. UZS

blog

Aviatsiya7 May, 2026

Muvozanat va aniqlik simfoniyasi

Samolyot osmonga ko‘tarilishidan oldin u bilan nima bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Biz ko‘pincha samolyotga yoqilg‘i quyilishini, yuklarning ortilishini ko‘ramiz, lekin parda ortida bundan-da ko‘proq sezilmaydigan ishlar amalga oshiriladi. Bortning belgilangan yo‘nalish bo‘yicha parvoz qilishi ko‘plab aniq va muvofiqlashtirilgan harakatlarning natijasiga bog‘liq bo‘ladi.


Bunda asosiy rol yer usti xizmatiga beriladi. Centrum Air brendi ostida yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshirayotgan My Freighter aviakompaniyasi ushbu bosqichga alohida e’tibor qaratmoqda. Bagajni to‘g‘ri joylashtirish va ishonchli mahkamlash shunchaki rasmiyatchilik emas, balki xavfsizlikning kafolatidir.


Bu sahnaning bosh qahramonlari – loudmasterlar. Ular muvozanat, og‘irlik va mahkamlash haqida barcha narsani bilishadi. Bortdagi har bir kilogramm o‘z joyida bo‘lishi va ishonchli mahkamlanishini nazorat qilishadi. Ba’zida ular aeroportda qolishadi, ammo ko‘pincha ekipaj bilan birga uchishadi. Har biri o’nlab mamlakatlarda bo’lgan, osmonda minglab soatlar va son-sanoqsiz xizmat safarlarini o’tkazgan. Loudmasterlarning mehnati ko‘zga tashlanmaydi, biroq ular samolyotning har bir xotirjam uchishini va yumshoq qo‘nishini ta’minlovchi kishilardan hisoblanishadi.



Albert Gataulin


– Siz aviatsiya sohasida ishlashni orzu qilganmisiz yoki bu shunchaki hayot taqozosimi?


– Ko‘pchilik aviatsiya ishqibozlari singari, menda ham samolyotlarga bo‘lgan muhabbat juda erta paydo bo‘lgan. Yerda, suvda va ayniqsa osmonda harakatlanadigan barcha narsalar meni qiziqtirardi. Sayohat qilishni, dunyoni ko‘rishni va buni ish bilan uyg‘unlashtirishni orzu qilardim. Loudmasterlik kasbini egallashni to‘liq rejalashtirilmagan bo‘lsam-da, mening orzularim ro‘yobga chiqdi.


O‘sha paytda yangi tashkil etilgan My Freighter aviakompaniyasiga kirish taklifini qabul qilganimda, nimalarga duch kelishimni va bu sohada o‘z o‘rnimni topa olishimni yaxshi tasavvur qilolmagandim. Biroq qiziquvchanligim va sayohatlarga bo‘lgan ishtiyoqim ustun keldi. Mana, uch yildirki, men o‘zim uchun yangi ufqlarni kashf etib kelmoqdaman.


Yerda ish boshladim: Toshkentda yo‘lovchi reyslariga xizmat ko‘rsatdim, yuklash jarayonini nazorat qildim, yer usti xizmatlari ishini kuzatdim, parvoz hujjatlarini tayyorlashni tekshirdim, aeroport tomonidan kerakli texnika bilan ta’minlanishini nazorat qildim. Keyinchalik loudmaster sifatida uchishni boshladim – dastlab Boeing 747 yuk samolyotida, so‘ngra 767 rusumli samolyotda.


Parvozda bo‘lish, muhim va qiziqarli ishni qiladigan jamoaning bir qismi bo‘lish menga yoqadi. Bu yerda mening muhandislik bilimlarim ham asqotadi – ayrim vaziyatlarda ular juda qo‘l keladi.





– Reysdagi ishingiz nimalardan iborat?


– Samolyotga yerdagi xizmat ko‘rsatishni tashkil etish va nazorat qilishda ishtirok etaman. Men zarur texnika vositalari – traplar, yonilg‘i quyish moslamalari, yer usti elektr ta’minoti, yuk ko‘taruvchi uskunalar o‘z vaqtida keltirilganiga ishonch hosil qilishim kerak. Agar bortda harakatlanish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar bo‘lsa, albatta ambulift talab qilinadi.


Yuklash va tushirishga alohida e’tibor qaratiladi. Barcha jarayonlar xavfsiz kechishini nazorat qilish lozim: yuk samolyotga zarar yetkazmasligi va uning dumiga ag‘darib yuborilmasligi kerak. Yukning qanday joylashtirilishi va mahkamlanishini kuzatib borish ham muhim ahamiyatga ega. Ba’zan nostandart yuklarni to‘g‘ri mahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar beraman, ba’zida esa buni o‘zim bajaraman. Masalan, ehtiyot g‘ildiraklar yoki jihozlarni parvoz vaqtida siljib ketmasligi va bo‘limdagi boshqa narsalarga zarar bermasligi uchun tasmalar bilan bog‘layman.


Ba’zi hollarda bagaj va yuklarni to‘g‘ri joylashtirish uchun markazlash va yuklash rejasini hisoblayman. Men kompaniyaning parvozlarni boshqarish markazi bilan doimiy aloqada bo‘laman, chunki zarur hollarda, masalan, uchish vaqtini o‘zgartirish bo‘yicha, birgalikda qaror qabul qilishimiz kerak bo‘lishi mumkin.





– Siz loudmaster sifatida qayerlarda bo‘lgansiz?


– Ishim tufayli Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida va Xitoyning turli burchaklarida bo‘ldim. Ayniqsa, Madrid o‘zining jo‘shqin va mehmondo‘st aholisi bilan xotiramda chuqur iz qoldirdi. Shenjen va Guanchjou esa o‘zining hayratlanarli taomlari, manzarali joylari va samimiy odamlari bilan juda katta taassurot qoldirdi. Ish faoliyatimizning boshida tez-tez issiq Dubayga uchardik.


Maxsus reyslar ham bo‘lgan: masalan, insonparvarlik reyslari. Bir safar bizni kuchli zilziladan keyin Hirotga shoshilinch ravishda yuborishdi. Biz O‘zbekiston hukumati tomonidan yuborilgan 100 tonna insonparvarlik yordami – oziq-ovqat, chodirlar, jabrlanganlarni vaqtincha joylashtirish uchun zarur barcha narsalarni yetkazdik. Qiyin tomoni shunda ediki, bundan bir kecha oldin biz boshqa bir reysdan endigina qaytgandik. Shunday bo‘lsa-da, keyingi kun va tun davomida yuklarni tayyorladik, samolyotni yukladik va erta tongda uchib ketdik. Faqat kunduzi qo‘nish va uchish mumkin edi: Hirotda elektr yo‘q edi, yorug‘lik-signal uskunalari ishlamasdi va tungi parvozlarga ruxsat berilmasdi. Ammo bizni kutishayotganini bilardik va charchoqqa qaramay, ertalab yetib borish, yukni tushirish va quyosh botishidan oldin uchib ketish uchun barcha imkoniyatlardan foydalandik. Bu hayajonli va muhim parvoz edi. O‘zingni chindan ham odamlarga ko‘mak beradigan jamoaning bir qismi ekanligingni anglash yoqimli edi.





– Sizningcha, loudmaster bo‘lish qiyinmi?


– Agar bu ishni mutlaqo noldan o‘rganish kerak bo‘lsa, qat’iyat, jadal o‘rganishga tayyorlik va, albatta, yaxshi jismoniy holat talab qilinadi. Mashg‘ulotlar juda qizg‘in o‘tadi. Men ishlagan birinchi samolyot yuk tashuvchi Boeing 747 edi, u esa juda murakkab, ko‘plab nozik jihatlarga ega. Ba’zan biz yigitlar bilan kun bo‘yi o‘qib, keyin tungi soat uchgacha o‘tirib, uy vazifasini bajarardik – mashq parvozining yuk taqsimoti va muvozanatini hisoblashga urinardik. Ko‘pincha faqat bitta to‘g‘ri yechim bo‘lar, barcha parametrlarni hisobga olgan holda har bir mayda-chuydasigacha puxta o‘ylab chiqish zarur edi.


Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi turdagi samolyotni o‘rganganingizda ish osonlashadi: asosiy bilim bor, ko‘p narsa intuitiv tushunarli bo‘ladi. Ammo dastlabki bosqichda hamma ham buning uddasidan chiqavermaydi. Bundan tashqari, bu kasb chidamlilikni talab qiladi. Ish vaqti tartibga solinmagan, parvozlar charchatadi, safarlar tez-tez bo‘ladi. Ba’zan tongda boshqa shaharda uyg‘onasiz-u, qayerda ekaningizni, soat nechaligini, reysga chiqish vaqti kelganini anglashga urinasiz.


Ba’zi odamlar bunga chiday olmaydi – parvozni tashlab, kamroq maoshli, ammo odatdagi ish jadvali bilan yerda ishlashni afzal ko‘rishadi. Yana bir qiyin jihat – bu yaqinlaringizdan doimiy uzoqda bo‘lish. Bunga hamma ham tayyor emas.





– Xizmat safarlaringiz odatda qancha vaqt davom etadi?


– Har xil bo‘ladi. Ba’zan bir kechaga uchib ketasiz-u, o‘n kundan keyin qaytasiz. Ko‘pincha xizmat safarlari bir necha kundan iborat bo‘ladi, shuning uchun men doimo yonimda ikki-uch kunlik kiyim-kechak solingan kichik chamadon olib yuraman. Bu reys kechikkan yoki oraliq aeroportdan yangi yo‘nalish paydo bo‘lib qolgan hollarda juda asqotadi.


Ammo men uchun ijobiy tomonlar salbiylardan ancha ustun. Har bir parvoz – bu yangi tajriba, yangi mamlakat yoki qayta borishni xohlaydigan tanish shahar. Bugun O‘rta yer dengizining qumli sohilida quyoshda toblanasiz, oradan bir necha kun o‘tib esa Yevropadagi qadimiy shaharning tor ko‘chalarida sayr qilasiz. Keyin esa uzoq xizmat safaridan bir dunyo taassurotlar va sovg‘alar bilan uyga qaytasiz – bu ajoyib emasmi?





– Bu kasbga endigina qadam qo‘yayotganlarga qanday tilaklaringiz bor?


– Ish faoliyatim davomida men juda ko‘p ajoyib insonlar – uchuvchilar, muhandislar, turli mamlakatlardagi yer usti xizmati xodimlari bilan tanishdim. loudmaster kasbi menga bizning sohada muloqot juda muhimligini anglatdi. Muloqot qilish mahorati shunchaki foydali ko‘nikma emas, balki yangi imkoniyatlar va shaxsiy rivojlanishning kalitidir.


Har safar aeroportga yo‘l olganimda, hamkasblarim bilan uchrashishni intiqlik bilan kutaman va parvoz qiziqarli bo‘lishini avvaldan his qilaman. Shu bois, yangi ishchilarga o‘z ishlariga aynan shunday munosabatda bo‘lishlarini, yangilikka ochiqlik va qiziquvchanlik bilan qarashlarini tilayman. Bu kasb sizga sayohatlar va taassurotlar hadya etadi, unga chin dildan yondashsangiz, haqiqiy hayot ishiga aylanishi mumkin. Parvozlaringiz osoyishta, sayohatlaringiz esa hayajonli bo‘lsin.



Ivan Luzhnetskiy


– Qanday qilib loudmaster bo‘ldingiz?


– Bolaligimdan osmonga intilaman – samolyotlar, kosmos, sarguzashtlar. Men, aviamodellashtirish bilan shug‘ullanar, ilmiy va fantastik adabiyotlarni o‘qir, «Jak-Iv Kustoning suv osti odisseyasi» kabi hujjatli filmlarni tomosha qilardim. Bularning barchasi dunyoqarashimni shakllantirib, hayotimni aviatsiya bilan bog‘lash istagini uyg‘otdi. loudmaster kasbiga esa men ongli ravishda keldim. Faoliyatimni aeroportda, havo kemalariga yer usti xizmat ko‘rsatish bo‘limida boshladim. Shu bilan birga, kelajakda ekipaj tarkibida uchish uchun o‘qish imkoniyatlarini izladim.


Odatda, loudmasterlarni tayyorlashni aviakompaniyalarning o‘zlari o‘z samolyot turlari va standartlariga qarab tashkil etadilar. Bu borada menga omad kulib boqdi: My Freighter’da ta‘lim olish jiddiy va mazmunli edi, ammo avvalgi tajribam tufayli ko‘p narsa tanish tuyuldi. Nazariy bosqichidayoq biz qanday vaziyatlarga duch kelishimizni aniq tasavvur qildik – bu esa ishga tezroq kirishib ketishimizga yordam berdi.





– Faoliyatingizda sizga nima eng ko‘p zavq beradi?


– Eng avvalo, sen murakkab, ammo muhim ishni qilayotgan jamoaning bir qismi ekaningni his qilish. Ko‘p narsalarga bog‘liq bo‘lgan vazifalarni uddalayotganingni bilish ham yoqadi. Yana parvoz jarayoni: kabinadagi manzara, bulutlar, tunda yulduzli osmon… Eshelonda yulduzlar yerdagidan butunlay boshqacha – yorqinroq, yaqinroq bo‘ladi. Tunda momaqaldiroq frontini aylanib o‘tayotib, bulutlar ichida chaqmoqlar chaqnashini ko‘rish esa – unutilmas manzara.



– Yuk samolyotida uchish yo‘lovchi samolyotiga qaraganda qulayroqmi?


– Boeing 767 yuk tashuvchi samolyotlarida ekipaj uchun bir nechta qo‘shimcha o‘rindiqlar bor. Albatta, bu biznes-klass emas, lekin uzoq parvozlar uchun yetarlicha qulay. Kichikroq Boeing 757”da esa bort kuzatuvchilarinikiga o‘xshash faqatgina ikkita ochilib-yopiladigan o‘rindiq bor, shuning uchun ko‘p narsa samolyot turiga bog‘liq bo‘ladi.





– loudmasterning ishida eng qiyin narsa nima?


– Ko‘p vazifalilik. Ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta jarayonni nazorat qilishga to‘g‘ri keladi. Masalan, uchuvchilar mehmonxonadan chiqib, yo‘lda kelishmoqda, ammo samolyotga yoqilg‘i quyish mashinasi kelib bo‘lgan: yoqilg‘i quyish masalasini tezda hal qilish kerak. Shu payt reysga qo‘shimcha yuk qo‘shilgani haqida xabar keladi. Demak, dispetcher yoqilg‘i hajmini qayta hisoblashi, sen esa markazlashtirishni yangidan hisoblab, yuklash bo‘yicha ko‘rsatmani agentga tezkorlik bilan yetkazishing kerak.


Aytgancha, agent faqat sening reysing bilan emas – u yana bir nechta muntazam reys bilan shug‘ullanyapti va har biriga, barcha ishlarni ulgurishi zarur. Agar barcha xizmatlar vaqtida muvofiqlashtirmasa, reys kechikadi va jadval buziladi. Bu, albatta, oson emas, lekin ishning qiziq tomoni ham aynan shunda. loudmaster – barcha yer usti xizmatlari o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in. Aytish mumkinki, u texnik sahnadagi dirijyor, yer ustidagi barcha operatsiyalarni uzluksiz bajarilishini ta’minlaydi.





– Dunyoning qaysi mamlakatlari sizga eng ko‘p yoqdi?


– Eng ko‘p taassurot qoldirgan mamlakatlar Isroil va Xitoy bo‘ldi. Isroilda dengiz va bo‘sh vaqt topilganda syorfing bilan shug‘ullanish imkoniyati bor. Xitoyning esa madaniyati, tili va me’morchiligi menga juda yaqin. Bundan tashqari, bu tillarni amaliyotda qo‘llash uchun ajoyib imkoniyat – ingliz tilidan tashqari, men nemis va xitoy tillarini bilaman.





– Loudmaster bo‘lib ishlashdan oldin ham dunyo bo‘ylab sayohat qilganmisiz?


– Ha, My Freighter’ga kelishimdan oldin ham ko‘p joylarni ko‘rganman. Bir yil Senegalda astronomiya o‘qituvchisi bo‘lib ishladim, uch yil Xitoyda ingliz tilidan dars berdim, Germaniyada arxeologik qazishmalarda qatnashdim, Filippin, Misr, Turkiya va yana Senegalda akvalang bilan sho‘ng‘idim. Alp, Kavkaz, Tyanshan va Sayan tog‘larini kezdim.


Sayohatlar doimo hayotimning muhim qismi bo‘lgan va, aslida, meni hozirgi faoliyatimga yetaklab kelgan.





– Siz murakkab yoki xavfli vaziyatlarga tushib qolganmisiz?


– Sarguzashtlar yetarlicha bo‘lgan. Bir safar men Filippinga dayving bilan shug‘ullanish uchun borganimda, aynan o‘sha payt Taal vulqoni otila boshladi. Sayyohlar go‘yo shamol uchirib ketgandek yo‘q bo‘ldi – faqat men va bir nechta xitoylik dayverlar qoldi. Rostini aytsam, menga hatto yoqdi: tinchlik, hech qanday olomon yo‘q. Yaxshiyamki, vulqon tezda tinchidi va jiddiy oqibatlar bo‘lmadi.


Lekin boshqa bir holat ancha jiddiy bo‘ldi: Afrikada men bezgakka chalinganman. Bu juda ayyor kasallik: kuchli isitma, yuqori harorat, ustiga-ustak, har bir hududda turli shtammlar uchraydi, shuning uchun davolash ham farq qilishi mumkin. Men to‘rt marta mahalliy shifoxonalarga bordim, ahvolim tobora yomonlashdi, ammo hech kim aniq tashxis qo‘ya olmadi. Uchinchi kuni butunlay yotib qoldim va o‘yladim: «Tamom, yetib keldik». Meni qutqargani – shoshilinch ravishda Fransiya Chet el legion klinikasiga olib borishdi, u yerda kerakli tajribaga ega shifokor bor ekan. U tezda alomatlarni aniqladi va to‘g‘ri davolashni tayinladi.





– loudmaster sifatida parvozlar vaqtida kasallik xavflari qanday hisobga olinadi?


– Bizning kompaniyada bu e’tibordan chetda qolmaydi. Masalan, xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga parvozdan oldin bizga emlashlar qilinadi, jumladan, sariq isitma kasalligiga qarshi. Bundan tashqari, bizda xizmat safarlari vaqtida tibbiy yordamni qamrab oladigan sug‘urta bor. Bu tayyorgarlikning muhim qismi hisoblanadi, ayniqsa ish turli iqlim mintaqalariga tez-tez uchishlar bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda.





– Oilangiz sizning uzoq xizmat safarlaringizga qanday munosabatda bo‘ladi?


– O‘ylaymanki, bunday yo‘lni tanlagan har bir kishi uzoq muddatli safarlarga tayyor bo‘lishi kerak. Yoshligingda bu ancha oson qabul qilinadi, lekin yosh o‘tgan sayin qiyinlashadi. Ammo bu murakkab ishni kimdir qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda, ehtimol, ma’lum bir fe’l-atvor turi, biroz sarguzashtga moyillik kerak. «Havo ko‘chmanchisi» uchun boshqa turdagi hayot bo‘lishi mumkin emas.



Aleksey Grebinyak


– Aviatsiyadagi yo‘lingiz qanday boshlangan?


– Bolaligimdan aviatsiyaga qiziqqanman, garchi oilamda bu soha bilan shug‘ullangan hech kim bo‘lmagan: otam ofitser, onam esa o‘qituvchi edi. Maktabgacha yoshimda yozda ko‘pincha buvi va bobolarimga uchib borardik, va men bulutlar, samolyotlar, vertolyotlarga qarashni juda yaxshi ko‘rardim. Albatta, uchuvchi bo‘lishni orzu qilardim, ammo ko‘rish qobiliyatim bunga yo‘l qo‘ymadi.


Maktabni tugatganimdan so‘ng osmonga sho‘ng‘ib ketdim - aeroklubda parashyutdan sakrashni boshladim, aviatsiya haqidagi kitoblarni o‘qidim. Talabalik paytimda aeroportning yo‘lovchi tashishni tashkil qilish xizmatiga ishga joylashdim, lekin samolyotlarni faqat terminal oynasidan ko‘rardim, menga esa haqiqiy maydonga, «bort ostiga» yaqin bo‘lish yoqardi.


Universitetdan so‘ng muddatli harbiy xizmatni o‘tab, yirik yuk aviakompaniyasiga ishga kirdim. Bizni noldan o‘qitishdi: xavfli yuklarni tashish, yuklash va markazlashni hisoblash, yuklarni tashishga tayyorlash. Avval perronda ishladim, so‘ngra ofisga o‘tdim, u yerda tijorat xizmatidan kelgan so‘rovnomalarni qayta ishlardim, ammo parallel ravishda loudmaster sifatida uchishda davom etdim, bu esa haqiqiy ish bilan aloqani uzmaslikka yordam berdi. Shundan beri har doim ishlab chiqarish ehtiyojlariga e’tibor qaratishga, «kabinet nazariyasi» bilan cheklanmaslikka harakat qilaman.


My Freighter parvozlarini endi boshlayotganida meni operatsion faoliyatni ishga tushirishga taklif qilishdi. Ko‘p narsalar tanish bo‘lsa-da, yangi vazifalar ham paydo bo‘ldi. Ammo aynan shu narsalar qadrli – yangi chaqiriqlar, yangi tajribalar.





– loudmaster o‘rtacha qancha vaqt o‘qiydi?


– O‘rtacha hisobda kamida bir oy intensiv nazariya bo‘ladi, so‘ng amaliyot: avval bazaviy aeroportda, keyin esa haqiqiy reyslarda. loudmasterni tayyorlash –bu noyob mutaxassisni yetishtirish jarayoni bo‘lib, buni hamma ham uddalay olmaydi: kimdir salomatligi bo‘yicha o‘ta olmaydi, kimdadir yuklash hisob-kitoblari yoki rejalashtirishni o‘zlashtirish qiyin kechadi.


Xalqaro talablarga ko‘ra, loudmaster xavfli yuklarni tashish qoidalarini bilishi, samolyotning konstruktiv cheklovlarini tushunishi, yuklash va markazlash hisoblarini qila olishi, yukni tashishga tayyorlashi, perronda ishlashi hamda aviatsiya xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilishi kerak.





– Ish geografiyasi qanchalik keng?


– Faqat dastlabki to‘qqiz yilgi parvozlarim davomida besh qit’adagi taxminan oltmishta mamlakatda bo‘ldim. Ba’zi joylarda – Afrikada yoki Yevropada – bir-ikki kun, boshqa joylarda esa uzoq xizmat safarlari bo‘lgan. My Freighter’ga kelishimdan oldin ham Yaponiyada bir oy, Janubiy Koreyada bir oy yashab, masofadan turib ofis ishini reyslarni xizmat ko‘rsatish bilan birga olib borganman. Hamkasblarim orasida ham qiziqarli yo‘nalishlarga ega bo‘lganlar bo‘lgan – kimdir AQShga bir necha oyga uchgan, yana kimdir uch oy davomida Antarktida reyslarini bajarib, u yerda tunab qolgan. My Freighter’da ishlash davrida Xitoy, Chexiya, Vetnam, Misrga borganman, Afg‘onistonga insonparvarlik yordami olib borganman, Pokistondan yuk tashidim, agar omadim kelsa – geografiya hayratlanarli.





– Kasbiy jihatdan eng katta chaqiriq nima?


– Xizmat safarlarida mayda detallarni nazorat qilish va ish ritmini saqlab qolish. Qog‘ozda hammasi mukammal ishlashi kerak, ammo amaliyotda mukammallik juda kam uchraydi, bu esa stressni oshiradi. Ba’zida aynan sinchkovlik va diqqat e’tibor hodisalarni yoki xatolarni oldini olishda hal qiluvchi bo‘ladi.



– Hisob-kitob yoki oddiy jarayonlarda xato qilgan holatingiz bo‘lganmi?


– Albatta, biz ham odam­miz, ayniqsa charchoq va uyqusizlik fonida xatolar bo‘lishi mumkin. Bir necha kecha yaxshi uxlamasangiz, xato qilish xavfi oshadi, shuning uchun reysda harakatlar va tekshiruvlar tartibini aniq bilish juda muhim – bu xavfsizlikning asosi. Yangi ishchilarni o‘qitishda har doim ta’kidlayman: charchagan odam – tanqidiy xatoga eng asosiy nomzod, bu esa bizning ishimizda mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat.





– Aviatsiyada ishlashni orzu qiladigan va uchishni xohlaydiganlarga nima tavsiya qilasiz?


– Eng avvalo ingliz tilini o‘rganing. U texnik adabiyotlarni o‘rganishda ham, butun dunyodagi instruktorlar va hamkasblar bilan muloqotda ham zarur bo‘ladi. Salomatlik va jismoniy holatni nazorat qiling: parvozlar sog‘liqni mustahkamlamaydi, biz loudmasterlar esa ko‘pincha so‘zning to‘g‘ri ma’nosida balandlikda ishlaymiz – yuk palubasi yer sathidan uch-besh metr baland bo‘lishi mumkin, yomg‘irda ham, shamolda ham narvonlardan chiqishga to‘g‘ri keladi. Albatta, kosmonavt sog‘lig‘i talab qilinmaydi, lekin charchoqdan bosh aylanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Va eng asosiysi – o‘rganishga bo‘lgan istak va bo‘shashmaslik. Bizning kasbda «o‘rgandim – topshirdim – unutdim» tamoyili ishlamaydi. Fizika – improvizatsiya uchun joy emas. Bu yerda hamma narsa muhim: bilim, aniqlik, diqqat.


Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan

Yuk tashish shartnomasi Maxfiylik siyosatiChipta tariflarini qo'llash qoidalari