
Madaniyat • 5 May, 2026
Havodagi arxitektura: ko‘priklar va osmondagi yo‘llar
Agar balandlikdan qo‘rqadigan bo‘lsangiz, ushbu materialni ehtiyotkorlik bilan o‘qing: biz dunyoning turli burchaklaridagi eng hayratlanarli diqqatga sazovor joylar haqida hikoya qilamiz. Inson ko‘priklarni qanday qilib milliy boylikka aylantirgani, vaqt o‘tishi bilan arqonli yo‘llar va attraksionlar qanday qilib yuksakroqqa ko‘tarilganini tahlil qilamiz.
«Havoda» joylashgan diqqatga sazovor joylar: ko‘priklardan osmono‘par binolargacha
Bu ro‘yxatga birinchi o‘rinda eng oddiy ko‘rinadigan inshoot sifatida ko‘prikni bemalol kiritish mumkin. Dastlab ko‘priklar faqatgina shahar infratuzilmasining bir qismi bo‘lgan: ko‘chalarni, aholi manzilgohlarini bog‘lagan yoki harbiy harakatlar vaqtida strategik o‘tish joyi sifatida xizmat qilgan.
Ammo vaqt o‘tishi bilan amaliy vazifa o‘zining asosiy ahamiyatini yo‘qota boshladi. Bugun ularning ko‘plari dunyo turizm markazlarining ramziga aylangan: buning uchun Londonning gotika uslubida qurilgan va 240 metr balandlikka yetadigan Tauer ko‘prigini eslashning o‘zi kifoya.

Tauer ko‘prigi
Eng mashhur ko‘priklar ro‘yxatiga San-Fransiskodagi Oltin darvoza ko‘prigi va Nyu-Yorkdagi Bruklin ko‘prigi ham kiradi – ular haqiqiy kino yulduzlariga aylangan bo‘lib, 2000-yillardagi mashhur seriallarning kirish lavhalari va sahnalarida bir necha bor namoyon bo‘lgan.

«Golden Gate» ko‘prigi

Bruklin ko‘prigi
Eng baland zamonaviy ko‘priklarning mutlaq ko‘pchiligi Xitoyda joylashgan. Sabab oddiy: relyef. Infratuzilmani rivojlantirish uchun muhandislar tog‘lar va daralardan ko‘priklar o‘tkazishga majbur bo‘lishgan. Bu borada mutlaq rekordchi – Guychjou muzofotidagi Beypan daryosi ustidan o‘tuvchi Xuatszyan-Kanyon osma ko‘prigi bo‘ldi. Uning balandligi – hayratlanarli, 625 metr.

Xuatszyan kanyoni osma ko‘prigi
Shuningdek, tomosha maydonchalari mavjud bo‘lgan osmono‘par binolar ham tobora hayratlanarli bo‘lib bormoqda. Hammasi oddiy ko‘rinadi: bino qanchalik baland bo‘lsa, his-tuyg‘ular shunchalik kuchli bo‘ladi. Biroq bu yerda ham g‘ayrioddiy yechimlarning ko‘plab namunalari mavjud. Masalan, Chikagodagi AQSHning eng baland inshooti – «Willis Tower» minorasining 103-qavatida to‘rtta shisha balkon jihozlangan. Bu yerda sayyohlar 412 metr balandlikda o‘zlarini xuddi havoda muallaq turgandek his etadilar. Aytgancha, bu osmono‘par bino kinorejissyorlar uchun sevimli bo‘lib qolgan: u «Brat-2» (2000), «Divergent» (2014), «Jupiter Ascending» (2015) filmlarida va «Transformers»ning ayrim qismlarida ko‘rinib turadi.

«Uillis» minorasi
Singapurda esa yanada ilgarilab ketishgan. Mashhur «SkyPark» tomida cheksizlik hovuzi – «Infinity» joylashgan: uning qirralari binoning qirralari bilan tutashadi va suv xuddi osmonga singib ketayotgandek taassurot uyg‘otadi. Bunday tomosha maydonchasining balandligi qariyb 200 metrni tashkil etadi.

Samoviy park
Tabiatga yaqinroq bo‘lgan balandlik turizmini istaganlar uchun esa Gulmarg kurortida arqonli yo‘l mavjud. Bu yerda liftlar sayyohlarni 2000 metr balandlikdan deyarli 4000 metrgacha olib chiqadi va Himolay tog‘larining hayratlanarli manzarasini ochib beradi.
Gulmarg kurortidagi dor yo‘li
Eng hayratomuz diqqatga sazovor joylarning geografiyasi
Langkavi Osmon ko‘prigi, Malayziya
Langkavi kurortidagi osma ko‘prik 700 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, atigi bitta tayanch minoraga tayanadi. Egilgan konstruksiya tufayli o‘zingizni tubsiz jarlik ustida osilib turgandek his qilasiz. Ko‘prikdan changalzorlar, tog‘ tizmalari, okean va hatto yerdan ko‘rinmaydigan uzoq orollarga qadar ajoyib manzara ko‘rinib turadi. Bu manzara kishini hayratga soladi.

Langkavi osmon ko‘prigi
Ko‘prikka uch xil yo‘l bilan: Langkavi arqonli yo‘li, SkyGlide qiya liftida yoki tog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab piyoda yetib borish mumkin.
Canton Tower teleminorasi, Guanchjou, Xitoy
Canton Tower – shahar ramzi va dunyodagi eng baland inshootlardan biri: uning balandligi 600 metrni tashkil etadi. Tomosha maydonchalari 450 metr balandlikdan boshlanadi, undan ham yuqorida esa «Bubble Tram» nomli attraksion joylashgan – u minora atrofida aylana bo‘ylab harakatlanadigan 16 ta shaffof kabinadan iborat.

Kanton teleminorasi
Bu yerda shisha pol ustida yurish yoki 488 metr balandlikdagi, dunyodagi eng baland ochiq maydonchaga chiqish mumkin. Inshoot po‘lat quvurlar va troslardan qurilgan bo‘lib, ular to‘rsimon fasadni hosil qiladi. Bunday tuzilma nafaqat tashqaridan ko‘zni quvontiradi – ichkarida to‘sinlarning chirmashib ketishi minora go‘yo o‘z o‘qi atrofida aylanayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Mahanakhon minorasi, Bangkok, Tailand
King Power Mahanakhon – Bangkokdagi ikkinchi eng baland osmono‘par bino bo‘lib, «piksel minorasi» nomi bilan mashhur: tashqi ko‘rinishdan, unga yuklanmagan tasvirdagi piksellar kabi ba’zi bloklari yetishmayotgandek tuyuladi.

«Mahanakxon» minorasi
78-qavatda shisha pol bilan jihozlangan Skywalk maydonchasi joylashgan, u yerga tezligi soniyasiga 8 metr bo‘lgan lift olib chiqadi. Yuqori qavatlarda esa yana bir diqqatga sazovor joy – Tailanddagi eng baland ruftop-bar Sky Beach Bar mehmonlarni kutib oladi.
Dubaydagi balandlik attraksionlari, BAA
Dubay – osmono‘par binolar rekordlarining chinakam poytaxti. Bu yerda dunyodagi eng baland bino – Burj Xalifa joylashgan. 124–125-qavatlarida 555 metr balandlikda At The Top kuzatuv maydonchasi mavjud bo‘lib, u yerda nafaqat shahar manzarasidan zavqlanish, balki interaktiv sayohatga chiqish, restoranda ovqatlanish yoki barga tashrif buyurish imkoniyati ham bor.
«Burj Xalifa» majmuasi
Yana bir «yulduzli» attraksion – dunyodagi eng baland charxpalak Ain Dubai (210 metr). Uning kabinalari keng, iqlim nazorati tizimi va shahar haqidagi ma’lumot ekrani bilan jihozlangan. Xohlovchilar ularni shaxsiy kechalarga ijaraga olishlari, hatto shaxsiy xizmatchi xizmatidan foydalanishlari ham mumkin.

«Ayn Dubay» charxpalagi
Gudauri arqon yo‘li, Gruziya
Gruziyaning shimoliy yonbag‘irlarida mamlakatdagi eng zamonaviy va eng uzun kanat yo‘li – Koba-Gudauri joylashgan. Uning uzunligi 7,5 km bo‘lib, yopiq kabinalar (har biriga 10 kishigacha sig‘adi) orqali sayyohlar Krestoviy dovonidan (2100 m) yakuniy bekatga – 2900 metrdan yuqori balandlikkacha ko‘tarilishlari mumkin.

Gudauri dor yo‘li
Yo‘l davomida ulug‘vor Kavkaz tog‘larining manzaralari ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Ularni aynan parvoz balandligidan kuzatish eng yaxshi usul hisoblanadi.
O‘zbekistonning «havoda joylashgan» diqqatga sazovor joylari
Toshkent teleminorasining kuzatuv maydonchasi
Poytaxtning eng baland diqqatga sazovor joyi – 375 metr balandlikdagi Toshkent teleminorasi hisoblanadi. Uning 110 metr balandlikdagi kuzatuv maydonchasidan shahar manzarasining butun go‘zalligi ko‘rinadi. Bu ulkan inshoot hanuzgacha Markaziy Osiyodagi eng baland bino maqomini saqlab kelmoqda. Toshkent teleminorasi tomosha maydonchasi Maftunkor manzaradan tashqari, mehmonlarni minoraning vestibyuli – haqiqiy san’at asari bo‘ylab ekskursiya kutmoqda. Usta Abdumalik Buxorboyev tomonidan yaratilgan ichki bezak Florensiya va Rim uslublarida bezatilgan bo‘lib, uchta mozaika pannosi bu joyni xuddi muzeyga o‘xshatib yuboradi. Ekskursiyalar har kuni o‘tkaziladi.

Toshkent teleminorasi vestibyuli (foyesi)
Chorvoq va Chimyon: tog‘dagi kuzatuv maydonchalari
Ko‘plab kuzatuv maydonchalari Chorvoq suv ombori hududida joylashgan. Bu yerda, balandlikda turib tog‘ tizmalari va suv havzalarining go‘zal manzarasidan zavqlanish mumkin. Chimyon va Bildirsoyda piyoda sayr qilish ishqibozlari uchun esa bosh aylantiradigan manzarali yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, ularda tog‘ cho‘qqilari go‘yoki osmonga tutashib ketgandek tuyuladi.
Chorvoq suv ombori

Chimyon tog‘lari
Zomin: osma ko‘prik va arqon yo‘li
Go‘zal Zomin (Jizzax viloyati)da Markaziy Osiyoda eng uzun osma ko‘prik qurilgan: uning balandligi 150 metr, uzunligi esa 305 metrni tashkil qiladi. Bu yerda, shuningdek, uzunligi 2,5 km bo‘lgan kanat yo‘li ham mavjud bo‘lib, u archa o‘rmonlari ustidan o‘tadi. Eng dovyurak sayyohlar uchun esa 150 metr balandlikdan sakrash imkonini beruvchi maxsus ekstremal maydoncha mavjud.

Zomin osma ko‘prigi

Zomin dor yo‘li
Chodak: «oynali» ko‘priklar
Yana bir noodatiy diqqatga sazovor joy Chodakdagi (Namangan viloyati) oynali ko‘priklardir. Dengiz sathidan taxminan 700 metr balandlikda joylashgan tog‘ cho‘qqilarini bog‘lovchi 200 va 400 metr uzunlikdagi ikkita inshoot mavjud. Ularning yuzi shaffof bo‘lgani bois, ko‘prikdan yurish xuddi havoda muallaq qolgandek tuyuladi. Qo‘shimcha his-tuyg‘ularni uyg‘otish maqsadida oynada darz ketgandek ko‘rinadigan vizual effektli qismlar ham o‘rnatilgan. Bu yerdan tog‘ daryolari, sharsharalar va go‘zal daralarning manzarasi ko‘zga tashlanadi.
Chodak: ko‘zguli ko‘priklar