
Madaniyat • 1 Oktabr, 2025
O‘zbek futbolining yo‘li
O‘zbekistonda futbol chinakam ommaviy sport maqomiga erishish yo‘lida dadil harakatlanmoqda: muxlislar soni ko‘paymoqda, klublarning maqsadlaritobora jiddiylashmoqda, milliy terma jamoa esa ham Osiyo, ham jahon reytinglarida yuqorilab bormoqda. Barchasi qanday boshlangani va futbol qanday qilib millionlab o‘zbekistonliklar hayotining ajralmas qismiga aylanganini esga olaylik.
To‘p. Skobelev. Ibtido
O‘zbekistonda futbol tarixi bir asrdan ziyod vaqt oldin boshlangan. Bu sport turi ilk bor 1906-yilda Skobelev (hozirgi Farg‘ona ilgari shunday atalgan) shahrida paydo bo‘lgan. Uning tashabbuskorlari Rossiya imperiyasining askarlari edi: ular bo‘sh vaqtlarida «yovvoyi» futbol – norasmiy va qat’iy qoidalarsiz o‘ynashardi. Ko‘p o‘tmay mahalliy aholi ham futbolga qiziqib qoldi. Qo‘lbola to‘plardan foydalanib, ular hovli jamoalariga birlashib, o‘zaro o‘yinlar uyushtira boshlashdi. Keyinchalik dastlabki klublar, jumladan, «Skobelev futbolchilar to‘garagi» tashkil etildi. Jamoalar ko‘pincha kasbiy belgilarga ko‘ra shakllanardi – masalan, bitta zavod yoki fabrika ishchilaridan iborat bo‘lardi. Farg‘ona bilan deyarli bir vaqtda vodiyning boshqa shaharlarida – Qo‘qon va Andijonda ham futbol jamoalari paydo bo‘la boshladi. Ayniqsa, faqat mahalliy o‘yinchilardan tashkil topgan Qo‘qon terma jamoasi alohida ajralib turardi. Jamoa o‘zini «Musulmonlar» yoki qisqacha «Muskomanda» deb atagan. Uning a’zolari orasida etikdo‘zlik ustaxonasi egalari, keyinchalik esa mintaqadagi birinchi futbol to‘plari va sport poyabzallari ishlab chiqaruvchilari – aka-uka Ro‘zimat va Ismoil Niyozovlar ham bor edi. «Muskomanda» vodiyning boshqa jamoalari bilan o‘yinlarda faol ishtirok etdi, har bir o‘yin sari futbol tobora ommalashib bordi – bu esa mintaqaning futbol bilan uzviy aloqasini shakllanishiga zamin yaratdi. 1928-yildayoq O‘zbekiston milliy terma jamoasi tashkil etildi. O‘sha yili u Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunittifoq spartakiadasida ishtirok etib, darhol o‘zini ko‘rsatdi. O‘yinlarning birida terma jamoa Shveytsariya terma jamoasini 8:4 hisobida mag‘lub etdi. «Komsomoles Vostoka» gazetasining yozishicha, tomoshabinlar tribunalarga sig‘may, tom va daraxtlarga chiqib o‘yinni tomosha qilishgan ekan. Keyingi muhim turnir Qizil sport internatsionalining Spartakiadasi bo‘ldi – bu O‘zbekiston terma jamoasi uchun yana bir tasdiq edi: mamlakatda futbol shiddat bilan rivojlanib borayotgandi. «Muskomanda»dan Jeparovgacha O‘zbek futboli tarixidagi birinchi haqiqiy yorqin shaxs Musa Xo‘jayev – mamlakatda uyushgan futbolning boshlanishiga asos solgan "Muskomanda" ning sardori bo‘lgan. O‘zbekiston terma jamoasi 1931-yilgi Spartakiadaning chorak final bosqichidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, hujumchining iste’dodi yaqqol ko‘rinib turardi. Xo‘jayev SSSR milliy terma jamoasi tarkibiga taklif etildi – bu eng yuqori darajadagi e’tirof belgisi edi. Yana bir mashhur nom Birodar Abduraimov – hujumchi, u hayotligidayoq afsonaga aylanib ulgurdi. Abduraimov 1968-yili bir mavsumda 22 ta gol urib, SSSRning eng yaxshi to‘purari unvoniga sazovor bo‘ldi. U butun faoliyati davomida raqiblar darvozasiga 130 tadan ortiq gol urgan, Toshkentning «Paxtakor» jamoasi safida esa rekord darajadagi 358 ta o‘yin o‘tkazgan. Mamlakatning eng sovrindor futbolchisi hamon Server Jeparov hisoblanadi. U hujumkor yarim himoyachi, olti karra O‘zbekiston chempioni va OFK talqiniga ko‘ra Osiyoning ikki marta eng yaxshi futbolchisi (OFK yilning eng yaxshi o‘yinchisi), deb topilgan yagona o‘zbekistonlikdir. Jeparov o‘z pozitsiyasining etaloni va futbolchilarning ko‘plab avlodlari uchun namuna bo‘lgan. U «Paxtakor», «Bunyodkor» va boshqa jamoalarda to‘p surgan, 2019-yilda futbolchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylik ishini boshlagan. 1991-yilda mustaqillik qo‘lga kiritilgach, mamlakatda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi (O‘FF) tashkil etildi, shuningdek milliy Superliga ham o‘z faoliyatini boshladi. Oradan bir necha yil o‘tgach birinchi katta g’alabaga erishildi: Osiyo o‘yinlarida oltin medallar qozonildi. Final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. 2011-yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi yarim finalgacha yetib borib, tarixiy natijaga erishdi: chorak finalda jamoa Iordaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, O‘zbekistonning ushbu turnirdagi eng yaxshi natijasini o‘rnatdi. Mamlakatning yoshlar terma jamoalari ham xuddi shunday ishonch bilan o‘zlarini namoyon etmoqda. 2018 va 2023-yillarda U-23 va U-20 yosh toifasidagi jamoalar o‘smirlar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirlardan biri hisoblangan Osiyo kubogida oltin medallarni qo‘lga kiritdilar. Bugungi kunda o‘zbek futbolining asosiy maqsadi – Jahon chempionatiga chiqish bo‘lib, yosh jamoalar yil sayin bu orzu sari tobora ko‘proq intilmoqda. Jondan aziz jamoa «Andijon» futbol klubi 1964-yilda o‘zbek futboli paydo bo‘lgan Farg‘ona vodiysining qoq markazida tashkil etilgan. O‘shandan beri u shahar hayotining ajralmas qismiga va uning ramziga aylandi, mamlakatdagi eng sodiq va ko‘p sonli muxlislariga ega bo‘ldi. Klubning uy maydoni – «Bobur» stadioni 18 mingdan ziyod tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi va odatda, so‘nggi o‘rindiqqacha to‘lib ketadi. Jamoa O‘zbekiston chempionatining yuqori divizioni – Superligada muntazam ishtirok etib, Farg‘onaning «Neftchi», Namanganning «Navbahor» singari raqobatchi jamoalari bilan mintaqada peshqadamlik uchun kurash olib boradi. Ular o‘rtasidagi bahslar «Vodiy derbisi" deb nomlanadi – bu shunchaki turnir jadvali emas, balki mintaqa faxri muhim rol o‘ynaydigan bellashuvdir. «Andijon» muxlislari – bu alohida hikoya. Klubning «Burgutlar» taxallusi uning ishqibozlari ruhini to‘liq aks ettiradi: mag‘rur, ozod va har doim parvozga shay. Deyarli yigirma yildan beri ularni butun mamlakat bo‘ylab o‘zining taassurotli chiqishlari bilan tanilgan "Burgut Ultras" muxlislar klubi qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu shunchaki qiyqiriqlar emas – tutunli ko‘rinishlar, bayroqlar, yorqin shiorlar va raqslar bilan bezalgan tom ma’nodagi teatr tomoshalari. Muxlislarning eng esda qolarli shiorlaridan biri «Andijon – bu biz!» degan yozuv bo‘lib, unda shahar hayotidan manzaralar va osmonga parvoz qilayotgan burgut – jamoa timsoli tasvirlangan. «Andijon» FK bosh direktori Elbek Samatovning aytishicha, klub muxlislari uning muvaffaqiyatini eng muhim qismi hisoblanadi: «So‘nggi yillarda muxlislar bilan faol ish olib boryapmiz, ular bilan yaqinroq munosabatda bo‘lishga intilmoqdamiz. Ularning qo‘llab-quvvatlashi jamoaga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi va o‘yinlarda betakror muhit yaratadi. Biz nafaqat muxlislarning fikrini inobatga olamiz, balki ular bilan birga rivojlanib bormoqdamiz». Bunday yorqin ishtirok e’tibordan chetda qolmayapti – Burgut Ultras’ning tayyorgarlik darajasi allaqachon mamlakatdagi boshqa fan-guruhlar uchun namunaga aylangan. Ko‘plab sport blogerlari aynan andijonliklarning chiqishlarini o‘zbek ligasidagi eng yorqin chiqishlar, deb ta’riflamoqda. Klubning o‘zida ham katta maqsadlar bor. O‘z tarixi davomida «Andijon» bir necha bor nomini o‘zgartirgan: «Spartak» ham, hatto «Tekstilchi» ham bo‘lgan. 2004-yilda jamoa ilk bor O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, so‘nggi 4-5 yil ichida – klub xususiy boshqaruvga o‘tganidan buyon o‘sish sezilarli tus oldi. Yangi mashg‘ulot bazalari qurildi, futbolchilarni tayyorlash sharoitlari yaxshilandi, klub xalqaro mezonlarga yaqinlashib, yoshlar maktabi va infratuzilmani jadal rivojlantirmoqda. «Andijon» FK ning bosh homiysi bo‘lgan Centrum Air aviakompaniyasi bilan hamkorlik rivojlanishga yangi turtki berdi. Bu qo‘llab-quvvatlash klub uchun logistika va infratuzilma masalalarida ham, ulkan sport maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda ham yangi imkoniyatlarni yaratdi. Bugungi kunda «Andijon» Superligada mustahkam o‘rin egallashni maqsad qilgan va keyingi ulkan vazifa – Osiyo Chempionlar Ligasi kubogi darajasiga chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Katta futbol maydonlari O‘zbekistonning eng mashhur ikki stadioni – «Paxtakor» va «Bunyodkor» – ham asosiy milliy o‘yinlarga, ham yirik xalqaro turnirlarga mezbonlik qilmoqda. 1956-yilda qurilgan «Paxtakor» stadioni o‘zbek futbolining haqiqiy afsonasi sanaladi. U 35 ming tomoshabinni sig‘diradi va milliy terma jamoaning uy maydoni bo‘lib qolmoqda. Bu yerda xalqaro uchrashuvlar, jumladan, Osiyo futbol konfederatsiyasi turnirlari, shuningdek, madaniy tadbirlar: konsertlar va bayramlar o‘tkaziladi. 2012-yilda o‘zbek futbolining 100 yilligi munosabati bilan ochilgan «Bunyodkor» stadioni ham undan qolishmaydi. Bu FIFA va OFK xalqaro standartlariga muvofiq loyihalashtirilgan zamonaviy futbol inshootidir. «Yangi O‘zbekiston» sport infratuzilmasini rivojlantirish loyihasining bir qismi sifatida u muxlislar uchun yangi diqqatga sazovor joyga aylandi. Bu maydonda «Bunyodkor» klubining uy o‘yinlari ham, jahon chempionati, Osiyo kubogi saralash bellashuvlari va boshqa yirik musobaqalar ham o‘tkaziladi.