
Joylar • 10 Iyun, 2026
Siz – Danang markazidasiz
Da Nang go‘yo sayohat qilish uchun barcha sabablarni bir joyga jamlashga qaror qilingandek taassurot qoldiradi. Bulutlar orasidagi ko‘prik, o‘nlab kilometrga cho‘zilgan plyajlar, tog‘lar, junglilar, qadimiy ziyoratgohlar va kechqurun havoga taraladigan ko‘cha taomlari hidi. Ushbu chek-list sizga mashhur maskanlar bilan bir qatorda kutilmagan kashfiyotlar uchun ham joy topiladigan marshrut tuzishga yordam beradi. 1. Danangning tashrif qog‘ozi – «Oltin ko‘prik»ni («Tangrining qo‘llari» ham deyishadi) ko‘rish. 2. Vyetnam Disneylendi – Sun World Ba Na Hills ko‘ngilochar bog‘ida kunni maroqli o‘tkazish. 3. Uzunligi 6 km bo‘lgan oq qumli My Khe Beach sohilida dam olish. 4. Oqshom vaqti My Khe Beach sohili bo‘ylab yoki Xan daryosi bo‘yida sayr qilish. 5. Xan daryosi ustida qurilgan, olov purkaydigan «Ajdaho» ko‘prigini suratga olish. 6. Son Tra yarim orolida – chakalakzorlar va egri-bugri yo‘llardan iborat tabiat qo‘riqxonasida sayr qilish. 7. Danang ramzi – rahm-shafqat ma’budasi Guan Inning oppoq «Ledi Budda» haykalini ko‘rish. 8. Soncha tog‘ida maymunlarning noyob turi – qizil oyoqli duklarni kuzatish. 9. Tabiat qo‘yniga – Marmar tog‘lariga borish. U yerda jami beshta tog‘ bo‘lib, eng ko‘p tashrif buyuriladigani Suv tog‘i (Txuyshon) hisoblanadi. 10. Cham haykaltaroshligi muzeyini tomosha qilish. 11. Xan daryosi bo‘ylab kechki kruiz sayohatiga chiqish. 12. Nóc Rooftop kafe ayvonida samolyotlarning havoga ko‘tarilishini tomosha qilish. 13. Danang uzra paraplanda uchish. 14. Tungi bozorlar, masalan, Ajdaho ko‘prigi yaqinidagi Chợ Đêm Sơn Trà bozorida mahalliy ko‘cha taomlaridan (streetfood) tatib ko‘rish. 15. Qo‘shni Xoyan shahriga – YUNESKO himoyasiga olingan qadimiy shahar-muzeyga borish. 16. Cham orolida snorkling (suv ostida suzish) bilan shug‘ullanish. 17. Bạch Mã milliy bog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab sayr qilish. 18. Eng jasurlar uchun: bayk ijaraga olish va Xayvan dovonidagi murakkab yo‘llardan o‘tish. 19. Mishon – chakalakzorlar ichidagi qadimiy hinduiylik ibodatxonalari majmuasini ziyorat qilish. 20. Pikbol – tennis, badminton va ping-pongning ommabop gibridini o‘ynash. Nimalarni tatib ko‘rish kerak? - Fo bo sho‘rvasi; - Baliq va dengiz mahsulotlari; - Mi kuang (Mi Quang) – suyakli sho‘rva, go‘sht yoki dengiz mahsulotlari bilan tortiladigan mahalliy guruchli lag‘mon; - Ban Kseo (Banh Xeo) – turli masalliqlar solingan qarsildoq quymoqlar; - Cà Phê Sua Da – quyultirilgan sut qo‘shilgan an’anaviy Vyetnam qahvasi. Nima sotib olish kerak? - Quritilgan dengiz mahsulotlari; - Ipak; - Marmar buyumlar; - Konussimon milliy shlyapa; - Ananasli jenshen choyi va kunjutli pechenye.






















