
Aviatsiya • 5 Iyun, 2026
Parvozga bo‘lgan muhabbat haqida suhbatlar
Bort kuzatuvchisi Leyla Askarova va uchuvchi Ilya Kulagin osmon haqida turlicha so‘zlaydilar – biri iliqlik va hissiyotlar, ikkinchisi esa intizom va mas’uliyat bilan. Biroq, bu xilma-xil yondashuvlar ortida yagona narsa turibdi: o‘z kasbiga muhabbat va parvoz ishtirokchilariga bo‘lgan cheksiz hurmat.
Leyla Askarova: «Har bir reys – yangidan sevib qolish imkoniyati».

– Osmonga ko‘ngil qo‘yganingizni ilk bor qachon his qilgansiz?
– Ehtimol, osmon menga erkinlikni o‘rgatishini anglagan paytimda. Yer yuzida qancha chegaralar bo‘lmasin, boshimiz uzra doimo ochiq kenglik bor. Ayniqsa, ana shu cheksiz osmon bag‘rida samolyotlar uchayotgani va unda men kabi insonlar borligi haqidagi o‘y qalbimga iliqlik bag‘ishlaydi.
– Yillar o‘tsa ham, ishingizda sizni har gal nima hayajonga soladi? – Qo‘nishdan so‘ng salonda yangraydigan qarsaklar lahzasi. O‘sha soniyalarda odamlarning minnatdor bo‘la olishini his qilasiz. Bu – bizni osmon bag‘rida asrab turganlarga «rahmat» aytishning oddiy, ammo nihoyatda insoniy usuli. – Yo‘lovchi bilan bog‘liq bo‘lgan va hali ham yodingizda saqlanib qolgan eng iliq xotirangiz qaysi? – Bu Toshkentdan Koreyaga uchayotgan reysimizda sodir bo‘lgandi. Yosh bir yigit sekingina bort kuzatuvchisiga yaqinlashib, syurpriz uyushtirishda yordam so‘radi. U juda hayajonda edi, cho‘ntagida esa uzuk bor edi. Samolyot belgilangan balandlikka ko‘tarilgach, aloqa tizimi orqali bortda o‘zgacha yo‘lovchi borligi e’lon qilindi. Bort kuzatuvchisi qizning yoniga patnis bilan keldi – salfetka ostida uzuk yashirilgan edi. Yigit o‘tish yo‘lagida bir tizzasiga cho‘kdi. Butun salon avval jim bo‘lib qoldi, keyin esa qarsaklar yangradi. Qiz «ha» dedi. Hali-hanuz o‘sha paytda o‘n ming metr balandlikdagi samolyot saloni yer yuzidagi eng iliq maskanga aylanganini eslayman. – Baxtli insonni parvozdan avval ham tanib olish mumkinmi? – Menimcha, mumkin. Bu ko‘z qarashidan bilinadi – unda doimo kutish hissi bo‘ladi. Kimdir yaqinlari huzuriga uchadi, kimdir ta’tilga, yana kimdir yangi hayot sari yo‘l oladi. Aeroportda hayajon ko‘p, ammo unda har doim kutilayotgan safar quvonchi ham bo‘ladi. To‘g‘risini aytsam, bortda baxtsiz insonlar bo‘lmasligiga ishonaman. Parvozning o‘ziyoq yaxshilik sari tashlangan qadamdir. Agar yo‘lovchilarni iliqlik, tabassum va e’tibor bilan kutib olsangiz, bu tuyg‘u yanada kuchayadi. Shunda insonlarga ushbu mehr-muhabbat hissini ulashish uchun osmonga qayta-qayta ko‘tarilgingiz kelaveradi. – Murakkab reyslar vaqtida ham insonlarga nisbatan qalbdagi iliqlikni saqlashga nima yordam beradi? – Eng og‘ir parvozlardan keyin ham bir narsani yodda tutaman: har bir yo‘lovchi bizga o‘z osmonini ishonib topshirgan. Ishonchni esa sovuqqonlik bilan qarshi olib bo‘lmaydi. – Kasbingizda nimani sevmaslikning mutlaqo iloji yo‘q deb hisoblaysiz? – Sharf (bo‘yinbog‘). U nafaqat aviakompaniya formasining bir qismi, balki har bir bort kuzatuvchisiga o‘zgacha joziba va latofat bag‘ishlaydi. – Muhabbat – nima o‘zi? – Bu o‘n ming metr balandlikda, illyuminator ortida faqat bulutlar va cheksiz osmon ko‘rinib turganda ham his qilinadigan iliqlikdir. Bu biz bilan birga sayohatga otlangan insonlarga bo‘lgan g‘amxo‘rlikdir. Ilya Kulagin: «Biz barchasi me’yorida o‘tishiga diqqat qaratamiz». – Aviatsiya – ko‘proq qaysi tuyg‘u haqida? – Bu ko‘proq radioefirda eshitayotganlaringiz, kabina tashqarisida ko‘rayotganlaringiz va samolyotni boshqarayotganda jismonan his qiladigan bosimlar yig‘indisidir. Har qanday transportni boshqarish his-tuyg‘ularga tayanadi. Masalan, avtomobil qayerda va qanday tezlikda harakatlanayotganini asboblar paneliga qarab, dvigatel shovqinini eshitib va oynadan tashqaridagi «manzara» qanchalik tez o‘zgarayotganiga e’tibor berib tushunish mumkin. Samolyotda ham xuddi shunday: biz ham, yo‘lovchilar kabi, uning fazodagi holatini avvalo vestibulyar apparat orqali his qilamiz. Ammo bu ko‘pincha noto‘g‘ri yoki mutlaqo noaniq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har qanday uchuvchining asosiy qoidasi – asboblarning ko‘rsatkichlariga ishonish. – Samolyot yerdan uzilgan soniyalarda nimalarni his qilasiz? – Ko‘pchilik bizni ham yo‘lovchilar kabi hayajonlanadi, deb o‘ylasa kerak. Ammo biz uchun bu – har kundagi odatiy ish. Shuning uchun samolyot yerdan uzilgandagi bosim bizda alohida hayrat uyg‘otmaydi. O‘sha lahzalarda bor diqqatimiz barchasi me’yorida kechishiga qaratilgan: samolyot kerakli darajada tezlanish olishi va balandlikka ko‘tarilishi lozim. Bizning vazifamiz – kutilmagan holat yuz bersa, o‘z vaqtida aralashish. – Kasbingizdan birinchi navbatda nima uchun minnatdorsiz? – Avvalo, sayohat qilish va doimiy rivojlanish imkoniyati uchun. Uchuvchilar ko‘pincha o‘zlarini «umrbod talaba» deb atashadi: bu kasbda bir marta hamma narsani o‘rganib, shunchaki ishlashning iloji yo‘q. Bizda doimiy ravishda o‘quv jarayonlari, trenajyor mashg‘ulotlari va bilimlarni majburiy nazorat qilish bilan bog‘liq turli xil yer usti tayyorgarliklari o‘tkaziladi. Har yarim yilda biz kompleks trenajyorda malakamizni tasdiqlaymiz. Unda turli tizimlar ishdan chiqqan holatdagi haqiqiyparvoz jarayoni simulyatsiya qilinadi. Doim tayyor turish, ko‘p mutolaa qilish, tizimlar ishining barcha detallari va o‘ziga xosliklarini yodda tutish lozim. Kundalik reyslarda ulardan foydalanmasligimiz mumkin, ammo kutilmagan vaziyatlarda aynan shu bilimlar to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi. – Parvoz vaqtida ko‘pincha nima haqida o‘ylaysiz? – Uning xavfsizligi haqida. – Kabinadan ko‘rinadigan manzaralarga ko‘nikib qolish va ularga nisbatan «sovish» mumkinmi? – Ehtimol, mumkindir, lekin men har safar tog‘lar manzarasidan hayratga tushaman. Kabinadan ko‘rinadigan go‘zallikni har bir yo‘lovchi bilan baham ko‘rishni juda xohlardim, afsuski, parvoz vaqtida buning iloji yo‘q. – Uchib ketish yoqimliroqmi yoki uyga qaytishmi? – Menga uydan uchib ketish ko‘proq yoqadi. «Toshkent» aeroportining har bir burchagi bizga besh qo‘ldek ayon, reysdan keyin esa uyingga borib dam olishingni aniq bilasan. Boshqa davlatga xizmat safariga ketayotganingda esa seni yangiliklar kutadi: yangi insonlar, hissiyotlar va o‘zgacha madaniyat. Menimcha, sayohat qilish barchaga yoqadi, chunki biz birinchi marta ko‘rayotgan narsalarimizdan – tabiiy muhitdagi jonivorlardanmi yoki okean ufqiga botayotgan quyoshdanmi – o‘zgacha hissiyotlar va zavq olamiz. Bu doim juda qiziqarli, shuning uchun ham menga uzoq muddatga, faol dam olishni va atrofni o‘rganishni xohlaydigan yaxshi hamrohlar bilan uchib ketish yoqadi. – Osmonga bir so‘z bilan ta’riflang. – Erkinlik.


Aviatsiyada buni «samolyotdan oldinda uchish» deb atashadi. Ya’ni, parvozning har bir bosqichida nima sodir bo‘lishini bir necha qadam oldindan bilish va agar biron narsa reja bo‘yicha ketmasa, aniq harakatlarga tayyor turish demakdir.




