. UZS

To'g'ridan-to'g'ri agentlar uchun jarima siyosati

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur Siyosat yo‘lovchi aviatashuvlari va Kompaniyaning qo‘shimcha xizmatlarini sotishni amalga oshiruvchi agentlarga nisbatan Kompaniya tomonidan qo‘llaniladigan jarima sanksiyalarining asoslari, qo‘llanilish tartiblari, miqdorlari, to‘lov tartiblari va jarima sanksiyalari e’tiroz qilingan hollarda ACM (Agency Credit Memo) rasmiylashtirish tartibinlari belgilaydi.

1.2. Mazkur Siyosat Agentlik shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi va sotuv kanallari hamda band qilish (bron qilish) tizimlaridan qat’i nazar, Kompaniyaning barcha agentlariga nisbatan qo‘llaniladi.

1.3. Jarima sanksiyalarini qo‘llash siyosati O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, IATA normativ hujjatlari, jumladan, IATAning 830d va 850m rezolyutsiyalari (lekin bular bilan cheklanmagan holda) asosida ishlab chiqilgan.

1.4. Jarima sanksiyalari Kompaniya tomonidan yozma bildirishnoma orqali rasmiylashtiriladi va Agent tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartib va muddatlarda bajarilishi majburiydir.

2. JARIMA SANKSIYALARINI QO‘LLASH ASOSLARI VA ULARNING MIQDORLARI

Kompaniya quyidagi hollarda Agentga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash huquqiga ega:

2.1. Tashish hujjatlaridan maqsadsiz foydalanish
Aviachiptalardan soxta band qilish (bron qilish) yoki haqiqatda tashuv amalga oshirilmagan holda hisobot berish uchun foydalanish, Kompaniya bilan yozma ravishda kelishilmagan holda test yoki namoyish chiptalarini rasmiylashtirish.
Jarima: Har bir rasmiylashtirilgan aviachipta uchun 50 USD.

2.2. Kompaniyaga moliyaviy hisobotlarni o‘z vaqtida topshirmaslik
Birinchi marta buzilganda — hisobot taqdim etilgunga qadar stokni to‘ldirishni to‘xtatish;
Ikkinchi marta buzilganda — 100 USD jarima va pultni vaqtincha o‘chirib qo‘yish;
Takroriy qoidabuzarliklar (uch va undan ortiq) — Agentlik shartnomasini bekor qilish.

2.3. Soxta yoki test bronlarini yaratish
Ishchi tizimda soxta ma’lumotlardan foydalangan holda (masalan, TEST/TEST, AAA/BBB va h.k.) bronlar yaratish.
Jarima: Har bir qoidabuzarlik uchun qo‘llanilgan tarifning 100% miqdorida.

2.4. Churned-tranzaksiyalar
Ayni bir yo‘lovchi uchun, ayni bir reysga, ayni bir sanada uch martadan ortiq qayta bron qilish va bekor qilish tranzaksiyalarini amalga oshirish.
Jarima: Har bir qoidabuzarlik uchun qo‘llanilgan tarifning 100% miqdorida.

2.5. Yo‘lovchining aloqa ma’lumotlarini noto‘g‘ri ko‘rsatish
IATA 830d rezolyutsiyasi talablarini buzgan holda bronda yo‘lovchining aloqa ma’lumotlarini ko‘rsatmaslik yoki noto‘g‘ri ko‘rsatish.
Jarima: 100 USD, shuningdek, ushbu holat bilan bog‘liq Kompaniyaning barcha xarajatlarini qoplash.

2.6. Minimal tutashuv vaqtini buzish
Reyslar o‘rtasidagi belgilangan minimal tutashuv vaqtiga (Minimum Connecting Time — MCT) rioya qilmaslik.
Jarima: 100 USD, shuningdek, ushbu holat bilan bog‘liq Kompaniyaning barcha xarajatlarini qoplash.

2.7. Yo‘lovchi ma’lumotlarini noto‘g‘ri kiritish
Bron yaratishda yo‘lovchi ma’lumotlarini (familiyasi, ismi, pasport seriyasi/raqami, tug‘ilgan sanasi) noto‘g‘ri kiritish.
Jarima: Har bir yo‘lovchi uchun 20 USD.

2.8. Yo‘lovchilarni jadval o‘zgarishlari haqida xabardor qilmaslik
Yo‘lovchilarni reyslar jadvalidagi rejali o‘zgarishlar, bekor qilish, ko‘chirish yoki kechikishlar haqida xabardor qilmaslik yoki o‘z vaqtida xabardor qilmaslik.
Jarima: 100 USD, shuningdek, yo‘lovchini xabardor qilmaslik bilan bog‘liq Kompaniyaning barcha xarajatlarini qoplash.

2.9. Aviachiptani yo‘lovchining murojaatisiz bekor qilish yoki qaytarish
Yo‘lovchi yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan rad javobisiz aviachiptani bekor qilish yoki qaytarishni amalga oshirish.
Jarima: Aviachipta narxining 100% miqdorida va zarar yuzaga kelgan taqdirda uni qoplash.

2.10. Agentning aybi bilan yo‘lovchiga zarar yetkazilishi
Agentning xatosi tufayli yo‘lovchiga yetkazilgan hujjat bilan tasdiqlangan zarar.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri zararni to‘liq hajmda qoplash.

2.11. Tizimli navbatlarni (queues) o‘z vaqtida qayta ishlamaslik
Navbatlarni o‘z vaqtida qayta ishlamaslik natijasida Kompaniyaga zarar yetkazilishi.
Zararlar yuzaga kelgan taqdirda ularni qoplash.

2.12. Agentlikning yo‘nalish kvitansiyasida ma’lumotlarning to‘liq aks ettirilmasligi
Agentlikning shaxsiy yo‘nalish kvitansiyasi blankidan foydalanilganda majburiy ma’lumotlarning (chipta raqami, bron raqami, bagaj me’yori, tarif nomi, tarifning amal qilish muddati, aviachipta narxi) mavjud emasligi.
Jarima: Har bir chipta uchun 100 USD va zarar yuzaga kelgan taqdirda uni qoplash.

2.13. Boriladigan davlatning pasport, viza yoki boshqa sayohat hujjatlarining amal qilish muddati bo‘yicha talablarini buzish.
Jarima: Aviachipta narxining 100% miqdorida va zarar yuzaga kelgan taqdirda uni qoplash.

3. TOʻLOV TARTIBLARI VA TOʻLAMASLIK OQIBATLARI

3.1. Agent jarima sanksiyalarini Kompaniyadan yozma bildirishnoma olgan sanadan boshlab oʻn toʻrt (14) kalendar kuni ichida (IATA 850m rezolyutsiyasiga muvofiq) toʻlashi shart.

3.2. Toʻlov agentlik profaylida belgilangan valutada, toʻlov amalga oshirilayotgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha amalga oshiriladi.

3.3. Jarima sanksiyalari belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, Kompaniya quyidagilarga haqli:
Agentning tashuvlar sotuviga boʻlgan ruxsatini toʻxtatib qoʻyish;
Qarzdorlik toʻliq bartaraf etilgunga qadar Agentlik shartnomasi amal qilishini vaqtincha toʻxtatib turish.

4. JARIMA SANKSIYALARIGA E’TIROZ BILDIRISH TARTIBLARI

4.1. Agent Kompaniya tomonidan qo‘llanilgan jarima sanksiyalari ustidan e’tiroz bildirish huquqiga ega.

4.2. E’tiroz bildirish Agent tomonidan jarima sanksiyalari hisob-fakturaga kiritish uchun o‘zaro hisob-kitoblar tizimiga o‘tkazilgunga qadar o‘n to‘rt (14) kalendar kuni ichida (IATA 850m rezolyutsiyasiga muvofiq) yuborilishi kerak.

4.3. E’tiroz bildirish jarayonida Agent tasdiqlovchi hujjatlarni, jumladan, e’tiroz sabablarini tushuntiruvchi hujjatlarni (lekin bular bilan cheklanmagan holda) taqdim etishi shart.

4.4. Barcha e’tiroz bildirilgan jarima sanksiyalari Kompaniya tomonidan Agent e’tiroz bildirgan paytdan boshlab oltmish (60) kalendar kuni ichida ko‘rib chiqilishi kerak.

4.5. Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, Kompaniya Agentning e’tirozini rad etish va jarima sanksiyalarini to‘lov hisob-fakturasiga kiritish huquqiga ega.

4.6. Kompaniya e’tiroz bildirilayotgan jarima sanksiyalarini ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni Agentdan so‘rab olishga haqli.

4.7. Jarima sanksiyalarini qo‘llash qonuniyligi tasdiqlangan taqdirda, Kompaniya Agentni xabardor qiladi va jarima sanksiyalari to‘lov hisob-fakturasiga kiritiladi.

4.8. Jarima sanksiyalari xatolik bilan qo‘llanilgan deb topilgan taqdirda, Kompaniya tegishli ACM rasmiylashtiradi.

5. YAKUNIY QOIDALAR

5.1. Mazkur Nizom «MY FREIGHTER» MChJ Bosh direktori tomonidan tasdiqlangan sanadan boshlab kuchga kiradi va barcha agentlar tomonidan qoʻllanilishi majburiydir.

5.2. Kompaniya mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqini oʻzida saqlab qoladi va bu haqda Agentlarni belgilangan tartibda xabardor qilishi shart.

5.3. Mazkur Nizomda tartibga solinmagan barcha masalalarda tomonlar agentlik shartnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qiladilar.

Formani yuklab olish
Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan

Yuk tashish shartnomasi Maxfiylik siyosatiChipta tariflarini qo'llash qoidalari