
Madaniyat • 6 May, 2026
Xavf chegarasida
mindsadaU uy balandligidagi to‘lqinlar cho‘qqisida turar, qulab tushar, qayta ko‘tarilar va yana okeanga tomon intilardi. Keyin esa havoga otilib chiqardi: qoyalardan sakraganda, oyoqlari ostida kilometrlab bo‘shliqni his etardi. Andrey Karr - Rossiyaning ilk bigveyv-syorferlari va basejumperlaridan biri, harakat uning hayot tarzi, stixiya esa o‘zligini anglash tili bo‘lgan inson. Uning hayoti adrenalin, sukunat va o‘ziga nisbatan samimiylik muvozanatidan tashkil topgan.
Biz u bilan ekstremal sportga qanday kirib kelgani, qo‘rquv bilan vahima o‘rtasidagi farq nimada ekanligi, nega Nazare – syorfingdagi Everest hisoblanishi va nima sababdan oila haqidagi orzu ba’zida okeandan ham muhimroq tuyulishi haqida suhbatlashdik.
– Sport bilan tanishuvingiz qanday boshlandi? Bolaligingizdan ekstremalga qiziqish bo‘lganmi?
– Butun oilam – tog’ alpinistlari. Ular tog‘larga borishardi, chang‘ida uchishardi, paraplanda parvoz qilishardi. Barchasi menga bolaligimdan tanish bo‘lib, menga mutlaqo odatiy holdek tuyulgan. Ota-onam meni sportga o‘rgatishni maqsad qilmagan – bu narsa go‘yo «sut bilan singib» ketgan edi.
Albatta, hammasi ham silliq kechmagan. Alpinizm – unchalik yoqimli mashg‘ulot emas, ayniqsa bola uchun. Hech qanday fojiali voqealar yuz bermagan bo‘lsa-da, o‘shanda bu menga juda og‘ir tuyulgan edi. Shu sababli, keyingi yigirma yil davomida qoyaga chiqish haqida o‘ylashni ham istamaganman.
– Qanday qilib siz bigveyv syorfingni kashf qildingiz va Rossiyada bu bilan shug‘ullangan birinchi odam bo‘ldingiz?
– Rostini aytganda, texnik jihatdan men Rossiyadagi birinchi bigveyv-syorfer emasman. Bu unvonga, ehtimol, Seva Shulgin loyiq bo‘lsa kerak – u Gavayida, Mauining shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan Jaws to‘lqinida uchgan. Haqiqatan ham u yerda to‘lqinlarning balandligi sakkiz-o‘n metr edi, u hatto o‘zi haqida film ham suratga olgan.
Haqiqiy bigveyvga kelsak – o‘n metr va undan balandroq to‘lqinlar haqida gap ketganda, shubhasiz, Andrey Ovchinnikov va men rus syorfingiga yo‘l ochganmiz. Birinchi marta men 2015-yilda Portugaliyadagi Nazarega, sayyoradagi eng katta to‘lqinlar joylashgan manzilga bordim. O‘sha paytda u yerda to‘rt yil avval bu to‘lqinni topgan Garret Maknamara boshchiligidagi kichik syorfingchilar guruhi bor edi. Ularning tajribasidan foydalanish imkoniyati mavjud edi va aynan Garret menga bunday sharoitlarda gidrotsikl boshqarishni o‘rgatgan.
Aslida «katta to‘lqin» degan qat’iy ta’rif yo‘q. Bigveyv – bu, masalan, bugun to‘lqinlar besh metr, sen esa olti metrlik to‘lqinni kutib o‘tirasan. Ammo gap metrlar haqida emas – bu yana va yana okeanga qaytish istagi, har qanday ob-havo va har qanday bo‘ronda ham suvga chiqish haqida.

Foto: Kirill Umrihin
– 20 metrlik to‘lqinga birinchi marta chiqishga qaror qilgan onni eslaysizmi?
– 2008-yilda, men endigina syorfing bilan shug‘ullana boshlaganimda, afsonaviy syorf joylarini o‘rganar ekanman, ilk bor Fransuz Polineziyasidagi Teahupoo to‘lqinini ko‘rdim va bir kun kelib men uni bosib o‘tishim kerakligini darhol tushundim.
2015-yilda esa norvegiyalik do‘stlarim Portugaliyaga ketishga tayyorlanishdi va meni ham taklif qilishdi. O‘sha paytda menda bir fikr paydo bo‘ldi: «yo hozir, yo hech qachon», dedim va bir tomonga chipta olib, cho‘ntagimda 316 yevro bilan uchib ketdim.
Tahrir. izohi: Teahupoo (yoki Chopu) – afsonaviy to‘lqin. U chuqurlikning keskin o‘zgarishi tufayli paydo bo‘ladi va shu qadar kuchli energiya to‘playdiki, qulaganida suvni dengiz sathidan pastga tortib yuboradi. Tubining o‘ziga xos relyefi sababli suv bitta ulkan to‘lqinga yig‘iladi, ostida esa deyarli yalang‘och rif qoladi. Syorferlar Chopuni sayyoradagi eng og‘ir va eng xavfli to‘lqin, deb atashadi. 2018-yilda Andrey Karr uni zabt etishga muvaffaq bo‘lgan.
– To‘lqinning cho‘qqisida turganingizda nimalarni his qilasiz?
– Aslida, hamma narsa faqat to‘lqinda bo‘lishingga bog‘liq emas. Albatta, shunday paytlar bo‘ladiki, ortingdan quturgan suv ko‘chkisi quvlab kelayotganda, sen o‘zingni chegarada his qilasan. Barchasi okeanga chiqishdan boshlanadi. Yoningdan o‘n qavatli uy balandligidagi to‘lqinlar o‘tadi, bu yerga hech qanday qutqaruvchilar yeta olmaydi va ongingni darhol «shu yerda va hozir» holatiga o‘tkazasan – diqqatingni maksimal darajada jamlaysan. To‘lqinni egarlagan zahoting esa, qolgan hamma narsa yo‘qoladi, faqat shu lahza va unda sodir bo‘layotgan voqealar qoladi. Suvdagi har qanday mayda to‘lqin, taxtaning sirg‘alishi, taxta ostidagi kichik suzgichlar – tezlik va chaqqonlikni boshqaradigan finlarning tebranishi juda nozik his etiladi. Ba’zan ko‘zlaring oldingdagi nuqtadan boshqa hech narsani ko‘rmaydi: orqangda ulkan soya ko‘tariladi, minglab tonna suv pastga qulab tushadi va eng muhimi, sirpanib ketmaslik, taxtaning tumshug‘i bilan ko‘milib qolmaslik, oyoq bog‘lagichlardan chiqib ketmaslik kerak. Eng asosiysi - yiqilmaslik.
Ekstremallar faqat adrenalinning o‘zi uchun yashaydi degan stereotip bor, bu mutlaqo noto‘g‘ri: adrenalinning o‘zi uchun hech narsa qilinmaydi, u faqat vosita. Uning chiqishi insondagi barcha kuchni – aqlni, tanani, diqqatni faollashtiradi. Adrenalin – maqsad emas, yoqilg‘i. U ajralmas qism, ammo mohiyat emas. – Jurnalning bu soni havo mavzusiga bag‘ishlangan. Siz, havo haqida boshqalardan ko‘proq bilsangiz kerak, chunki basejumpingni boshdan kechirgansiz. Tana yerdan uzilganda va atrofda faqat havo qolganda, o‘zingizni qanday his qilasiz? – Rostini aytsam, basejumping qanday his qilinganini aniq eslash qiyin – men parashyut bilan sakrashni ancha avval, o‘n to‘rt yoshimda boshlaganman. Undan oldin Valera Rozovning loyihalaridan ilhom olganman, keyin esa Dima Kiselyov va Den Linchevskiyning ishlaridan ruhlanganman (tahrir. izohi: Rossiyada basejumping va boshqa ekstremal yo‘nalishlarning kashshoflari, butun bir avlod sportchilariga ilhom bergan shaxslar). Shu bois, basega kelishdan boshqa yo‘lni negadir ko‘rmadim. O‘n olti yoshimda Moskvadagi zanglagan antennalardan va binolardan sakrashni boshladim. Aslida, aynan shu tajriba orqali hayotimdagi hamma narsa shakllandi. Norvegiya har doim basejumpingning «makka»si bo‘lgan – odamlar aynan o‘sha yerda, haqiqatan uchishni o‘rganishgan. U yerda proximity flying – ya’ni qoyadan uzoqlashmay, relyef bo‘ylab soatiga 200-300 kilometr tezlikda uchish paydo bo‘lgan. Har bir yangi sakrovchi bir kun u yerga borishni, Troll devoridan sakrashni va tarixga daxldor bo‘lishni orzu qiladi. Men 2008-yilda birinchi marta Norvegiyaga World Base Race musobaqasiga bordim – bu tarixdagi birinchi vingsuit poygasi edi (tahrir. izohi: vingsyut - qo‘l va oyoqlar orasida «qanotlari» mavjud bo‘lib, odamga havoda uchish imkonini beradigan maxsus kiyim). O‘shandan beri hayotim bu mamlakat bilan chambarchas bog‘langan. Aslida qaror qabul qilish uchun hech narsa kerak emas – hissiy jihatdan o‘zgaruvchan ota-onaning o‘zi yetarli, buning natijasida o‘ziga bo‘lgan muhabbatning jiddiy tanqisligi va natijada tashqi tasdiqlashga doimiy ehtiyoj paydo bo‘ladi. Ammo buni qirq yoshga yaqin anglab yetasan, o‘n olti yoshda esa o‘z ahmoqligingni parashyut o‘zaniga yo‘naltirishing kerak. Shunday qilib, basejumperlar tug‘iladi. Hozir esa boshqacha fikrlayman: bu sportga oltmish yoshlarda kelgan ma’qul, ko‘p narsalar ortda qolganida – ko‘p narsalar ko‘rilgan, sinovdan o‘tkazilgan va siz dunyoni biroz yaxshiroq qilishga ulgurgan paytingizda. Aks holda, hayot shunchaki besamar ketadi. Ehtimol, 50 ga 50. Foto: Aidan Villiayms – Sizda haylayning tajribasi ham bor – dengiz darasining ustidagi arqonda yurgansiz. Bunga qanday jur’at qildingiz? – Bu g‘oya menda aynan o‘sha yerda, Nazareda paydo bo‘ldi. Bir vaqt: «Nega aynan men buni qilmasligim kerak?», degan xayol o‘tdi. Men «Dekatlon»ga bordim, slaklayn to‘plamini sotib oldim va uni bog‘da tortdim. Ammo bu chidab bo‘lmas darajada zerikarli edi. Keyin do‘konga qaytib, arqon, xavfsizlik tizimi va bir nechta karabin oldim-da, qoyalar sari otlandim. Men ilgari hech qachon haylayn bilan shug‘ullanmaganman, lekin arqonlar orasida katta bo‘lganim uchun bu menga tanish muhit edi. Shunday qilib, mening birinchi xaylaynim paydo bo‘ldi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu mutlaqo ahmoqona: hammasi noto‘g‘ri qilingan, lekin men arqonlarga ishonardim. Bir do‘stim videoga oldi, biz uni joyladik va ishlar avj oldi: yuzlab izohlar, haylaynerlar meni va mening yondashuvimni tanqid qilishdi. Men esa qoyalarda yana bir-ikkita haydlayn o‘rnatdim, storislar suratga oldim, jonli efirga chiqdim. Shu payt portugal jamoasi menga yozib qoldi: ular mayoqdagi arqonni to‘g‘ri o‘rnatishga yordam berishni taklif qilishdi, faqat men boshqa hech narsani tortmasam bo‘lgani. Shunday qilib, o‘sha loyiha dunyoga keldi. – Siz qo‘rquvni his qilasizmi? – Balandlikdan qo‘rqsam-da, parashyut bilan o‘zimni juda dadil his qilaman. Ammo suvdan, ayniqsa chuqurlikdan qo‘rqish meni butunlay karaxtlik holatiga soladi. Men cho‘kib ketishdan va suv qa’rida yashiringan noma’lum narsalardan vahimaga tushaman. Muntazam mashq qilganingizda, o‘zingizga bo‘lgan ishonch asta-sekin qo‘rquvni jilovlay boshlaydi. Qiziq, ulkan to‘lqinlarda o‘zimni, chuqur ko‘lda suzayotganimga qaraganda ancha xotirjam his qilaman. Ko‘l tubida cheksiz tubsizlik borligini bilgan holda suzish meni ko‘proq vahimaga soladi. Mashg‘ulotlarga to‘g‘ri yondashsangiz, qo‘rquvni shunchaki ichingizga yashirishingiz va keyinroq, qirg‘oqqa chiqqaningizda qo‘rqishingiz mumkin. Ammo bu yerda muhim farq bor: qo‘rquv bor, va vahima bor. Qo‘rquv – bu yaxshi, u insonni safarbar qiladi, vahima esa falajlaydi. Qo‘rquv bilan do‘stlashish – bu haqiqiy mahorat.
Foto: Marat Daminov
– Bu ekstremal mashg‘ulotlardan so‘ng hayotga bo‘lgan qarashingiz o‘zgaradimi?
– Shubhasiz, qadriyatlarni qayta baholash jarayoni kechadi: chinakamiga nima muhim-u, nima ahamiyatsiz ekanligini o‘ylay boshlaysiz. Ehtimol, buning sababi o‘zingizni ixtiyoriy ravishda xavf chegarasiga qo‘yib, hayotning naqadar mo‘rtligini ilk bor nafaqat anglab, balki chin ma’noda his qilishingizdir. Kundalik hayotda bu haqda kamdan-kam o‘ylaymiz, ammo ekstremal sport turlari bizni tezda haqiqat bilan yuzlashtiradi – ayniqsa, yaqin atrofda fojiali voqea sodir bo‘lganda.

Foto: Kirill Umrihin
– Agar to‘lqin balandligini uy balandligi bilan taqqoslasak: o‘n qavatli uyning tomida turish va shu balandlikdagi to‘lqin cho‘qqisida turish – bu bir xil tuyg‘umi?
– Yo‘q, mutlaqo boshqacha. To‘lqin – bu tirik tog‘ga o‘xshaydi. Siz birdan cho‘qqida paydo bo‘lmaysiz va «qulab tushaman» degan qo‘rquv ham boshqacha – bu yerda eng qo‘rqinchli narsa noto‘g‘ri joyda bo‘lish. To‘lqin kuchayib boradi va to‘satdan sizning ustingizga yopirilib kelishi mumkin, bu esa oddiy suvga tushib ketishdan ko‘ra ancha xavfliroqdir.
To‘lqin sizni qoplaganida, siz go‘yo qo‘g‘irchoqqa aylanasiz: u sizni aylantiradi, uradi, tubga tortadi. Bu – havosiz qorong‘ilikdagi holat, suv ostida qancha vaqt qolishingizni hech qachon bilolmaysiz. Bunday paytda kurashishning foydasi yo‘q – faqat bo‘shashish va o‘zingizni ishontirishingiz mumkin: siz bunga bardosh berasiz. Qanchalik qo‘rqinchli bo‘lmasin, nafas olish istagi qanchalik kuchli bo‘lmasin, baribir bir mahal suv sizni yuziga chiqaradi.

Foto: Kirill Umrikhin
– Katta to‘lqindan yiqilish uchun o‘zingni tayyorlashga yordam beradigan mashqlar bormi?
– Bunday tayyorgarlikda eng muhimi – ko‘nikmalarni bir necha alohida tarkibiy qismlarga ajrata bilish. Nafasni ushlab turish mashq qilinganda, karbonat angidridga chidamlilikni rivojlantirish kerak. Taxtani ham yaxshi his qilish lozim. Alohida suv mototsiklini boshqarish tajribasini oshirish zarur, toki zarur paytda o‘z hayotini yoki do‘stini qutqara olsin. Ba’zi sportchilar esa bundan ham bir qadam oldinga borishadi – ular yiqilishdan keyingi holatni imkon qadar haqiqiy sharoitlarda takrorlaydigan mashg‘ulotlar o‘tkazishadi.
CO₂ bilan zaharlanishga bardoshlilik – bu eng asosiy narsa. Tasavvur qiling: qo‘l va oyoqlaringiz faol ishlamoqda, ko‘p kuch sarflayapsiz, organizmda karbonat angidrid darajasi ko‘tariladi, shu payt birdan nafasni ikki, hatto uch daqiqa ushlab turish kerak bo‘ladi. Ba’zida bu hammasi nafas chiqarilgan holda ro‘y beradi, bu esa vazifani yanada murakkablashtiradi.
Yana bir tayyorgarlik turi – kardio va umumiy jismoniy tayyorgarlik: chidamlilik, kuch, diqqatni jamlash. Bularning barchasi alohida mashq qilinadi, so‘ngra, go‘yo har bir bo‘lagi o‘z joyiga tushadigan pazl singari bir butun tizimga yig‘iladi.
Foto: Marat Daminov
– Syorfingdagi eng mashaqqatli tajribangiz qaysi edi?
– Men uchun syorfingning eng qiyin tomoni – u bilan doimiy ravishda shug‘ullanish imkoniyatining yo‘qligidir. Resurslar doimo yetishmagan: bir mavsumda homiyimiz bor edi, ammo undan oldin va keyin barcha xarajatlarni o‘zim to‘lashimga to‘g‘ri kelgan, bu esa o‘n minglab yevroni tashkil etgan. Shu sababli, bir necha yil davomida bir kredit chegarasidan boshqasiga o‘tib kun kechirdim. Keyingi rekordni jismoniy va ma’naviy jihatdan egallashga qodir ekanligingni bilish, ammo qo‘rquvdan emas, balki mablag‘ yetishmasligi sabab davom ettira olmaslik – og‘ir. Ayniqsa, atrofda imkoniyatlari, qo‘llab-quvvatlovchilari, infratuzilmasi bor odamlarni ko‘rganingda bu yanada og‘ir tuyuladi. Boshqa mamlakatlarda bu butun boshli sanoat hisoblanadi, bizda esa shaxsiy resurslar va omadga bog‘liq masala bo‘lib qolmoqda. Tahrir. izohi: syorfing – eng qimmat sport turlaridan biri. To‘liq jihoz to‘plami (taxta, xavfsizlik jiletlari, gidrokostyumlar, qutqaruv anjomlari) kamida o‘n ming yevroga tushadi. Bundan tashqari, to‘liq jihozlangan gidrotsikl – yana yigirma ming. Bigveyv syorfer gidrotsiklda sheriksiz to‘lqinga chiqa olmaydi: u sizni yuqoriga olib chiqadi, pastda kutib oladi va biror narsa noto‘g‘ri ketsa – aynan u sizni qutqaradi. Yoqilg‘i va infratuzilma esa – yana o‘nlab ming yevro.
Foto: Marat Daminov
– Bu barcha sinovlardan – qo‘rquv, hayot va stixiya o‘rtasidagi chegaralardan so‘ng sizni payqab, keyinchalik Netflix’ga chiqqan filmda ishtirok etishga taklif qilishdi. Bu qanday yuz berdi va ushbu tajriba siz uchun nimani anglatdi?
– Aslida Netflix filmni faqat sotib olgan, loyiha esa dastlab fransuz rejissyori Tyeri Donardning Nuit de la Glisse nomli ishlanmasi edi. 30 yil suratga olishdan so‘ng, rossiyalik bigveyv-syorferni topgani uni hayratda qoldirdi. U yilning eng kuchli bo‘ronini tasvirga olish uchun kelgan va ish jarayonida unga bu yerda bir rus yigiti borligini aytishgan.
Kimdir sizning faoliyatingiz haqida butun boshli film suratga olishga qaror qilganda, bu hayotingizning katta qismini, avvalo yaqinlaringiz bilan baham ko‘rish imkoniyati hisoblanadi. Men bunda hech qanday alohida ma’no ko‘rmagan edim. Men film premyeralarida Parijda, Jenevada va Tsyurixda qatnashdim – tomoshabinlar nimalarni his qilganini bilmayman, lekin umid qilamanki, film ularni hayratda qoldirgan yoki hech bo‘lmaganda, o‘z orzulari sari ilhomlantirgan. – Syorfingchi va sayohatchi sifatida sizga eng qulay joy qayerda? Qayerga qaytgingiz keladi? – Agar bigveyv-syorfing haqida gapiradigan bo‘lsak – bu, albatta, Portugaliya. Nazare – syorfing olamining haqiqiy Everesti. Bunday to‘lqinlar boshqa hech qayerda yo‘q. Ularning paydo bo‘lishi bevosita noyob suv osti relyefi bilan bog‘liq: qirg‘oq ostidan Atlantika Katta Kanyoni o‘tadi – bu sayyoradagi eng chuqur kanyon. Bo‘ronlar boshlanganda, aynan u yerda to‘lqinlar bir necha baravar kattalashadi. Umuman olganda, Nazare men uchun kuchli joy, lekin u yerga shunchaki emas, balki aniq maqsad bilan: kechagidan yaxshiroq natija olish uchun qaytgim keladi. Sayohatlar haqida aytadigan bo‘lsam, kamdan-kam hollarda qaytishni istayman, aksincha, yangi narsalarni izlashni, hali ko‘rmagan to‘lqinlarni zabt etishni, bormagan tog‘larga chiqishni yoqtiraman. Men qirqqa yaqin mamlakatda bo‘lganman, lekin xaritadagi uchta joy – Portugaliya, Indoneziya va Norvegiya men uchun alohida ahamiyatga ega. Ularning har biri hayotimning bir qismi va o‘ziga xos tajriba bilan bog‘liq: Portugaliyada – bigveyv-syorfing, Norvegiyada – basejumping, Indoneziyada esa – yana syorfing, lekin bu safar pastroq, uch metrli, eng ko‘pi bilan besh metrli to‘lqinlarda. Portugaliya sovuq va qattiq iqlimli. Indoneziyada esa buning aksi iliq va yumshoq. U yerda to‘lqinlar deyarli mukammal: silliq sirt, tiniq suv va syorfchilar ichida harakatlanishi mumkin bo‘lgan uzun «quvurlar» mavjud. Indoneziyada ham hayot osonroq va osoyishtaroq. U yerda sayyoramizning boshqa hech qayerida topib bo‘lmaydigan joylar juda ko‘p. Bu sayohat qilish, o‘zini anglash va ichki kashfiyotlar uchun ideal makondir. Albatta, ko‘proq joylarni ko‘rishni xohlardim, lekin vaqtimning aksar qismini suvda, to‘lqinlar orasida o‘tkazdim. – Shuncha sayohatdan qanday saboqlar oldingiz? – Sayohatlar barcha to‘plangan tajribalarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Dunyoda behisob xalqlar, joylar, madaniyatlar va urf-odatlar mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha siz ulg‘aygan muhitdan tubdan farq qiladi. Buni his etish juda muhim: faqat shunday yo‘l bilan hayotni kengroq idrok etish, turli nuqtayi nazarlarni va umuman olganda, boshqa odamlarni qabul qilish mumkin. Dunyo qanday tuzilganligini haqiqatan ham anglash uchun iloji boricha ko‘proq turli-tuman kechinmalarni boshdan o‘tkazish kerak. Bu «turfa xil» holatlarga duch kelganda, o‘z hayotingga boshqacha nigoh tashlay boshlaysan. Ehtimol, aynan shu narsa bizni yaxshiroq insonga aylantirib boradi. – Siz xotirjamlik uchun sayohat qilasizmi? – Unchalik emas. Tabiat va sport har doim birinchi turtki bo‘ladi – aynan ular meni joyimdan qo‘zg‘atadi. «Retritga borish» degan istak menda hech qachon bo‘lmagan: men xotirjamlikni harakatning o‘zida topaman. – Okeanda bo‘lganingizda, iqlim o‘zgarishini sezganmisiz? – Ha, iqlim aniq o‘zgaryapti. Lekin bu o‘zgarish qanchalik kuchli va uni orqaga qaytarish mumkinmi – buni hali tushunish qiyin. Syorfingchilar uchun buning, qanchalik g‘alati tuyulmasin, ijobiy tomoni ham mavjud: Atlantika okeanida bo‘ronlar soni ko‘paydi, natijada rekord darajadagi to‘lqinlar ham ko‘paydi. Fasllar ham o‘zgarmoqda: ba’zan bo‘ronlar odatda hamma narsa tinch bo‘lishi kerak bo‘lgan paytlarda ham paydo bo‘lmoqda. Biroq bular bilvosita alomatlardir. Tog‘lardagi o‘zgarishlar yanada aniqroq ko‘zga tashlanadi: Alp tog‘larida men shaxsan bolaligimdan bilgan muzliklar yo‘qolib bormoqda. Bunday hodisalarni kuzatganingizda, sayyoramizda nimadir noto‘g‘riligini aniq his qilasiz.
Foto:Marat Daminov
– Bigveyv-syorfing iqlim muammosiga e’tiborni jalb qila oladimi?
–Ekstremal sportning o‘zi ancha egoistik yo‘nalish, shuning uchun ekologiya haqida bu kontekstdagi gaplar ko‘pincha sun’iy eshitiladi. Albatta, shaxsiy kontent orqali «sayyorani o‘yla» deb yozish mumkin, lekin realistik bo‘lsak – bu haqiqatan kimnidir chuqur ta’sirlantirishi qiyin. Yigirma yil avval bunday so‘zlar katta kino loyihalarida kuchli aks-sado berardi, lekin bugun, cheksiz kontent va bir zumlik e’tibor davrida, bu xabarlar shunchaki shov-shuv ichida yo‘qolib ketadi. – Hozir nimalar bilan yashayapsiz? Okean va to‘lqinlar bo‘lmaganda sizni nima ilhomlantiradi? – Hozir men oddiy ofisda ishlayman. Ipoteka olishga harakat qilyapman, psixoterapiyaga qatnayman, oila haqida orzu qilaman. Go‘yoki oddiy, hatto mayda narsalar, lekin hozir ular menga har qanday tog‘, okean yoki bosh aylantiruvchi sarguzashtlardan ham muhimroq tuyuladi. Lekin, albatta, ularning o‘zi bo‘lmasa – men kelajagimni ham tasavvur qila olmayman. – Siz odamlar xotirasida qanday qolishni istaysiz? – Odamlar meni faqat syorfing yoki ekstremal sport bilan bog‘lashlarini istamayman. Bir vaqtlar men o‘zimni aynan shu faoliyatlar orqali belgilardim – syorfing, basejumping, suratga olish, sayohatlar… Lekin vaqt o‘tishi bilan tushundim: bularning barchasi – faqat tajriba shakllari, xolos. Hozir menga «inson» so‘zi yaqinroq va menda ham boshqalardagi kabi muammolar, ko‘pchilikning istaklariga o‘xshash istaklar bor. To‘g‘ri, men ba’zi g‘ayrioddiy ishlarni uddalay olaman, lekin bularni hal qiluvchi omil, deb hisoblamayman. Qanday e’tiqodga ega ekanliging, odamlarga va atrofdagi dunyoga qanday munosabatda bo‘lishing ancha muhimroqdir.