. UZS

Chiptani xarid qilishdan oldin, 'Kirish' tugmasini bosib saytdan ro'yhatdan o'ting (Bu sizga chiptangizga o'zgartirish kirgizishga imkon beradi).

blog

Madaniyat1 Oktabr, 2025

O‘zbek kinosining zamonaviy qahramonlari

"Mening faoliyatimdafilmlar qanchalik muhim rol o‘ynaganini tasavvur ham qila olmaysiz. Ko‘p hollarda diplomatiya emas, balki filmlar yordamida yaxshiroq natijalarga erishganimni aytsam, sira yolg‘on bo‘lmaydi".


Stanton Griffis

AQShning Polsha, Ispaniya, Argentina va Misrdagi elchisi



Biz jurnalimizning har bir sonida yangi ufqlarni – mamlakatlar, shaharlar, insonlar, madaniyatlarni kashf etishga intilamiz. Ushbu sondan boshlab, mazmunli yo‘nalishlar sari yana bir qadam tashlaymiz: mualliflik ustunini kiritamiz. Uning birinchi qahramoni O‘zbekistonni sayyohlik risolalari orqali emas, balki hamma tushunadigan til – kino orqali dunyoga tanitayotgan inson bo‘ldi.


Eldar Yo‘ldoshev – mamlakatimizda kino bo‘yicha birinchi PhD, Istanbul kino akademiyasi akademigi, S. A. Gerasimov nomidagi butun Rossiya davlat kinematografiya instituti Toshkent filialining asoschisi, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekistondagi yagona filmning rejissyori va 78-Kann kinofestivalida namoyish etilgan "Temurlang" filmining distribyutori. Eldar Sodiqovich "Avatar," "Garri Potter" yoki "Yigit so‘zi" filmlarining mualliflari – eng taniqli shaxslar bilan shunchaki ishlamaydi, balki bu nomlar O‘zbekiston bilan teng maqomda muloqot qila boshlashi uchun sharoit yaratadi. Sahifamizda aynan uning birinchi bo‘lib so‘z olishi biz uchun juda muhim.


Ko‘pchilik tez-tez milliy kinoning o‘tmish davrini qo‘msaydi va eslaydi, masalan, o‘zbek dublyajining "oltin" davri deb atalgan paytlarda O‘zbekistonlik Jorj Miloslavskiy asl nusxadan ham o‘zib ketgan, "Restoraningizning alohida xonasi bormi? Eh, Marvushenka, Marvusha g‘am-g‘ussaga ne hojat" degan ibora xalq orasida qanotli iboraga aylangan edi. "Afonya", "Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi", "Nofelet qayerda?", "Taqdir hazili yoki qushday yengil bo‘ling", "Ishdagi ishq", "Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari" kabi filmlar Hamza Umarov, To‘lqin Tojiyev, Obidjon Yunusov, Abzal Rafiqov, Mukambar Rahimovalarning ovozlari bilan yangi ikkinchi hayotga ega bo‘lgan edi.


Xuddi shunday suhbatlar ko‘pincha uyda, oila davrasida, oshxonada, shuningdek, rasmiy darajadagi uchrashuvlarda ham o‘z klassik asarlari "Mahallada duv-duv gap", "Maftuningman", "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "To‘ylar muborak", "Suyunchi", "O‘tgan kunlar", "Sen yolg‘iz emassan", "Yor-yor", "Shum bola" kabi filmlar haqida, Shuhrat Abbosov, Damir Salimov, Yo‘ldosh Ag‘zamov, Melis Abzalov, Ali Hamrayev singari boshqa ustozlarimizning nomlarini tilga olgan holda bo‘lib o’tadi. 


Yuqorida aytilganlarni umumlashtirib, o‘tmish haqidagi iliq xotiralarni chuqur hurmat bilan saqlab qolgan holda, biz sizga xalqaro maydonda o‘zini yorqin, kutilmaganda va shov-shuvli tarzda namoyon etgan, milliy kinematografiyamizning yangi qahramonlari haqida so‘zlab bermoqchimiz. Qani, ular bilan tanishib chiqaylik.


Hujjatli filmlar ustasi Ruslan Saliyev – xususiy sarmoyalarni jalb qilgan holda sifatli hujjatli filmlarni suratga olayotgan mustaqil rejissyor. Uning professional o‘zbek sahna xoreografiyasining paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixiga bag‘ishlangan "O‘zbek raqsining afsonalari" filmi qisqa vaqt ichida juda ko‘p mukofotlarni – ayniqsa, ilgari O‘zbekiston nomi eshitilmagan joylarda ham qo‘lga kiritdi.


Silk Road Cannes va Cannes World Film Festival xalqaro kinofestivallarida film bir vaqtning o‘zida uchta mukofotga: ikkala maydonda "Eng yaxshi raqs filmi" va Kann WFF doirasida "Eng yaxshi Osiyo filmi" mukofotiga sazovar bo‘ldi. Barselonada, Barcelona International Film Festival tadbirida kartina uchta nominatsiyaga nomzod, deb ko‘rsatildi hamda ikkita mukofotni – "Eng yaxshi raqs filmi" va "Eng yaxshi saundtrek" uchun mukofotni qo’lga kiritdi. Parijda, Paris Cinema Awards marosimida lenta "Eng yaxshi to‘liq metrajli hujjatli film" nominatsiyasida, AQShda esa, New York Movie Awards marosimida "Eng yaxshi hujjatli film rejissyori" nominatsiyasida g‘olib chiqdi.


Uning yana bir muhim loyihasi – jadidchilik tarixi haqidagi "Orzumandlar" filmi ham katta e’tirofga sazovor bo‘ldi. Kartina Kannda o‘tkazilgan World Film Festival kinofestivalining "Eng yaxshi ma’rifiyfilm" nominatsiyasida g‘alaba qozondi va butun Markaziy Osiyodan yagona asar sifatida tanildi. Bundan tashqari, u ARFF International va Film Fest International festivallarida "Eng yaxshi hujjatli film" deb topildi. CinemaScene jurnali filmni yilning eng shov-shuvli xorijiy filmlari ro‘yxatiga kiritdi. Bu chinakam xalqaro e’tirofning o‘zi emasmi?


Kinoshunos Nigora Karimova –O‘zbekistondagi ayollar orasida eng yosh va yagona san’atshunoslik fanlari doktori (DSc), shuningdek, mamlakatning FIPRESCI xalqaro kino matbuot federatsiyasidagi birinchi va yagona vakili. U "Oltin globus" mukofoti hakamlar hay’ati tarkibiga rasman taklif etilgan – ungacha O‘zbekistondan hech kim bu mavqega erishmagan edi. Nigora Karimova, shuningdek, YUNESKOda kino bo‘yicha ilmiy loyiha muallifi va rahbari (2019-yil), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik institutining "Kino va televideniye" bo‘limi mudiri – mamlakatdagi kinoshunoslik bo‘yicha asosiy ilmiy markaz rahbari hisoblanadi. O‘nlab kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari va monografiyalar, nufuzli xalqaro nashrlarda chop etilgan yuzdan ortiq maqolalar uning qalamiga mansub.


Kinotanqidchi Eljon Abbosov – O‘zbekiston tarixidagi ilk "O‘zbekiston kino san’ati" kinoensiklopediyasining hammuallifi. U O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida dunyodagi eng nufuzli ovozsiz kino festivali – Le Giornate del Cinema Muto‘da o‘zbek filmlari ishtirokini tashkil etdi. 2024-yilda O‘zbekiston ushbu nufuzli forumda ilk bor ishtirok etdi va MDH davlatlari orasida unda qatnashgan yagona mamlakat bo‘ldi. Bundan tashqari, Abbosov o‘sha Jamg‘arma ko‘magida Xudoybergan Devonov (1879-1937) ning "Xorazm vohasi tasvirlari"ni YUNESKOning "Jahon xotirasi" ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi bo‘ldi. Shu tariqa birinchi o‘zbek kinooperatorining nomi jahon madaniyati tarixiga abadiy muhrlandi.


Multiplikator Pavel Kim – "Pomidor do‘ppi" animatsion filmining muallifi. Ushbu loyiha o‘zbek animatsiyasi tarixida birinchi bo‘lib Xitoyning 45 ta media platformasida bir vaqtning o‘zida namoyish etildi – bu xorijiy kontent juda tanlab qabul qilinadigan mamlakatda katta yutuq hisoblanadi. Bugungi kunda "Pomidor do‘ppi" – O‘zbekistondagi eng taniqli animatsion qahramon bo‘lib, YouTube’da 6 milliondan ortiq tomoshabinlarga ega. Multfilm MDHdagi 50 dan ortiq onlayn platformalarda, jumladan, Kinopoisk, IVI, START, KION, Megogo va iTV kabi yirik manbalarda joylashtirilgan.


Distribyutor Farrux To‘laganov – O‘zbekiston kinoprokat sohasidagi eng yirik sarmoyador, mamlakatdagi eng katta kinoteatrlar tarmog‘i egasi: Mega Cinema, Riviera Cinema, Parus Cinema, Next Cinema, Family Cinema va Anhor Cinema. U O‘zbekistonning AQSH Kinoteatrlar egalari milliy assotsiatsiyasidagi (The National Association of Theatre Owners, USA, LA) birinchi va yagona vakilidir. To‘laganov – dunyodagi eng yirik CinemaCon va CineEurope kino bozorlarining doimiy ishtirokchisi bo‘lib, u Warner Bros, Universal, Disney, Paramount, Lionsgate va Crunchyroll kabi sanoat gigantlari bilan muzokaralar olib borgan. Bundan tashqari, aynan u O‘zbekistondagi birinchi bolalar kinoteatri – G‘uncha kinoteatrini ochgan.


Rejissyor Sabina Bakayeva – mamlakatdagi eng istiqbolli yosh rejissyorlardan biri. Uning "Оydin" deb nomlangan debyut qisqa metrajli filmi 2024-yilda dunyodagi eng nufuzli 75-Berlin xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston nomidan ishtirok etdi. Mamlakatimiz ishtiroki tarixida bu Berlinale dasturiga kiritilgan uchinchi kartina bo‘ldi.

 

Rejissyor Shokir Xoliqov – nufuzli xalqaro kinofestivallarda, jumladan, Shanxay xalqaro kinofestivali va Osiyo kinosi xalqaro festivalida, 30 dan ortiq mukofotlarni qo‘lga kiritgan "Yakshanba" debyut to‘liq metrajli filmining muallifi. Kartina "A" toifasidagi uchta yetakchi festivalda ham ishtirok etgan. Taniqli kinotanqidchi Anton Dolinning fikricha, "Yakshanba" filmi Markaziy Osiyoning tomosha qilishga arziydigan beshta filmi qatoriga kiritdi.



Aynan shu insonlarga kino san’atini nafaqat qayta tiklash, balki Yangi O‘zbekistonning yangi kino san’atini barpo etishda ham katta umid bildirilmoqda.


Eldar Yo‘ldoshev,

San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

Istanbul kinoakademiyasi akademigi