. UZS

blog

Madaniyat26 Avgust, 2026

O‘zbekistonni tinglab: hujjatli filmning yaratilish tarixi

Sounds of Uzbekistan – travel-blog, hujjatli film va haqiqiy musiqiy tadqiqotni o‘zida mujassam etgan loyiha. Uning mualliflari bizga Marg‘ilonning ovozli portretini – hunarmandchilik ustaxonalaridan tortib, olis bolalikning ko‘cha kuylarigacha taqdim etish uchun ushbu shaharga yo‘l oldilar. Qadimiy shahar bugun qanday sado bermoqda, qaysi taomni albatta tatib ko‘rish kerak va filmni aslida qayerda ko‘rgan ma’qul – bularning barchasi haqida bizning materialimizda o‘qing.

Musiqa bilan bog‘langan jamoa

Katerina Nepruk – musiqachi, bas-gitarachi va bastakor. Uning ijodiy yo‘li 12 yoshida boshlangan: konservatoriya, Toshkent estrada-sirk kolleji, yillar davomidagi sahna chiqishlari va tovush ustidagi tajribalar.

Diyor Kamalov – san’atkor va musiqachi, fank, reggi va o‘zbek musiqiy an’analari tutashgan nuqtada ijod qiluvchi OnBr duetining ishtirokchisi. Ijodiy faoliyatini Moskvada boshlagan, festivallarda ishtirok etgan, o‘z guruhini va jam-sessionlarni tashkil qilgan. 2022-yilda O‘zbekistonga qaytib, Katerina bilan tanishgan.

Nikita Bakusov – rejissyor, prodyuser va montaj ustasi. Qariyb to‘rt yildan beri O‘zbekistonda yashaydi, Tashkent Film School’da dars beradi va musiqiy video rejissyorligi kursini olib boradi. Rok va jaz ijrochilari bilan ishlagan, konsert filmlari va kliplar yaratgan.

Katerina: Biz bilan ajoyib operator Sergey Karriyev ham bor edi. G‘oyamiz haqida eshitishi bilan darhol qiziqib qoldi va ortiqcha savollarsiz yo‘lga chiqdi. Ikki kun davomida biz bilan birga bo‘ldi: kerakli barcha kadrlarni tasvirga oldi va qaytib ketdi.

Loyihada yana Anastasiya Kravchenko maydonchada assistent sifatida ishtirok etdi. Barcha beksteyjlar – uning mehnati mahsuli bo‘lib, bu kadrlar ham filmdan joy oldi. Nastya musiqiy tadbirlar va kichik shakldagi ijodiy kechalar tashkil qilish bilan shug‘ullanadi, shu sababli loyihaning muhiti unga juda yaqin edi.

Loyihamizning art direktori – ajoyib grafik dizayner Timur Chaldayev bo‘lib, u butun vizual uslub va loyiha kodini ishlab chiqdi. Shu bilan birga, u ham musiqachi – Monno, Dzenpunk va «Chyorniy kot» guruhlarining bas-gitarachisi.

Agar e’tibor bersangiz, jamoaning barcha a’zolari u yoki bu darajada musiqa bilan bog‘liq: kimdir bevosita ijrochi sifatida, kimdir tashkilotchi sifatida. Balki, aynan shu narsa bizni ushbu safarga ilhomlantirgandir.

Loyiha maqsadi haqida

Nikita: Bizning maqsadimiz – O‘zbekistonning ovozli xaritasini yaratish. Ko‘pchilik hali bu shaharlarda bo‘lmagan yoki u yerga borishga imkoni yo‘q. Ularni YouTube’dagi travel-blogerlar  lavhalarida ko‘rish mumkin – ko‘pincha bu kopter yordamida chiroyli tasvirga olingan roliklardir.

Ammo muammo shundaki, bunday filmlar avvalo tasvirga tayanadi va vaqt o‘tishi bilan ular bir-biriga o‘xshab qoladi, biz esa mutlaqo boshqacha narsa yaratmoqchi edik. Katya shahar tovushlar landshafti bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgani uchun bir g‘oyani ilgari surdi: o‘ziga xos audiofotosuratlar – O‘zbekiston shaharlarining sadosiga bag‘ishlangan filmlar yaratish. Sekin-asta bu g‘oya to‘liq metrajli hujjatli loyihaga aylandi.

Hozircha rejalarimizda 12 ta shahar bor, lekin ular ko‘payishi ham mumkin. Birinchi navbatda, asosiy e’tiborni tovushga qaratamiz: shahar qanday sado beradi, uni qaysi musiqiy an’analar shakllantiradi, odamlar qaysi qo‘shiqlarni kuylashadi, hunarmandchilik qanday «yangraydi» – bularning barchasi biz O‘zbekistonda sevib, qadrlaydigan, ammo aynan eshitish nuqtayi nazaridan kamdan-kam o‘ylab ko‘radigan jihatlar.

Shuni aytish joizki, ish jarayonida biz bir narsani angladik: bunday ovozli portret ko‘zi ojiz odamlar uchun ayniqsa foydali bo‘lishi mumkin. Yopiq namoyishimizga do‘stimiz, ajoyib ko‘zi ojiz san’atkor Yulian Fusman keldi – uning fikrini eshitish biz uchun ahamiyatli edi. U bunday yondashuvni yuqori baholadi, shu sababli kelgusida filmlarning ko‘rish qobiliyati cheklangan odamlar uchun moslashtirilgan talqinlarini yaratishni rejalashtiryapmiz. Shaharni ko‘ra olmaydigan, ammo uni eshita oladigan odamlarni ilhomlantirish biz uchun juda muhim.

Diyor: Bir yildan ko‘proq vaqt oldin Katya menga bu g‘oya haqida gapirganida, darhol qiziqib qoldim. Rostini aytsam, bir shaharning sadosi boshqanikidan nimasi bilan farq qilishi va aynan qaysi tovushlar uning fe’l-atvorini shakllantirishi haqida o‘zimda ham aniq tushuncha yo‘q edi.

Avvaliga biz faqat audioyozuvlar bilan cheklanishni rejalashtirgan edik, ammo sekin-asta bu g‘oya to‘laqonli hujjatli filmga aylandi. Shunday qilib, Marg‘ilonga borishga qaror qildik – aynan o‘sha yerda bizning ilk, pilot sonimizni suratga oldik.

Biz O‘zbekistonning ko‘p qirrali va rang-barangligini nafaqat vizual obraz orqali, balki tovushlar orqali ham ko‘rsatishni, ochig‘i, O‘zbekiston faqat Samarqand, Buxoro va Xivadan iborat degan stereotipni parchalashni xohlaymiz. Mamlakatimiz bundan ancha kengroq va rang-barangroq.

Shaharlar ham musiqasi, ham kundalik hayot sadosi bilan bir-biridan tubdan farq qilishi mumkin. O‘zingizga ma’lumki, hatto do‘ppilar ham har bir hududda turlicha, xuddi naqshlar, kashtachilik va libos elementlari kabi. Bizga bularning barchasini birlashtirish hamda har bir joyning o‘ziga xosligini tovush va musiqa orqali yetkazib berish juda qiziqarli.

Yaratilish jarayoni haqida

Diyor: Men Farg‘onadanman, u yerda ulg‘ayganman. Marg‘ilon mashinada taxminan 20–30 daqiqalik yo‘l, shuning uchun aynan shu shahar haqida bizda ma’lumotlar ko‘p edi. U yerga oldindan borish, kichikroq «location scout» o‘tkazish, qaysi manzillar bizga mos kelishi va yo‘nalishni qanday tuzish ma’qulligini tushunib olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu loyiha uchun mukammal boshlang‘ich nuqta edi.

Katerina: Biz u yerga poyezdda yo‘l oldik. Chipta olayotganimizda tezyurar poyezdga joy qolmagandi. Samolyotda uchish maqsadga muvofiq emas edi: yonimizda cholg‘u asboblari va texnika bor edi – ularni qo‘l yukiga olish qiyin, bagajga topshirish esa xavfli. Oxir-oqibat oddiy poyezdni tanladik – yo‘l taxminan olti soat davom etdi.

Ortga mashinada qaytdik. Yo‘l ham qariyb shuncha vaqt oldi, ammo Qamchiq dovoni orqali o‘tgan yo‘nalish nihoyatda go‘zal edi. Tog‘ manzaralarini tomosha qilish uchun bir necha bor to‘xtadik – bu ham safarimizdagi umumiy taassurotlarimizning bir qismiga aylandi.

Nikita: Har qanday loyiha uchun tuzilma muhim. Biz uchun shaharga kelib, «ko‘zi ojiz mushukchalardek» tartibsiz harakat qiladigan vaziyatga tushib qolmaslik prinsipial jihatdan zarur edi. Marg‘ilon nimasi bilan mashhur, uning o‘ziga xosligi nimada va u O‘zbekistonning boshqa shaharlaridan qanday farq qilishi haqida bizda aniq tushuncha bor edi.

O‘zbekiston men uchun – avvalo, san’at, hunarmandchilik va boy musiqiy madaniyat: maqom, milliy cholg‘ular, ijrochilik an’analari. Shu bois, suratga olish rejasini Marg‘ilonga xos bo‘lgan hunarmandlarni ko‘rsatadigan tarzda tuzdik. Albatta, bu to‘quvchilar shahri bo‘lgani bois, to‘quv fabrikasiga borish shart edi.

Musiqiy yo‘nalish ko‘p jihatdan 9-sonli musiqa maktabi atrofida qurildi – bu katta tarixga ega bo‘lgan nihoyatda qiziqarli maskan. U yerda Yulduz Usmonova va boshqa ko‘plab mashhur san’atkorlar tahsil olishgan. Bundan tashqari, Marg‘ilonda professional ijrochilar maqom kuylaydigan teatr ham bor va biz uni ham tasvirga oldik.

Yo‘l-yo‘lakay bizga oddiy odamlar ko‘p uchradi: ular nima qilayotganimizga qiziqish bildirar, biz esa ulardan bolalik qo‘shiqlarini eslab, kuylab berishni so‘rardik. Axir musiqa – bu zamonlar o‘rtasidagi bog‘liqlik. O‘tkinchilarning xirgoyilari ham filmning bir qismiga aylandi.

Loyiha mazmun-mohiyati shundaki, bu faqatgina tovushlar to‘plami emas. Biz yozib olgan barcha narsalar aranjirovka qilindi va bastakorlik mahorati prizmasi orqali ko‘rsatib berildi. Katya alohida parchalardan mustaqil musiqiy asarlar yaratdi va shaharning jonli muhiti asosida mutlaqo yangi jarang hosil qildi.

Shahar yaxlit partitura

Katerina: Film bir necha qismga bo‘lingan va har birining o‘z qahramoni bor. Bu har doim ham odam emas – ko‘pincha usta qo‘li bilan yaratilgan yoki inson ovozidan taralgan sado asosiy qahramonga aylanadi. Ba’zi qismlarda, Nikita aytganidek, musiqa maktabining sadosi ustunlik qiladi – u yerda musiqa azal-azaldan o‘zining an’anaviy shaklida yashab kelmoqda.

Ammo hunarmandlarni tasvirga olganimizda, musiqa alohida tovushlardan tarkib topdi. Masalan, bir keksa usta karnay – xalq cholg‘usini yasayotganda bolg‘ani ritmik tarzda urardi. Men bu tovushni yozib oldim va uni musiqiy kompozitsiyaga singdirdim.

To‘quv fabrikasida ham xuddi shunday bo‘ldi. U yerga borganimizda, dastgohlarning ritmini darhol eshitdim. Bu ritm shunchalik ifodali ediki, undan reyv uchun trek chiqishi mumkinligini angladim. Musiqa aynan mana shu ritm atrofida sekin-asta shakllana boshladi.

Aslida loyiha g‘oyasi mening Instagram’dagi «Melodiya ot neznakomsa» («Notanishdan kuy») ruknimdan kelib chiqqan. Men ko‘chada odamlarga yaqinlashib, istalgan bir kuyni kuylab berishlarini so‘rar, keyin esa shu asosida yangi kompozitsiya yaratardim. Marg‘ilonda ham deyarli shunday bo‘ldi: oddiy odamlar – masalan, bozorda bizni choy bilan siylagan bobo xotirasidagi qaysidir kuyni xirgoyi qilib berdi va bu parchalar musiqiy asarning bir qismiga aylandi.

Filmda kaptarlar bilan bog‘liq lavha ham bor – biz «kaptarlar qo‘riqlaydigan qabriston» deb ataladigan maskanda tasvirga oldik. Qushlarning ovozi kompozitsiyaning bir qismiga aylandi va meni Bax ijodiga yaqin bo‘lgan klassik yo‘nalishdagi musiqani yaratishga undadi. Men bas-gitarada garmonik asosni ijro etdim, ohangni esa kamoncha yordamida, yana bas-gitarada chizib berdim.

Men Marg‘ilonni zamonaviy musiqa prizmasi orqali o‘tkazishni istadim. Boshqa shaharlarning sadosi qanday bo‘lishini hozircha bilmayman – ehtimol janrlar o‘zgarar. Ammo aynan Marg‘ilonda bu elektron musiqa va jonli tovushlarning uyg‘unligi bo‘lishi kerakligini his qildim. Shu bilan birga, gap faqat elektronika haqida emas – bu turli cholg‘ular va texnik elementlar ishtirokidagi to‘laqonli bastakorlik ishidir.

Diyor: Yopiq namoyishimizga mutlaqo har xil odamlarni taklif qildik. Ular orasida maqomni professional darajada o‘rgangan inson ham, butun umr shu musiqani tinglab kelgan ayol ham bor edi. Ularning reaksiyasi biz uchun ayniqsa muhim edi. Ular qayta talqin haqida gapirishdi – bolalikdan tanish bo‘lgan kuylarni yangi ohangda eshitganliklarini aytishdi. Maqom bilan tanish bo‘lganlar biladi: tayyorgarliksiz tinglovchi uchun u ba’zan bir xildek tuyulishi mumkin.

Filmda esa mutlaqo yangi jilo va kontekst paydo bo‘ladi. Katya ushbu ohang va ovozlar atrofida yaratgan musiqiy muhit tufayli asar butunlay boshqacha talqin kasb etadi. Bu an’anaga yangicha, mening nazarimda esa juda qiziqarli qarashdir.

Nikita: Bizning vazifamiz maqom tinglovchilari auditoriyasini kengaytirish edi. Ko‘pchilik uchun, ayniqsa, ushbu musiqa muhitida ulg‘aymaganlar uchun uni sof holatda qabul qilish biroz murakkab bo‘lishi mumkin. Men bu musiqani hech qachon eshitmagan va O‘zbekistonda yashamaydigan tomoshabinlar ham filmni ko‘rib, zamonaviy elektronika prizmasi orqali ushbu an’anani o‘zlari uchun kashf etishlarini istadim. Nazarimda, biz buni uddaladik.

Sehrli maskan

Nikita: Men uchun Marg‘ilon, avvalo, nihoyatda mehmondo‘st odamlar bilan yodda qoldi. Bizni doimo hayratlantirishga harakat qilishar, choyga taklif etishar, biror narsa bilan siylashni istashardi. Hatto musiqa maktabi direktori: «Yigitlar, axir doim ishlash mumkin emas, dam olish ham kerak-ku», – deb aytgandi. Odamlarning qilayotgan ishimizga samimiy qiziqishi va jarayonga qanchalik tez qo‘shilib ketishi meni hayratga soldi. Bunday iliq munosabatni kutmagan edik.

Ayniqsa, musiqa maktabidagi lahza yodda qolarli bo‘ldi. Biz shunchaki tasvirga olish, direktor bilan suhbatlashish va bir necha san’atkorning ijrosini yozib olish uchun kelgandik, ammo bizni milliy cholg‘ular orkestri kutib oldi. Bu shunchaki hayratlanarli edi!

Qaysidir paytda film go‘yo-ki o‘zini o‘zi suratga olayotgandek tuyuldi. Odamlar ham, shaharning o‘zi ham uning to‘laqonli qahramonlariga aylanishdi. Men uchun Marg‘ilon doimo sehrli tasodiflar ro‘y beradigan, hammasi o‘z-o‘zidan uyg‘unlashib ketadigan, nihoyatda mehmondo‘st maskan bo‘lib qoladi.

Bu safarda men ilk bor no‘xat sho‘rvani tatib ko‘rdim. Marg‘ilonda mashhur joy bor, aytgancha, biz uni ham tasvirga olganmiz – u yerda milliy taomlar, juda to‘yimli va quyuq sho‘rvalar tayyorlanadi. Kechki ovqat paytida Diyor: «Buni albatta tatib ko‘rishimiz kerak», – dedi.

Men buni «vegetarianning ajali» deb atadim: bu juda katta, xushbo‘y go‘shtli taom shunchalik to‘yimli ediki, bir necha qoshiqdan so‘ng to‘yib qoldik. Bu shunchaki fantastika, g‘oyatda yorqin gastronomik taassurot bo‘ldi.

Yana Marg‘ilon men uchun juda ruhiyatga boy maskan bo‘lib tuyuldi. Filmda Katya aytib o‘tgan, go‘yoki kaptarlar qo‘riqlaydigan «Kaptarli mozor» majmuasida olingan sahna bor. Bu yerda bunday makonlar juda ko‘p va odamlarning e’tiqodi naqadar samimiy ekani sezilib turadi. Ular uchun bu shunchaki an’ana emas, balki undan-da chuqurroq ma’no kasb etadi.

Diyor: Albatta, shahar ancha o‘zgargan. Mahalliy aholining aytishicha, so‘nggi yillarda bu yerda sanoatlashuv kuchaygan, mashinalar va harakat ko‘paygan. Ammo shunga qaramay, Marg‘ilonning mohiyati o‘zgarmagan – bu hanuz hunarmandlar, erta tongda turib, tinmay mehnat qiladigan odamlar maskani.

Shuningdek, bu yer tadbirkorlar markazi ham. Farg‘onada hatto: «Marg‘ilonliklar bilan ehtiyot bo‘lish kerak – ular juda uddaburron», degan hazilomuz gap ham yuradi. Lekin aynan mana shu ishbilarmonlik xislati, nazarimda, shaharning o‘ziga xos fe’l-atvorini shakllantiradi.

Qayerda va qachon?

Nikita: Tashkent Film School huzuridagi «Kinoxona» kinoteatrida yopiq namoyishimiz bo‘lib o‘tdi. Filmni aynan katta ekranda, sifatli ovoz bilan taqdim etish va zalda o‘tirgan tomoshabinlarning reaksiyasini eshitish biz uchun muhim edi. Namoyish juda samimiy o‘tdi va biz qimmatli fikr-mulohazalarni oldik.

Filmni tasvirga olish ishlari bo‘lib o‘tgan Marg‘ilonning o‘zida albatta namoyish etish rejalarimizda bor. Filmda ko‘ringan 9-sonli musiqa maktabi direktori Oybek Madaliyev bu yil o‘zining katta bobosi – mashhur maqomchi va xonandaning 100 yillik yubileyini nishonlamoqda. Biz namoyishni aynan ushbu sanaga bag‘ishlamoqchimiz. Hozircha film faqat yopiq namoyishlar shaklida mavjud va onlayn platformalarga joylashtirilmagan – maqsadimiz festivallarda ham taqdim etish mumkin bo‘lgan to‘laqonli hujjatli filmlar turkumini yaratish.

Ochiq namoyishlar haqidagi e’lonlarni ijtimoiy tarmoqlarimizda – avvalo Instagram va YouTube sahifalarimizda kuzatib borishingiz mumkin. U yerda biz kinoteatr va kinozallardagi yangi namoyishlar haqida ma’lumot beramiz. Hozirda tomoshabinlar uchun filmni u qanday o‘ylangan bo‘lsa, aynan o‘sha shaklda – ya’ni katta ekranda va sifatli ovozda ko‘rish uchun ajoyib imkoniyat mavjud.

Katerina: Musiqiy kompozitsiyalarga kelsak, barcha 12 ta shahar va 12 ta viloyatni aylanib chiqqach, to‘laqonli albom chiqarishga qaror qildik. Shu bilan birga, Marg‘ilonda yozib olingan material juda ajoyib va mukammal chiqdi, shuning uchun biz alohida reliz qilishni rejalashtiryapmiz. Umid qilamanki, mart oyida u NeoForMusic leyblida e’lon qilinadi.
Relizdan so‘ng musiqani barcha asosiy striming platformalarida – Spotify, Yandeks Muzika, Apple Music va boshqalarda tinglash mumkin bo‘ladi.



Maqola yoqdimi? Ulashing!

Sayohatlar olamiga yo‘l ochuvchi bo‘ling

Centrum Air ilovasida
tarif narxidan 5% chegirma

App StoreGoogle Play Store
App screenshot
Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan