baribir odamlar bilan uchrashasiz, odamlar esa avvalo tashqi ko‘rinishingizga qarab baho berishadi. Hech bo‘lmaganda ozoda va saranjom bo‘lish lozim.


Yana nima? Aniqlik va vaqtga sodiqlik. Menda bu jihat avvaldan bor, lekin aviatsiyada bu ayniqsa muhim. Men ishga har doim 15–20 daqiqa, ba’zan yarim soat oldin kelaman – kech qolishdan doim qo‘rqaman. Shuncha yillik ish tajribam davomida biror marta ham kech qolmaganman. O‘ylaymanki, reysga uxlab qolish – bu har qanday aviatsiya xodimi uchun eng dahshatli tush. Har bir styuardessa yoki uchuvchi buni tasdiqlaydi.



– Iltimos, ayting-chi, sizda ayol uchuvchilarning xatolarini erkak uchuvchilarga qaraganda kamroq kechirishadi, degan ichki qo‘rquv bormi? Menda shunday bo‘lishi mumkin, degan taxmin bor.


– Yo‘q, menimcha, bu haqiqatga yaqin emas. Chunki kabinaga kirishimiz, o‘rindiqqa o‘tirishimiz bilan biz erkak va ayol emas, ikki professionalmiz. Shuning uchun u yerda hech qanday «o‘g‘il bolalar» va «qizlar» yo‘q – hamkasb bor. Yosh yigit-ikkinchi uchuvchilarga qo‘yiladigan talablardan farqli o‘laroq, menga qandaydir alohida talablar qo‘yilganini hech qachon sezmaganman. Yo‘q, rostini aytsam, menda bunday bo‘lmagan.



– Sizning ishingizdagi eng yoqimsiz narsa nima?


– Tungi parvozlar. Faqat vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan tungi reyslar emas, balki ketma-ket reyslar. Axir organizm shunday tuzilganki, kechasi uxlash kerak, biz esa aynan shu paytda ishlaymiz, maksimal darajada diqqatni jamlashimiz kerak.


Buzilgan sirkadiyal ritmlar – bu kasbning eng katta kamchiliklaridan biri. Ammo, boshqa tomondan, biz bu yo‘lni o‘zimiz tanlaganmiz, uni yaxshi ko‘ramiz, bizga bu ish yoqadi. Aynan o‘sha lahza uchun – samolyotni havoga ko‘targaningda yoki qo‘ndirganingda his qilinadigan tuyg‘u uchun ko‘p narsani qurbon qilasan. Bu kasbga ko‘ngil qo‘ymaslikning iloji yo‘q.



– Uchuvchilar orasida gapirish taqiqlangan, lekin baribir hamma shivirlashib so‘zlashadigan biror man etilgan mavzu bormi?


– Hammasi juda oddiy va aniq. Bizda hatto bu haqida yozib qo‘yilgan. Siyosatni muhokama qilmaymiz, reys reytinglari – kim qancha va qayerda uchgan degan narsalar haqida gaplashmaymiz. Qolgan sirli mavzularga kelsak… erkaklar parvozlar orasida nimalarni gaplashishadi, aniq aytolmayman. Hali jamoaga to‘liq singishimga vaqt kerak. Ammo hozirgacha ko‘rgan narsalarimdan kelib chiqib aytsam, hammasi yerga yaqin, oddiy mavzular. Kimdir qiziqarli reysga chiqishni orzu qiladi, ammo jadvalga kiritilmagan; boshqasiga esa ajoyib yo‘nalish tushgan – u esa quvonchdan buni hammaga aytadi. Hammasi oddiy – kundalik suhbatlar, ishdagi hazillar. Biz ham shunchaki odamlarmiz, o‘z quvonchlarimizni, tashvishlarimizni baham ko‘ramiz.



– Psixologlar ko‘pincha shunday maslahat berishadi: muammolardan uzoqlashish uchun o‘zingni osmonda uchayotgan qush sifatida tasavvur qil, u hamma narsaga balanddan boqadi. Kasbingiz tufayli siz chindan ham dunyoni bir necha kilometr balandlikdan kuzatib turasiz. Shunday ekan, odamlarning muammolariga nazar solayotgan ilohiy zot kabi his paydo bo‘ladimi sizda? Yoki aksincha, hayotning nechog‘lik mo‘rtligi haqidagi tuyg‘u yanada kuchayib boradimi?


– Yo‘q, na unisi, na bunisi. Ammo samolyot bortidan tashqariga qaraganimda, har safar yoqimli his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Bu – tasvirlab bo‘lmas darajadagi go‘zallik. Har safar tanlagan yo‘lim to‘g‘ri ekanligini his qilaman. Har kuni quyoshni ko‘raman. Shu bois, yo‘q, o‘zimni birovdan balandroq his qilmayman. Aksincha, dunyoga tepadan qarasangiz, bu koinotda barchamiz shunchaki mayda qum zarralari ekanligimizni anglaysiz. Biroq, aynan shu yo‘lni – murakkab, ammo qiziqarli yo‘lni tanlaganimdan quvonaman. Parvoz chog‘ida xayolimdan: «Ha, bu shunga arziydi» degan o‘y o‘tadi.



– Eng go‘zal manzara qachon va qayerda bo‘lgan?


– Har safar quyosh botishida uchgan paytimda. Bu aql bovar qilmas darajada go‘zal. Quyosh botayotgan paytdagi bulutlar go‘yo sehrli dunyo. Ba’zan shunday shakllar, shunday ranglar uchraydiki, nafasingiz ichingizga tushib ketadi. Men uchishdan qo‘rqadigan odamlarga tez-tez aytaman: illyuminatordan tashqariga qarang, u yerda ajoyib go‘zallik bor. Qo‘rquvlaringizni unutib, boshqa olamga nazar tashlang.


Samolyot bulut ichiga kirib ketgan yoki uning yonidan o‘tib borayotgan lahzani juda yoqtiraman. O’zingni xuddi bulutlar ustida syorf qilayotgandek his qilasan. Bu o’ta zavqli. O‘tirib, xuddi birinchi qatordagi tomoshabindek, bevosita shu go‘zallikka qaraysan. Bu esa kasbimizning eng hayajonli his-tuyg‘ularidan biri hisoblanadi.



– Keyingi savolimga javobni biroz oldinroq aytib qo‘ydingiz. Sizning kasbingiz aniqlik va algoritmlar bilan bog‘liq-ku: hamma narsa puxta o‘ylangan, izchil. Shunday aniqlikda sehrli va mo‘jizaviy narsalarga o‘rin bormi?


– Sehr va mo‘jiza – bort ortida. Bu ajoyib-ku! Har safar quyosh botishi va tong otishini ko‘rish juda qadrli. Buni unutmaslik kerak. Odamlar, ayniqsa qishda, faqat kulrang osmonni kuzatishadi – qit’aning Yevropa qismida quyosh kamdan-kam ko‘rinadi. Biz esa quyoshni har kuni ko‘rib turamiz.



– Ushbu sonning mavzusi – «Havo». So‘ramaslikning iloji yo‘q: havo bo‘shlig‘i, unda bo‘lish sizga nimalarni o‘rgatdi?


– Aksincha, o‘rgatmadi, balki in’om qildi. Erkinlik tuyg‘usini berdi. U barcha muammolarimiz arzimas narsa ekanligini eslatib turadi! Yuqoriga ko‘tarilganingda, pastda shaharlar, mamlakatlar, dengizlar, okeanlar bo‘lganida, ulkan tuyulgan hamma narsa aslida qanchalik ahamiyatsiz ekanligini anglab yetasan. Barcha tashvishlarimiz shamolda uchib ketuvchi changdan boshqa narsa emas.



– Biroz falsafa, shundaymi?


– Ha, hozir mening hayotimda shunday davr – falsafiy.



– Ajoyib. Uchuvchi avtopilot rejimini yoqqanda nima sodir bo‘ladi? Shunchaki yoqib qo‘yib, butunlay xotirjam bo‘la olasizmi?


– Unchalik emas. Faqat birozgina: kresloning suyanchig‘ini orqaga tashlash mumkin, albatta, qulay o‘tirish uchun, ammo aslida ish davom etaveradi. Biz tizimlarni, parametrlarni kuzatamiz, dispetcherlar bilan radioaloqa qilamiz, avtopilotni kuzatamiz: u haqiqatan ham kerakli ishni qilyaptimi. Shunchaki tizimga ishonib, xotirjam o’tirib bo‘lmaydi. Biz aynan uni nazorat qilish uchun u yerda turibmiz.



– Biz uchuvchilar bilan marosimlar haqida tez-tez suhbatlashamiz. Sizning o‘z marosimingiz bormi?


– Samolyotga kirganimda, birinchi navbatda, zinapoyada turib, o‘ng qo‘lim bilan eshik yonidagi bortni silab: «Salom, azizim», deyman. Bu mening asosiy marosimim. Men samolyotga temir mashina deb emas, tirik mavjudot, hamroh sifatida qarayman. U bilan gaplashish kerak, shunda hammasi joyida bo‘ladi.



– Siz, bu kasb vakillari voz kechishi kerak bo’lgan narsalar haqida gapirgan edingiz. Lekin biror chegara, qandaydir lahza bormi, yerga qo‘nganingizda, oddiy ayol, qiz yoki do‘stga aylanasizmi? Masalan, ko‘pchilik aktyorlar uchun bu qiyin masala: ular haqiqiy hayotda ham o‘z rollarida qolib ketadilar.


– Bizda boshqacha. Aktyorlar o‘zlarini hissiy jihatdan sozlasalar, bizda aniq belgilangan tartib-qoidalar va parvoz bosqichlari mavjud. Shu sababli, men vazifamni bajarayotganimda uchuvchi rolini o‘ynamayman, balki shunchaki belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilaman.


Uyga kelganingizda, formani yechasiz, ilgakka osasiz – tamom, siz oddiy insonga, boshqalar kabi oddiy, kundalik ishlari bor insonga aylanasiz. Aksincha, uyda haqiqiy dam olish mumkin. Kasb juda mas’uliyatli, e’tiborni jamlashni talab qiladigan, shuning uchun oila davrasida, farzandlari va yaqinlari bilan uchuvchilar, albatta, dam olishadi. Biror maxsus tumbler yo‘q – shunchaki uyga kelasiz-u, o‘ylaysiz: qanday yaxshi!



– Yuzlab soatlik parvozdan so‘ng «nazorat» so‘ziga munosabatingiz o‘zgardimi?


– Bu parvozlar soni bilan bog‘liq narsa, deb o‘ylamayman. Ko‘proq, katta samolyotda, murakkab texnikada ishlashga kelganim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Bu yerda juda ko‘p tartib-qoidalar mavjud, barcha narsalar aniq belgilab qo‘yilgan va kasbimiz doimiy nazoratni talab qiladi.


Har bir qadamni mukammal bajarish kerak, va «nazorat» – ehtimol, bizning ishimizdagi eng muhim so‘zlardan biri. Bu doimiy kuzatuv, tahlil, e’tibor, bir daqiqa ham to‘xtamaydigan jarayon. Ba’zan, ayniqsa uzoq parvozlarda, charchatadigan bo‘lishi mumkin, ammo bu xavfsizlikning asosidir.


Dastlab menga qiyin bo‘lgan – axir bu o‘tirib ishlanadigan ish, siz doim kresloda o‘tirasiz, shu bilan birga ruhan doim tetik bo‘lasiz. Keyinchalik, tajriba ortganda, operatsion xotira yengillashadi va osonlashadi, miyada yangi vazifalar uchun ko‘proq joy paydo bo‘ladi. Ammo nazorat – bu bizning mohiyat. Busiz ucha olmasdik.



– Esingizdami, qachondir chinakamiga qo‘rqqanmisiz? Nazariy jihatdan emas, balki haqiqiy ma’noda.

 

– Ha, bir-ikki marta bo‘lgan. Bir safar Kaliningradda juda kuchli, shiddatli shamolda qo‘nganmiz. U paytlar men hali styuardessa bo‘lib ishlar edim. Barcha samolyotlar uchib ketayotgan bir vaqtda, biz qo‘nishga urindik. O‘sha kuni faqat bizning samolyotimiz qo‘na oldi. Boshqa hamma samolyotlar burilib ketdi, ammo bizning komandirimiz qo‘nishga qaror qildi va buni uddaladi.


Umuman olganda, men uchishdan qo‘rqmayman. Hatto yo‘lovchi sifatida uchayotganimda ham zo‘riqishni his etmayman. Ko‘p uchuvchilar yoki styuardessalar, aksincha, jarayonni nazorat qilmaganda, bezovta bo‘lib qolishadi. Menda esa unday emas. Men shunchaki quloqchin taqaman, kamarni bog’layman, tashqariga qarayman – hammasi joyida.



– Ehtimol, hammamizning aerofob tanishlarimiz bor. Ularga nima deb maslahat berasiz? Mutaxassis sifatida, aerofobiyadan aziyat chekayotgan odamni qanday yupatish mumkin?


– Menimcha, aerofobiya – bu, avvalo, psixologik masala. Bu holatda insonga, birinchi navbatda, psixolog kerak. Har kimning qo‘rquvi o‘ziga xos: kimdir yangiliklardan qo‘rqadi, kimdir yomon parvozni boshdan kechirgan, kimdir tabiatan xavotirli. Shu bois, hammabop maslahat yo‘q.


Faqat bir narsani aytishim mumkin: illyuminatorga qarang, tashqari juda chiroyli. Qo‘rquvni unutib, shunchaki kuzating.



– Suhbatni biroz romantik ohangda yakunlamoqchiman. Agar sizda qayta tug‘ilish imkoniyati bo‘lsa, yana uchuvchi kasbini tanlarmidingiz?


– O‘ylaymanki, ha. Bu ajoyib, juda qiziqarli kasb. Har kuni shu «qush»ni osmonga ko‘tarish va uni yerga qo‘ndirish – bu tuyg‘uni hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. U o‘z ta’sirini yo‘qotmaydi, har safar yangicha tuyuladi, har holda hozircha menda shunday. Men kasbiy faoliyatning boshidaman, ammo hamkasblarim ham xuddi shunday tuyg‘ularni boshdan kechirayotgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilaman: har bir parvoz go‘yo ilk martadek tuyuladi.


Bir xil parvozlar bo‘lmaydi. Ob-havo ham, kayfiyat ham, hatto ichki holatimiz ham har safar boshqacha. Har gal hammasi yangicha kechadi, har safar yangi his-tuyg‘ular.


Agar qayta tug‘ilish imkonim bo‘lganida, ehtimol, men qush bo‘lib tug‘ilardim. Ba’zan osmonda erkin uchayotgan qushlarni kuzataman – yengil, ozod. «Ularga qanchalik yaxshi – shunchaki uchishmoqda» deb o‘ylayman. Bolaligimda hatto tushimda – tog‘lar uzra emas, balki shunchaki osmonda, erkin, havoni his qilib uchganman. Bu erkinlik va go‘zallikka bo‘lgan chanqoqlik bo‘lsa kerak. Shunday qilib, balki, o‘tgan hayotimda men qush bo‘lganman, bu hayotimda esa o‘sha manzarani yana ko‘rish uchun uchuvchi bo‘ldim.



– Qanday qush bo‘lardingiz?


– Qandaydir, kichikroq bir qush. Oqqush emas, ular baland ucha olmaydi. Ehtimol, kichik, yengil, havo oqimida suzadigan va shamoldan qo‘rqmaydigan bir qush. Qaldirg‘och bo‘la qolsin. Axir u doim osmonda – uxlaydi, ovqatlanadi, parvozda yashaydi. Xuddi biz kabi.


Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan

Yuk tashish shartnomasi Maxfiylik siyosatiChipta tariflarini qo'llash qoidalari